Tarjima yurtimiz sivilizatsiyaning yuqori choʻqqisiga chiqqan pallalarda boy ilmiy-madaniy merosimizni butun dunyo eʼtiboriga taqdim etishga ham xizmat qilgan.
Hozir mamlakatimizda jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga oʻgirish hamda chet ellarda targʻib etish tizimini yaratish, oʻzbek tilida internet adabiyotini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish ishlari jadal davom etmoqda. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha islohotlar” yoʻnalishida ham oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlik hamda aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni rivojlantirish maqsadi ilgari surilgan.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin MIRZO bilan bugungi kunda badiiy tarjimaning oʻrni borasida suhbatlashdik.
— Oʻzbek tarjimachilik maktabining oʻn asrga yaqin tarixi bor. Bu maktab kitobxonlar qoʻliga jahon va qardosh xalqlar adabiyotining dunyoqarashni kengaytiradigan, fikrlashga oʻrgatadigan durdona asarlari tarjimasini taqdim qilib kelgan. Bugun ushbu anʼana qanday davom etyapti?
— “Adabiyot yashasa, millat yashaydi”. Buyuk oʻzbek shoiri Choʻlponning bu purmaʼno soʻzlari har bir millat oʻzligining shakllanishi, namoyon boʻlishi, saqlanib, rivojlanib borishida adabiyot qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi. Ana shu maʼnoda, har bir millatning maʼnaviy kamolotida milliy adabiyoti bilan birga jahon adabiyoti durdonalari, ularda ilgari surilgan gumanistik gʻoyalar katta rol oʻynaydi. Aslida, dunyoda hech bir adabiyot oʻz milliy chegaralarida rivojlanmaydi. Jahon adabiyoti asrlar davomida bir-birini boyitib, bir-birini taʼsirlantirib, adabiyot istiqbollarini yaratadi.
Oʻzbekistondagi yangi davr ruhi, shiddati, adabiyotga, adabiy aloqalar rivojiga berilayotgan eʼtibor barchamizni mamnun etmoqda. Bugungi kunda yurtimizda millat qalbi va ruhiyati ifodachisi boʻlgan milliy adabiyotimizni xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilishga, chet el adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga oʻgirib, undan xalqimizni bahramand etishga, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, yuksak fazilatlar ruhida tarbiyalashga, kitobxonlikka juda katta ahamiyat berilmoqda. Negaki jahon xalqlari qalbidan allaqachon mustahkam joy olgan, XXI asrda oʻz ijodi bilan insoniyatni ezgulik, olijanoblik kabi yuksak gʻoyalar asosida hayot kechirishga daʼvat etib kelayotgan milliy va jahon adabiyoti namoyandalari boʻlgan shoir va yozuvchilar asarlari yurtimiz va dunyo xalqlari oʻrtasidagi mavjud madaniy, maʼnaviy koʻpriklarni mustahkamlashga xizmat etayotir.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik” sari tashlangan maʼnaviy qadamdir. Oʻzbek adiblari, kitobxon xalqimiz jahon xalqlari tarixi, ulugʻ madaniyati va adabiyotiga katta hurmat bilan qaraydi. Ayni damda adabiy aloqalarning mustahkamlanishi taʼsirida jahonning juda koʻplab ijodiy tashkilotlari va nashrlarining mamlakatimiz adabiyoti, adabiy merosimiz, bugungi kunda ijod qilayotgan adiblarimiz ijodiga qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda. Oʻtgan yillar davomida jahon adabiyotining bebaho mulki boʻlgan qanchadan qancha asarlar oʻzbek tiliga, milliy adabiyotimizning nodir namunalari jahon tillariga tarjima qilindi, bu borada oʻziga xos maktab va anʼanalar shakllandi.
Taʼkidlab oʻtganimizdek, jahon adabiyoti hamisha badiiy tarjima asarlari hisobiga boyigan va bu jarayon bugun ham davom etmoqda. Aynan tarjima sabab Gʻarb Sharq adabiyotidagi goʻzal anʼanalar va ularning zamonaviy talqinidan bahramand boʻlgan, Sharq esa Gʻarbdagi gʻaroyib shakliy izlanishlarni oʻzlashtirgan va ikki qutb adabiyoti shu asosda barqaror rivojlanib borgan.
Oʻzbek tilida ijod qilgan mumtoz shoirlarimizning barchasi isteʼdodli ijodkor boʻlish bilan birga mahoratli tarjimon va bilimdon tilshunos boʻlgan. Ular oʻz ona tili bilan birgalikda arab, fors, hind, yunon va lotin tillarini ham oʻrgangan, bu tillardagi asarlarni bemalol oʻqigan va tarjima qilgan.
Oʻzbek zamonaviy tarjima maktabi necha yuz yillik tajribaga ega boʻlgani holda bu boradagi anʼanalarga tayanib, XX asr adabiyotining maʼrifatparvar vakillari — jadidlar ilgari surgan ilgʻor tamoyillarga ergashib rivojlandi. Bugungi kunda Prezidentimizning qardosh va xorijiy davlat rahbarlariga sovgʻa qilayotgan kitoblari — V.Gyugoning Fransiya Prezidenti E.Makronga hadya etilgan “Kulayotgan odam” romani, R.Tagorning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga tortiq qilingan 8 jildli asarlar toʻplami, Ya.Kolasning Belarus Prezidenti A.Lukashenkoga topshirilgan “Qadrdon qoʻshiqlar” sheʼriy toʻplami, Jomiyning Tojikiston Prezidenti E.Rahmonga berilgan “Saylanma”si, Maxtumqulining Turkmaniston xalq yetakchisi G.Berdimuhamedovga sovgʻa qilingan “Saylanma”si ham xalqlar, millatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashda adabiyot qanchalar muhim oʻrin tutishini yaqqol namoyon etib turibdi. Shu maʼnoda, badiiy tarjima bugunga kelib, Oʻzbekistonning nafaqat madaniy, balki ijtimoiy va siyosiy hayotining uzviy qismiga aylandi.
Oʻzbek badiiy tarjima maktabi anʼanalari davom etib kelyapti. Bugun badiiy tarjimada Gʻarb adabiyotini asliyatdan oʻgirish anʼanasi jadal rivojlanmoqda. Bu borada oldingi oʻrinlarni yoshlar egallamoqda. Shu bilan birga, adabiyotimiz Sharq va Gʻarbning zamonaviy anʼanalari bilan uygʻunlashgan holda yangi bir qiyofada yashamoqda. Bu ham badiiy tarjimaning xizmatidir.
— Davlatimiz rahbari 2024-yil 4-iyunda “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Ayni pallada uning ijrosiga qaratilgan ishlar qanday bosqichda?
— Mazkur qaror bugungi adabiy hayotning eng muhim voqeasi boʻldi. Bu mukofot milliy adabiyotimizga jahon adabiyotidagi ilgʻor shakl va izlanishlarni olib kirayotgan, oʻzbek adabiyotining sara asarlarini xorijda targʻib qilayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga munosib ragʻbatdir.
Yozuvchilar uyushmasi ushbu mukofotning ishchi organi hisoblanadi. Qoidaga koʻra, xalqaro mukofot tanloviga asarlarni tarjimonlarning oʻzi yoki shu asarni chop qilgan nashriyotlar taqdim etdi. Tanlov 1-iyunda eʼlon qilingandan keyin asarlar uch oy ichida qabul qilindi. 3-sentyabrdan asarlarni koʻrib chiqish boshlandi. Taniqli tarjimonlar, adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlardan iborat hayʼat ikkita tarkibda ishladi. Biri oʻzbek tilidan xorijiy tilga qilingan tarjimalarni koʻrib chiqsa, ikkinchisi jahon tillaridan oʻzbek tiliga oʻgirilgan asarlarni nazardan oʻtkazdi.
Hozir tanlov oʻzining hal qiluvchi bosqichiga yetib keldi, yaqin orada mukofotni topshirish marosimida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari nomi eʼlon qilinadi. Bu tanlov tarjimonlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Avvalo, adabiy jamoatchilikning yuksak eʼtirofi, qolaversa, tarjimonning ijodiy biografiyasi uchun juda yaxshi tavsif, albatta, salmoqli moddiy ragʻbat — bularning bari tarjimonning mehnati, uning keyingi qadamlari uchun ijobiy turtki vazifasini oʻtaydi.
Tanlov badiiy tarjima sohasining rivoji uchun ham muhim ahamiyatga ega. Tarjimashunoslik sohasi uchun tadqiqot obyektlari yaratiladi, oʻzbek adabiyoti targʻiboti uchun ufqlar kengayadi, yosh tarjimonlarni yetishtirish ishlari ham yangi bosqichga koʻtariladi, chunki yoshlar intilishi uchun yuksak eʼtirof choʻqqisi yuzaga keladi.
— Yozuvchilar uyushmasi tomonidan bugungi kunda badiiy tarjimani rivojlantirish boʻyicha qilinayotgan ishlar, yangiliklar, rejalar bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Oʻzbekistonda badiiy tarjima faoliyatining rivojlanish istiqbollari, agar bugungi kunning surʼatini hisobga olsa, albatta, kechagidan balandroq. Chunki bugun badiiy tarjimaga ehtiyoj kuchli, mana shu talab rivojlanish uchun turtki boʻlib xizmat qilmoqda. Shu yil boshidayoq Doʻrmonda “Badiiy tarjima: kecha, bugun, ertaga” forumi oʻtkazildi. Unda tarjima oldida turgan vazifalar muhokama qilib olindi.
Uyushmada Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima boʻlimi faoliyat yuritadi, u badiiy tarjima sohasi uchun masʼul boʻlinmadir. Shuningdek, jamoatchilik asosida ishlaydigan Badiiy tarjima kengashi ham bor. Badiiy tarjima sohasidagi ishlarni mana shu ikki boʻlinma muvofiqlashtirib boradi. Tarjima sohasini rivojlantirish uchun tarjimonlar va tarjimashunoslarni jamlab oʻtkaziluvchi qator tadbirlarimiz borki, shular doirasida sohaning mavjud muammolari tahlil qilinib, yechimlar izlanadi.
Yaqinda Parkent tumanidagi “Zarkent” ijod uyida Respublika tarjimonlari II forumi oʻtkazildi. Forumda uch yoʻnalish — turkiy tillardan tarjima, ingliz tili va rus tili orqali tarjima qilish boʻyicha yoshlar uchun mahorat saboqlari, tajribali tarjimonlar bilan ijodiy suhbatlar va tahlillar boʻlib oʻtdi. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida har yili badiiy tarjima yoʻnalishida maxsus “mahorat saboqlari” boʻlib oʻtadi va uning natijasida yangi- yangi iqtidor egalari aniqlanadi. “Doʻrmon bahori” forumi esa badiiy tarjima orqali Oʻzbekistondagi rusiyzabon adabiyotni oʻzbek oʻquvchisiga, oʻzbek adabiyotini rus oʻquvchisiga yetkazish masalasini muhokama qiladi.
Hozir oʻzbek tarjimachiligini yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan barcha tagzaminlar mavjud. Yozuvchilar uyushmasi mana shu tagzamindan koʻmak olib, milliy adabiyotimizni yangi anʼanalar bilan boyitish, shu bilan birga, oʻzbek adiblarini jahon miqyosida tanitish asoslarini yaratishga intilmoqda.
— Badiiy tarjima faoliyatining asosiy yoʻnalishlari qanday, bu borada qaysi mamlakatlar bilan aloqalar faol, shuningdek, qaysi oʻzbek yozuvchisining asarlari xorijiy tillarga, qaysi xorijiy yozuvchining asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, adabiy jamoatchilik va oʻquvchilar oʻrtasida katta qiziqish uygʻotgan?
— Oʻzbek zamonaviy badiiy tarjimachiligining qamrovi juda keng. Bunga amin boʻlish uchun birgina “Jahon adabiyoti” jurnalini varaqlab koʻrishning oʻzi kifoya qiladi. Yanvar sonining oʻzida Kanada, Kolumbiya, Irlandiya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya adabiyoti vakillari asarlaridan tarjimalar jamlangan. Shu maʼnoda, qaysi mamlakatning adabiyoti koʻproq tarjima qilinadi degan savolga qisqa javob berishning imkoni yoʻq. Bugun turkiy xalqlarning zamonaviy adabiyotiga qiziqish kuchli. Buni soʻnggi paytlarda ijtimoiy va madaniy hayotimizda roʻy berayotgan yangilanishlar bilan izohlash mumkin.
Qirgʻiz adabiyotida Chingiz Aytmatov ortidan ergashib kelayotgan adiblar ijodi ixlosmandlarni juda qiziqtiradi. Shu maʼnoda qirgʻiz nasridan soʻnggi ikki yil ichida qator yirik tarjimalar qilindi. Masalan, Tugalboy Sidiqbekovning “Koʻk yalov”, Sulton Rayevning “Toʻfon” romanlarining oʻzbek tilida chop etilishi katta yangilik boʻldi. Ozar adabiyotiga qiziqish bizda hamisha kuchli edi. Yozuvchi Iftixorning “Nizomiy Ganjaviy” tarixiy dramasi oʻzbek tiliga oʻgirilishi ham ijobiy voqealardan biridir. AQSH, Avstraliya va Yevropa adabiyotidan tarjimalar ilgari faqat rus tili orqali amalga oshirib kelingan edi. Soʻnggi paytlarda asarni asliyatdan oʻgirish amaliyoti kuchayib boryapti.
Ibrohim Gʻafurov, Abdulla Sher, Mirzali Akbarovdek ustozlar ortidan kelayotgan Alisher Otaboyev, Abduqahhor Iminov, Shahnoza Rahmonova, Furqat Soatov, Davronbek Mamarasulov, Qandilat Yusupova, Nazira Yusupova kabi tarjimonlar bugungi kunda ingliz, nemis, fransuz tillarida yozilgan nasriy asarlarni bevosita asliyatdan tarjima qilayotir. Sharq adabiyoti, xususan, turkiy tilli adabiyot vakillari ijodini asliyatdan oʻgirayotgan Tohir Qahhor, Murtazo Saidumarov, Shorustam Shomusarov, Muzaffar Ahmad, Boboxon Muhammad Sharif, Shermurod Subhon, Shahlo Qosimova ortidan kelayotgan yangi avlod — Dilafroʻz Muhiddinova, Shahlo Ahmedova, Rahmat Bobojon, Sevara Alijonova, Zilola Abdugʻafurova, Jasur Ziyamuhamedov, Alisher Sabriy arab, turk, koreys, xitoy, fors tillarida yaratilgan asarlarni asliyatdan oʻzbek tiliga oʻgirmoqda.
Bugungi kunda Yozuvchilar uyushmasi yetti mamlakat — Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus Yozuvchilar uyushmalari va Saudiya Arabistonidagi ikkita ilmiy-adabiy tashkilot bilan hamkorlik haqida memorandum imzolagan. 2023-yilda ushbu hamkorlik doirasida Qozogʻistonning “Tan-sholpan” jurnalida 27 nafar yozuvchi va shoirimizning sheʼr va hikoyalari qozoq tilida chop qilindi. 2024-yilda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asari arab tilida Misrda va Saudiya Arabistonida nashr etilgan boʻlsa, ushbu oʻlmas asar shu yilning oʻzida xitoy tilida Pekinda nashr etildi, Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi ingliz tilida AQSHda, Bokuda Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani ozarbayjon tilida, Normurod Norqobilovning nasriy toʻplami turk tilida bosildi. 2025-yil Moskvada “Antologiya uzbekskoy poezii” kitobining 3-jildi, “Oʻtkan kunlar” romani qirgʻiz tilida, Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasi hind tilida, Muhammad Alining “Kleopatra” romani rus tilida nashr qilindi. Bu maʼlumotlar bugungi adabiy aloqalar dengizidan bir necha tomchi, xolos.
— Turkiy xalqlar adabiyotining yuz jildligi oʻqirmanlarga tortiq qilingan edi. Xalqaro jamoatchilikning munosabati qanday boʻldi?
— “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildli asarlar majmuasi 2022-yilda chop etilgan boʻlsa-da, qardosh oʻlkalardagi adabiy tashkilotlarning hayratlari hanuz tinmagan. Chunki bunday koʻlamdor, katta loyiha turkiy tilli boshqa mamlakatlarda amalga oshirilmagan. Oʻtgan davr ichida majmua taqdimotlari Turkiya, Ozarbayjon va Qirgʻizistonda oʻtkazildi, bir qancha xalqaro kitob yarmarkalarida namoyish etildi. Majmua barcha viloyat va oliy oʻquv yurtlari kutubxonalariga topshirilgan, Oʻzbekistonning har bir viloyatida bu majmuani nashrga tayyorlagan ijodkorlar bilan uchrashuvlar, taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Ushbu majmua turkiy tilli adabiyotning bor salobatini namoyish etish barobarida kitobxonlar uchun turkiy tilli davlatlar adabiyoti qiyofasini oʻzida jamlagan beqiyos nashr, oʻzbek badiiy tarjimachiligining iqtidorini koʻrsatadigan namuna boʻlib qoldi.
Hozir keyingi ikki-uch yilga moʻljallangan ikkita katta loyiha boshlanmoqda. Bular “Turkiy ellar folklori durdonalari” va “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildliklarini oʻzbek tilida nashr etish vazifasidir. Agar “Turkiy ellar folklori durdonalari” muayyan jugʻrofik oʻlcham bilan kifoyalansa, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” asarlar majmuasi beshta qitʼa bolalar adabiyoti vakillari ijodini qamrab oladi. Yaʼni 5 ta qitʼadagi 65 ta davlatda istiqomat qilayotgan bolalar shoirlari va yozuvchilari asarlari oʻzbek tilida chop etiladi. Shu kungacha “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligiga jami 428 muallifning asarlari kiritilishi aniqlangan va bu raqam nashr ishlariga tayyorgarlik jarayonida yanada koʻpayishi mumkin.
Shunday koʻlamdor loyihalar isteʼdodli tarjimonlarning boshini qovushtirishni taqozo qiladi. Yozuvchilar uyushmasi tashkil qilayotgan anjumanlar, konferensiya va yoshlar uchun mahorat saboqlari yangi loyihalarga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishda katta ahamiyatga ega.
— Bugungi kundagi tarjima asarlarining maʼnaviy qiyofasi nimalarga bogʻliq holda shakllanmoqda?
— Bu haqda gapirganda, bir necha muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Jamiyatning globallashuvi va madaniy muloqotning ortishi bilan tarjima asarlari nafaqat adabiyot sohasida, balki umumiy madaniy hayotda ham muhim rol oʻynaydi. Har bir tarjima asari bir madaniyatni boshqasiga koʻchirishning bir qirrasi boʻlib, uning maʼnaviy, adabiy va ijtimoiy qiyofasi har xil omillardan taʼsirlanadi.
Globallashuv kuchayishi bilan madaniy almashinuv yanada tezlashdi. Bu esa turli xalqlar, millatlar va madaniyatlar orasida adabiy aloqalarni kuchaytirdi. Tarjima asarlari ushbu jarayonda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.
Tarjima asarlari til va undagi maʼnaviy xususiyatlarni saqlash yoki oʻzgartirish orqali oʻz maʼnaviy qiyofasini olib keladi. Tarjima asarlarining maʼnaviy qiyofasi shundan iboratki, ular odatda maʼnolarning yorqinligi, obrazlar, ramzlar va sezgilarning konversiyasiga taʼsir koʻrsatadi. Maʼnaviy taʼsirning yuzaga kelishi chogʻida tarjimonning shaxsiy yondashuvi, ijodiy qobiliyati va madaniy bilimlari muhim rol oʻynaydi.
Badiiy adabiyot tarjimasida global ijtimoiy muhitning kuchli taʼsiri sezilmoqda. Boshqa mamlakatlardan kelgan asarlar koʻpincha oʻsha yurtlardagi ijtimoiy va siyosiy holatlarga hamda umumiy inson huquqlari, adolat, inson huquqlariga oid fikrlarni oʻz ichiga oladi. Bunday asarlar global maʼnaviy qiyofa bilan hamohang boʻladi.
Bugungi kundagi tarjima asarlarining maʼnaviy qiyofasi jamiyatning globallashuvi, madaniy-ijtimoiy muhit, tilning oʻzgarishi va madaniy almashinuvlar bilan bogʻliq. Tarjima asarlari ham ijodiy, ham madaniy, ham maʼnaviy nuqtayi nazardan katta ahamiyatga ega. Maʼnaviy mezonlar va madaniy xususiyatlarni aniqlash va ularni saqlash tarjimonning eng muhim vazifasi darajasiga koʻtarilgan.
Oʻzbek tarjimonlari mana shunday sharoitda milliy adabiyotimizni boyitish yoʻlida mehnat qilmoqda. Aytish kerakki, badiiy tarjima ijodkorning tanilishidagi eng muhim vositadir. Shu maʼnoda, oʻzbek adabiy muhitiga kirib kelishni istovchi xorijiy ijodkorlar talaygina. Lekin ulardan faqatgina xalqimiz mentalitetiga mos, uning badiiy tafakkurini kengaytiruvchi, umuminsoniy tamoyillar ruhidagi asarlargina oʻzbek adabiy maydoniga kirib kelishi kerak. Tarjimonlar esa bu borada chinakam zargar vazifasini ham bajaradi. Bir tomondan, tarjima uchun chinakam maʼnaviy qimmatga ega asarni tanlab olsa, ikkinchi tomondan, ushbu asarning asl qimmatini saqlagan holda tarjima qilishga intiladi.
Suhbatdosh: Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri