Milliy filmlar tomoshabinni qanchalik jalb eta olyapti?

    Hozir milliy vatanparvarlik ruhida yaratilgan filmlar son va sifat jihatidan talab darajasidami? Bu filmlar xalqimiz qalbidan qanchalik joy olyapti?

    Bugungi kun kino san’ati yoshlarni tinchlikni saqlash, el koriga kamarbasta bo‘lish, vatanni sevishga unday olyaptimi? Shu mavzularda sara asarlar yaratilishiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda? Biz ushbu savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildik.

    San’at millat, elat yoki til tanlamaydi. U tomoshabinni o‘ziga maftun eta olish, ortidan ergashtirish xususiyatiga ega kuch. Xalqni ruhlantirish, vatanparvarlik hissini kuchaytirish, ozodlik va hurlik uchun kurashish kabi g‘oyalar singdirilgan filmlar hamma davrlar uchun birdek ahamiyatli, qadrli.

    O‘zbek kinoijodkorlari ham yurt tinchligi, vatan ozodligi, turmush farovonligi, osuda hayot yo‘lida kurashgan va kurashayotgan mard o‘g‘il-qizlarimizning jasorati haqida kinokartinalar yaratmoqda. Ammo bu mavzularda har qancha film suratga olsak, aslida kam. Hozir milliy vatanparvarlik ruhida yaratilgan filmlar son va sifat jihatidan talab darajasidami? Bu filmlar xalqimiz qalbidan qanchalik joy olyapti? Bugungi kun kino san’ati yoshlarni tinchlikni saqlash, el koriga kamarbasta bo‘lish, vatanni sevishga unday olyaptimi? Shu mavzularda sara asarlar yaratilishiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda? Biz ushbu savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildik.

    Baxtiyor YOQUBOV,

    san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:

    — Vatanparvarlik juda muqaddas, o‘ta nozik, inson qalbining tub-tubida saqlanadigan g‘oyat yashirin tuyg‘udir. Bu his insonda qachondan paydo bo‘lishini hech kim bilmaydi va aytib bera olmaydi. Balki u qondan o‘tar, balki tarbiya mahsulidir. Qanday shakllanmasin, har bir insondagi vatanparvarlik uning o‘zi yashab turgan jamiyat qadriyatlari asosida vujudga keladi. Insondagi vatanparvarlikni shakllantiradigan omillardan biri esa, shubhasiz, san’atdir. San’at turlari ichida eng ta’sirchan va ommaviysi bo‘lgan kinoning bu boradagi o‘rni beqiyos. Albatta, kino odamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarbiyalamaydi. Balki hayotiy voqealar, ta’sirchan vositalar orqali uni o‘ylashga, ta’sirlanishga, qalbining o‘zgarishi, tozalanib borishiga yo‘l ochadi. Aynan mana shu holatda haqiqiy san’atning kuchi ko‘rinadi.

    Badiiy filmlarda vatanparvarlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq va quruq targ‘ibot bo‘lishi mumkin emas. Muayyan mavzu va obrazli yechimlarning tagma’nosi, xulosasi vatanparvarlikni singdirmog‘i lozim bo‘ladi. Biz buni o‘zbek kinosi durdonalari bo‘lmish “Sen yetim emassan” (rejissyori Sh.Abbosov) filmida mehr orqali, “41-yil olmalari” (rejissyori R.Botirov) filmida otaxonlar jasorati misolida, “Suyunchi” (rejissyori M.Abzalov) filmida millatning qadriyatlarini asrashga uringan buvi timsolida ko‘rishimiz, anglashimiz mumkin. Har bir davr va jamiyat o‘z san’atini yaratadi. Bu o‘sha davrning ijtimoiy muammolari, axloqiy qarashlari, insonlarning hayotiy maslak va qadriyatlari, xalqning orzu-istaklari va jamiyatning maqsad-intilishlaridan kelib chiqadi. Shu sababli o‘zbek kinosi tarixida turli davrlarda turlicha mavzular ustuvorlik qildi. Vatanparvarlik g‘oyasi ko‘tarilgan filmlar odatda yurtni bir maqsad yo‘lida birlashtirish zarur bo‘lganda-gina kerak bo‘ldi. Xususan, bu boradagi katta ko‘tarilish Ikkinchi jahon urushi yillarida va shu mavzuga bag‘ishlangan filmlarda yaqqol aks etdi.

    O‘tgan asrning 90-yilllaridan yaqin to‘rt-besh yilgacha ijtimoiy muammolar, kishilar tafakkuridagi zgarishlar, milliy o‘zlikni anglash, moddiyat insonlar uchun asosiy qadriyatga aylanayotgani haqidagi filmlar ustuvorlik qildi. Vatanparvarlik mavzulari faqatgina terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan filmlarda aks etdi. Aslida esa vatanparvarlikni birdaniga paydo qilib, biror hodisa__bilangina bog‘lab shakllantirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Vatanparvarlik yillar, oylar, kunlar va hatto soatlar sayin shakllanib boradigan jarayondir. Shu sabab kinematografiyada tizimli ravishda, turli mavzularda olinajak filmlar zamirida barchasi bevosita vatanparvarlikka bog‘lanishi, kinoning ijtimoiy vazifasi pirovardida, kishilarimiz, xalqimiz, jamiyatimizda vatanparvarlikni o‘stirishga qaratilishi lozim. Albatta, keyingi yillarda bu borada bir qancha ishlar qilindi. Xususan, Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan filmlar ko‘paydi va bu kartinalarni tomosha qilgan xalqimizda o‘z millatidan g‘ururlanish, vatanni asrab-avaylashga rag‘bat uyg‘onganini ishonch bilan aytish mumkin.

    Shuningdek, o‘zbek xalqining buyuk farzandlari haqidagi “Said bilan Saida”, “Muhabbat bahori”, “Abdulla Oripov” filmlari ham yosh avlodni tarixni bilishga, adabiyotni o‘rganishga, fikrlashga, ulug‘ millatning vakili ekanini anglashiga kuchli turtkilardan bo‘ldi. “Mehr” operatsiyasi tufayli Suriyadagi o‘zbekistonlik ayollar va bolalarning olib kelinishi ifodalangan “Tutqunlik”, “Ayol qismati” kabi filmlar har bir inson uchun vatanidan yaxshiroq joy bo‘lmasligini, O‘zbekiston uchun har birimiz kerak ekanimizni ko‘rsatib qo‘ydi.

    Aytish kerakki, tarixiy va zamonaviy mavzularda yana ko‘plab filmlar rejalashtirilmoqda va ularning ham mazmun-mohiyatida vatanparvarlik g‘oyasi asosiy o‘rinni egallaydi.

    Biroq bu ishlarning yetarlicha ta’siri bo‘lishi uchun olinayotgan filmlarimizda yuksak badiiyat, janrlardagi rang-baranglik, qahramon ichki olamini ochib berishga, kuchli psixologik momentlar, o‘tkir konflikt yetmayotganini ham ta’kidlab o‘tish o‘rinli. Bunga sabab, albatta, ishning tizimli emasligi, chuqur g‘oyaviy mohiyatdan ko‘ra, yuzaki syujet qurish bilan cheklanish, xorij filmlaridan ko‘r-ko‘rona ko‘chirish, filmning ssenariy variantidayoq yetuk mutaxassislar o‘rtasida muhokama qilinmasligi, muayyan sanalar yoki muddatlarga ulgurib bitkazishga urinish kabilar ekani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

    O‘ylaymizki, yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar, ochiqlik siyosati, ko‘plab mavzularni yoritishga yo‘l ochilgani, O‘zbekistonni dunyoga tarannum etishga bo‘lgan intilish natijasida yaqin yillarda vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiladigan badiiy mukammal, g‘oyaviy yuksak, ta’sirchan va unutilmas kinokartinalar vujudga keladi. Albatta, avval ta’kidlaganimizdek, bu bir-ikki kunda meva beradigan hodisa bo‘lmay, uzluksiz mehnat va intilishlarni talab qiladigan jarayondir...

    Iqbol MIRZO ,

    O‘zbekiston xalq shoiri:

    — Bizda muayyan davr barcha sohada depsinish davri bo‘ldi. Shuning kasriga hamma sohalar rivojlanmasdan, bir joyda qotib qoldi. Jumladan, kino san’ati ham.

    Shuningdek, bugun dunyo multiplikasion san’ati juda rivojlanib ketdi. Animasion filmlar hatto badiiy filmlardan ko‘ra, aniqroq, tiniqroq chiqyapti.

    Bizda “bozor” degan tushunchaning ortida oldi-qochdi ko‘rsatuvlar, faqat tomoshabin yig‘sa bo‘ldi, degan iddao kino san’ati sohasida ham avjiga chiqdi. Harbiy vatanparvarlik mavzusida suratga olinayotgan filmlarning tomoshabin qalbidan o‘rin ololmasligi, hayotiy emasligi — bularning hammasi “buyurtmani, topshiriqni bajardingmi — bajarding” tarzida qilinayotgani ko‘rinib turibdi. Holbuki, film ssenariysini saviyali qilib yozadigan ijodkorlar ko‘p oramizda. Zo‘r yozuvchi va ssenariynavislar bor. Afsuski, bugungi kunda kinoni rejissyorning o‘zi hal qilyapti. Ssenariyni ham o‘zining qarichi bilan o‘lchaydi. Shu tariqa soxta, saviyasi past, tomoshabinni bezdiradigan kinolar yuzaga kelyapti.

    Yosh rejissyorlar yetishib chiqyapti. Rejissyorlarimiz birdaniga shon-shuhrat, pulning orqasidan ketmay, xalqimizning ichiga kirib, xalqimizga yoqadigan filmlar yaratishiga ishongim keladi.

    Bir paytlar o‘zbek filmlari rus tilida yaratilib, keyin o‘zbek tiliga dublyaj qilingan. O‘shanda ham milliy vatanparvarlik ruhi ufurib turgan. Masalan, “Mahallada duv-duv gap” filmini olaylik. Filmdagi xalqimizga xos samimiyat, o‘zbekonalik ssenariy muallifi Abdulla Qahhor bilan bog‘liq. “Peshonangda shaftolining danagini chaqadi”, degan iborani qarang. Qochirim yoki askiyalarning hammasi Abdulla Qahhor tahriridan o‘tgan. Shuning uchun u kino yashab turibdi. Yana bir film — “Shum bola”. Masalan, men “Shum bola”ni qachon ko‘rsam ham maza qilaman. To‘g‘ri, kitobning mazmunini siyosiy jihatlarga burishgan. Lekin asosida katta bir yozuvchining, shoirning “Shum bola” qissasi turgani sabab ham mazkur kinokartina zo‘r chiqqan.

    Milliy vatanparvarlik deganda, albatta, harbiylar ko‘z oldimizga kelishi kerak emas. Barcha insoniy fazilatlar, xalqning tutumlari ham milliy vatanparvarlikni ifodalashi mumkin. Xohlagan mavzuda vatanparvarlik kinosini yaratsa bo‘ladi. Umuman olganda, o‘zini hurmat qilgan davlatlarning har qanday kinosi, ko‘rsatuvi, qo‘shig‘i milliy manfaatga xizmat qiladi. Bizda bu borada oqsashlar borligini inkor eta olmaymiz. Buning yechimi qayerda, degan haqli savol tug‘iladi. Haqiqiy ssenariynavislar, professional yozuvchilarni kinoga jalb qilish kerak. Ular bilan hisoblashadigan rejissyorlarni biriktirish kerak. Milliy vatanparvarlik ruhida kino yaratmoqchi ekanmiz, millatning fe’l-atvori, tilini yaxshi biladigan yozuvchi va rejissyorni rag‘batlantirish zarur. Ayni mana shu kinolarning targ‘iboti ham keng ko‘lamda yuritilishi lozim.

    Biz maktabda bolani 11 yil vatanparvarlik ruhida o‘qitsak-da, bir marta ko‘rgan ko‘rsatuv yoki bema’ni film butun qilingan mehnatni yo‘q qilishi mumkin. Shuningdek, puch, noprofessional kinolar ma’naviyatimizga nisbatan qo‘poruvchilik, deb hisoblayman. Chunki o‘sha saviyasi past kinoni ko‘rgan yoshlarda vatanparvarlik mavzusiga kinoya paydo bo‘ladi, ensasi qotadi, jiddiy mavzu emas ekan, deb qaray boshlaydi. Bu esa biz uchun katta ma’naviy zarardir.

    Omina AZIZOVA,

    san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori:

    — Bugun ham o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan vatanga sadoqat, tinchlik ning qadri haqida qator filmlar suratga olinmoqda. Buni inkor etish kerak emas. O‘tgan besh yil kesimida ekranga chiqqan ayrim badiiy filmlarni eslab o‘tsak: Akbar Bekturdiyevning “Tinchlik ortida”, “O‘zbek qizi”, Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Jahongir Ahmedovning “Ilhaq”, Akrom Shohnazarovning “101-reys”, Rashid Malikovning “Tutqunlik”, Rustam Sa’diyevning “Baron-2: Sog‘inch”, Hasan Alijonovning “Hayot afsunlari”, Abduvohid Gʻaniyevning “Elparvar”, Hilol Nasimovning “Vatan ostonasi”, Zulfiqor Musoqovning “Berlin — Oqqo‘rg‘on”, “Hayrat” kabi badiiy filmlari, Ali Hamroyevning “Xalq jasorati”, Komil Sharafiyevning “Matonat” kabi hujjatli filmlari vatanparvarlik, tinchlik, farovon hayot tarannumiga bag‘ishlangan.

    Vatanparvarlik mavzusiga bag‘ishlangan “O‘zbek qizi”, “Ilhaq”, “Ayol qismati” kabi filmlarimiz xorij kinoijodkorlari tomonidan ham e’tirof etilib, xalqaro kinofestivallarda gran-prini qo‘lga kiritdi.

    Akbar Bekturdiyevning “O‘zbek qizi” filmida tarannum etilgan ozodlik, vatanparvarlik g‘oyalari sovuq urush fonida mahorat bilan tasvirlangan. Zebo Gʻaniyeva haqidagi film yaratilishi va uni 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida premyera qilinishi e’tirofli hodisa. Sababi, Zebo Gʻaniyevani — Ikkinchi jahon urushi yillarida mohir razvedkachi va afsonaviy mergan sifatida nom qozongan o‘zbek qizini bugungi yoshlarning aksari bilmaydi. Nozik jussali, xushro‘y Zebo Gʻaniyeva filmda umumlashma obraz bo‘lib, bu qahramon misolida urushga jalb etilgan o‘zbek qizlarining timsoli gavdalangan.

    Xususan, Zebo Gʻaniyeva, Muqaddam Ashrafova, Rahima Alimova kabi ko‘plab o‘zbek qizlari o‘z yaqinlarini himoya qilish niyatida urushga borgan va jasorat ko‘rsatgan.

    “O‘zbek qizi” filmi mana shunday kuchli va irodali o‘zbek qizlari haqida.

    Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” badiiy filmi esa Ikkinchi jahon rushida besh farzandini urushga yuborib, ularning birortasini qayta ko‘rmagan, matonatli va sabrli o‘zbek ayoli timsolini ifodalaydi.

    Urush fojialari, yo‘qotishlar ekranga ko‘chirilar ekan, bunga hissiyot bilan yondashmay iloj yo‘q. Negaki, urush qalblarni larza solibgina qolmay, har qanday ko‘zni, yurakni, albatta, yig‘latadi. Chunki urush qoldirgan yaralar hali bitib ketmagan. Uning chandiqlari hanuzgacha yuraklarimizga azob beradi. Urush haqidagi manbalarni yanada chuqurroq o‘rganish, uning fojialarini yangi filmlarda aks ettirish lozim. Shu ma’noda filmlardagi ta’sirchan epizodlar tomoshabinga urushning mudhish va dahshatli oqibatlarini so‘zlab, bugungi tinch va hur hayotimizning qadrini eslatadi. Vatan inson uchun qadri baland, tafti issiq, tog‘dek suyanch ekanini yana bir bor eslatuvchi bu filmlarni yoshlar ko‘rishi kerak.

    Ayniqsa, bugungi nanotexnologiyalar, media asrida tobora kuchayib borayotgan g‘oyalar urushi davrida bu filmlarga ehtiyoj yanada ortmoqda. O‘zingni vatanga qanchalar yaqin his etsang, uni shu qadar jonli vujud kabi aniqroq va sevibroq tasavvur qilasan, deydi Aleksandr Blok. Yoshlarni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, texnikaga qullikdan qutqarish uchun hamma birdek harakat qilmoqda.

    Xususan, kinoijodkorlar ham bu yo‘lda sobitqadam.

    Bugun Kinematografiya agentligi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya bilan hamkorlikda hujjatli filmlar, seriallar suratga olish ishlari davom etmoqda. “Belarusfilm” bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushi yillarida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchisi Mamadali Topvoldiyevning jasorati haqida hikoya qiluvchi “Kazbek” badiiy filmi suratga olinmoqda. Bundan tashqari, shu kunlarda “Uch qahramon” badiiy filmining ham taqdimoti kutilmoqda.

    Abdulatif HAYDAROV,

    “Astir animation studio” rahbari, rejissyor-animator:

    — Nega milliy vatanparvarlik ruhidagi animasion filmlar kam? Ming xil sabab ko‘rsatilishi mumkin. Mutaxassislar yo‘q, deyiladi aksariyat hollarda. Balki e’tibor yo‘qdir? Kimga kerak o‘zi multfilm? Tarix, milliy vatanparvarlik haqidagi multfilmlar qanchalik foyda keltiradi? Bu savollar ochiqligicha qolmoqda.

    Animasion filmlar yaratilishi masalasiga ijtimoiy yo‘nalish, farzandlarimizning ongini himoya qilishga yo‘naltiruvchi vosita, deb qarash kerak. Buning uchun mablag‘ ajratilishi zarur. Ochig‘ini aytish kerak, ayni paytda animasion filmlarga teatr, kino va boshqa san’at turlaridan so‘nggina nomiga e’tibor qaratiladi. Kino, tadbirbozlik, festivallardan ortgan pulga “Mayli, birorta multfilm ishlab qo‘ying”, deyiladi.

    E’tibor shunday bo‘lgach, aks ta’sir haqida nima deyish mumkin?

    Saviya va sifati baland animasion filmlar yaratadigan mutaxassislar yo‘q, degan ro‘kachga ham ko‘p duch kelamiz. Ish qidirib yurgan mutaxassislar qancha? “Mana imkoniyat, shu mavzudagi multfilm yarat” deyilsa, jonini jabborga berib ishlaydigan ijodkorlarni bilaman.

    Men xususiy studiya rahbariman. Milliy vatanparvarlik ruhidagi “To‘maris” animasion filmimiz muvaffaqiyatli chiqdi. Shunga o‘xshash multfilmlarni hech qiynalmay yaratishimiz, qancha zarur bo‘lsa, shuncha buyurtma olishimiz mumkin. Ammo talab yo‘q. Nima uchun maktabgacha yoshdagi bolalar asosan, chet el multfilmlarini tomosha qilmoqda? Chunki unda vatanparvarlik va boshqa jihatlar yorqin ranglar, personajlar va voqeliklarda yoritib berilgan. Jimjima, go‘zal va oson hayotni ko‘rgan va shunga intilgan boladan vatanparvar chiqadimi?

    Bolalar filmlari ustida katta ijodiy guruh ishlashi lozim. Psixolog nuqtai nazari juda muhim. Bugun bolalarga qaysi rang va nima yoqishini, ular qalbiga qanday yo‘l topish kerakligini u yaxshi biladi. Kattalarcha fikrlab, “adabiyotda, tarixda bunaqa bo‘lgan”, degan iddaolar samara bermaydi.

    Hammasi sohaga bo‘lgan munosabatdan kelib chiqyapti. Multfilmning bola tarbiyasiga juda katta ta’siri bor, lekin bu haqda o‘ylanmayapti.

    Nigora HAYDAROVA,

    Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti:

    — Milliy vatanparvarlik ruhidagi animasion filmlarimiz juda kam. Sababi esa shu mavzudagi ssenariylar, umuman, adabiy asarlar yetarli emasligi bilan bog‘liq. Aynan bolalar adabiyotidagi materiallardan kelib chiqadigan bo‘lsak, ularning hammasi ham multiplikasion film spesifikasiga to‘g‘ri kelavermaydi. Ssenariy topilgan taqdirda ham bugungi kunda aynan milliy obraz, personajlar yaratadigan rassomlarimiz, zamon talabiga javob beradigan, ya’ni milliy-zamonaviy obrazlarda personajlar yaratadigan ijodkorlarimiz kamligi muammo bo‘lib turibdi.

    Dunyo animatsiyasida har bitta bosqichning o‘z mutaxassisi bo‘ladi. Yaxshi film chiqarish uchun kuchli, zo‘r ijodiy guruh — ssenariynavis, rassom, aynan bolalar dramaturgiyasi, bolalar filmini tushunadigan rejissyor, animatorlar guruhi, kompozitorlar kerak. Studiyalarimizda ijodkorlar yo‘q emas, bor. Ular faqat asarni yaratishda texnik jihatini tushuna oladigan mahoratga ega. Aslida, personajlar dizayni, lokatsiyalar, umuman, filmdagi makonda mavjud arxitektura va boshqa mayda detallargacha rassom tomonidan yaratilishi shart.

    Sharoit, mutaxassis, ijodiy muhit — mana shular hammasi bitta nuqtada jamlanganda biz o‘ylagan badiiy va multiplikasion filmlar yaratilishi mumkin. Yana bir jihat. Ijodkor muayyan mavzuda asar yaratar ekan, turli badiiy yondashuv, fantaziyasini o‘zi xohlagan obrazda yetkazib berishda unga ko‘p narsalar to‘sqinlik qilishi mumkin. Ijodiy guruh, ayniqsa, ijodiy muhit bo‘lmasa, bundan tashqari, syenzura bo‘lsa, qiyin. Misol uchun, “O‘zbekkino” yoki kinematografiya badiiy kengashi a’zolari orasida animasion filmlar bo‘yicha mutaxassis deyarli yo‘q.

    Sohaga taalluqli bo‘lmagan hay’at a’zolari asar spesifikasini tushunmagan holda, faqat didaktik tomonlariga e’tibor berishi mumkin. Bu esa zamonaviy yoshlar e’tiborini jalb qila olmaydigan kartinalar yaratilishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi talab shunchalik kuchliki, zamonaviy texnologiyalar davrida oddiy tasvir bilan bolalar ko‘ngliga yo‘l topib bo‘lmaydi.

    Dunyoqarashi keng, fikrlashi teran bo‘lgan milliy obrazlar, personajlar yaratish zamon talabiga aylangan.

    Xususiy animasion studiyalarimiz faoliyat yurityapti. Ular tomonidan ishlangan ayrim animasion filmlarni yomon, deb bo‘lmaydi. Bu filmlarda adabiy asarga asoslangan yaxshi ssenariy olib chiqilgan. Lekin ana shu filmlarni bugun bolalarimiz qanday qabul qilyapti? Kuzatishlarimga ko‘ra, filmlarda ayrim personajlar bir oz qo‘rqinchliroq ko‘rinishda namoyish etilgan. Bolalarimiz uchun eng yomon sahna, eng yomon personaj, eng yomon salbiy obraz ham yoqimli tasvirlanishi kerak. Tomoshabinlar fikrini o‘rganganimizda “Nima uchun bizda o‘zbek multipikasion qahramonlari qo‘rqinchli?” degan savol bo‘ldi. Bu rassomning mahoratiga bog‘liq. Personajlarni animatsiyaning prinsiplarini inobatga olgan holda yaratish kerak bo‘ladi.

    Zabarjad BOBOJONOVA,

    O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi:

    — Avvalo, vatanparvarlik tushunchasi aslida qanday bo‘ladi, vatanparvarlik tuyg‘usi nimadan iborat, degan savolga to‘xtalsak. Standart shakldagi balandparvoz gaplar, tashviqot ruhidagi asarlar vatanparvarlikmi? Yoki asar nomini Vatan so‘zi bilan bog‘lash shartmi?

    Vatanparvarlik tuyg‘usi, kezi kelsa, nozik detallarda, obrazli tasvirlarda shunday ifodalanadiki, an’anaviy shovqinlar, baland ovozlardagi hayqiriqlardan ta’sirliroq chiqadi. Buning uchun mana shu asarlar vatanparvarlik ruhida olingan kartina, degan ta’kidga hojat ham yo‘q.

    Jahon kinematografiyasida muvaffaqiyatga erishgan barcha filmlarda vatanparvarlikning nozik ifodalarini topishingiz mumkin. “Favqulodda qo‘ng‘iroq” filmidan qiziq bir misol keltirsam: xavfli jinoyatchi omonidan o‘g‘irlab ketilgan qizni polisiya xodimlari hech topa olmaydi.

    Shunda telefon orqali yozib olingan ovoz fonida bir maromda taqillab turgan qandaydir jism tovushi qahramon e’tiborini tortadi. Voqea joyida esa polisiya xodimi ustunga ilingan Amerika bayrog‘i va shamolda chayqalib tirgakka urilayotgan temir tortqich ana shunday tovush chiqarayotganini aniqlaydi va qizni qutqaradi. Mutlaqo vatanparvarlik mavzusi ko‘zlanmagan, o‘tkir syujetli, kassabop film. Lekin detal tanlashda ijodkorlarning milliy g‘ururini ilg‘ash qiyin emas.

    O‘zbek kinosida ham shu mavzuda “O‘zbek qizi”, “Matonat”, “Ayol qismati”, “101-reys”, “Ofiser 55” kabi ko‘plab filmlar suratga olinyapti. Ammo buyurtma asosida zo‘rma-zo‘rakilik ko‘payib ketganday tuyuladi ba’zida. Fikrimcha, ijodkor o‘zidagi bu tuyg‘uni aks ettirishda tashviqot xarakterini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalamay, san’atkorona yondashuv orqali tasvirlashi ham mumkin. Chunki badiiy adabiyotda, san’at asarlarida publisistik mavzular ko‘ndalang qo‘yilmaydi.

    Shu o‘rinda Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmida ham men vatanparvarlikni go‘zal detallarda his qildim. Lengston Hьyuzning “Vatan” hikoyasida biror joyda vatan so‘zi tilga olinmaydi.

    O‘zingiz his qilmagan jumlalar, so‘zlarni atama sifatida qo‘llash bilan tomoshabinga ham, o‘quvchiga ham hech narsa berolmaysiz. Vatanni madh etish uchun atayin qaysidir voqelikka yoki mavzuga alohida urg‘u berish, ta’kidlash shart emas. Ijtimoiy masala qo‘yilgan har qanday asarda uning epkinlarini topish mumkin.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYЕVA yozib oldi.