Masalan, oʻz tarixi, madaniyati, milliy xususiyatlariga koʻra bizga yaqin boʻlgan Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur kabi mamlakatlar xalqlari ana shunday ezgu gʻoya asosida birlashib rivojlanganini koʻrishimiz mumkin.
Aytish kerakki, bugun biz nihoyatda murakkab, tahlikali, tahdidli va tajovuzkor dunyoda yashayapmiz. Jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, beqaror siyosat, gegemonlik vasvasasi, oʻzaro ziddiyatlar, millatchilik kabi illatlar bizdan har qachongidanda koʻproq milliy birlikni talab etmoqda.
Shuning uchun ham bugun Oʻzbekistonning milliy gʻoyasini ilgari surish payti keldi. Zero, milliy gʻoya barcha maqsad-muddaolarimizning kaliti hisoblanadi. Gʻoyasizlik yoki ikkinchi darajali gʻoya millatni zaif qiladi, turgʻunlikka yetaklaydi.
Bizningcha, u sifatli taʼlim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlodni tarbiyalashdan iborat boʻlishi kerak. Chunki yuqori intellektual darajali avlodning paydo boʻlishi, jamiyatning barcha boʻgʻiniga kirib borishi, mamlakatdagi mavjud sohalarning ijobiy oʻzgarishiga, yangilanishiga, rivojlanishiga, taraqqiy etishiga olib keladi.
Avvalo, shuni anglab olishimiz kerakki, qaysiki davlat yuksak taraqqiyotga erishgan boʻlsa, bu faqatgina taʼlimga eʼtibor, ilm-fanni rivojlantirish samarasida sodir boʻlganiga tarixda misollar koʻp.
Oʻzbekistonda ilm-fan, texnologiyalar rivoji qatorida xalqimizning maʼnaviy dunyosini boyitish, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni ulugʻlash, yoshlarning taʼlim-tarbiyasi, odob-axloq masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Xalqimiz, xususan, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini shakllantirishda milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni targʻib qilish muhim ahamiyatga ega. Yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoyalash, ularga sogʻlom fikr va motivatsiya berishga qaratilgan kontentlar koʻpayotgani, xorijdagi yoshlarimizga koʻmak berish borasida amalga oshirilayotgan sayʼ-harakatlar oʻz samarasini bermoqda.
Aholining maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlatning ustuvor siyosati, davrning dolzarb talabi boʻlib qolmoqda. Yetishib kelayotgan yosh avlodga Vatan, oila, tinchlik, osoyishtalik buyuk neʼmat ekanini anglatish, ushbu neʼmatlarni qadrlash, himoyalash tuygʻularini singdirish bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan ulkan vazifalardan.
Bugungi globallashuv shiddati davrida taraqqiyotga tarixdan saboq chiqargan holda yetish masalasi dolzarblashmoqda. Bugun dunyo taraqqiyoti lokomotiviga aylangan davlatlar misolida bunga dalillar topiladi.
Xususan, Ikkinchi jahon urushidan soʻng Yaponiya butunlay vayron etilgan edi. Millat ogʻir damda birlashib, mamlakatni tikladi, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, ota-onalar oʻz farzandlarini xorijdagi universitetlarda oʻqitishga intildi va bugungi kundagi yuksalishining asosiy omili – taʼlim, fan, texnologiyalar rivoji hisobiga dunyoning yetakchi mamlakatlari safidan oʻrin oldi.
Janubiy Koreya milliy gʻoyasi oʻtgan asrning 60-yillarida general Pak Chjon Xi rahbarligi paytida shakllandi. Yosh olim va tadbirkorlar ishtirokida milliy yuksalishning yettita ustuvor yoʻnalishi orasida taʼlim sohasi ham boʻlib, uni moliyalashtirish, fan va koreys milliy madaniyat institutlari rivojiga muhim eʼtibor berildi. Davlatning targʻibot qudrati xalq ongiga milliy uygʻonish gʻoyasini singdirishga qaratildi.
Qadim tarixiy-madaniy omillar, yutuqlar va ogʻir sinovlar Xitoy xalqlarini birlashtirib, azaliy orzu – mamlakatni yuksaltirish umummilliy gʻoyasini shakllantirish imkonini berdi.
Bundan oʻn yil muqaddam, yaʼni 2013-yilda Xitoy Raisi Si Szinpin Xitoy orzusi – mamlakat yuksalishi, millat yasharishi va xalq baxti gʻoyasi barcha mamlakatlardagi insonlarga ham yaqindir, deya taʼkidlagan edi. Oʻshanda Xitoy milliy gʻoyasi Gʻarb sivilizatsiyasiga muqobil boʻlgan, ming yillar davomida anʼanaviy asosga ega kuchli va yuksalayotgan jamiyat qurish ekani eʼlon qilingandi.
Shu milliy gʻoya butun xalq hayoti asosi boʻlib, oldingi va hozirgi avlodlarning umummilliy gʻoyasini shakllantirish imkonini berdi. “Xalqqa xizmat qilamiz” shiori hanuz oʻz taʼsir kuchiga ega.
Xitoy taraqqiyotida Buyuk ipak yoʻli gʻoyasi singdirilgan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-may kuni Xitoyning Sian shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo – Xitoy birinchi sammitidagi nutqida: “Yirik ilmiy, madaniy va iqtisodiy markaz boʻlgan bu shahar koʻp asrlar davomida butun Yevroosiyo qitʼasida sivilizatsion rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va taraqqiyotga munosib hissa qoʻshgan Buyuk ipak yoʻliga tamal toshi qoʻyilgan qutlugʻ maskandir.
“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusiga oʻn yil toʻladigan mazkur yilda aynan mana shu joyda — Sharqda shuhrat qozongan Chanʼanda biz ushbu ezgu anʼanalarni tiklab, mamlakatlarimizning yangi davrdagi umumiy ravnaqi uchun mustahkam poydevor qoʻyayotganimizdan mamnunman,” deya taʼkidladi.
Darhaqiqat, necha ming yil ilgari Buyuk ipak yoʻli Xitoyning sharqiy nuqtasi boʻlgan Sian shahridan boshlanib, Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-sotiq, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy aloqalar rivojlangan tarix karvoniga yoʻlboshchilik qilgan. Ayniqsa, Oʻzbekiston zamini sivilizatsiyalar rivojlanishi va buyuk gʻoyalar almashinuvida muhim rol oʻynagan.
Bu tarixiy anʼanani davom ettirish va yangi istiqbollar ochish juda muhim ahamiyatga ega boʻlishini eʼtirof etgan Xitoy Raisi sammitdagi nutqida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yashil innovatsiyalarni ilgari surish, melioratsiya, tejamkor suv irrigatsiyasi, tuproqshunoslik boʻyicha qoʻshma laboratoriya yaratish, Orolboʻyi ekologik inqirozini yumshatishga, Markaziy Osiyoda yuqori texnologik korxonalar va sanoat parklarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratdi.
”Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida texnologiyalarni barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va tadbirkorlik, kosmik axborot texnologiyalari sohalarida maqsadli hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo davlatlarida kambagʻallikni tugatish boʻyicha maqsadli Xitoy – Markaziy Osiyo dasturi, texnik malaka oshirish dasturi, yangi ish oʻrinlari yaratish kabi yangi istiqbolli modernizatsiya loyihalarni amalga oshirish belgilandi.
Shuningdek, muqobil energetikani rivojlantirish boʻyicha quyosh, shamol va suv elektr stansiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayolarini raqamlashtirish va mutaxassislar tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga alohida etibor qaratilishi, yangi avlod mashinalarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish - elektr va gibrid dvigatelli avtotransport vositalari yigʻiladigan zamonaviy zavodlarni ishga tushirishga kelishildi. Mis, litiy, nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik klasterni barpo etish, plastmassalar, kimyoviy mahsulotlar, metall buyumlar, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiyalar klasterini tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarining hamkorligini amalga oshirish maqsadida Sirdaryo viloyatini “Ilgʻor texnologiyalar hududi”ga aylantirish kabi muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Ushbu va boshqa keng qamrovli loyiha va rejalar aynan raqamlashtirish sohasining transformatsiyasi asosida zamonaviy texnologiyalarning keng qoʻllanishi orqali bajariladi. Demak, ushbu zamonaviy texnologiyalarda ishlaydigan koʻplab mutaxasislarga katta ehtiyoj mavjud. Prezidentimiz tashabbusi boʻyicha yurtimizda bir million dasturchi tayyorlashning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirildi, keyingi bosqichlari ham boshlandi, kelgusida ushbu dasturchi-yoshlar sohalari boʻyicha ish oʻrinlariga ega boʻladi.
Shunday ekan, jamiyatimizni mushtarak maqsad yoʻlida birlashtiradigan yangi Oʻzbekistonning yangi milliy gʻoyasi asosini aynan zamonaviy ilm-fan, talim va texnologiyalar tashkil etayotgani muhim.
Mamlakatimizning taniqli olimlari, ziyoli vakillari bu gʻoya yuzasidan xolisona munosabatlari va mulohazalarini bildirmoqda. Xususan, Samarqand davlat universitetida joriy yil 15-may kuni “Milliy gʻoya millat uchun hayot masalasi” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi, boshqa universitet va tashkilotlarda ham shunday tadbirlar tashkil etilmoqda.
Qayd etish joizki, bugun ilgari surilayotgan milliy gʻoya asosi sifatli taʼlim va samarali ilm-fanga qurilayotgani bejiz emas. Bu jarayon sifatli taʼlim berish, millatning qadim dahosini tiklash bilan amalga oshiriladi. Bunga jamiyatda insonning ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, maʼrifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga goʻdakligidanoq ziyo olib kirish yordamida erishiladi. Maʼrifatli millat, ozod xalqgina milliy gʻoya haqida oʻylaydi. Uni yaratish ustida bosh qotiradi. Uning uchun milliy gʻoya muqaddas tuygʻuga aylanadi. Demak, milliy gʻoyaning negizida sifatli taʼlim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam boʻlishi shart.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansni bunyod qilish, erkin va farovon jamiyat qurish yoʻlida belgilab olgan ulkan maqsadlarga qanchalik tez erishishimiz millatning bilim va tafakkuri, salohiyatiga bogʻliq.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, oʻtgan yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha butunjahon konferensiyasida ham bu boradagi islohotlarimiz yuksak eʼtirof etildi.
Bu eʼtirofning amaliy davomi sifatida 10–24-may kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Ijroiya kengashining 216-sessiyasida Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Toshkent deklaratsiyasi bajarilishi boʻyicha bundan keyingi saʼy-harakatlar hamda yosh bolalar tarbiyasi va taʼlimini oʻzgartirish choralarini koʻrish boʻyicha majburiyatlar” rezolyutsiyasi bir ovozdan maʼqullandi.
Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha qabul qilingan mazkur hujjatning asosiy tamoyillari oʻquv dasturlari sifatini oshirish, inklyuziv taʼlim va favqulodda vaziyatlarda taʼlim olish huquqini kafolatlash kabilardan iborat.
Dunyoning 55 mamlakati “Toshkent deklaratsiyasi bajarilishi boʻyicha bundan keyingi saʼy-harakatlar hamda yosh bolalar tarbiyasi va taʼlimini oʻzgartirish choralarini koʻrish boʻyicha majburiyatlar” rezolyutsiyasi hammuallifi boʻlgani ham uning ahamiyatini yanada oshiradi.
Ushbu hujjatning bajarilishi boʻyicha bir qator chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Jumladan, Toshkent deklaratsiyasi bajarilishini kuzatib borish maqsadida aʼzo davlatlar zimmasiga olgan majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring va hisobdorlikni amalga oshirish vazifasi qoʻyilgan. Shuningdek, Toshkent deklaratsiyasi qoidalarini hisobga olgan holda uning bandlarini yangilash yoʻli bilan yosh bolalarni tarbiyalash va oʻqitish sohasida sheriklik global strategiyasi mexanizmini faollashtirish, yosh bolalarni tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha mavzuga doir xalqaro va mintaqaviy uchrashuvlar oʻtkazish belgilangan.
Malumki, globallashuv sharoitida turli tahdid va xavflar taraqqiyotga, tinchlik va xavfsizlikka, iqlim, oziq-ovqat bilan taminlashga oid muammolarni tobora keskinlashtirmoqda. Bunday gʻoyat murakkab va tahlikali davrda ilmli, yaxshi tarbiya koʻrgan, manan va jismoniy sogʻlom barkamol insongina mavjud muammolarga qarshi tura oladi. Yosh avlod iqlimning keskin oʻzgarishidan suniy intellekt tasirigacha boʻlgan qiyin muammolarga duch kelganda kuchli bilimi, qadriyat va koʻnikmalarga ega boʻlmasa, raqobatda boy beradi.
Yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, jahonning yetakchi rivojlangan mamlakatlarining milliy gʻoyalari negizini aynan zamonaviy ilm-fan, taʼlim texnologiyalari asosida intelektual yuksalishi tashkil etmoqda.
Shunday ekan, eng yaxshi sarmoya talim sohasiga qilingan sarmoyadir. Toʻgʻri, u darrov natija bermaydi, faqat izchil va sifat oʻzgarishi tufayli ijobiy oʻzgarish boʻladi. Agar biz jamiyatimizni oʻzgartirmoqchi boʻlsak, eng avvalo, taʼlim sifatini oʻzgartirishimiz kerak.
Jahon tajribasidan koʻrinadiki, har bir mamlakatning milliy gʻoyasi bilan birga milliy shiorlari ham boʻladi. Biz “Oʻzbekiston – Markaziy Osiyo markazi” shiorini taklif etamiz va uni quyidagi omillar bilan izohlaymiz.
Ahamiyatli jihat - Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda muhim geosiyosiy va geostrategik oʻrniga ega. Mamlakatimiz hududi, qadimiy tarixi, madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida tanilib keladi.
Oʻlkamiz 3000-yillik tarixida Markaziy Osiyoning ilm-fan va taʼlim markazi boʻlib kelgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Qoʻqon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarimizdagi madrasalarda ilm ziyosiga tashna kishilar yaqin-yiroq yurtlardan kelib tahsil olgan.
Oʻzbekiston zamini buyuk uygʻonish davriga – Birinchi (maʼrifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik boʻlgan.
Tarixan koʻp millatli buyuk xalq boʻlib birlashganmiz (130 dan ziyod millat va elatdan iborat, turli diniy konfessiyalar va barqaror diniy, milliy tolerantlik ananalariga egamiz). Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda eng koʻp sonli aholisi bor davlatmiz.
Yaqin yillarda nufusimiz 40 millionga yetishi kutilmoqda. Xalqimizning katta qismini yoshlar tashkil etishi esa Oʻzbekistonning zamonaviy barqaror taraqqiyotidan mujda beradi. 10 mingdan ziyod umumtaʼlim, jumladan, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari borligi, 200 dan ziyod oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritayotgani, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qodir olimlar va ziyolilar, iqtidorli yoshlar mamlakati ekanimiz ham yurtimizning Markaziy Osiyoda salohiyati yuksakligini belgilab beruvchi omillardandir.
Prezidentimiz yangi Oʻzbekiston sharoitida Uchinchi Renessans poydevorini qurish ezgu maqsadini eʼlon qildi. “Buyuk kelajak bugundan boshlanadi” degan daʼvat bilan oʻtgan qisqa davarda mutlaqo yangicha koʻrinishdagi Oʻzbekiston paydo boʻldi.
Davlatimiz rahbarining “Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak” degan maqsadi bilan Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga oʻtildi. Eng muhimi, bu yoʻldagi maqsad va vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ilm, fan, taʼlim yuksalishiga oid huquqiy asoslar yaratilganki, bu ham yuksak salohiyatli xalqimiz, jumladan, yoshlarimizda yetakchilik xususiyati shakllanishiga zamin yaratadi.
Milliy gʻoyamiz asosi sifatida bildirilgan ushbu taklif va fikrlar yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi gʻoyasi va tashabbuslarga hamohang boʻlib, avlodlarning orzu-umidlari va kelajakdagi imkoniyatlari, manfaatlari, maqsadlarini oʻzida aks ettiradi.
Shuhrat GʻOYIBNAZAROV,
siyosiy fanlar doktori, professor