Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga doir vakolatlarini Milliy gvardiya organlariga oʻtkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bunda, Milliy gvardiyaning bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi, shu jumladan, bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlik, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishga hamda maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga doir vakolatlarini mustahkamlovchi oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi Milliy gvardiya organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirishga xizmat qiladi.