Yangi Uyg‘onish davrini yurt taraqqiyotining faol ishtirokchisi, innovasion g‘oyalarning dadil tashabbuskori, millatimizning tom ma’nodagi “oltin fondi” bunyod etadi. Mamlakatimizda ta’limga berilayotgan e’tibor natijasi o‘laroq, yurtimiz va dunyo miqyosidagi olimpiadalarda g‘olib bo‘lib, o‘qishni muvaffaqiyatli davom ettirayotgan iqtidorli yigit-qizlar bilan suhbatlashsangiz, ulardagi yurt ravnaqiga daxldorlik hissidan quvonasiz. Bu yoshlar o‘qish, izlanish yo‘lida dadil odimlamoqda.
Davlatimiz rahbari 2020 yil Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”, degan edi.
Milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash eng ustuvor vazifasi sanalgan “Yangi O‘zbekiston” universitetida ana shunday intiluvchan, yurt koriga yarashni katta burch va sharaf deb bilgan iqtidorli talabalar tahsil olmoqda. Ularning muvaffaqiyat formulasi, bugungi orzu-o‘ylari bilan tanishamiz.
Firdavs SOBIROV, 2-kurs talabasi:
— 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarimdan beri kimyo faniga qiziqaman. 8-sinfdan respublika va xalqaro fan olimpiadalarida qatnasha boshladim. Bir necha xalqaro olimpiadalarda bronza medal sohibi bo‘ldim. 2021 yilning 20–26 aprel kunlari 28 davlat o‘quvchilari o‘rtasida onlayn tarzda o‘tkazilgan 55-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘ldim.
Bu menga dunyoning 80 mamlakatidagi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish imkonini berdi. Hali maktabni tugatmasimdan AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarning ko‘plab oliy o‘quv yurtlaridan taklif oldim. Ular orasida Stenford universiteti, Kaliforniya universiteti, Seul milliy universiteti kabi dunyoga mashhur oliy o‘quv yurtlari bor.
Men esa “Yangi O‘zbekiston” universitetini tanladim. Boisi, bu universitetning dunyoda yuqori o‘rinda turuvchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi, o‘quv dasturining ilg‘or tajriba asosida tuzilgani, o‘quv jarayoni bevosita amaliyot bilan bog‘liqligi, xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari professorlari dars berishidan xabardor edim.
Hozir kimyo muhandisligi yo‘nalishida o‘qiyapman. U muhandislikning kimyo zavodlari faoliyati va konstruksiyasi, shuningdek, ishlab chiqarishni takomillashtirish usullarini o‘rganadigan turi sanaladi. Bugun ko‘plab istiqbolli kashfiyotlar aynan kimyo muhandisligi sohasida qilinmoqda. Chunki hozir dunyodagi eng global (ishsizlik yoki ekologik kabi) muammolarga kimyo fanidagi kashfiyot va ixtirolar orqali yechim topish mumkin.
Yaqin yillardan buyon kimyo sohasida olingan patentlar va kashfiyotlarni o‘rganyapman. Ularni o‘rganish jarayonida, avvalo, fanda qanday muammolar hali o‘z yechimini kutyapti, muammolar qay yo‘llar bilan hal etilgan, kashfiyot qilishda nazariy va amaliy bilimlar qanaqa metodlar bilan o‘zaro qorishib, yangilik hosil qila olishi mumkin, degan savollarga javob izlayman. Bu kelgusida yangiliklar, ixtirolarni amalga oshirishimga zamin yaratadi. Xususan, dunyo miqyosida havo ifloslanishi darajasi kundan-kun oshib borayotgani sababli yuzaga kelayotgan zaharli karbonat-angidrid gazi miqdorining atmosferada ortib ketayotgani, o‘simlik va hayvonot olamiga, shu bilan birga, insoniyatga ham zarar yetkazayotgani muammosiga yechim topishga hissa qo‘shmoqchiman.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kimyo sohasida qilingan muhim ishlardan biri Qashqadaryoda GTL zavodining qurilgani bo‘ldi. Shu zavodga universitetimiz delegasiyasi bilan borib, amaliyot o‘tadik. Talabalarning zavodga yuborilishi davlatimizning bizga e’tiboridan namuna, desak bo‘ladi.
Kimyo haqiqatan ham murakkab fan. Shuning uchun avvaliga har bir o‘quvchida “fanlarni qanday o‘zlashtiraman, qanday bilimlarga ega bo‘laman?” degan qo‘rquv bo‘ladi. Eng muhimi, mana shu qo‘rquvni ichga yutib, bilim olish va harakat natijalarini oldindan ko‘ra bilishdir.
Donishmanddan “Hayotdagi eng muvaffaqiyatli hodisa nima?” so‘rashibdi.
“Fidoyi o‘qituvchi qo‘lida ta’lim olishdir!” deb javob beribdi u. Men ham intilishlarimga qanot bag‘ishlagan ustozlarim va har bir ishimda qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamdan minnatdorman.
Nodira SA’DULLAYeVA, 2-kurs talabasi:
— Maktab davrida e’tiborim ko‘proq aniq fanlarga, matematikaga qaratilgan. Onam matematika o‘qituvchisi, otam esa universitetda fizikadan dars bergan.
Oiladagi muhit matematikaga qiziqishimni shakllantirgan. “Butun koinot matematika tilida yozilgan yaxlit moʻjiza” ekaniga ishonardim. Atrofimizdagi hamma hodisani tushunish uchun shu moʻjizani o‘rganishim zarur edi. Bu menga yana ham rag‘bat berardi. Ana shu intilish bilan 10 dan ortiq xalqaro va respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘ldim. Shu bilan birga, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga harakat qildim va uddaladim. Yaqinda xalqaro IELTS imtihonida 8 ball to‘pladim.
Yuqori reytingda turadigan 21 ta xalqaro universitetning har xil grantini yutganman. Ular orasida Chexiyadagi Karlov universiteti meni juda qiziqtirdi. Bu universitet AQSH, Yevropa va Osiyodagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qiladi. Uning fakultetlarida dunyoning yetakchi universitetlari professorlari ma’ruza o‘qiydi. U Oksford, Sorbonna, Myunxen universitetlari va boshqa nufuzli OTMlar bilan birga, Yevropaning yirik universitetlari assosiasiyasi a’zosi. Karlov qanchalik jozibali bo‘lmasin, tanlovim “Yangi O‘zbekiston” universiteti bo‘ldi. O‘z yurtimda, ota-onam bag‘rida o‘qishni istadim. Imkoniyat va sharoitlarni ko‘rib, shu yerda o‘qishga qaror qildim.
Universitetda 1-kursda kimyo, kompyuter texnologiyalari yoki boshqa fanlarni o‘rgangan bo‘lsak, bularning barchasini tushunishim juda oson kechgan. Chunki ularning asosida matematika bor. Bu menga har bir sohani matematika bilan bog‘liqlik orqali tushunib yetishni o‘rgatdi.
Kompyuter muhandisligi yo‘nalishida tahsil olyapman. Hozirgi davrda hech bir sohani axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Raqamlashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Soha mutaxassislariga dunyo miqyosida talab katta. Shu yo‘nalishni chuqur o‘rganyapman.
Muvaffaqiyatlar odamning qiziqishiga, qalbidagi olovning o‘chmasligiga bog‘liq. Bu shijoat so‘nmasligi uchun inson rag‘batlantirib turilishi kerak. Xalqaro olimpiadalardagi muvaffaqiyatim, IELTS va boshqa imtihonlarda yuqori natijani qo‘lga kiritganim, ko‘plab xorijiy universitetlarga grant asosida qabul qilinganim shu bosqichlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonidagi qo‘llab-quvatlovlar mahsuli, deb o‘ylayman.
Ahmadjon RAHMONOV, 2-kurs talabasi:
— “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kelishdan oldin Polshaning Lodz universitetida tahsil olayotgan edim. Yurtimizda shunday ajoyib universitet ochilganini eshitib, o‘qishni “Yangi O‘zbekiston”da davom ettirishni istadim. O‘tgan yili Germaniyaning Myunxen texnika universiteti kampusida bo‘ldik. Kampusning kichik bo‘limida startap loyihalarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Laboratoriyalar kerakli anjomlar bilan jihozlangan, u yerni innovasion markaz, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Biz o‘sha yerda o‘zimizning birinchi startap loyihamizni taqdim etish imkoniga ega bo‘ldik.
Loyihamiz “Yangi avlod batareyalari” deb nomlanadi. U yangi strukturaga, hozirgi batareyaga nisbatan 10 barobar yuqori samaradorlikka ega. Hozir professorlar yordamida ishlanmani amaliyotga tatbiq etish ustida ishlayapmiz.
Germaniyada amaliyot davomida Myunxen texnika universitetining neytronlar bilan ishlash atom elektr stansiyasida bo‘ldik. U yerda olimlar shu sohada izlanishlar olib boradi va tajriba o‘tkazadi. Biz atom elektr stansiyasi qanday ishlashi, undan qanday elementlar olish mumkinligi haqidagi savollarga javob oldik. O‘rganish davomida e’tiborimni bir jihat tortdi. Xalqaro darajadagi olimlar neytron orqali saraton kasalligini davolash borasida izlanish olib borayotgan ekan. Shu yo‘nalishni chuqurroq o‘rganishga qaror qildim.
To‘g‘ri, bunga osonlikcha erishmasligimni yaxshi bilaman. Chunki barcha muvaffaqiyat zamirida izlanish va tinimsiz mehnat yotadi. Men esa insonlar hayotini yaxshilash, umr davomiyligini oshirish yo‘lidagi orzularimdan voz kechmoqchi emasman. O‘ylaymanki, men va tengdoshlarim olib borayotgan izlanishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Risolat Madiyeva yozib oldi.