Bugungi globallashuv sharoitida turli geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli toʻqnashuvlar, davlatlararo nizolar koʻpayishi barobarida, axborot xurujlari ham keng tus olyapti. U, oʻz navbatida, borgan sari zamonamizning tom maʼnodagi qudratli quroliga aylanmoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, uni hatto yadro qurolidan ham xatarli, deb hisoblash mumkin. Chunki inson ongi va qalbini zabt etish, unga oʻz hukmini oʻtkazish, maʼnaviyatidan, milliy urf-odat va qadriyatlaridan judo etishga yoʻnaltiriladigan axborot xurujlari koʻrinmaslik xususiyatiga egadir. Shunday ekan, unga qarshi milliy axborot immunitetini shakllantirish, axborot maydonida raqobatbardosh milliy kontent yaratish masalasi dolzarb boʻlib bormoqda.

Prezidentimiz oʻtgan yil 22-dekabrda oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishida va joriy yil 12-yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, zamonaviy tahdidlarga qarshi munosib kurash olib borish uchun, avvalo, axborot makonida milliy kontent yaratish zarurati, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan baho berish lozimligi, aks holda, tashqaridan turli axborot xurujlari kirib kelishiga imkon yaratib qoʻyilishi, yangilik va axborotga ehtiyojlarning boshqalar tomonidan toʻldirilishiga sabab boʻladigan noxush oqibatlardan ogoh boʻlishga daʼvat etdi.

Darhaqiqat, bu hozirgi davrning ustuvor talabi va shartidir. Shu bois, bu mavzu milliy media makonimizda koʻp muhokama qilinmoqda, turfa fikrlar bildirilmoqda.

Biz ham olimlar, ekspertlar, siyosatshunoslar va maʼnaviyat sohasi vakillarining shu xususdagi fikrlari bilan qiziqdik.

 

KREATIV YONDASHUV kerak

Nozima MURATOVA, filologiya fanlari doktori:

— Hozir dunyoda axborot xuruji, gibrid urushlar shiddat bilan kechmoqda. Bu jarayonda inson eʼtibori, diqqatini jalb etish bosh maqsadga aylangan. Ana shunday kurash maydonida har bir davlat, har bir xalq oʻzligini saqlab qolishi, oʻz milliy manfaatlarini himoya qilishi uchun jamiyatda siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy bilim va tafakkur darajasi nihoyatda yuqori boʻlishi lozim. Aks holda, yot va noxolis axborotlar demokratik jarayonlarni izdan chiqarishi, insoniyatni boshi berk koʻchaga yetaklashi hech gap emas. Xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni bunday salbiy axborotlar taʼsiridan asrash uchun oʻz milliy axborot makonimiz boʻlishi va ushbu manbalar milliy kontent bilan toʻldirilishi lozim.

Shu oʻrinda milliy kontent oʻzi nima ekaniga toʻxtalib oʻtsak. Kontent oʻz-oʻzini ifoda etish, tarqatish, marketing va yoki nashr etish uchun nutq, yozuv yoki har xil sanʼat turlari kabi biror-bir vosita orqali ifodalanishi kerak boʻlgan axborot vositasi hisoblanadi. Bu borada bir necha jihatni farqlay bilishimiz lozim. Kontent siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy, taʼlimga oid yoki koʻngilochar mavzularda boʻlishi mumkin. Zero, inson ongi va dunyoqarashiga yot gʻoyalar turli axborotlar orqali singdiriladi va bu jarayonda “yumshoq kuch”ni ifoda etuvchi yuqorida sanab oʻtilgan har bir yoʻnalishning oʻz oʻrni bor. Deylik, xorijiy ommaviy axborot vositasida koʻngilochar mavzularda berilgan yot gʻoyalarga oid materiallarga xuddi shunday yoʻnalishdagi milliy asarlar bilan boyitish taʼsirliroq boʻladi. Yoki axborot xurujiga shu janrdagi materiallar bilan, taʼlim yoʻnalishidagi kontentga shunga mos vositalar asosida javob qaytarilsa, maqsadga muvofiqdir. Va ayni shu jihat, aniqroq aytganda, chet ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan tajovuzkor gʻoyalarga xuddi shunday yoʻnalishdagi milliy asarlar bilan javob qaytarish milliy kontent yaratish boʻladi.

Shunisi quvonarliki, bu borada mamlakatimizda katta salohiyat mavjud. Yaʼni turli sohalarga ixtisoslashgan gazeta, tele va radiokanallar, mahalliy nashrlar va hatto koʻplab nodavlat OAVlar faoliyat yurityapti. Internet jurnalistikasi ham yil sayin rivojlanmoqda. Endigi asosiy vazifa — ularni bugungi kun talabi va xalqimiz ehtiyojiga mos milliy kontent bilan toʻldirish. Fikrimcha, bu vazifalarni toʻlaqonli bajarish uchun koʻp yillik ish tajribasiga ega, malakali jurnalistlar qatori yosh ijodkorlarni ham kashf etish va jarayonga kengroq jalb etish lozim. Zero, yoshlar “tengdosh — tengdoshga” tamoyili asosida oʻz soʻzini yoshlarbop usulda, tengdoshlarining ongi va shuuriga yetib boradigan tilda yetkazib beradi. Shuning uchun ham bu jarayonda ikkita oʻziga xos salohiyat — malakali jurnalistlarning tajribasi va yoshlarning gʻayrat-shijoati birlashtirilsa, natija ham yaxshi boʻladi.

Hozir yoshlarimiz bilim, hunar egallash qatorida til oʻrganishga ham chanqoq. Shu bois, tele va internet kanallarda til oʻrganishga moslashgan manbalar koʻpayib boryapti. Ularning faoliyatini kuzata turib, baʼzi mulohazalar tugʻiladi. Masalan, oʻrganuvchilar uchun muloqot matnlari tuzilayotganda yoki misollar keltirilayotganda ona tilimizdagi adabiyotlarga murojaat qilinishini taʼminlash lozim. Bu ham milliy kontentning ajralmas qismi. Bu jihatlarga taʼlimga oid barcha koʻrsatuv, eshittirish, maqola yoki boshqa manbalarda ham rioya qilinishi zarur.

Siyosiy mavzulardagi kontentlarga toʻxtaladigan boʻlsak, yurtimizda roʻy berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, qonunchilik va boshqa sohadagi oʻzgarishlarni ­xalqimizga va xorijdagi axborot isteʼmolchilariga tezkor, xolis, ochiq va tushunarli tilda yetkazish jurnalistlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Bu borada koʻzlangan maqsadlarga erishishda internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan ham samarali foydalanish lozim. Zero, bugun dunyo ahlining 60 foizdan koʻprogʻi shu manbalardan foydalanadi. Demak, insoniyat qaysi axborot makonida yashayotgan boʻlsa, axborotni odamlarga yetkazishda oʻsha vositalardan unumli foydalanish muhim. Keyingi yillarda yurtimizda bu borada ham sezilarli natijalarga erishilyapti. Galdagi vazifa ana shu jarayonlarni davom ettirish va dunyo axborot makonida oʻz milliy manfaat va maqsadlarimizni dadil olgʻa surishdir. Buning uchun jurnalistlarimiz nafaqat oʻz sohasi, balki zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha ham yetarli bilim va malakaga ega boʻlishi asosiy talablardan biri boʻlib qolmoqda. Bundan tashqari, xorijiy tillarni ham chuqur bilish, ixtisoslashuv yaxshi samara beradi.

Yana bir yoʻnalish — tarixiy film va seriallar yaratish va namoyish etish masalasiga ham toʻxtalib oʻtsak. Shunisi ahamiyatliki, yurtimizda bu borada, yaʼni badiiy va hujjatli filmlar yaratish boʻyicha katta salohiyat mavjud. Hozir bu maktablardan yetishib chiqqan koʻp­lab yosh kinoijodkorlarimiz samarali ijod qilyapti. Ular yaratgan asarlar yurtimiz va xorijda alohida eʼtirofga sazovor boʻlyapti. Endi bu yoʻnalishdagi ijodiy maktablar fao­liyatini ham yanada rivojlantirish, yangicha yoʻnalishlarda yosh kadrlarni tayyorlash oldimizda turgan muhim vazifalardan biri.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida sanʼat va madaniyat yoʻnalishida yoshlarbop manbalarni koʻpaytirish davr talabi.

Yana bir taklifim shuki, OAVlarni milliy kontent bilan toʻldirishda jurnalistlar bilan bir qatorda, rejissyor, rassom, turli kreativ sohalar mutaxassislari, adabiyot, sanʼat va madaniyat namoyandalaridan iborat ijodiy jamoalar shakllantirilsa va ular hamkorlikda ishlashi uchun imkoniyat yaratilsa, bugungi kun oʻquvchisi, tinglovchisi, tomoshabini kutayotgan serqirra yoʻnalishdagi asarlar koʻpayishiga erishgan boʻlar edik.

 

XORIJDA MILLIY AXBOROT BRENDI TAʼSIS ETILSA...

Suhrob BOʻRONOV, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori:

— Bugungi axborot makonida qanday muammolar bor, oʻzbek milliy kontenti yaratilishida xorij tajribasining qaysi jihatlariga eʼtibor qaratish lozim, xorijiy internet sahifalarida oʻzbek milliy kontentini qanday aks ettirish mumkin? Bu singari savollar, ayniqsa, media olamiga yangi ishtirokchilar kirib kelayotgani, ichki va tashqi axborot oʻrtasida vujud­ga kelayotgan turli ziddiyatlar, axborot xurujlariga qarshi preventiv va operativ chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari milliy kontent yaratilishiga tizimli va koʻp tomonlama yondashish masʼuliyatini talab etadi. Bizningcha, quyidagi fikr-mulohaza va takliflarimiz milliy kontent rivojiga maʼlum maʼnoda hissa qoʻshishi mumkin.

Taʼlim va oʻzbek tili milliy kontenti. Milliy kontent, eng avvalo, taʼlim jarayonida oʻz aksini topishi lozim. “Dunyo” axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, butun dunyo boʻylab oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni 60 milliondan oshadi. Hozir xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oʻquv yurtida oʻzbek tili oʻrgatilmoqda. Ammo bu oʻzbek tilining milliy va xalqaro nufuzini oshirish uchun yetarli emas. Shu bois, oliy taʼlim muassasalarida “Oʻzbek tili stipendiyasi”ni taʼsis etish talaba-yoshlarning ona tiliga boʻlgan hurmat-ehtiromi va eʼtiborini jonlantirishga muayyan darajada xizmat qilsa, strategik va yaqin hamkor davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻzbekologiya fakultetlarini ochish xorijliklar koʻz oʻngida oʻzbek tili, madaniyati va tarixi haqida yorqin tasavvur paydo boʻlishiga yordam beradi.

Oʻz navbatida, xorijning eng nufuzli internet yoki axborot nashrlari elektron saytlaridagi tillar guruhida oʻzbek tili uchun ajratilgan alohida boʻlim deyarli uchramaydi. Milliy oʻzbek tili ­kontentini nufuzli xorijiy saytlar sahifasida aks ettirish ishlari tegishli tashkilotlar tomonidan oʻzaro kelishilgan holda bosqichma-bosqich ijro etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Oʻzbek tilini oʻrganayotgan xorijlik­lar uchun Xalqaro oʻzbek tili notiqlik tanlovini oʻtkazish, shuningdek, oʻzbek tili va adabiyotining durdona asarlarini ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qiladigan “Vatan” nashriyotini taʼsis etish ham oʻzbek tilining xalqaro axborot maydonidagi oʻrnini mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

Milliy media kontent. Oynai jahonda muttasil taqdim etib boriladigan, lekin milliy anʼana va qadriyatlarga yot gʻoyalarni targʻib etayotgan milliy hamda xorijiy kinolar, seriallar, dasturlar faoliyatini taqiqlash vaqti keldi. Buning oʻrniga vatanparvarlik, milliy oʻzlikni anglash, buyuk ajdodlarning boy ilmiy va madaniy merosini tarannum etadigan koʻrsatuvlarni efirlarda kengroq va koʻproq koʻrsatish ayni muddao boʻlardi.

Oʻzbekistonning xorijdagi milliy axborot brendini taʼsis etish lozim. Masalan, Uzbek News Network — UzNN. Unda xorijiy davlatlarda akkreditatsiyadan oʻtgan oʻzbek muxbirlari xalqaro maydonda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyo­siy voqealarni sharhlab borish va boshqa nufuzli kontentlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa istiqbolda milliy kontent boʻyicha professional kadrlar malakasini oshirishda muhim rol oʻynaydi.

Milliy aqliy markazlar. AQSH Federal aloqa komissiyasining sobiq raisi Nyuton Menou bunday degan edi: “Gʻoyalarni amalga oshirish uchun sarflangan 1 dollar mablagʻ bombalar ishlab chiqarish uchun ketgan 100 dollar qiymatiga teng”. Sir emas, Oʻzbekis­tonda milliy kontent faoliyatini rivojlantirish yoki jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganishga ixtisos­lashgan aqliy markazlar soni kutilgan darajada yetarli emas. Aynan shu maqsadda dastlab “Milliy kontent” axborot-tahliliy markazini tashkil etish, keyinchalik shunga oʻxshash aqliy markazlar sonini koʻpaytirish yangi gʻoyalar paydo boʻlishiga, soha olimlarining taklif va tashabbuslaridan unumli foydalanishga zamin yaratadi.

Umuman, kundalik hayotimizning asosiy qismiga aylanib borayotgan internet va undan kelayotgan zararli maʼlumotlar milliy oʻzligimizga raxna solishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bugungi axborot maydonida milliy kontentning yoʻqligi milliy oʻzlikning yoʻqotilishi sifatida baholanishi shart va lozim. Shu bois, axborot xuruji keng avj olayotgan maydonda nafaqat raqobatbardosh milliy kontentni yaratish va u orqali axborot xavfsizligini taʼminlash zarur, balki uni xorijiy axborot resurslarida ham doimiy aks ettirish vazifasi davrimizning kechiktirib boʻlmaydigan talabi hisoblanadi.

 

MATBUOT – MILLIY RUH TARGʻIBOTCHISI

Zuhriddin HASANOV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yetakchi mutaxassisi:

— Tobora rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari axborot tarqatish va media sohasi ishlarini osonlashtirdi. Zamonaviy dunyoda axborotni yorugʻlik tezligida dunyoning u nuqtasidan bu nuqtasiga yuborish mumkin. Hatto shu axborotga ishlov berish, unga zarar yetkazish jarayoni ham neyrotarmoqlar va sunʼiy intellekt texnologiyasi sababli soniyalarda amalga oshirilmoqda.

Axborot xurujlari (kiber xurujlar) ortidan baʼzida mil­liardlab moddiy zarar koʻriladi. Ammo axborot xurujining nomoddiy taʼsir jarayoni uzoq va chegara bilmas, biron-bir gʻoyani singdirishga asoslangan turlari ham borki, unga qarshi kurashish jamiyatning har bir aʼzosidan chuqur bilim, gʻoyat katta sabr-toqat talab qiladi.

Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi ijrosi oʻlaroq, barcha maʼnaviyat fido­yilari “Maʼnaviyat barcha sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak” shiori ostida mehnatini shu ezgu daʼvat yoʻlida sarflashi zarur.

Bugun internet va ijtimoiy tarmoqlarni yaxshi oʻzlashtirgan, ilmiy-texnik yutuqlarni tez ekspluatatsiya qila oladigan yangi avlod shakllanmoqda. Ilmiy-texnik yutuqlar va axborotning hayo­timizga taʼsiri ortib borayotganini inobatga olsak, baʼzida uning gʻoyaviy taʼsir etish vositasi sifatida xavfli qurolga aylanib qolishi ham hech kimga sir emasligi kishini oʻylantiradi.

Ijtimoiy tarmoqlar segmentining katta qatlami yoshlar. Tarmoqlarda joylashtirilayotgan materiallar zamirida oʻta sayoz, hayotning faqat yengil-yelpi jihatlarini targʻib qiladigan gʻoyalar yotgani gʻoyat achinarli. Yoshlarning mediamahsulotlarga nisbatan talabi va isteʼmolchilik darajasi past saviyaga tushib borayotgani bachkanalik va shoumenlik urfga kirishiga zamin yaratmoqda. Bu muammoning koʻringan tarafi, xolos. Axborotning bu shakldagi maqsadsiz koʻrinishining oldini olish bugungi kunda olimlar, ekspertlar qatorida matbuot sohasi vakillari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Bugungi kunda bu borada koʻzlangan maqsadlarga erishish va milliy jurnalis­tikamizni rivojlantirish uchun barcha sharoit mavjud. Konstitutsiya­mizda belgilanganidek, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Qonunchiligimizda axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga ­muvofiq hamda ­konstitutsiyaviy ­tuzum, aholining sogʻligʻi, ijtimoiy axloq, boshqa shaxs­larning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi hamda ­jamoat tartibini taʼminlash, xususan, davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi. Ushbu tamoyil asosida har kim oʻz fikrini erkin bayon etgan holda, rasmiy jurnalistik yoki shaxsiy blogerlik faoliyatini olib borishi mumkin.

Albatta, bu huquqiy imkoniyatlar milliy jurnalistikamiz rivojida muhim omil boʻlayotir. Hozirgi kunda yurtimizda qariyb 2150 ta ommaviy axborot vositasi fao­liyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy oʻzgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Anʼanaviy nashrlar bilan birga internet nashrlar ham jadal rivoj­lanib, ularning soni 700 dan oshgani va oʻquvchilar ommasini tobora koʻproq oʻziga jalb etayotgani eʼtiborlidir.

Ayni paytda bugungi murakkab davr maʼnaviy-maʼrifiy sohalar qatorida matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatida oʻziga xos yutuqlar bilan birga muammolarni ham namoyon etmoqda. Yaʼni jahonda roʻy beradigan siyosiy jarayonlarni aholining ongi va shuuriga mos ravishda toʻgʻri sharhlash, siyosiy axborotni milliy manfaatlarga moslashtirishda axborot sohasi vakillari, ziyolilar va siyosat sohasi bilimdonlarining ovozi baʼzida sezilmay qolayotgani ham bor gap. Yana bir masala, yurtimiz axborot makonida yagona axborot muhitining yetishmayotganidir.

Zero, bugun axborot makonining mazmun va mohiyati transformatsiyaga uchrayotgan bir davrda milliy ruhda tarbiyalangan jurnalist, bloger va siyosatchilar eng ilgʻorlar safida millatni yagona mustaqil umummilliy gʻoya — yangi Oʻzbekis­ton gʻoya­si ortidan ergashtirib, xalqimizning orzu va maqsadiga aylangan Uchinchi Renessans sari boshlashi ayni muddaodir.

Bunga erishish uchun huquqiy, tashkiliy va intellektual salohiyatimiz yetarli, albatta. Ishonchimiz komilki, zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk mutaxassislar bu ezgu maqsad yoʻlida hamjihatlikda harakat qilib, bugungi murakkab zamon sinovlariga oʻz soʻzini dadil aytibgina qolmay, tinchlik va farovonlik yoʻlidagi ezgu maqsadlarimizga erishishda ham intilishdan aslo toʻxtamaydi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA yozib oldi.