Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Qarorga koʻra, quyidagilar Milliy malaka tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi, jumladan:
— Milliy malaka tizimining normativ-huquqiy, institutsional va uslubiy asoslarini takomillashtirish;
— norasmiy va informal orttirilgan koʻnikma va malakalarni tan olish (“Recognition of Prior Learning”) tizimini joriy qilish;
— koʻnikmalarni prognozlashtirish (“skills anticipation”), koʻnikmalarga boʻlgan ehtiyojlarni tahlil qilish (“skills needs analysis”), koʻnikmalar bilan bogʻliq kamchiliklarni oʻrganish (“skills gap analysis”) vositalari va metodologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish.
“Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etiladi.
2025-yil 1-fevralgacha Institutda Milliy malaka tizimini rivojlantirish boʻyicha malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyiladi.
2025-yil 1-noyabrgacha Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi va amaliyotga kiritilishi taʼminlanadi.
2026-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajriba asosida 1800 ta kasbni qamrab oluvchi kasbiy standartlar ishlab chiqiladi va amaliyotga kiritilishi taʼminlanadi.