Milliy musiqa poydevori

    Birgina Buxoro “Shashmaqom”i koʻp millatli shahar musiqa madaniyatining eng yorqin anʼanalari va uslublarini oʻzida mujassamlashtirgan.

    Har doim madaniyat va sanʼat haqida soʻz yuritilganida, Prezidentimizning “Agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. Ana shunday ulkan maʼnaviy boylikning shakllanishi va taraqqiyotida, bu umrboqiy sanʼatning bizgacha yetib kelishida beqiyos xizmat koʻrsatgan ulugʻ shoir va mutafakkirlar, bastakor va sozandalar, buyuk hofizlarning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etamiz”, degan soʻzlari quloqlarim ostida jaranglab turaveradi.

    Bu barcha sanʼat ixlosmandlari, soha vakillari va yosh iqtidor egalariga maqom sanʼati negizida nechogʻliq ulkan maʼno va mazmun mujassam ekanini yana bir bor anglatib, tasdiqlab turadi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-fevral kuni imzolagan “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa madaniyat va sanʼat sohasi rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hujjat maqom sanʼatining ham yanada rivojlanishi, taraqqiy etishi va yuksalib borishida muhim omil boʻladi. Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan maqom qadimiy tarixi, teran falsafasi, betakror badiiy uslub va boy ijodiy anʼanalari bilan maʼnaviy hayotimizda muhim oʻrin egallaydi.

    Uzoq yillardan beri sanʼat maydonida ijod qilib kelayotgan boʻlsam-da, faqat soʻnggi yillardagina Prezidentimizning bevosita tashabbusi va gʻamxoʻrligi bilan madaniyat va sanʼat sohasiga katta eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻlyapman. Xususan, maqom sanʼatini oʻrganaman, degan ijodkorga barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Endi ushbu imkoniyatlarning qadriga yetish, qalb quvvati bilan astoydil izlanish va ijod qilish kerak.

    Bugun maqom sanʼati ijro maktablari va anʼanalari yangi bosqichda, yangicha ruhda yuksalmoqda. Oʻzim maqom sanʼati va uning doirasida Buxoro “Shashmaqom”ining shakllanish tarixi yoʻnalishida ilmiy izlanish olib boryapman. Chunki bu soha hali yetarlicha oʻrganilmagan. Oʻrta asrlardan qolgan yozma manbalarda qayd etilishicha, Buxoroda maqom turli tarixiy davrlarda turli shakl va anʼanalarda ijro etilgan. Birgina Buxoro “Shashmaqom”i koʻp millatli shahar musiqa madaniyatining eng yorqin anʼanalari va uslublarini oʻzida mujassamlashtirgan.

    Hozirgi “Shashmaqom”da biz uchta asosiy — tojik, turk-oʻzbek va buxoro-yahudiy musiqiy anʼanalari hissasini koʻramiz. Mutaxassislar maqomlarni ikki boʻlimga ajratgan. Cholgʻu boʻlimi — mushkilot, ashula boʻlimi — nasr nomi bilan ataladi. Ular Markaziy Osiyoda musiqaning ushbu mumtoz turi davom etishi va rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Prezidentimiz qarori biz, sanʼat ahli yuragiga yoqimli bir navoday singib, koʻnglimizga xushnudlik, sohamizga yanada muhabbat bilan yondashib xizmat qilishni va kelajak avlod qalbiga kuy va qoʻshiq sehri bilan eng goʻzal xislatlarni singdirib borishimizda muhim va nurli bir dovondir.

    Zero, milliy musiqaning mustahkam poydevori boʻlmish maqom xalqimiz hayotining aks-sadosidir. Bu kuy yer yuzidagi barcha insonlar qalbini tebrata olgan, murakkab ruhiy kechinmalar, teran falsafiy fikrlar bilan jilolangan moʻjiza boʻlib, bizning davrga kelib, elning dardu hasrati, jasorati, baxti, shodiyonasi, sevgi-muhabbatini tarannum etib, eng mukammal shaklu shamoyilda namoyon boʻlayotir.

    Soyibjon NIYOZOV,

    Oʻzbekiston xalq hofizi