Milliy sanoat marketingi: erkin bozorga moslashish, raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi

    Bozordagi faoliyat va harakat — bu marketing soʻzining asosiy lugʻaviy maʼnosi.

    Bu tushuncha bozor sohasining har qanday jihati bilan bogʻliq: iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish, birinchi navbatda, talab va taklifni hisobga olish, roʻy beradigan oʻzgarishlarga tez moslashish, raqobatbardosh mahsulotlar yaratish, konyukturani oʻrganish, taʼsirchan reklamani rivojlantirish kabi koʻplab masalalarni hal etishni qamrab oladi.

    Mutaxassislar fikricha, ayni paytda marketingning uch mingdan ortiq taʼrifi boʻlib, ularning barchasiga xos boʻlgan umumiy xususiyat asosiy eʼtiborni tovar ishlab chiqarishdan isteʼmolchiga, uning xohish va ehtiyojlariga qaratishdir. Shu bois, ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi marketologlar “Biz mahsulot sotmaymiz — isteʼmolchi talabini qondiramiz!” deyishadi. Amerika marketing uyushmasi uni yanada aniqlashtirib, bunday deydi: “Marketing shunday jarayonki, uning yordamida oʻylangan gʻoya rejalashtiriladi va amalga oshiriladi, narx shakllantiriladi, gʻoya, tovar hamda xizmat koʻrsatish sotish, ayrim shaxslar va tashkilotlarning ehtiyoj-maqsadlari ayirboshlash yordamida qondiriladi”.

    Demakki, marketing nafaqat falsafa, fikrlash tarzi va iqtisodiy tafakkur yoʻnalishi, shu bilan birga, ayrim firma, kompaniya, tarmoq va butun iqtisodiyot boʻyicha amaliy faoliyatni oʻz ichiga oladi. Uning evolyutsiyasi, mazmuni boyib borishi har qaysi mamlakatning oʻziga xos xususiyati va bozor munosabatlari darajasi bilan ham uzviy bogʻliq.

    Oʻzbekistonda bu konsepsiya ijtimoiy talablarni hisobga olgan holda rivojlantirib borilmoqda. Yangicha islohotlar, Taraqqiyot strategiyasining muhim maqsadlari milliy sanoat marketing siyosatining uzviy qismini tashkil etadi. Buning amaliy jihatlarini Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar misolida koʻrish mumkin.

    Iqtisodiyot erkinlashuvi “katalizator” vazifasini oʻtamoqda

    Joriy yil may oyida Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning yillik forumi boʻlib oʻtdi. Uda asosiy eʼtibor “Barqarorlikka sarmoya kiritish” mavzusiga qaratildi. Sessiyalardan birida mamlakatimiz iqtisodiyotining kutilayotgan oʻsish surʼatlari va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tom maʼnoda aytganda, zamonaviy marketing talablari asosida yurtimizning yaqin kelajakdagi taraqqiyotining asosiy jihatlari tahlil etildi.

    — YETTBning bunday yigʻilishi yurtimizda 20 yil oldin boʻlib oʻtgan edi, — deydi iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev. — Keyingi olti yilda mamlakatimiz siyrati va surati tubdan oʻzgardi. Dunyoga keng ochilayotgan, barcha sohalarda hamkorlikka tayyor yangi Oʻzbekistonga aylanib boryapti. Valyuta tizimi erkinlashtirilgani, tashqi bozorlarga chiqish toʻsiqlari olib tashlangani, 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarga bojxona boji bekor qilingani natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki karra oshdi. Yillik xorijiy sarmoyalar hajmi 2017-yildagiga nisbatan 3 barobar koʻpaydi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki iqtisodiy barqarorlikka erishishda strategik hamkorga aylangan sheriklarimizdan biri hisoblanadi. Bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli qiymati 4 milliard yevrodan oshgan, shundan 3,3 milliard yevroligi soʻnggi toʻrt yilga toʻgʻri keladi. Xususan, birgina 2022-yilda Oʻzbekistondagi 26 ta loyihaga 900 million yevro investitsiya ajratildi.

    Albatta, loyiha nechogʻli muhim yoki dolzarb boʻlishidan qatʼi nazar, xorijiy sarmoyador yoki nufuzli moliyaviy muassasa unga pul tikavermaydi. Bunda nainki ajratilgan sarmoya oʻzini oqlashi va vaqtida qaytarilishiga ishonch, balki investorlar uchun yaratilgan huquqiy kafolatdan tortib, tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarining erkinlashtirish darajasigacha hisobga olinadi. Ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyaga barham berish bilan bogʻliq jarayonlar ham marketing tadqiqotlari diqqat markazida turadi.

    Ana shulardan kelib chiqqan holda, YETTB investitsiyalari bugungi kunda oʻta dolzarb boʻlgan “yashil” energetika, ichimlik suv, yoʻl-transport infratuzilmasi, ekologiya kabi sohalarga yoʻnaltirilmoqda. Jumladan, qayta tiklanadigan energiya sohasida bankning 600 million yevro mablagʻi ishtirokidagi yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Bunday faol hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotiga boshqa xorijiy investorlarni jalb etishda ham katalizator vazifasini oʻtamoqda.

    — 2017-yildan buyon Oʻzbekiston uchun muhim muvaffaqiyat omillaridan biri ochiqlik boʻldi, — deydi YETTBning mintaqaviy yetakchi iqtisodchisi Erik Livin jurnalistlarga bergan intervyusida. — Mijozlarimiz orasida koʻplab kompaniyalar oʻz faoliyatini 2018-yilda boshladi, ular uchun savdo qilish, valyuta ayirboshlash imkoniyatlari paydo boʻldi va kompaniyalar bashorat qilinadigan muhitda ishlay boshladi. Xususiylashtirish jarayoni ham muhim omil. Toʻgʻri, u juda tez rivojlanayotgani yoʻq. Lekin biz Vengriyaning OTP banki tomonidan “Ipotekabank” sotib olingani bank sohasida katta yutuq boʻlganini koʻrdik. Bu shunchaki bank sotuvi emas, bu uning ishiga munosabatning butunlay oʻzgarishidir. Xuddi shunday hodisa Gruziyaning TBC bankiga ham taalluqli. Uning yordami bilan tartibga solish va raqamli bankning butun tizimi qayta qurildi. Hozir TBC raqamli yoʻnalishga oʻtayotgan mahalliy banklar bilan mustaqil ravishda raqobatlashishi kerak. Shunday qilib, tashqaridan keladigan katta raqobat asosiy benefitsiarlar hisoblangan isteʼmolchilar uchun foydalidir.

    Ekspertlar “GSP+” tartibi tufayli yurtimizning Yevropa bozoriga ochilgan imkoniyatlari kengayib borayotganini eʼtirof etishadi. Xususan, joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 70 foiz oʻsdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

    Ana shu sarmoyani tezroq oʻzlashtirish Yevroittifoq bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirishni taqozo etadi. Marketologlar fikricha, bu jarayonda mamlakatimizda barqaror savdo-logistika zanjirlari va oʻzaro mahsulot yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratish, “GSP+” tartibining amal qilish muddatini uzaytirish muhim oʻrin tutadi. Chunki ayni kunda GSP+ dasturi doirasida 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotimizni Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyati yaratilgan.

    Tadqiqotlar nimani koʻrsatmoqda?

    Hozir Yevropa Ittifoqiga 28 davlat aʼzo. Jahon savdo tashkilotiga esa 164 mamlakat birlashgan. Demakki, Oʻzbekistonning dunyodagi eng yirik ushbu iqtisodiy tashkilotga aʼzo boʻlishi yana 136 davlat bilan adolatli savdo tizimini yoʻlga qoʻyish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beradi. Chunki global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining 95 foizi JSTga aʼzo mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston tovar aylanmasining 97 foizi ushbu davlatlarning birgalikdagi ulushini tashkil etadi.

    Jahon bankining uch yil oldingi maʼlumotiga koʻra, Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 91, Zambiyada 70, Kanadada 65, Janubiy Afrikada 59, Hindistonda 40, Indoneziya va Yaponiyada 37, Xitoyda 36, AQSHda 26 foizi tashqi savdo bilan bogʻliq boʻlgan. Xalqaro savdo iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qambagʻallikni kamaytirishda misli koʻrilmagan imkoniyatlarni taklif qiladi. Biroq ushbu salohiyat roʻyobini taʼminlash global savdoni xalqaro darajada boshqarish va tartibga solishni taqozo etadi. Agar bunday boshqaruv va majburiy tamoyillar boʻlmasa, xalqaro globallashuv va savdo hozirgi vaziyatni yaxshilash oʻrniga iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy adolatsizlik, atrof-muhit tanazzuli va madaniy birxillikni kuchaytirishi mumkin.

    Oʻzbekiston kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 barobar oshirishni reja qilgan. Bunga erishishning yagona yoʻli Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish ekan, bu, oʻz navbatida, tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarini yanada erkinlashtirish, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga qoʻshilishni jadallashtirishni kun tartibiga qoʻymoqda.

    — JSTga aʼzo boʻlish — uzoq va murakkab jarayon. Bu borada islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Qonunchilik normalarimiz va texnik standartlarimizni muvofiqlashtiryapmiz. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun JSTga aʼzo boʻlishimiz katta imkoniyatlar yaratadi. Bozorga kirish raqobat degani, bu daʼvatni qabul qilishga tayyormiz, — dedi YETTBning Samarqanddagi forumida Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev. — Bozorimizda koʻplab davlat korxonalari bor, ularni xususiylashtiryapmiz. Maqsad — raqobatbardoshlikni oshirish. Davlat korxonalari ham bozorga chiqish imkoniyatiga ega boʻladi, ular raqobatga kirishishi va raqobatbardosh boʻlishi kerak.

    Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nodir Jumayevning fikricha, JSTga aʼzolik Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyotiga kuchli turtki beradi. Avvalo, yangi sarmoyalar asosida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatini oshirib, dunyo bozoridagi kuchli raqobatga koʻnikadi. Oʻz navbatida, isteʼmolchilarning arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniyati yuzaga keladi. Mamlakat jahon miqyosidagi savdo siyosati boʻyicha muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi, yaʼni tashkilot yigʻilishida qatnashadigan har bir davlat oʻz ovoziga ega boʻladi. Bojxona maʼmuriyatchiligi va qonunchilik boʻyicha institutsional islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya darajasini kamaytirishga koʻmak beradi, dunyo miqyosidagi ilmiy-texnik rivojlanish jarayoniga integratsiyalashuvni tezlashtiradi. Eng muhimi, JSTga aʼzo davlatlar bilan mahsulot ayirboshlashda katta yutuqlarga erishadi. Bunda aʼzo davlatlarga soliq, bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Masalan, hozirgi kunda ushbu tashkilotning har bir aʼzosi Oʻzbekiston tovarlariga istalgan hajmda tariflar kiritishi mumkin, biroq mamlakatimiz tashkilotga aʼzo boʻlgach, ularning bunday choralar koʻrishiga chek qoʻyiladi. Yaʼni Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlishi bilan unda tashkilot aʼzolariga bojxona toʻlovlarini kamroq toʻlash yoki umuman toʻlamaslik imkoniyati paydo boʻladi.

    Agar hozirgi paytda Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatidan oʻrin olgan tovarlar roʻyxatida 11 ming 295 nomdagi mahsulot mavjud boʻlsa, ularning har biri boʻyicha alohida muzokaralar olib boriladi. Maqsad — taʼsirchan tovarni aniqlash. Yaʼni shunday tovarlar borki, ularning boj stavkalari muayyan davlat iqtisodiyotiga hech qanday salbiy taʼsir qilmaydi. Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun subsidiya taqiqlanmagan, ammo aʼzolikka qabul qilish jarayonida kelishilgan miqdordan oshmasligi lozim.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan oʻziga xos marketing tahlillar oʻtkazilib, asosiy makroiqtisodiy muvozanatga koʻrsatadigan taʼsirlarga baho berilgan.

    Tadqiqotda, eng avalo, tariflar va ichki narx pasayishi tufayli eksport jozibadorligi oshishi hisobiga eksport hajmi 0,06 foiz ortishi va ichki tovarlar taklifi 0,03 foiz kamayishi mumkinligi qayd etiladi. Ayni paytda ichki bozorda narx pasayishi natijasida isteʼmol hajmi 0,11 foiz ortadi. Davlat byudjeti daromadlari qisqarishi hisobiga jami jamgʻarmalar 0,35 foiz kamayadi. Jamgʻarmalar hajmi kamayishi investitsiyalar darajasi 0,16 foiz tushishiga olib kelish ehtimoli bor.

    Birinchi bosqichda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi va buning natijasida tariflar pasaytirilishi mahalliy mahsulotlarga talabning muayyan darajada pasayishiga olib keladi. Bu esa, oʻz navbatida, mahalliy kompaniyalar faoliyati samaradorligini oshirish zaruratini keltirib chiqaradi. Aks holda, xorijiy kompaniyalar bilan narx raqobatiga dosh bera olmaydigan samarasiz korxonalar bozordan chiqib ketishiga toʻgʻri keladi.

    Yangi sharoitga muammosiz oʻtishni taʼminlash va Oʻzbekistonda milliy korxonalarni tashqi raqobat sharoitiga bosqichma-bosqich tayyorlash uchun yangi muhitni yaratish tavsiya etiladi.

    Bu masalani hal ish boʻyicha Jamshid Xoʻjayev bildirgan fikrlarga eʼtibor qaratamiz: “Sanoatda davlat subsidiyasi bilan ishlaydigan kompaniyalar, ayniqsa, elektronika va qishloq xoʻjaligiga aloqador tarmoqlarda, erkin bozor sharoitlarida ishlay olish uchun hozirgi strategiyasini qayta koʻrib chiqishi lozim. Tashkilotga qoʻshilish uchun koʻplab muhokama jarayonlarida ishtirok etyapmiz. Biz uchun muhim omil – sanoatimizga ziyon yetkazmasdan murosaga kelish. Trend dinamik boʻladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Delegatsiya rahbari sifatida muzokaralarni tezroq va qisqa muddatda yakunlashni xohlardim”.

    Haqiqatan, erkin bozor sharoitida faoliyat yuritish ishlab chiqaruvchilarimiz uchun dastlabki bosqichda oson boʻlmaydi. Lekin xorijiy kompaniyalarning yurtimiz bozoriga kirishi bilan tariflarning bosqichma-bosqich pasaytirilishi mahalliy korxonalar uchun ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish, texnologik va kadrlar bazasini takomillashtirish orqali sifatni oshirish, narx siyosatini qayta koʻrib chiqish hamda isteʼmolchilarning didi va ehtiyojini tizimli ravishda oʻrganib, shu asosda maqsadli mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishiga katta turtki beradi.

    Zamonaviy marketing tadqiqotlari ham buni tasdiqlab turibdi. Binobarin, hozirgi kunga kelib koʻplab kompaniyalar ommaviy va tovarlarga qaratilgan marketingdan voz kechmoqda. Ular oʻrniga maqsadli marketingni afzal koʻrmoqda. Maqsadli marketing sotuvchilarga qulay bozor imkoniyatlarini, ishlab chiqaruvchilarga esa bozorning har bir maqsadli segmenti uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni topishga yordam beradi. Kompaniyalar oʻz tovarlarini, ularning narxlarini, taqsimlash vositalarini va reklamani har bir maqsadli bozorga munosib moslashtirib olishi mumkin boʻladi. “Avtomat” usulidagi umumiy oʻrganishlardan koʻra, jahonning qaysi nuqtasida boʻlishidan qatʼi nazar, aynan shu tovarni xohlovchi xaridorlarga eʼtibor qaratiladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi