Konferensiya ishida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maqsudov, shuningdek, tarixchi, arxeolog, sharqshunos, muzeyshunos olimlar, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjumanda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi muzey konsepsiyasini takomillashtirish, uning oldiga qoʻyilgan vazifalarni izchil va sifatli bajarish mavzularini muhokama qilindi. Mazkur koʻp profilli ilmiy-maʼrifiy muassasaning serqirra faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.
Davlatimiz rahbari markazga tashriflaridan birida “Islom sivilizatsiyasi markazi millat mulkiga aylanadi”, deb taʼkidlagan edi. Bu soʻzlar zamirida mazkur muassasa koʻp ming yillik boy tariximiz, har qanday millat havas qilsa arzirli madaniyatimiz, dunyo ilm-fani rivojiga hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz va, eng muhimi, bunyodkor va bagʻrikeng xalqimizning siyrati va surati, yaʼni ichki dunyosi va tashqi qiyofasini jamuljam etgan koʻzgu boʻlib qolishi haqidagi ezgu niyat va siyosiy iroda yotadi.
Markaz Markaziy Osiyoda betakror, ham ilmiy-madaniy, ham maʼnaviy-maʼrifiy muassasa shaklida bunyod etilmoqda. Binobarin, u keng qamrovli faoliyat bilan shugʻullanadi. Unda qadim tariximiz va madaniyatimiz sarchashmalari boʻlgan asl manbalar oʻrganiladi, alloma ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ilmiy va maʼnaviy meros tadqiq etiladi. Xoʻsh, mazkur muassasada shakllantirilayotgan Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi qaysi mezon va manbalar asosida faoliyat olib boradi?
Tuproqqa koʻmilgan qoʻlyozmalar “tilga kirishi” kutilmoqda
Sivilizatsiya markazi qurilishi bilan deyarli bir vaqtda uning ilmiy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati mazmun-mohiyatini aniqlashtirish ishlari ham boshlab yuborilgan. Bunday faoliyatga jalb etilgan mutaxassislar, turli ilmiy yoʻnalish vakillari Prezidentimizning konseptual qarashlarini hayotga tatbiq etish bilan shugʻullanmoqda.
– Barpo etilayotgan markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishi ham mahalliy, ham xorijiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotda boʻlishni taqozo qiladi, – deydi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov. – Bunday muloqotning aniq ijro mexanizmlari mavjud boʻlib, Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi ularning eng muhimi, deyilsa xato boʻlmaydi. Boy madaniy-maʼnaviy tariximiz va uning serqirraligi haqida koʻp gapiramiz. Lekin bunday qirralarning barchasini oʻzida qamrab olgan mukammal ilmiy-maʼnaviy tuzilma mamlakatimizda hali yoʻq edi. Shu maʼnoda, shakllanayotgan Islom sivilizatsiyasi muzeyi tarixiy haqiqatni ham mumtoz ilmiy uslublar, ham zamonaviy texnologiyalar orqali jonlantirib beradigan koʻp qirrali muassasaga aylanmoqda.
Oʻzbekiston musulmon ilm-fani va madaniyati dunyodagi eng boy xazinalardan biridir. Mutaxassislar fikriga koʻra, mamlakatimizda saqlanayotgan turli ilmiy yoʻnalishlarga oid nodir qoʻlyozmalar soni 100 mingdan oshadi. Shu dalilning oʻziyoq mazkur fikrni tasdiqlab turibdi. Boz ustiga bu raqam asosan davlat va ayrim nodavlat hamda jamoat tashkilotlari tasarrufidagi manbalarnigina nazarda tutadi. Bundan tashqari, sobiq sovetlar siyosatidan choʻchigan xalq tomonidan koʻmilib, yashirib kelingan minglab qimmatli yozma manbalar mavjud. Ularning eng nodirlarini “tilga kiritish”, muzey ekspozsiyalarida namoyish etish ham muhim vazifalar qatoriga kiritilgani eʼtiborga molik.
Interaktiv installyatsiyalar, mashgʻulotli oʻyinlar...
Turli yoʻnalishlar boʻyicha shakllantirilgan ekspozitsiya zallarida ziyoratchilar islom olamining bebaho merosiga oid turli noyob eksponatlarni, maʼrifiy media mahsulotlarni tomosha qilishi, interaktiv installyatsiyalar va mashgʻulotli oʻyinlar orqali mavzu bilan yaqindan tanishishi, oʻrganishi mumkin.
— Muzey Fransiyaning “Wilmotte & Associes” va “Avesta Group” kompaniyalari bilan hamkorlikda rejalashtirilgan boʻlib, mazmuni va konsepsiyasiga koʻra, betakror hisoblanadi, — deydi Markazning xalqaro aloqalar va protokol boʻlimi boshligʻi Saidkomil Xolxoʻjayev. — Ekspozitsiyani shakllantirishda muzeyshunoslikdagi eng zamonaviy texnologiyalar hamda usullardan foydalaniladi.
Shuningdek, ushbu maskanning mamlakatimizga turli davlatlardan kelgan sayohatchilar uchun ham muhim turistik obyekt boʻlishini inobatga olgan holda maʼlumotlarning keng qamrovli, turli yosh vakillari uchun tushunarli hamda xalqchil usulda tayyorlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Islom sanʼati” qanday tamoyillarni rad etib kelgan?
Dunyoda islom tarixi, uning sanʼati va madaniyatini aks ettiruvchi muassasalar sifatida Vikipediya roʻyxatiga kiritilgan yuzga yaqin muzey mavjud. Ularning yigirmadan ortigʻi islom sanʼati muzeylari deb yuritiladi. Chunki ularda eksponatlarning aksariyati islom dunyosi amaliy sanʼat asarlari, minniatyuralar va meʼmoriy bezak namunalari bilan boyitilgan. Islom sanʼati muzeylari Avstraliya, Afgʻoniston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Misr, Jazoir, Eron, Iordaniya, Indoneziya, Liviya, Malayziya, Qatar, AQSH, Tunis, Turkiya, Fransiya, Filippin va boshqa mamlakatlarda ham mavjud.
— Islom sanʼati badiiy ifodaning eng muhim vositasi sifatida bezakni tanlab, majoziy, figurativ sanʼat tamoyilini rad etgan, — deydi sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov. — Bu XIX asrda Yevropa olimlari tomonidan islom estetikasi salbiy, sanʼatga aloqasi yoʻq din falsafasining oʻziga xos koʻrinishi sifatida baholangan. Shuning uchun uzoq vaqt davomida Gʻarb tadqiqotchilarining fikricha, musulmon badiiy madaniyati jahon sivilizatsiyasining priferik (chekka, ajralgan) zonasini tashkil etgan. Keyinchalik gʻarblik olim O.Grabar birinchilardan boʻlib, “Islom sanʼati” atamasining nazariy masalasini koʻtarib chiqqan. Uning ilmiy ishlari tufayli “Islom sanʼati” tushunchasi jahon madaniyatining oʻziga xos mustaqil fenomeni sifatini kasb etdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining zallaridan biri maxsus sanʼat va hunarmandchilikka bagʻishlangan boʻlib, ushbu boʻlimga tasviriy va amaliy sanʼat bilan bir qatorda kino, musiqa, teatr va boshqalar ham kiradi. Bu esa muzeyning alohida xususiyatlaridan biri.
Mutaxassislar mazkur muzey uchun ashyo va eksponatlar roʻyxatini tuzishda milliy sanʼatimizning noyob durdonalarini sivilizatsiyaning barcha bosqichlarida aniqlab, ushbu eksponatlarga alohida eʼtibor qaratishmoqda. Ularni “Sanʼat va hunarmandchilik” koʻrgazma zali uchun tayyorlangan sanʼat va hunarmandchilik asarlarining umumiy roʻyxatidan ajratib, tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatini asoslab berishga harakat qilishmoqda.
Noyob muhrlar ekspozitsiyasini tashkil etish zarur
Muhr – davlatchilik timsoli boʻlib, uning yordamida hujjat muallifi aniqlanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, arab yozuvidagi muhrlar buning aksi – muhr shunday tarixiy manbalardan biriki, tarixchilar uni hali toʻliq baholay olmagan, bu hali “ochilmagan qoʻriq”dir. Oʻzbekiston hududida saqlanayotgan nafaqat yuz minglab tarixiy hujjatlarda, balki qoʻlyozmalarda ham muhr izlari mavjud.
— Bugungi kunda arab yozuvidagi musulmon sfratgistikasi (muhrshunosligi) alohida soha sifatida shakllanmoqda va soʻnggi yillarda bu borada qator tadqiqotlar yozildi, — deydi tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov. — Jumladan, sohaga oid amalga oshirilgan tadqiqotlar sharqshunos olim A.Ivanov tomonidan oʻrganilib, uning istiqboliga oid mulohazalar bildirildi. Musulmon sfragistikasiga oid tadqiqotlar orasida kataloglar ham muhim oʻrin tutadi. Jumladan, Chester Bitti (Dublin) kutubxonasining maxsus saytida musulmon muhrshunosligiga oid maʼlumotlar bazasi yaratilgan. 2011-yili Turin universitetida nashr etilgan Kale qoʻlyozmalar xazinasi katalogida muhrlar tavsifi uchun maxsus bob ajratilgan. Bu katalog ayni damgacha yaratilgan kataloglar orasida peshqadami hisoblanadi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Imom Buxoriy xalqaro markazi manbalar xazinasi qoʻlyozmalar katalogi”da ana shunday muhrlarga eʼtibor qaratilgani alohida ahamiyatga molik.
Darhaqiqat, Shovosil Ziyodov taʼkidlaganidek, muhrlar biror-bir davrdagi tarixiy voqelikni kompleks oʻrganishda qimmatli manba hisoblanadi. Oʻzbekiston muhrshunosligi boʻyicha bajarilgan fundamental tadqiqotlardan biri Gʻ.Qurbonovning “Markaziy Osiyo sfragistikasiga oid maʼlumotlar: XIX asr oxiri XX asr boshlariga oid Buxoro muhrlari misolida” kitobidir. Olim tomonidan avvalroq “XVIII asr boshi – XX asrlarga oid Buxoro muhrlari” nomli katalog ham chop etilgan boʻlib, u Oʻzbekiston tarixida sfragistika boʻyicha nashr etilgan birinchi katalogdir.
Qoʻlyozmalardagi muhrlarni oʻrganish asosida tadqiqotlarda muayyan ilmiy natijalarga erishiladi. Masalan, Muhammad Porso kutubxonasini tadqiq etish natijasida naqshbandiya tariqatining davomchilari – nazariyotchi shayxlar haqida muhim maʼlumotga ega boʻlindi. Shuningdek, Dukchi Eshon xonaqohida faoliyat olib borgan vaqf kutubxonasini muhrlar yordamida oʻrganish ham muhim maʼlumotlar berdi: kutubxonada mavjud boʻlgan asarlar Dukchi Eshon dunyoqarashi va maʼnaviy merosini oʻrganishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya davomida tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov shunday taklif bilan chiqdi:
— Oʻzbekiston tarixi va milliy qadriyatlarini oʻrganish ehtiyojidan kelib chiqib, ajdodlardan meros qolgan turli qoʻlyozma, tarixiy hujjatlar va toshbosmalarni tadqiq etish ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida jamoat fondi tashkil etilsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Shuningdek, markazda barpo etilayotgan muzeyda hukmdorlar va noyob muhrlar ekspozitsiyasi namoyish etilsa, tariximizning “ochilmagan qoʻriqlari”ga yoʻl ochib beradi deb oʻylayman.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining qadimiy yozma manbalarining Milliy reyestrini tuzishda muhrlar tavsifiga ham alohida eʼtibor qaratilishi zarur deb bilamiz. Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tariximizga oid muhrlar elektron bazasi platformasini yaratish va undan muzeyda foydalanishni ham taklif qilaman.
Miniatyura rivoji eksponatlarda qanday aks etadi?
Tasviriy sanʼatning moʻjaz turi — miniatyura sanʼati oʻzining betakrorligi bilan dunyoga mashhur boʻlib, dastlabki koʻrinishlaridan to bugungi kungacha kishilar maʼnaviy olamini boyitishga, badiiy estetik didining shakllanishiga, ruhiyatining tarbiyalanishiga hissa qoʻshib kelmoqda. Mumtoz miniatyura sanʼati X–XIX asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharqdagi turli madaniy markazlarda goh rivojlanib, goh susayib borgan. Jumladan, miniatyura taraqqiyoti tarixida bu sanʼatning XIII–XIV asrlarda Bagʻdodda, XIV–XVI asrlarda Tabrizda va Markaziy Osiyoda, XV asrda Hirotda, XVI–XVII asrlarda Hindistonda rivoj topgani, koʻplab qoʻlyozma asarlarga goʻzal miniatyuralar chizilgani maʼlum. Afsuski, bu qoʻlyozmalarning baʼzilari vaqt oʻtishi bilan izsiz yoʻqolib ketgan. Shu sababli xalqimizning madaniy merosi boʻlmish bunday obidalarni qidirib topish, oʻrganish, nashr etish, muzey ekspozitsiyalarida ommaga namoyish etish Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va tasviriy sanʼatining nomaʼlum sahifalarini ochishga imkon yaratadi.
– Islom sivilizatsiya markazida Markaziy Osiyoda miniatyura sanʼati rivojini muzey eksponatlarida namoyish etishga oid taklif va tavsiyalarimiz bor, – deydi tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov. – Yaqin va Oʻrta Sharq, Markaziy Osiyo miniatyura sanʼati rivojlanishi uchun asos boʻlgan XIV asrdagi “Rangtasvir ustalari risolasi”, Sulton Ali Mashhadiyning “Xattotlik haqida risola”, Doʻst Muhammad Hiraviyning “Holoti hunarvaron”, Qozi Ahmad Qumiyning “Gulistoni hunar”, Sodiqbek Ashfarning “Qonun as–sovar” va boshqa manbalar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi stendlar yaratish zarur deb oʻylaymiz. Shuningdek, Yaqin va Oʻrta Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo miniatyura sanʼati rivojlanishi toʻgʻrisida shu kungacha yurtimizda va xorijda nashr etilgan adabiyotlarni imkon darajasida asli yoki elektron variantlarini topib, ular toʻgʻrisida elektron maʼlumotnoma hamda eng muhimlari asliyatini namoyish etish mumkin.
Muhokamalar chogʻida tarixchilar Markaziy Osiyoda miniatyura sanʼati va uning noyob namunalari haqida hikoya qiluvchi qanday buklet, risola, faksimile, monografiya, albom va kitoblar yaratish borasida kelishib olishdi.
Jadidlarni tashvishga solgan yana bir johillik nimada edi?
Turkiston milliy taraqqiyparvarlari diniy bagʻrikenglikning haqiqiy ifodachilari boʻlishgan. Ular oʻzlarining diniy taʼlimi, dunyoqarashi va intilishlari bilan bunga tamomila haqli edi. Jadidlarning atoqli namoyandalari nafaqat madrasalarni tugatgan, shu bilan birga, diniy mansabga ham ega boʻlishgan. Masalan, Mahmudxoʻja Behbudiy ota-bobolari kabi muftiy boʻlgan va oʻz davrida Samarqand viloyatida shu mansabni egallab turgan. Munavvarqori ham madrasa tahlilidan soʻng Toshkentdagi Darxon masjidida imom, Isʼhoqxon Ibrat esa Toʻraqoʻrgʻonda qozi boʻlib ishlagan.
— Jadidlarning Yevropa va Sharq mamlakatlariga sayohat qilish, shuningdek, rivojlangan musulmon davlatlarining sanoat va madaniy yutuqlari bilan, ziyoli insonlar va turli ijtimoiy harakatlar namoyandalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganliklari tufayli Turkistondagi hayot taraqqiyotdan naqadar ortda qolganini yaxshi anglagan, — deydi tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova. — Jadidlar Oʻrta Osiyoning musulmoncha madaniy anʼanalarini yangilash tarafdori boʻlgan. Ular oʻz islohotlarini islom taʼlimotini anglashdan boshlagan edi.
Abdurauf Fitrat Forobiy, Ibn Sino, Beruniy anʼanalariga ergashgan holda oʻzining “Najot yoʻli” asarida barcha dunyoviy fanlarni islom bilan uygʻunlashtirishga harakat qiladi. Bu kitobda Fitrat diniy toqatsizlikka qarshi shunday fikr bildiradi: “Hech qanday shubha yoʻqki, garchi odamlar turli dinlarga eʼtiqod qilsalar-da va turli mamlakatlarda yashasalar-da, ularning bari bir otaning bolalaridirlar, odamning bitta urugʻiga mansubdirlar. Shunday ekan ularning bari shafqatli boʻlishlari, bir-birlarini sevishlari kerak”. Musulmon renessansi davrida Yevropa Oʻrta Osiyoning ziroatchilik, hunarmandchilik, sanʼat, ilm-fandagi yutuqlarini oʻzlashtirib olgani haqidagi fikr uning “Munozara” asarida ham koʻzga tashlanadi. Endi ulardan oʻzlashtirish vaqti kelganini anglab, Abdurauf Fitrat shunday yozadi: “Bizning baxtimizga qarshi boy berilgan madaniyatimiz, tamaddunimizni ortga qaytarish uchun bittagina harakatni amalga oshirsak, bizning ulamolarimiz oʻsha zahoti: “Sen kofir boʻlding”, deyishadi va bizga xalaqit bera boshlashadi”.
Jadidlarni, ayniqsa, bu johillik tibbiyot sohasida paydo boʻlgani tashvishga solgan. Koʻplab musulmonlar ruhoniylardan qoʻrqib rus shifokorlarga murojaat qila olmagan.
Oʻz milliy tarixi, madaniyatiga, dunyoda eng katta boylik boʻlgan intellektual va maʼnaviy salohiyatga chuqur hurmat bilan yondashish, uni asrab-avaylash va boyitish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash har bir davlat va jamiyatning taraqqiyotida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Ushbu muzey yurtimiz oʻtmishi, xalqimiz madaniyati va turmush tarzi, ilm-fani va sanʼati rivojiga daxldor qimmatli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan, ularni oʻrganishga qaratilgan fundamental tadqiqotlarni amalga oshiradigan yirik ilmiy-madaniy oʻchoqlardan biriga aylanishiga ishonamiz.
Zero, konferensiyada ishtirok etgan olim va tadqiqotchilar Milliy tariximizning yangi siymosi, yaʼni Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi jadid bobolarimiz taʼriflagan “burungʻi tarix” chizgilaridan butunlay farqlanishi, asrlar qaʼrida chang bosib yotgan koʻplab haqiqatlarni oʻzida aks ettirishi muhimdir.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri