Milliy tarixni milliy ruh bilan yozish kerak

    Xorazmliklar qiyofasida Dashti Qipchoq, Volga boʻyi xalqlari hayotiga Islomning insonparvar tamoyillarini olib kirishdi. Sharqiy Yevropa hududlarida savdo-sotiq qilib, katta hurmat qozondilar.

    Ajdodlarimizning buyuk qahramonliklarini bilmoqchi boʻlsangiz, Jaloliddin Manguberdini, ulkan qudratini anglamoqchi boʻlsangiz, Amir Temurni esga oling. Ajdodlari Anushteginiylar avlodi hisoblangan Sayfiddin Qutuz Misr sultoni boʻlgach, turkiylar va arablarni birlashtirib, salibchi ritsarlar va moʻgʻullarga qarshi kurashlari natijasi oʻlaroq, buyuk tarix yarata oldi.

    Shonli oʻtmishimizda kishiga iftixor bagʻishlaydigan bu kabi misollar juda koʻp. Oqsoch tarix sahifalarida qahramon xalqimizning buyuk oʻtmishi, ajdodlarimiz taqdirida belgilangan bu inoyat bois Yevroosiyo kengliklarida xalqimizga madaniyat tarqatuvchi, davlat quruvchilik missiyasi yuklatilgan goʻyo. Biroq shunday davrlar boʻldiki, turli mafkuralar taʼsirida ajdodlarimizning bu shonli tarixining ayrim sahifalaridan xalqimiz bebahraligicha qolmoqda edi. Ajdodlarimizning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etilib, bu borada yuzlab tadqiqotlar yuzaga kelayotgan bir paytda oʻz tariximiz sahifalaridan bexabarlik bizni chuqur oʻyga toldirar edi.

    Bugun, yangi Oʻzbekistonda uchinchi Renessans poydevorini qurishdek buyuk maqsad yoʻlida harakat qilar ekanmiz, bu tariximizni chuqurroq, yot mafkuralardan holi oʻrganish zaruriyatini shart qilib qoʻydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak”, – degan soʻzlari oʻy-xayollarimizni yuksak gʻoyaga aylantirganligi bois chuqur izlanishlar samarasi oʻlaroq ushbu Xorazmiylar izini izlab nomli asarimiz tayyor boʻldi.

    Ushbu kitobda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga tarqalgan oʻzbeklarning 5 asrlik tarixi bayon qilinadi. Ajdodlarimizning Buyuk Ipak yoʻli boʻylab Xazariya va Bulgʻorda, undan oʻtib Vengriya hududlarida savdo-sotiq ishlarini olib borishlari, Vengriya ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, siyosatida alohida ahamiyatga ega boʻlganligi, bu esa Markaziy Osiyoda Birinchi Renessans davrida taraqqiy etgan ilm-fan natijasi sifatida koʻrishimiz mumkin.

    Kitobda Markaziy Osiyoning qudratli davlatlaridan boʻlgan Saljuqiylar, Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi va taraqqiyoti hamda tanazzulga uchrashi sabablari koʻrsatib beriladi. Bu davlatlarning taraqqiy etishiga sabab sifatida ajdodlarimizning birlashib dushmanlarga qarshi kurashishi natijasida yirik davlat qurganligi, birlashmagan vaqtida esa tashqi dushman oldida ojiz qolganligi haqida fikr yuritiladi.

    Shafqatsizligi bilan dunyoni titratgan Chingizxonga va uning avlodlariga qarshi munosib kurashgan yengilmas sarkarda Jaloliddin Manguberdi va uning jiyani, islom qahramoni – Sayfiddin Qutuzning qahramonligi, jasorati va metin irodasi yot mafkuralardan xoli ravishda yoritildi.

    Bugunga qadar chop etilgan Jaloliddin Manguberdi tarixi toʻgʻrisidagi kitoblarni oʻqir ekanmiz, sheryurak bahodirning bevaqt oʻlimi bilan qahramonlik hikoyasi tugab qolar edi. Bu kitob orqali esa Chingizxon tomonidan yoqilgan urush olovini Jaloliddin Manguberdi oʻchirishga harakat qilgani va uning ishini anushteginiylardan boʻlgan Sayfiddin Qutuz oxiriga yetkazgani haqida soʻzlanadi. Taqdir taqozosi bilan xorazmliklarning Yaqin Sharqqacha chekinib borib, Sharqda moʻgʻullarga, Gʻarbda salibchilarga qarshi kurashib, oxir-oqibatda ular ustidan gʻalaba qozongani bizga iftihor bagʻishlaydi.

    Oʻrta asrlar arab tarixchisi Ibn Asir moʻgʻullar bosqini jarayonida ularga qarshi tinimsiz kurash olib borgan ajdodlarimizni oʻz koʻzi bilan koʻrgan va oʻzining “Mukammal tarix” asarida “Aslini olganda Jaloliddin askarlarining har biri, aytilgani kabi, bir qahramonlik dostoniga sohib odamlar edi”, degan fikrni bildiradi.

    Shu nuqtayi nazardan ushbu kitobda juda koʻplab sarkardalarimiz haqida soʻz yuritiladi. Mana shu jangu jadallar davrida Turkiya hududida qolib ketgan harbiy qismlar va ularning bugungi kundagi avlodlari haqidagi maʼlumotlar, Xorazm nomi bilan bogʻliq qishloqlar, ularning roʻyxatlari tuzildi.

    Bugungi kunda Eron va Pokistonda Jaloliddin Manguberdi bilan bogʻliq bir nechta qalʼa va qoʻrgʻonlar, masjidlarning borligini ham ushbu kitobdan bilib olish mumkin.

    Muhtaram Prezidentimizning oʻtgan yili Xorazmga tashrifi chogʻida 2021-yil Xorazmda Uygʻonish yili boʻlishi haqidagi daʼvatlari bizning masʼuliyatimizni yanayam oshiradi. Shu nuqtayi nazardan ushbu tadqiqot ishimiz uygʻonishimizning dastlabki namunasi boʻlib xizmat qiladi deb oʻylayman.

    Chuqur ilmiy tahlillari natijasida dunyoga kelgan ushbu asar kelgusi avlodlarga munosib armugʻon boʻlishiga ishonamiz.

    Bekzod Abduraimov,

    Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlim rahbari,

    Jaloliddin Manguberdi fondi raisi