Buning uchun mahsulot sifatini oshirib borishning ilg'or usullarini izlaydi, xalqaro talab va mezonlarni o'rganadi hamda ularni o'z ishlab chiqarishiga joriy etish choralarini ko'rib boradi.
Har qanday sohada bo'lgani kabi statistikada ham sifatni ta'minlash belgilangan ma'lum mezon va qoidalarga rioya etishni, barcha bosqich va jarayonlarni aniq rejalashtirish va tizimli amalga oshirishni, zarur moliyaviy, texnologik va boshqa resurslarni jalb etishni, mavjud tizim va vositalarni muntazam yangilab, takomillashtirib borishni taqozo etadi. Tizim faoliyatini tashkil etishning samaradorligi esa sohaga xalqaro darajada tavsiya etilgan ilg'or modellar va tizimlarni keng joriy etilishi bilan chambarchas bog'liq.
Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda O'zbekistonda statistika sohasini yangi bosqichga ko'tarish va tubdan isloh qilish, mazkur milliy tizimga zamonaviy va ilg'or texnologiyalarni keng joriy qilish orqali rasmiy statistikaning sifati va unga bo'lgan ishonchni yanada oshirish borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan sifatni boshqarishning xalqaro darajada e'tirof etilgan ilg'or tizimlarini bosqichma-bosqich tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilyapti.
So'nggi ikki yilda BMT Evropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan statistika idoralari faoliyatiga qo'llanilishi tavsiya etilgan Statistik ma'lumotlarning (GSIM), Statistik ma'lumotlarni ishlab chiqish jarayonlarining (GSBPM) hamda Statistika idoralari faoliyatini boshqarishning (GAMSO) namunaviy modellari talablarini joriy etish borasida zarur tadbirlar amalga oshirildi.
SHu o'rinda ushbu ilg'or modellar va ularning mohiyati haqida qisqacha to'xtalib o'tsak:
GSIM modeli – foydalanuvchilarga tarqatiladigan statistika ma'lumotlarini shakllantirish qoida va talablarini belgilab beradi.
GSBPM modeli – statistika ma'lumotlarini ishlab chiqarish bosqichlari va jarayonlarini tartibga soladi.
GAMSO modeli – statistika idorasi tomonidan amalga oshiriladigan umumiy faoliyatni belgilab beradi va tizimlashtiradi.
Ushbu xalqaro modellarni milliy statistika tizimiga joriy etishni ta'minlash maqsadida Statistika agentligi tomonidan GSBPM va GAMSO modellari asosida milliy tizimlar ishlab chiqildi, ularni amaliyotga joriy etish bo'yicha uslubiy hujjatlar yaratildi.
Hozirgi kunda mavjud resurslar va ichki imkoniyatlardan samarali foydalanilgan holda, ushbu modellarni yurtimizda bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha zarur tashkiliy choralar ko'rilmoqda.
XALQARO MODELLAR QANDAY MANFAAT KELTIRADI?
Har bir davlat o'z milliy statistikasini tashkil etishda unga bo'lgan talablar, amal qilinishi lozim bo'lgan printsiplar, tartib-taomyillar
va boshqa jihatlarni milliy qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga soladi hamda amalga oshiradi.
Rasmiy statistika sohasida xalqaro darajada qabul qilingan me'yorlar, talab va tavsiyalar esa mamlakatda statistika faoliyatini tashkil etish ishlarini tartibga solish, tizimlashtirish, maqbullashtirish va albatta, rasmiy statistika sifatini baholash imkonini beradi.
Sifatni boshqarish bo'yicha xalqaro talab va tavsiyalarga muvofiq, har qanday mamlakat statistika idorasining samarali faoliyat ko'rsatayotgani, ishlab chiqarish jarayonlarining belgilangan talablarga javob berishi hamda tayyorlanayotgan ma'lumotlarning sifatliligini ta'minlash ishlari baholab borilishi lozim. CHunonchi, sifatni boshqarish va baholash tizimi milliy statistika faoliyatining ajralmas qismi bo'lib, o'z navbatida, bu sohada sifat siyosati va uni baholash dasturini amalga oshirishni talab etadi.
Mazkur talablarni bajarish, xususan, sifatni boshqarish tizimining samarali ishlashini ta'minlash maqsadida bu borada milliy tayanch printsiplarini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun
BMT Statistika komissiyasi tomonidan 2019 yilda qabul qilingan “Rasmiy statistikada sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplari (NQAF) bo'yicha qo'llanma” asosiy manba hisoblanadi.
Hozirgi kunda dunyodagi 60 dan ortiq davlat tomonidan amaliyotga joriy etilgan BMTning Sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplari rasmiy statistika sifati va unga nisbatan ishonchni ta'minlashga yordam beruvchi boshqarishning izchil va uyg'un tizimini taklif etadi.
Ushbu qo'llanma ma'lumotlar manbalari, ularni etkazib beruvchilar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari ko'rsatkichlari bo'yicha ko'rsatkichlar sifatini ta'minlash yuzasidan mezon va tavsiyalarni o'z ichiga qamrab olgan bo'lib, sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplarini joriy etishda mamlakatlarga amaliy yordam beruvchi muhim vosita hisoblanadi. Holbuki, NQAF qo'llanmasi nafaqat statistika organlari, balki mamlakat milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan shakllantiriladigan va tarqatiladigan rasmiy statistika sifatini ta'minlashga ko'maklashadi.
NQAF talablari asosida faoliyat yuritishning qanday afzalliklari bor?
Birinchidan, NQAF modelini boricha qabul qilish, unga qo'shimcha qilish yoki uning asosida o'z printsiplarini ishlab chiqish mumkin.
Ikkinchidan, sohada tizimli monitoring yuritish, uzluksiz ravishda xatar va muammolarni aniqlash hamda o'z vaqtida tuzatish choralarini ko'rish imkonini beruvchi mexanizmlar mavjud.
Uchinchidan, milliy va xalqaro darajada sifat sohasida muammo
va imkoniyatlar bo'yicha muloqot qilish uchun umumiy tamoyillarga ega.
To'rtinchidan, milliy statistika tizimi doirasida sifatni ta'minlashni joriy etish va uni qo'llab-quvvatlash uchun asoslar yaratilgan.
SHuningdek, NQAFning joriy etilishi, milliy statistika tizimi ichida o'zaro hamkorlik aloqalarini va sifatni o'lchash tartib-taomillarining shaffofligini yaxshilaydi hamda milliy statistika tizimini muvofiqlashtiruvchi organ va boshqa rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ishonchni oshiradi.
Umuman olganda, NQAF tuzilmasi 4 ta daraja va har birida rioya etilishi zarur bo'lgan jami 19 ta printsip, ularning amalga oshirilishini ta'minlash uchun 87 ta talablar hamda mazkur qoidalarni bajarish uchun ko'riladigan choralarni tavsiflovchi jami 364 ta sifat elementlaridan iborat.
BMTning Sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplari (NQAF) tuzilmasi
NQAFning dastlabki A darajasi Statistika tizimini boshqarish hisoblanadi.
Ma'lumki, milliy statistika tizimi rasmiy statistikani ishlab chiqadigan va tarqatadigan hamda qoidaga ko'ra, milliy statistika organi tomonidan boshqariladigan statistika organlari va muvofiqlashtiriladigan rasmiy statistikani boshqa ishlab chiquvchilardan iborat.
SHunga ko'ra, Statistika tizimini boshqarish darajasi doirasida sohani muvofiqlashtirish va barcha muhim tomonlar bilan hamkorlikni boshqarish orqali sifatni ta'minlash va rasmiy statistikani samarali ishlab chiqarish uchun dastlabki poydevor vazifasini o'taydi.
Bu jihat milliy statistika tizimini muvofiqlashtirish, statistik standartlarni boshqarish kabi printsiplarga rioya etishni talab etadi. SHuning uchun milliy statistika tizimini muvofiqlashtirish printsipi, qonunchilik hujjatlari bilan milliy statistika tizimiga kiruvchi tashkilotlar va ularning majburiyatlari, muvofiqlashtiruvchi organ hamda uning vakolatlari belgilab qo'yilishini, rasmiy statistikani ishlab chiqish va rivojlantirish uchun milliy dasturlarning mavjud bo'lishini ko'zda tutadi.
Statistika tizimini boshqarishning yuqorida bayon etilgan printsiplarini ta'minlash uchun jami 14 ta talab va 67 ta sifat elementlariga amal qilinishi lozim.
NQAFning V darajasi institutsional muhitni boshqarish sanaladi. Bu yo'nalish statistikaning sifatini ta'minlash asoslaridan biridir. SHu munosabat bilan institutsional muhitni boshqarishda rioya etilishi zarur bo'lgan printsiplar sirasiga kasbiy mustaqillik, beg'arazlik va xolislik, shaffoflik, statistika axborotlari birlamchi manbalarining maxfiyligi, sifatni ta'minlash majburiyati hamda zarur resurslarning mavjudligini ta'minlash kiradi.
eng muhimi, kasbiy mustaqillik va nomaqbul ta'sirlardan xoli bo'lish rasmiy statistikaga bo'lgan ishonchni ta'minlaydi. Bundan tashqari, statistika organlarida etarli darajada inson, moliyaviy, texnologik va boshqa resurslar mavjud bo'lishi lozim. Ushbu resurslar statistika organlarining rasmiy statistikani ishlab chiqarish va tarqatish bilan bog'liq ehtiyojlarini qondirish uchun etarli bo'lishi kerak.
NQAF tuzilmasida sifatni ta'minlash bo'yicha katta ahamiyatga ega bo'lgan institutsional muhitni boshqarish darajasiga tegishli yuqorida ta'rifi keltirilgan oltita printsipni ta'minlash uchun jami 29 ta talab va 95 ta sifat elementlariga amal qilinishi lozim.
NQAF tuzilmasidagi keyingi daraja bu statistik jarayonlarni boshqarishdir.
Rasmiy statistikani ishlab chiqish va tarqatish uchun statistika organlari foydalanadigan jarayonlar doirasida xalqaro standartlar, qo'llanmalar va ilg'or amaliyotlarga to'liq rioya etilishi, bunda innovatsiyalar doimiy ravishda joriy etib borilishi lozim. CHunki, statistika organlari yaxshi boshqariladigan va samarali muassasa sifatida nom qozonganda statistikaga nisbatan ishonch yanada ortib boradi.
Xususan, statistika ma'lumotlarini ishlab chiqarishda statistika organlari xalqaro miqyosda tavsiya etilgan standartlar, qo'llanmalar
va ilg'or tajribalarga asoslangan holda qabul qilingan samarali metodologiyalardan foydalanishlari kerak. SHuningdek, statistika organlari mavjud resurslardan oqilona va samarali foydalanilishini nazorat qilib borishlari talab etiladi. Bunda, zarur hollarda, ular ko'zlangan maqsadlarga qay darajada erishilganini tushuntirib bera olishlari, ushbu natijalarga asossiz xarajatlarga yo'l qo'yilmasdan erishilganini va ular statistikaning maqsadlariga mos kelishini asoslab bera olishlari lozim.
Sifatning yaxshilanishi statistik tartib-taomillarning oqilona
va samarali ekaniga bevosita bog'liq. SHu bois, bunday munosib tartib-taomillar statistika ma'lumotlarini ishlab chiqarishning barcha bosqich va jarayonlarida ko'zda tutilgan bo'lishi kerak.
NQAFning so'nggi to'rtinchi darajasi — statistika mahsulotlarini boshqarish hisoblanadi.
Ma'lumki, tizim keng ommaning, shu jumladan, mamlakat hukumati, ilmiy-tadqiqot muassasalari, biznes, jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatning sifatli rasmiy statistika ma'lumotlariga bo'lgan ehtiyojlarini ta'minlaydi. SHunga ko'ra, statistika mahsulotlarining sifati shunday daraja bilan o'lchanadiki, unda statistika ma'lumotlari qo'llashga yaroqli, aniq va ishonchli, puxta va o'z vaqtida bajariladigan, foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli, geografik hududlar va davrlar bo'yicha o'zaro bog'liq hamda qiyosiy bo'lishi lozim. Bular statistika mahsulotlarini boshqarishda amal qilinishi lozim bo'lgan printsiplardir.
Statistika organlari ma'lumotlarini e'lon qilishdagi kechikishlarni minimal darajada kamaytirishlari kerak. CHunonchi, ma'lumotlarning o'z vaqtidaligi, ularning qanchalik tez (hisobot sanasidan keyin yoki hisobot davri tugaganidan so'ng) foydalanuvchilar e'tiboriga etkazilganini bildiradi. Ma'lumotlarning puxtaligi esa ularning va'da qilingan, avvaldan rejalashtirilgan yoki belgilangan sanada e'lon qilinganini anglatadi.
YAna bir amal qilinishi lozim bo'lgan printsip, bu ma'lumotlarning foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli bo'lishidir. SHu bilan birga, birlamchi statistika ma'lumotlarining maxfiyligini ta'minlagan holda, foydalanuvchilarga ulardan ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun foydalanish imkonini yaratish ham ko'zda tutilishi kerak.
Statistika mahsulotlarini boshqarish darajasida rioya etish lozim bo'lgan oltita printsipni ta'minlash uchun NQAF tavsiyalariga ko'ra 24 ta talab va 103 ta sifat elementlarini bajarish talab etiladi.
SIFATNI TA'MINLASHNING BOSHQA OMILLARI
BMTning Sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplari statistika sohasining barcha yo'nalishlarini o'z ichiga qamrab olgan bo'lib, unda keltirilgan talablar va sifat elementlarining ko'lami keng, ko'p bosqichli va murakkabdir. Bu esa ushbu talablarni bajarish uchun barcha darajalarda katta salohiyat, vaqt va zarur resurslar jalb etilishini talab etadi.
Ma'lumki, Statistika agentligining asosiy missiyasi — foydalanuvchilarning yuqori sifatli rasmiy statistika ma'lumotlariga bo'lgan ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish maqsadida sohada davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi. SHuni e'tiborga olgan holda, hozirgi kunda agentlik tomonidan BMTning Sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplari va bu borada ilg'or xorijiy tajribalarni chuqur o'rganish hamda NQAF talablarini tizimli joriy etish yuzasidan zarur choralar ko'rilmoqda.
Jumladan, NQAF talablarida ham qayd etilgan va milliy statistika tizimiga sifatni boshqarishning xalqaro darajada e'tirof etilgan
GSIM, GSBPM va GAMSO kabi ilg'or tizimlari mamlakatimizda joriy etilayotgani ko'zlangan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishish uchun muhim omil bo'lmoqda. Zero, ushbu ilg'or tizimlarda belgilab qo'yilgan talablar joriy etilishi kelgusida sohada sifatni ta'minlash ishlarini baholashda ijobiy natijalarga erishilishini ta'minlaydi.
SHuningdek, joriy yilda Statistika agentligining sifat sohasidagi siyosati qabul qilindi. Unga ko'ra, tizimda sifatni boshqarish va baholash tizimlarini, uni ta'minlashning milliy asosiy printsiplarini joriy etish va samaradorlikni yanada oshirish belgilangan.
Statistika agentligi tomonidan kelgusida amalga oshirilishi ko'zda tutilgan navbatdagi tadbirlar mamlakatimizda sifatni ta'minlashning milliy tayanch printsiplarini ta'minlash bo'yicha sifatni boshqarish qo'llanmasini ishlab chiqish, tizimda statistika jarayonlari va sifatni boshqarish bo'yicha (GSBPM va NQAF talablari asosida) standartlar, ularga amal qilish holati va xalqaro andozalarga mosligi yuzasidan o'rganishlarni tashkil etishga qaratilgan.
Bu talablarning joriy etilishi milliy statistika tizimiga qanday samara keltiradi?
Birinchidan, soha faoliyati samarali tashkil etiladi va muvofiqlashtirib boriladi. Ikkinchidan, ochiqlik va shaffoflik ta'minlanadi. Uchinchidan, foydalanuvchilarga ishonchli, xolis, dolzarb va sifatli ma'lumotlar etkazib beriladi. To'rtinchidan, sifatni boshqarish va baholash tizimi yo'lga qo'yiladi.
erishilgan natijalar esa pirovardida milliy statistika sohasi faoliyatining xalqaro sifatni boshqarish tizimlariga mos kelishini ta'minlaydi hamda xorijiy va milliy foydalanuvchilarning rasmiy statistika ma'lumotlariga bo'lgan ishonchini oshiradi.
Anvar TO'LAGANOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Statistika agentligi boshqarma boshlig'i o'rinbosari









