Ming shukrki, shunday davrlarga ham yetib keldik

    Hozirda takroriy ekin turlari 30 dan oshib ketgan.

    O'zbekiston dunyo hamjamiyatiga jadal kirib bormoqda. Bu borada so'nggi yillardagi o'zgarish va yutuqlar barcha sohalarda kuzatilmoqda. Bugungi kunda Prezidentimiz har bir soha rivojiga katta e'tibor qaratyapti. Mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilib, rivojlanish, yuksalishning mustahkam poydevori yaratilyapti. Eng muhimi, biz o'zligimizni, haq-huquqimizni, madaniyatimiz, ma'anaviyatimiz, tariximizni yanada teranroq anglab boryapmiz. Bugun dunyo bizni, O'zbekistonni tan oldi. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, kelajak avlodlarimiz bo'lmish yoshlarimiz o'ziga bek, o'zbek ekanligini har sohada namoyon etib kelmoqda.

    Ayniqsa, O'zbekistonning bugungi rivojlanishi, dunyo hamjamiyatida o'z o'rnini topa bilishida davlatning hayotiy dasturlari tuzilishi hamda ular negizida salmoqli va adolatli qarorlar, shuningdek,haqqoniy farmonlar qabul qilinishida deb bilamiz. Jumladan, davlatimiz rahbarininng 2017-yil 7-fevraldagi “O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida”gi farmoni xalqimizning munosib hayot kechirishi, bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratyapti. Bugungi kunda yurtimizdagi boshqa ko'plab sohalar singari qishloq xo'jaligi va unga zarur bo'lgan malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham katta e'tibor qaratilmoqda.

    Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni e'lon qilinib, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo'yicha chora–tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu tarmoq kelajagini belgilovchi dasturga aylandi. Unda belgilangan barcha band, vazifalar, albatta, mamlakat rivojining asosiy omillaridan biri bo'lgan qishloq xo'jaligi istiqboli uchun juda muhim va qimmatlidir. Xususan, ona zaminimiz, tuproqdagi gumus miqdorini yaxshilash bo'yicha amalga oshiriladigan ishlarga e'tibor qarataylik. Dasturda uning miqdorini 2021-yilda 5, 2025-yilda 10, 2030-yilgacha esa 15 foizga oshirish ko'zda tutilgan. Tuproqning unumdorlik holati hamda dasturda belgilangan chora–tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida respublika agro – oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hajmini 2021-yil uchun 2,8, 2025-yil uchun, 10 milliard AQSH dollarida, ya'ni 3,5 barobar oshirish belgilangan.

    O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi yaqinlashib kelayotgan asnoda qishloq xo'jaligi bo'yicha erishilgan bir qator yutuqlarni yodga olish foydadan xoli bo'lmaydi.

    Mamlakatda dehqonchilik tizimi butkul o'zgartirilib, paxta yakkaxokimligiga butunlay barham berildi. 1990-yillarda paxtachilik kompleksida g'o'za maydonlari 1 million 720 ming gektardan iborat bo'lsa, hozirda 1 million 033 ming gektarni, boshoqli don ekinlari sug'oriladigan yerlarda 1 million 283 ming gektarni tashkil etmoqda. Sug'oriladigan erlarda g'allachilikdagi o'rtacha hosildorlik gektar boshiga 22,2 sentner atrofida bo'lsa, so'nggi yillarda 61,6 sentnerga, yalpi hosil 6 729 000 tonnaga yetdi.

    Dehqonlarimiz uchun yana bir quvonarli holatni aytadigan bo'lsak, boshoqli don ekinlari o'rimidan keyin, yilning suv ta'minotiga ko'ra, 800-900 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekilmoqda. Buning ijobiy tomoni, avval beda, g'o'za, makkajo'xori hamda boshoqli don ekinlari ekilgan bo'lsa, hozirda takroriy ekin turlari 30 dan oshib ketgan. Bu esa iqlim yer va suv resurslaridan unumli foydalanib, bir yilda 2–3 marta hosil olish qo'shimcha daromad keltirishi barobarida yana ko'plab ishchi o'rinlari yaratilyaati. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan ichki bozor to'liq ta'minlanib, eksport qilish imkoniyatlarini oshirishiga ham xizmat qilmoqda.

    Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizda yetishtirilayotgan sabzavot, poliz, meva-bog'dorchilik mahsulotlariga xorijiy davlatlarda e'tibor hamda ularning geografiyasi yildan–yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi avj olgan va dunyoda turli cheklovlar o'rnatilganiga qaramay, 53 xildan ortiq meva–sabzavot mahsulotlari 61 dan ortiq davlatga eksport qilingan va bu holat yanada kengaymoqda. Jumladan, bunga amaliy misol tariqasida AQSH, Kanada, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Marokash, Kipr, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Fransiya, Ispaniya, Xorvatiya, Polsha, Bolgariya, Boltiq bo'yi davlatlari, Jazoir, Koreya, YAponiya, Braziliya, Isroil, Avstriya, Rossiya, MDH davlatlari va boshqalarni keltirish mumkin. Eng yuqori talab bo'lgan mahsulotlar turlariga e'tibor qaratsak, bular: sabzavotlardan – qovoq, qalampir, piyoz, ko'k piyoz, kartoshka, qizil lavlagi, sholg'om, mevalardan – shaftoli, qulupnay, limon, anor, uzum, quritilgan mahsulotlardan – bodom, pista, mayiz va boshqalardir.

    Respublikamizda 2019-yilga nisbatan 2020-yilda yuqorida qayd etilgan sabzavot mahsulotlari 1,9, mevalar 1,9, uzum 1,5 barobarga, poliz ekinlari 6 barobarga ko'p eksport qilinishiga erishilgan.

    Eksport qilinayotgan mahsulotlar assortimentini tahlil qilaligan bo'lsak, bular qadim zamonlardan buyon dehqonlarimiz tomonidan muvaffaqiyatli darajada yetishtirib kelinishini alohida ta'kidlash joiz emas deb bilamiz. Ushbu mahsulotlarni yetishtirishni dehqonlarimizga o'rgatishni va tushuntirishning ham hojati yo'q, faqatgina hozirgi zamon, ya'ni, eksport talablariga moslashtirish, innovatsion yetishtirish, saqlash, quritish texnologiyalari va texnikalarini tanishtirish bo'yicha malaka oshirish talab etiladi. Shuningdek, ushbu mahsulotlar mayda xo'jaliklarda tayyorlanayotganligini inobatga olib, ularni massivlashtirish yoki bir hududda bir turdagi mahsulot yetishtirish dehqonchilik siyosatiga jadal o'tish talab etilmoqda. Bu jarayonlarga markazlashtirilgan holda, tomorqa yer egalari maydonlarini jalb etilishi hamda ularni iqtisodiy jihatidan har taraflama qo'llab–quvvatlashning yangi mexanizimini ishlab chiqish va joriy etish, ushbu yo'nalishda tub o'zgarishlarga olib kelishadi. Chunki, xususiy sektorda hamda fermer xo'jaliklarida turli sabablarga ko'ra, 10–30 foizgacha mahsulot yo'qotiladi yoki standart sifati buziladi. Buning asosiy sabablaridan biri dastlabki saqlash va qayta ishlash tizimini sustligida deb baholash mumkin. Fermerlar va shaxsiy xo'jalik egalari ham ortiqcha mahsulotlarini nobud qilmasdan, iqtisodiy foyda olish uchun etishtirilgan mahsulotini bemalol kelishilgan narxda topshirishi mumkin bo'lgan tashkilot yoki korxona har bir hududda bo'lishi maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki, respublikamizning sanoat tashkilotlari deyarlik chiqitsiz ishlash tizimiga o'tib bo'lgan. Endigi navbat albatta qishloq xo'jaligigadir.

    Respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabini qondirish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida xududlarning tuproq – iqlim sharoiti va suv ta'minotidan kelib chiqib, birgina joriy yilda takroriy ekin maydonlariga jami 872,8 ming gektar, shundan 111,6 ming gektar sabzavot, 32,8 ming gektar kartoshka, 39,3 ming gektar poliz, 58,3 ming gektar moyli, 295,9 ming gektar dukkakli don, 62,7 ming gektar sholi, 42,1 ming gektar tariq, 7,6 ming gektar supurgi va 222,6 ming gektar ozuqa ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Ushbu maydonlardan jami 10,7 mln tonna, jumladan, 2,2 mln. tonna sabzavot, 474,7 ming tonna kartoshka, 734,8 ming tonna poliz, 114,3 ming tonna moyli, 442,8 ming tonna dukkakli don, 260,5 ming tonna sholi, 73,9 ming tonna tariq, 57,9 ming tonna supurgi va 6,2 mln. tonna ozuqabop mahsulotlar yetishtirilishi prognoz qilinmoqda.

    Davlatimiz rahbari tomonidan agrar ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga juda katta e'tibor qaratilib, sohani rivojlantirish bo'yicha bir qator farmon va qarorlar imzolandi. Jumladan, Prezidentimizning 2017-yil 24-martdagi “Qishloq va suv xo'jaligi tarmoqlari uchun muxandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, 2018-yil 8-maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi, 2019-yil 19-avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda 2020-yil 30-iyuldagi “Agrar ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish uchun dasturulamal hujjat bo'lib xizmat qilmoqda.

    Ushbu qarorlarda ta'kidlanganidek, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari hamda yangi tashkil etilgan unga izdosh qishloq xo'jaligi institutlarida davr talablariga mos bo'lgan yangi fakultetlar va kafedralar hamda sirtqi ta'lim jarayoni tashkil etilib, ular o'z faoliyatini olib bormoqda. So'nggi yillarda dunyoning 90 dan ortiq yetakchi oliy va ilmiy–tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o'rnatildi. Hozirgi kunda universitetda AQSH, Germaniya, Rossiya, Pol`sha davlatlarining 7 ta oliy ta'lim muassasalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asosan, 7 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi hamda 6 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha qo'shimcha ta'lim dasturlari joriy etilgan. Bu boradagi ishlar universitet filiallari hamda yangi tashkil etilgan institutlarda ham yo'lga qo'yilmoqda. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, mustaqillikning sal kam 26 yili davomida sobiq tizim programmasi bo'yicha kadrlar tayyorlandi. Soha bo'yicha xorijiy davlatlar bilan mutlaqo aloqalar bo'lmagan, hatto, o'zaro hamkorlikda ikki davlatlar o'rtasida kadrlar tayyorlash bo'yicha so'z bo'lishi mumkin emas edi. Ana endi har soha uchun dunyo eshiklari ochildi hamda buning sarf-xarajatlarini davlat o'z zimmasiga oldi. Buning birgina natijalarini universitetimiz misolida keltirsak.

    So'nggi uch yilda AQSH, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya kabi davlatlarning 80 nafardan ortiq etakchi mutaxassislari ishtirokida 150 dan ortiq mavzuda vebinar dars mashg'ulotlari va master klasslar o'tkazildi. O'quv jarayolariga Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog'iston davlatlaridan 15 nafar mutaxassis jalb etildi. Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining professor-o'qituvchilari bilan hamkorlikda dolzarb yo'nalishlar bo'yicha 7 ta o'quv adabiyoti chop etildi. Universitetning 215 nafar pedagog xodimi va ilmiy tadqiqotchisi chet ellarda malaka oshirish, stajirovka o'tadi, seminar va konferensiyalarda ishtirok etdi.

    Ming shukurki, shunday davrlarga ham etib keldik. Bu, albatta, zamon talabiga mos bo'lgan malakali kadrlar tayyorlashga va vatanimiz qishloq xo'jaligini barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo'shishiga ishonamiz, uni yanada mustahkamlashga barcha imkoniyatlarni jalb etmoqdamiz.

    Yana shuni alohida ta'kidlash joizki, yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosati endi yuqoridan boshqarilmay, ishlab chiqarish talablaridan kelib chiqqan holda, Prezidentimizning ko'rsatmalariga ko'ra, ishlab chiqarish bilan uyg'unlashtirilib, uning ichki tizimiga yondashtirildi. Natijada, tor soha mutaxassislarini tayyorlash tizimi shakllandi. Misol uchun, avvallari chorvachilik mutaxassisi deb diplom berilar, ushbu kadr chorvachilik bo'yicha umumiy bilimlarga ega bo'lib, bevosita ixtisosligi ko'rsatilmas edi. Hozirgi davrda esa bevosita har bir soha, chorvachilikning har bir turi bo'yicha yetuk malakali kadrlar tayyorlashni taqozo etmoqda. Qoramolchilik, qo'y-echkichilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik, ularga ozuqa etishtish va boshqalar. Xuddi shuningdek, agronomlik, o'simlikshunoslik, sabzavotchilik va boshqa yo'nalishlar ham shuni talab etib, boshoqli don ekinlari, paxtachilik, moyli – dukkakli don ekinlari, sholichilik, dorivor o'simliklar, ochiq va yopiq muhitda dehqonchilik yuritish, limonchilik va boshqa tor soha mutaxassislariga talab yuqori bo'lib boryapti. Shularni inobatga olgan holda, yangi kafedralar, fakultetlar va magistratura yo'nalishlari tashkil etilib, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi keskin takomillashtirildi. Shunisi quvonarliki, ushbu yangi yo'nalishlarda tayyorlanayotgan kadrlarga qiziqish, talab, ishlab chiqaruvchilar tomonidan yuqori bo'lib, ularni egasi, ya'ni ish o'rinlari hozirdanoq to'liq kafolatlangan deyishimiz mumkin.

    Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan o'z vaqtida qabul qilingan dolzarb va istiqbolni ko'zlagan qaror hamda farmonlar, bunday samarali o'zgarishlarning negizi, ya'ni, mamlakat qishloq xo'jaligi kompleksini qayta qurish, barcha mexanizmlarni bozor iqtisodiyotiga to'g'ri yo'naltirish, ilm–fan va kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor berilishi hamda boshqa qator muhim masalalarning yutug'i ekanligini ko'rsatmoqda. Demak, samarali qaror va ijro kelajakning serhosil mevasidir.

    Botir SULAYMONOV,

    akademik, Toshkent davlat agrar universiteti rektori