Mintaqalararo munosabatlarning tarixiy evrilishi doʻst xalqlar hayotiga farovonlik va osoyishtalik baxsh etadi

    Oʻzbekistonning 2017-2021-yillardagi eng yangi tarixi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni buyuk islohotchi sifatida dunyoga tanitdi. Bu besh yillikni xalqimiz va xalqaro ekspertlar haqli ravishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning yangi davri sifatida eʼtirof etmoqda.

    Oʻzbekistonning 2017-2021-yillardagi eng yangi tarixi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni buyuk islohotchi sifatida dunyoga tanitdi. Bu besh yillikni xalqimiz va xalqaro ekspertlar haqli ravishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning yangi davri sifatida eʼtirof etmoqda.

    Fikrimiz dalili sifatida yaqinda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan keyingi besh yilda xalqimiz hayotida katta ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlgan eng samarali tashabbus hamda islohotlarni aniqlash uchun oʻtkazilgan ekspertlik soʻrovida mahalliy va xorijiy 100 nafar ekspert Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga molik 15 ta muhim islohotini shakllantirganini aytish mumkin.

    Ekspertlar fikricha, Oʻzbekiston yetakchisining eng muhim islohotlaridan biri Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichlik munosabatlari oʻrnatilgani, chegaralar ochilgani va nazorat punktlari tashkil etilgani, mintaqamiz davlatlari bilan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyilganidir.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston keyingi yillarda, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash borasida muhim tarixiy tashabbus va islohotlarni amalga oshirdi. Pirovardida yillar davomida ortga surilib kelgan, shu tufayli oddiy fuqarolar, tadbirkorlar koʻp muammolarga duch kelgan masalalarga doʻstona yechim topildi. Bugun qoʻshni va doʻst xalqlarimiz bordi-keldisi tiklandi, sunʼiy toʻsiqlar olib tashlandi. Oʻzaro mahsulot almashish jonlandi. Bu, albatta, oʻzaro manfaatli sheriklik asosida mamlakatlar iqtisodiyoti yuksalishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Gap qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarning bugungi manzarasi haqida ketar ekan, joriy yilning 15-16-iyul kunlari Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ahamiyatini alohida tilga olish oʻrinli.

    Bu konferensiya Oʻzbekiston nafaqat Markaziy, balki Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan ham doʻstona va konstruktiv ruhdagi munosabatlarni yoʻlga qoʻyish tarafdori ekanini amalda namoyish etdi.

    Yuqori darajadagi mazkur tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari, Rossiya, Xitoy, AQSH, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Italiya kabi koʻplab mamlakatlar delegatsiyalari, BMT, YUNESKO, MDH, SHHT, IHT, Turkiy kengash, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, yetakchi xorijiy tahlil markazlari ekspertlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

    Taʼkidlash joizki, barcha ishtirokchilar ushbu anjuman nafaqat tarixiy aloqalarni tiklash va ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga, balki savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyasi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga ham muhim turtki boʻlishini alohida eʼtirof etdi.

    Konferensiya xalqaro maydonda yangi Oʻzbekistonning roli va nufuzi oshib borayotganini koʻrsatdi. Bu davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tub islohotlar, yuritilayotgan konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat bilan bevosita bogʻliq.

    Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan strategik qarashlari va aniq amaliy takliflari xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan toʻliq maʼqullandi.

    Oʻzbekiston rahbarining tashabbuslari Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun birdek muhim va nafaqat mintaqamiz, balki Janubiy Osiyo davlatlari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Oʻz navbatida, eʼlon qilingan barcha tashabbuslar nafaqat mintaqa davlatlari, balki yetakchi mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan ham toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgani eʼtiborli.

    Oʻzbekiston yetakchisi taklifi barcha davlatlar manfaatlariga javob beradi. Zero, uning asosiy yoʻnalishi butun Yevroosiyoning yuragi hisoblangan Markaziy va Janubiy Osiyo makonida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan.

    Oʻtgan qisqa davrda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi muhit tubdan oʻzgarib, turli sohalarda oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga gʻov boʻladigan muammolarga yechim topish mumkin boʻldi.

    Bugungi kunda Markaziy Osiyo jadal rivojlanish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyasi, madaniy, ilmiy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish davrini boshidan kechirmoqda.

    Anjuman oldidan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqaro institutining rasmiy ochilish marosimi oʻtkazilishi ham oʻziga xos ramziy maʼno kasb etadi.

    Bu institut ilmiy-amaliy faoliyati mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalish sifatida Markaziy Osiyo bilan bogʻliq mintaqaviy jarayonlar va xalqaro aloqalarni oʻrganishga qaratilgan. Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqot markazlari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatish va mustahkamlashga koʻmaklashadi.

    Tadqiqotlar oʻtkazish bilan bir qatorda iqtisodiyot, xavfsizlik, transport, energetika, innovatsiya sohalarida oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqamizning tarixiy hamda madaniy merosini saqlash va targʻib qilish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalarini ishlab chiqish institut faoliyatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi.

    Prezidentimiz konferensiyada soʻzlagan nutqida taʼkidlaganidek, bugungi taraqqiyot tendensiyalarini tizimli ravishda oʻrganish va tahlil qilish asosida har doimgidan ham puxta qarorlarni ishlab chiqish muhim.

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti negizida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun Markaziy va Janubiy Osiyodagi taniqli olimlar va tadqiqotchilarning doimiy ekspertlar jamoasini yaratish asosiy vazifalar sirasidandir. Biz hamkorlarimiz bilan birga savdo, transport va kommunikatsiya, energetika, suv, ekologiya, gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi koʻp tomonlama loyihalar boʻyicha aniq va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish, oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun ekspert maydonini shakllantirish maqsadida ushbu tashabbusni amalga oshirishga tayyormiz.

    Ishonchimiz komilki, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslarini roʻyobga chiqarish Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻzaro konstruktiv aloqalar rivojini taʼminlaydi. Bu, shubhasiz, ulkan mintaqa xalqlari farovonligi va davlatlarning barqaror taraqqiyotini taʼminlashga muhim hissa qoʻshadi.

    Anvar NOSIROV,

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori