“Dunyo” AA muxbiri Jobir Xoʻjaqulov “Gʻolib. Sara gʻazallar” kitobi taqdimotidan soʻng tarjimon bilan Mirzo Gʻolib ijodi va devon tarjimasi bilan bogʻliq jarayon haqida suhbatlashdi.
- Janubiy va Markaziy Osiyoda katta obroʻga ega Mirzo Gʻolib ijodi bilan anchadan buyon qiziqib, uni oʻrganib kelyapman, - deydi M.Abdurahmonova. - Oʻzining beqiyos ijodi bilan urdu sheʼriyati va nasrchiligi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk shoir ijodi mana necha asrlardirki, xalqaro koʻlamda adabiyotshunoslar eʼtiborini oʻziga qaratib kelmoqda. Otashnafas shoir sheʼriyati vatanparvarlik, millat va xalq kelajagiga daxldorlik hissi bilan yoʻgʻrilgan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar meni Mirzo Gʻolib urdu devonining oʻzbekcha tarjimasi toʻplamini tuzishga undadi.
Mirzo Gʻolib nazm bilan birga nasrda ham qalam tebratgan. Uning “Dastanbu”, “Mehri nimroʻz”, “Panji ohang” kabi asarlari urdu adabiyotining noyob durdonalari hisoblanadi. Mirzo Gʻolib ijod qilgan uslubda yozilgan sheʼrlar badiiy jihatdan pishiqligi va mazmunan teranligi, bir necha maʼno qatlamiga egaligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bunday asarlarni anglash uchun sharhlar yaratish odat qilingan. Tabiiyki, tarjima jarayonida men ham muayyan murakkabliklarga duch keldim. Devondan oʻrin olgan gʻazallarga atab yozilgan sharhlarni sinchiklab oʻrganishga toʻgʻri keldi.
XX asrda Mirzo Gʻolibning shuhrati butun dunyoga yoyildi. Bugungi kunda shoir asarlari nashr etilmagan, uning nomini bilmaydigan mamlakat juda kam. Dehli, Aligarh, Haydarobod, Lahor va Karachi shaharlari bu zabardast soʻz sanʼatkori ijodini oʻrganishda yirik markazlar boʻlib kelmoqda. Dehlida tashkil etilgan Gʻolib uyi va Gʻolib akademiyasidagi kitob javonlari jahonning turli mamlakatlarida chop etilgan shoir haqidagi risolalar va asarlarining turli tillardagi tarjimalari bilan toʻla.
Taʼkidlash kerakki, tarjima oson ish emas. Men Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk shoir va mutafakkirlar tomonidan tartib keltirilgan devonlarni oʻrgandim. Ularda oʻrin olgan gʻazal va sheʼrlar bilan Mirzo Gʻolib devoni oʻrtasidagi oʻxshashliklarni tahlil qilishga harakat qildim. Albatta, Navoiy va Bobur tomonidan tuzilgan devonlar bilan tenglashish oson emas. Ularning vazni ancha “ogʻir”. Ammo Mirzo Gʻolib ijodi ham 18 asr oxiri 19 asr boshlarida katta mavqega ega boʻlgan. Aytish mumkinki, Gʻolib devoni ushbu davrdagi eng yirik ijodiy ishlar sirasiga kiradi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Ushbu kitobning dunyo yuzini koʻrishida ham ana shu yaqin aloqalar muhim ahamiyat kasb etdi. Mumtoz shoir devoni asosida yaratilgan oʻzbek tilidagi “Gʻolib. Sara gʻazallar” sheʼriy kitobining nashr etilishida Hindiston elchixonasi va Laʼl Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi yaqindan yordam berdi. Fursatdan foylanib hamkorlarimizga alohida minnatdorlik izhor qilaman.
Urdu sheʼriyatining eng zabardast va sevimli lirik qalam ustalaridan biri boʻlgan Mirzo Gʻolibning shoirlar orasida betakror baxtga sazovor boʻlishi, mahorat choʻqqisiga koʻtarilishi unga ulugʻlik baxsh etdi. Shoirning sheʼrlari shu qadar maʼnoli, nozik-latofatliki, ularni izohlash uchun urdu va ingliz tillarida 20 ga yaqin adabiy sharhlar tarzidagi asarlar yozilgan. Oʻtgan 200-yil davomida Mirzo Gʻolibning gʻazallar devoni 100-marta chop qilinganining oʻzi uning ijodiga berilgan yuksak baho, deb hisoblayman. Doktor Abdurahmon Bijnuriyning Hindistonda ikki ilhomiy kitobdan biri Gʻolibning urdu devonidir, degan taʼrifi mumtoz shoir salohiyatidan darak beradi.
Mirzo Gʻolib bilan uning vatandoshlari qatorida oʻzbekistonliklar ham faxrlanishga haqlidir. Chunki uning bobosi taqdir taqozosi bilan 1730-yillarda hind oʻlkasiga borib qolgan. Dehli hukmdori uni nufuzli harbiy lavozimga tayinlagan. Gʻolibning otasi ham boburiylar qoʻshinlarida xizmat qilgan.
Mirzo Gʻolib Samarqand muzofotidan ekanini sheʼrlarida bir necha bor faxr bilan tilga oladi:
Gʻolib, oʻzim muqaddas Turon tuprogʻidanman,
Bilsangiz tagi-taxtim, iqbol quchogʻidanman.
Ota-bobom kasb-kori dehqonchilik azaldan,
Samarqand fuqarosi – dehqon qarogʻidanman.
Har qanday ulugʻ shoir avvalo qalbi goʻzal inson boʻladi. Mirzo Gʻolibning sheʼriyati ham qalbidan nur, qudrat olgan. Hindiston madaniyatining jonkuyar targʻibotchisi doktor Qamar Rais shunday deydi: “Adabiyot va sheʼriyatdan behad zavqlanish, goʻzallik va latofat oshigʻi boʻlmoq, magʻrurlik, halollik, doʻstlarga sadoqat va mehru muhabbat, Vatanga cheksiz ishq, xushchaqchaqlik, chuqur insonparvarlik, kamtarinlik Gʻolib xarakterini va shaxsiyatini oʻlchovchi bebaho andozadir. U yoʻqsillashib, gʻam-anduh girdobiga tushib qolgan kezlarida ham oʻzining shu qimmatbaho xislatlarini saqlab qoldi, or-nomusini oyoqosti qilmadi, magʻrur yurdi”.
Shoirning asl ismi Mirzo Asadullaxon boʻlib, Gʻolib uning taxallusidir. Asadullaxon 1797-yilda Agra shahrida dunyoga kelgan. Dehlilik badavlat xonadonning qizi Umraobegimga uylangan. Ikki yil oʻtgach, shoir Dehliga koʻchib kelib, to umrining soʻnggi daqiqalarigacha shu shaharda yashagan va ijod bilan shugʻullangan.
Gʻolibning yana bir xislati uning ochiqlik va tanqidiy fikrlari edi. U oʻz fikrlarini ochiq aytishga odatlangani bois turli sinovlarga duch keldi. Ammo shoir haq soʻzni aytishdan qaytmadi. Aksincha, oddiy xalq dardini yana-da kengroq kuylashga intildi.
Mirzo Gʻolibning nasriy asarlari ham til va adabiyot rivojiga katta hissa qoʻshdi. Xususan, uning maktublaridan oʻz davrining manzaralarini aniq aks ettirib beruvchi tarixiy maʼlumotlar sifatida foydalaniladi.
Gʻolib oʻz tafakkuri va yaratuvchilik dahosi bilan urdu gʻazaliyoti mavzularini shu qadar kengaytirib bordiki, undan keyin biron-bir shoir sheʼriyatda bunday kamolotga erishgani yoʻq. Shoir oʻzining badiiy dahosi haqida shunday yozadi:
Men chamanga kirdimu, goʻyo maktab ochildi,
Mening nolamni tinglab, bulbul gʻazalxon boʻldi.
Jahon adabiyotshunoslari Gʻolibni nolali kuylari bilan hatto bulbullarga ham dars bera oladigan “sehrgar” deb taʼriflaydi.
Haqiqatan ham, Mirzo Gʻolib oshiq siymosini yaratishda oʻz dunyosidan oʻzib ketgan. Uning devonida aksariyat sheʼrlar ana shu mavzuga bagʻishlangan falsafiy gʻazallardan iborat. Gʻazallardagi fikr teranligi, badiiy ifodalash sanʼati va joziba yetuklikdan dalolat beradi. Uning gʻazallarida hech kimning xayoliga kelmagan tashbih va talmehlarni uchratasiz. Bu esa uning sheʼrlariga abadiy hayot bagʻishladi.
Mirzo Gʻolib sheʼriyatidagi har bir misra insoniylik va bu dunyoning oʻtkinchiligidan darak beradi. Uning ijodidagi yana bir jihat oʻquvchini oʻziga tortadi. Bu dushmanga ham yomonlik sogʻinmaslik, yomon koʻrgan kishiga ham yomonlik tilamaslikdir. Bu haqda quyidagi satrlarda shunday deydi:
Seni birov yomon desa, quloq osma,
Senga yomonlik sogʻinsa, tilga olma,
Birov xato yoʻlga yursa, toʻxtat uni,
Xatolikka yoʻl qoʻysa gar, avf et uni.
Mirzo Gʻolibning urdu tilidagi devonining oʻzbek tiliga tarjimasi haqida tanqidchi va adabiyotshunoslarimiz oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi, deb umid qilamiz. Va, albatta, ushbu kitobimiz Mirzo Gʻolib ijodi va sheʼriyati ixlosmandlariga maʼnaviy ozuqa bera olsa, amalga oshirgan izlanishlarimiz zoye ketmagan boʻladi.