TIV tomonidan maʼlum qilinishicha, hujjatlarni SHHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar Davlati Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzoladilar.
Oʻzbekiston tomonidan tadbirda Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.
Memorandumlar SHHT va yuqoridagi davlatlar oʻrtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investitsiya, energetika, AKT, qishloq xoʻjaligi, transport va kommunikatsiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.
Hamkor davlat maqomi tashkilotga aʼzo davlatlarning taklifiga binoan SHHT doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.
Memorandumlar ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Memorandumlarni imzolash boʻyicha ishlar Oʻzbekiston tomonidan SHHTga raisligi doirasida hamda tashkilot Davlat rahbarlari kengashining tegishli qarorlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.