ShHT Samarqand sammiti kun tartibida iqlim oʻzgarishi masalasi muhokama qilinadi

    Yashil sayyora 14 Sentabr 2022 2127

    Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan SHHTga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining yigʻilishida “Iqlim oʻzgarishiga qarshi choralar koʻrish toʻgʻrisida”gi Bayonot loyihasi muhokama qilinib, kelishib olindi.

    “SHHT doirasida bu boradagi bayonot birinchi marta qabul qilinmoqda. Bu Tashkilotning mintaqaviy va global iqlim muammolarini shakllantirish va amalga oshirishda faol ishtirokchi boʻlish istagi va tayyorligini koʻrsatadi.

    Xususan, hujjatda SHHTga aʼzo davlatlarning ushbu sohadagi asosiy xalqaro-huquqiy mexanizmlari – BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi va Parij kelishuvi qoidalarini samarali amalga oshirish masalalariga umumiy yondashuvlari aks ettirilgan”, — dedi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov.

    OʻzbekistonTashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonovning maʼlum qilishicha, SHHTga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashi yigʻilishida xalqaro iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan yana bir bayonot kelishib olindi..

    “Bayonotda taʼminot zanjirlari xavfsizli va barqarorligiga, koʻp tomonlama savdo tizimi va Tashkilot aʼzolarining iqtisodiyotiga taʼsir etuvchi salbiy omillar koʻrsatib oʻtilgan.

    Shu munosabat bilan xalqaro taʼminot zanjirlarining uzluksizligi, ishonchliligi va barqarorligini taʼminlash, ishlab chiqarish jarayonining muhim tarkibiy qismlari, birinchi ehtiyoj tovarlari va boshqa tovarlarning uzluksiz savdosini taʼminlashga intilish amaliyoti tasdiqlandi”, — deya tushuntirdi TIV vakili.