Misrda arab adabiyotining Oʻzbekistonda tadqiq etilishi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi

    Madaniyat 14 Oktabr 2022 2150

    Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Murtazo Saydumarov boshchiligida delegatsiya Qohira universitetida arab dunyosida asar yaratish va uni tarjima qilish mavzusiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjuman ishida qatnashdi.

    Ushbu ilmiy konferensiya Tarjima boʻyicha xalqaro mukofot gʻoliblarini taqdirlash munosabati bilan Podshoh Abdullo ibn Abdulaziz nomidagi kutubxona va Qohira universiteti hamkorligida tashkil etildi.

    Anjumanga Misr Madaniyat Oliy kengashi raisi Hishom Azmiy raislik qildi. Tadbirni Saudiya Arabistoni Podshohi Abdulaziz nomidagi kutubxona rahbari Faysal ibn Muammar kirish soʻzi bilan ochdi.

    Murtazo Saydumarov badiiy tarjimadagi tajribalari va “Arab adabiyoti Oʻzbekistonda. Tadqiqotlar va tarjimalar” mavzusida maʼruza qildi. Oʻzbekiston vakili oʻz nutqida mamlakatimizda arab adabiyotini oʻrganish tarixi va istiqbollari, mamlakatimiz kutubxonalarida saqlanayotgan kitoblar haqidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi.

    Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsentining maʼruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Oʻz navbatida, Misr va boshqa arab olimlari hamda tarjimonlar oʻzbek arabshunoslari bilan yaqindan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot oʻrnida qay etish joizki, Qohira universiteti dunyo universitetlari xalqaro reytingida mingtalik roʻyxatidan joy olgan (QS tasnifi boʻyicha 550-600 oʻrin). Universitet 1908-yilda tashkil etilgan boʻlib, u arab dunyosidagi eng yirik oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Unda 26 ta fakultet boʻlib, jami 260 ming nafar talaba tahsil oladi.