Hozirgi kunda fuqarolarda vaqt tigʻiz. Oila, ish, yumushlar barchamizni birdek band qildi. Shu sababdan davlat xizmatlarini koʻrsatishda kreativ yondashuv bilan ish olib borilyapti. Yaʼni insonlar gavjum hududlar mobil xizmatlar uchun tanlandi.
Sayyor qabullarda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatilishi bilan birga, sohaga oid bepul huquqiy maslahatlar ham berildi hamda saylov qonunchiligi boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlari ham oʻtkazildi.
Albatta fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida tashkillangan mobil davlat xizmatlari koʻrsatish oʻz samarasini berdi. Masalan, 10-oktyabrda aynan bozorlarda koʻrsatilgan xizmatlari soni birgina Fargʻona viloyatida jami 758 tani, berilgan bepul huquqiy maslahatlar esa 1 226 tani tashkil etgan boʻlsa, 16-17-oktyabr kungi ana shunday mobil xizmatlar viloyatda 2 271 taga yetdi (16-oktyabrda 980 ta, 17-oktyabrda 1 291 ta). Mobil xizmatlar davomida eng koʻp STIR aniqlash, Pensiya (nafaqa) haqida maʼlumot olish va Bolani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish uchun ariza berish xizmatlari koʻrsatildi. Shuningdek, fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan birgalikda, tadbirkorlik faoliyati, koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kadastr pasportini shakllantirish, ipoteka krediti uchun subsidiya olish xizmatlari koʻrsatildi.
— Baxtsiz hodisa tufayli oyoqlarim yarim falaj boʻlib qolgan. Hassasiz yoki biron kishining yordamisiz yurolmayman, — deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Sobitali Qaxxorov. — Bozordan tirikchilik qilishga harakat qilyapman. Uyda oʻtirgim kelmaydi. Oilamga foydam tegsa deyman. Shuning uchun bugungi sayyor qabul davomida tadbirkorlik faoliyati uchun hujjatlar tayyorlash masalasida huquqiy tushuncha oldim. Toʻgʻrisi, hujjat ishlari juda murakkab deb tasavvur qilardim. Davlat xizmatchisining tushuntirishicha, hammasi davlat xizmatlari markazlarida 15-20 daqiqada hal etilarkan. Doʻkon ochib ish yuritmoqchiman kelgusida.
Saylov qonunchiligi hamda FHDYO boʻlimi xizmatlari boʻyicha 3 428 ta bepul huquqiy maslahatlar berildi, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.