Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati federatsiyalarda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik va boshqa bir qator mavzular boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Uchrashuvni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov olib bordi. Unda, shuningdek, Bosh kotib Oybek Kasimov, rais oʻrinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov, Sherzod Tashmatov, MOQ raisi devoni rahbari Miragzam Mirahmedov, axborot-tahlil departamenti direktori Rustam Tuktamishev ishtirok etishdi. Rustam Shoabdurahmonov uchrashuv davomida har bir federatsiyalarda Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik, terma jamoalar uchun tashkil qilinayotgan yigʻinlar, litsenzion musobaqalar davri, Olimpiya oʻyinlarida shohsupaga koʻtarilgan sportchi va uning murabbiylarini qanday ragʻbatlantirish, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari uchun seleksiya ishlarini olib borish kabi masalalar boʻyicha suhbat oʻtkazdi.
Shuningdek, yigʻilish kun tartibidan yil davomida Toshkentda oʻtkaziladigan yirik musobaqalarga tayyorgarlik mavzusi ham oʻrin oldi. Maʼlumki, mart oyining oʻzida ilk bor poytaxtimizda oʻtadigan dzyudo boʻyicha “Katta Dubulgʻa” turniri, professional bokschimiz Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik kamarlarini himoya qiluvchi jangi kutib turibdi. Shubhasiz, bu va boshqa yirik musobaqalarga hozirgi epidemiologik davrdan kelib chiqib, munosib tayyorgarlik koʻrish talab etiladi.
“Tokio Olimpiadasiga puxta tayyorgarlik doimo eʼtiborimiz markazida boʻlishi kerak. Xalqimiz, Prezidentimiz bizdan chiroyli gʻalabalar kutishmoqda. Shuningdek, muhtaram yurtboshimiz mamlakatimizda ommaviy sport targʻiboti, yoshlarimizning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanib borishlariga alohida eʼtibor qaratmoqdalar. Bizni oldinda kutib turgan ikki musobaqa buning uchun tayyor voqelik. Bular orqali sogʻlom turmush tarzini yoshlarimiz orasida keng targʻib qilishimiz lozim”, – dedi MOQ raisi.
Rustam Shoabdurahmonov suhbat davomida sport targʻibotini Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, mahalliy va xususiy telekanallar, internet nashrlari va blogerlar bilan hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi. Shuningdek, Prezidentimiz ilgari surayotgan maʼnaviy barkamollik, milliy mafkura yoʻnalishlari boʻyicha ham sportchilarimizning ruhiyatini, bilimini oshirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi. Suhbat yakunida kun tartibi va boshqa bir qator masalalar boʻyicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.