Yig'lab borib, kulib qaytar joy”. Aholi murojaatlari bilan ishlash faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Xalq qabulxonasini g'ijduvonliklar shunday atamoqda. Bu xalqona nomga ega bo'lish o'z-o'zidan kechgan emas.
Xalq qabulxonasi — inson nochor qolganda, taqdir zarbalariga uchraganida, hech kimga aytolmagan dardini aytib, yig'lab borgan manzilidan kulib qaytgan dargoh.
Xalq qabulxonasi — borganingda seni iliq kutib oladigan, muammolaringni tinglab, o'sha vaqtning o'zidayoq suyanchiq bo'lib, to muammo bartaraf etilguncha sening yoningdan ketmaydigan idora.
Xalq qabulxonasi — eng yaqin odamlaringga aytolmagan siringga sirdosh, dardingga darddosh. Siringni sotmaydigan, hasratingni bo'lishadigan, iztiroblaringni soatlab tinglaydigan, murojaatingni erda qoldirmaydigan, alal-oqibat, dardingga davoi malham topadigan maskan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining G'ijduvon tumani Xalq qabulxonasiga 2018-2020 yillar davomida 5137 ta murojaat bo'lgan. Joriy yilning 8 oyida tuman hududida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslardan esa jami 1359 ta muammoli masala kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 1100 tasi ko'rib chiqish va qonuniy echimini topish uchun tuman hududidagi tashkilotlarga, 172 tasi viloyat va respublika miqyosidagi tashkilotlarga yuborildi. 87 ta murojaat bevosita Xalq qabulxonasining o'zida ko'rib chiqildi. Xalq qabulxonasiga kelib tushgan jami murojaatning 749 tasi, ya'ni 65,5 foizi qanoatlantirildi, 51,2 foizi bo'yicha muammolar ijobiy hal etilgan, 44,4 foiz murojaat yuzasidan huquqiy maslahat va ma'lumot berish orqali qanoatlantirilgan.
32 tasi, ya'ni 4,2 foizi uzoq muddatga nazoratga olingan, 363 murojaatchiga qonuniy tartibda huquqiy tushuntirishlar berilgan. 30 tasi rad etilgan va bittasi tugatilgan. SHuningdek, G'ijduvon tumani Xalq qabulxonasi tomonidan karantin davrida Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qilgan og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, kam ta'minlangan aholi xonadonlari, joylardagi sanitariya va Xalq qabulxonasi, tibbiyot xodimlari, sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig'ini xodimlari bilan birgalikda bepul tibbiy niqoblar, antiseptik vositalar, dori-darmonlar yashash xonadonlariga etkazib berildi.
Bevosita G'ijduvon tumani Xalq qabulxonasiga karantin bilan bog'liq masalalarda kelib tushgan 300 dan ziyod murojaat tuman Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi, “Saxovat va ko'mak” markazlari hamda tegishli idoralarga taqdim etilib, ulardan 260 tasi qanoatlantirildi va yordam ko'rsatildi.
SHuningdek, 2017-2020 yillar davomida ijtimoiy ko'makka muhtoj, nogironligi bo'lgan va uy-joy bilan ta'minlanmagan 18 ta oilaning pandemiya davridagi ahvoli o'rganilib, ro'yxatlari shakllantirilib, har biri bilan suhbatlashildi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar karantin davrida tumanda tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazidan oziq-ovqat bilan ta'minlanib, ishsiz fuqarolar ishga joylashtirilyapti.
Tomorqa er egalariga tomorqadan unumli foydalanish yo'llari tushuntirilib, ayrimlarining erlari ekin ekishga tayyorlab berildi. 1-sektor rahbari, tuman hokimi tashabbusi bilan eng chekka hudud bo'lgan “Zarafshon” mahallasida yashovchi 12 xotin-qizga tikuv mashinalari ajratildi. Biz ijobiy hal etilgan murojaatlarning ayrimlari bilan joylarga borib tanishdik. Tumanning “Ko'shk” mahallasi Naymanobod ko'chasida yashovchi nogiron erkin ergashov va Dilfuza ergashovaning xonadonidamiz.
— Uch farzandimiz bor. Turmush o'rtog'im nogironligi tufayli uyimizning tomini shifer qilishga qo'limiz kaltalik qildi. Har yili yog'ingarchilik kunlar boshlanishini yurak hovuchlab kutadigan bo'ldik. Izg'irinli, ayozli kunlarda-ku, ahvolimiz tang bo'lardi. Biz tumanimizda Xalq qabulxonasi ish boshlaganini, u erda o'rinli murojaatlar hokimlik tomonidan inobatga olinib, yordam ko'rsatilayotganini eshitdik. Xalq qabulxonasiga esa ming bir xijolat chekib bordik. CHunki avvallari turli idoralarga qilgan murojaatimizga rad javob olib, yuragimiz bezillab qolgan edi-da. Bizni Xalq qabulxonsi rahbari Usmon Halimov tavsiyasi bilan tumanimiz hokimi qabul qildi. O'sha kuni hokimlikdan uyimizga kelib, haqiqiy ahvolni o'rganib ketishdi. Uyimiz tomlari shifer qilindi. Nafaqat uyimiz tomi, balki ichkaridan shiftimiz ham qamishlari osilib, yog'ingarchilik yoki shamolda ustimizga tuproq shov etib to'kilar edi. Arizamizda bu haqda yozmagan bo'lsak-da, yozgi ayvonimizni ham qo'shib oqlab, ranglab, chiroyli va chidamli qurilish mollari bilan ta'mirlab ketishdi. Xalq qabulxonasining aralashuvi bilan men tumandagi “Ochilbekjon” fermer xo'jaligiga, turmush o'rtog'im esa tuman obodonlashtirish korxonasiga ishga joylashdik. Bitta murojaat bilan hayotimiz butunlay yaxshi tomonga o'zgardi, — dedi mamnuniyat bilan Dilfuza ergashova.
— Beshtuvo qishlog'imiz aholisini yillar davomida qiynab kelayotgan elektr kuchlanishining pasayib ketganligi, transformator eskirgani, eng zarur paytda elektr o'chib qolayotgani haqida shikoyat bilan tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qildik. Bir haftaga qolmasdan “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aktsiyadorlik jamiyati xodimlari kelib holatni o'rgandi. “G'ijduvon” podstantsiyasining 69-transformator punktiga qo'shimcha 63 kilovattli transformator va uch dona temir-beton tayanch o'rnatilib, 400 metr uzunlikda simlar tortish ishlari bajarildi, — deydi shu qishloqda yashovchi Beknazar Do'dikov.
G'ijduvon tumani To'qol qishlog'ida yashovchi ikkinchi guruh nogironi SHahnoza Qo'ldosheva Xalq qabulxonasiga uy-joyini ta'mirlash uchun qurilish mollari olib berishni so'rab murojaat qilgach, uni tuman hokimi qabul qilgani va 4 kun ichida murojaati ijobiy hal bo'lganini xursandchilik bilan aytib berdi.
Joriy yilning 8 oyida 1148 nafar ishsiz yoshning bandligi ta'minlanganiga o'zimiz guvoh bo'ldik.
Safarimiz davomida karantin davrida tumanda yangi tashkil etilib, 50 nafar ishsiz, ehtiyojmand xotin-qizning bandligini ta'minlagan “Xojai Jahoh- Green Star” ishlab chiqarish kooperativi faoliyati bilan tanishishga bordik. Ilgari o'rta maxsus kasb-hunar kolleji joylashgan binoning birinchi qavatida ish boshlagan kooperativning tikuv-bichuv va dazmollash xonalarini, shinam oshxonasini ko'rib dilimiz yayradi.
50 nafar chevar qiz ishlayotgan tikuv xonasiga kirib, karantin holatiga moslashtirilgan tikuv mashinalari yonida bir-biridan go'zal qizlarning chaqqonlik bilan ishlayotganini ko'rib, kayfiyatimiz ko'tarilib ketdi. Menga ko'zlari tushgach esa birrov ishlariga dam berdi. Hozir mendan she'r so'rashsa kerak, deb tursam, ularning o'zlari mening she'rlarimni ayta boshladi. SHoir uchun bundan ortiq baxt yo'q, albatta. Qizlar, asosan, G'ijduvon tumanining “CHo'g'alon”, “Armechan”, “Urganj”, “YAngi Arabxona”, “Todon” mahallalarida istiqomat qilar ekan. Bu qizlar bilan suhbatlashar ekanmiz, go'zal orzular bilan yashayotgan insonlar naqadar baxtli ekanini yana bir bor his etdik.
O'z uyingda devorlar ham qo'llaydi
Zulfiya MO'MINOVA,
shoira, YOzuvchilar uyushmasi a'zosi