Men bu kuchni bir soʻz bilan bilim deb atagan boʻlardim. Aynan bilimning insonga beradigan anglash, tafakkur qilish imkoniyati bilangina oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratadi. Aynan bilim mudom oʻrganishga, izlanishga, yangilik va kashfiyotlar qilishga undaydi. Butun umri davomida yangi narsalarni oʻrganib borish, masalaning mohiyatini anglash oʻta muhim, chunki bu hayotni oʻzgacha, boy va qiziqarli tarzda yashab oʻtish imkonini beradi.
Muammo shundaki, bugungi kun yoshlari maʼlumotlarning qaysi birini qabul qilyapti, bilimni qay usulda berish talab etilyapti? Oliy taʼlim muassasalarida bilim berishning yangi usullari joriy etilyaptimi? Faqat verbal kommunikatsiyaga asoslangan taʼlim bugun oʻzini oqlamayotgani aniq. Chunki bugun - zamonaviy texnologiyalar davri boʻlib, texnika asri oʻzining moʻjizaviy qudratini namoyon etayotgan davrdir.
Oliy taʼlim qamrovining kengayishi, oliy taʼlim muassasalarining tarkibiy tuzilmasi va faoliyat mazmuni oʻzgarishi kabi koʻrsatkichlar, iqtisodiyotning oʻsishi taʼlim sifatini yuksaltirish zaruratini keltirib chiqaradi. Oliy taʼlim – yangilangan jamiyat qurilishida rivojlanib borayotgan va hal etuvchi kuchga ega soha hisoblanadi. Ayniqsa, 2017-yildan buyon oʻtgan vaqt davrida oliy taʼlimga qiziqish va intilish karralarga ortganini koʻrishimiz mumkin. Oliy taʼlim muassasalari sonining keskin ortishi, xususiy sektorning oliy taʼlimga kirib kelishi, xorijiy hamkorlikning rivojlanishi, oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasining yaxshilanishi oliy taʼlim nufuzini oshiradi.
Har bir muammo qaʼrida imkoniyatlar yotadi
Men oʻzim rahbarlik qilayotgan oliy taʼlim dargohi hamda oʻzim faoliyati bilan yaqindan xabardor boʻlgan universitetlar misolida fikr yuritmoqchiman. Haqiqatdan ham oliy taʼlim professor-oʻqituvchilari oʻz sohasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanadi, sohasining mavjud muammolariga ilmiy asoslangan yechim izlaydi va oliy taʼlim muassasasidagi talabalarga maʼlum fanlardan dars beradi. Ularning kelajakda maʼlum bir mutaxassislik boʻyicha ixtisoslashuviga koʻmaklashadi. Oliy taʼlim muassasalari har ikkala funksiyani bajarmoqda. Respublika oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib oʻrinlarni egallayotganligi, nufuzli ilmiy nashrlardagi maqolalar sonining va sifatining ortib borayotganligi, sohaga oid muammolar bilan ishlayotganligi va buning natijasida koʻplab ixtiro patentlari, foydali modellar uchun guvohnomalar olinayotganini aytish mumkin. Bugun professor-oʻqituvchi quruq, yengil-yelpi bilim bilan talabaning oldiga borolmaydi. Boisi chuqur bilim, asoslangan axborot, yangi ilmiy maʼlumotga ega boʻlmasangiz, auditoriyaning oʻzi sizni siqib chiqaradi. Istagan odam oliy taʼlimga kira olmasligi aniq, professor-oʻqituvchi bilan tuziladigan bir yillik mehnat shartnomasi oʻqituvchi zimmasiga masʼuliyat yuklaydi. Yana bir gap, yildan-yilga bilimli, xorijiy tilni mukammal egallagan, chet elda tahsil olgan, himoya qilgan yosh kadrlar koʻpaymoqda. Bu esa raqobat va tanlovni kuchaytiryapti. Bundan tashqari oliy taʼlim muassasalarida ishga qabul qilish boʻyicha tanlov hayʼatlari faoliyat yuritadi va ular saralab ishga olishadi. Maʼlumki, tyutorlik (men guruh rahbari, murabbiyi degan boʻlardim) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa professor-oʻqituvchini qogʻoz, jadval, tadbirlardan ozod qilib, ancha yengillik berdi, faqat taʼlim jarayoni bilan shugʻullanishiga imkoniyat yaratmoqda.
Albatta, haqiqiy oliy taʼlim tamoyillari ustuvor boʻlishi kerak, hech kim majburan oliy taʼlimda oʻqimasligi kerak, oʻzlashtira olmagan talaba joyni band qilmasligi kerak. Imtiyozlar oʻz chegarasida boʻlishi kerak. Fikrimcha, imtiyozlar oʻzlashtira olmayotgan talabaga emas, iqtidorli talabaga qoʻshimcha ragʻbat sifatida berilishi kerak.
Maqsad yuksak, harakat jiddiy
Albatta har qanday davr oʻz hisoboti, erishilgan natijalar koʻlami bilan ahamiyatlidir. Togʻ-kon sanoati rivoji kadrlar tayyorlash tizimi oldiga katta vazifalarni qoʻymoqda. Dunyo bozorida qora va rangli metallarga talabning ortishi ishlab chiqarish hajmining koʻpayishiga olib kelmoqda. Shuningdek raqamlashtirish va avtomatlashtirish bugungi kunda metallurgiya sohasining dolzarb vazifasi sifatida koʻrilmoqda. Bundan kelib chiqib, togʻ-kon sanoati mutaxassislarini tayyorlab berayotgan oliy taʼlim muassasalari zimmasida masʼuliyat ham ortmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ishlab chiqarish korxonalarining yildan yilga modernizatsiyasi hisobiga yangi taʼlim yoʻnalishlari tashkil etilmoqda. Joriy oʻquv yilida yangi Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti ish faoliyatini boshladi. Magistratura mutaxassisliklari – metallurgiya, foydali qazilma konlarini qazish (ochiq usulda), konchilik ishlarini elektrlashtirish va avtomatlashtirish yoʻnalishlarida ham talabalarga yuqori salohiyatli oʻqituvchilar taʼlim berishmoqda. Filial ilmiy salohiyatidan kelib chiqib metallurgiya yoʻnalishida doktorantura tashkil etildi. Taʼlim jarayonida mehnat qilayotgan 159 nafar professor-oʻqituvchidan 61 nafari ilmiy darajaga ega, ulardan 7 nafari fan doktori, 54 nafari fan nomzodi ilmiy darajasiga ega. Ilmiy salohiyat bugungi kunda 38,4% ni tashkil etadi. 40 yoshgacha ilmiy darajalilarning ulushi 18,6%dan iborat. Bugungi kunda kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida 5061 nafar talaba tahsil olmoqda. 2022-yil professor-oʻqituvchilar ilmiy salohiyatini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi - 10 nafari falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi, 1 nafari professor, 4 nafari dotsent va 1 nafari katta ilmiy xodim ilmiy unvonini oldi. 2023-yilda filial professor-oʻqituvchilari tomonidan jami 20 ta (shundan, 2 ta DSc, 18 ta PhD) dissertatsiyalarni himoyasi rejalashtirilgan. Maʼlumot uchun: 2017-yilda 2 ta (1 ta DSc, 1 ta PhD), 2019-yilda 3ta (3 ta PhD), 2020-yilda 3 ta (1 ta DSc, 2 ta PhD), 2021-yilda 2 ta (2 ta PhD) dissertatsiyalari himoya qilingan.
Filial professor-oʻqituvchilari tomonidan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-uslubiy ishlar natijalari boʻyicha 288 ta respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda (shundan, 43 tasi “Scopus” maʼlumotlar bazasidagi jurnallarda) maqolalar, xorijiy va respublika hamda OTM miqyosida oʻtkazilgan anjumanlarida 215 tadan ortiq tezislar chop etilgan, 3 ta darslik, 9 ta oʻquv qoʻllanma, 13 ta monografiya nashr qilingan. Shuningdek, 22 ta EHM dasturi uchun guvohnoma, 5 ta ixtiro va foydali model uchun patent olingan. “OKMK” AJ bilan 6 ta loyiha hamda «Oʻzikkilamchirangli metall”AJ, “INTACT” MCHJ, “Asia Element Star” MCHJ bilan jami loyiha miqdori 1 380 550 000 soʻmlik 9 ta xoʻjalik shartnomalari bajarilmoqda.
Filial professor-oʻqituvchilari tomonidan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 592 mln. soʻmlik “Mahalliy xomashyolar asosida agressiv muhitda ishlatiladigan keramik kislotaga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida startap loyiha (loyiha rahbari UlugʻbekUmurov) boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. Hozirda ishlab chiqarilayotgan kislotabardosh gʻishtlarni “OKMK” AJ korxonalariga sotish ustida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 150 mln soʻmlik “Qovun pashshasiga qarshi feromonli tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida innovatsion loyiha (loyiha rahbari k.f.n. Turgʻunboy Djumaqulov) amalga oshirildi. Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali doktoranti Elyor Masidiqov tomonidan tayyorlangan “xomashyolarni kremniysizlantirish” uskunasi ishlab chiqarish sharoitida sinovdan oʻtkazildi va metallurgiya korxonalari chiqindilaridan foydali komponentlar hamda kremniy xomashyosi olindi.
Yildan yilga professor-oʻqituvchilar safini yosh, bilimli olimlar toʻldirayotgani quvonarli. Ana shunday yoshlardan biri Sarvar Parmonov (PhD) joriy yil fevral oyida Hindistonda boʻlib oʻtgan SHHT yosh olimlarining 2-Konklavida metallurgiya sohasidagi ilmiy izlanishlari boʻyicha maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
Oliy taʼlim va ishlab chiqarish uzviyligi taʼminlanishi kerak
Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali hududdagi eng yirik metallurgiya korxonasi “Olmaliq KMK” AJ bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Besh yillik faoliyatga ega yosh jamoamiz malakali, yetuk kadrlar tayyorlash, zamonaviy metallurgiya muammolariga yechim topish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda ulkan sanoat salohiyatiga ega, dunyodagi yirik togʻ-kon korxonalaridan biri OKMK tajribasiga suyanadi. Filial faoliyati davomida moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, laboratoriya va oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, professor-oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish kombinat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlaridan namunadir. Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi bugungi kunda har ikki tomon diqqat markazida turgan asosiy masala hisoblanadi.
Filialimizning innovatsion hamkorlik aloqalari “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “TEXNOPARK“ OAJ “Toshkent IES” AJ, “Ohangaronsement” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi”OAJ QK, “Oʻzmetkombinat”AJ, “Dehqonobod kaliy koni” AJ “Ammofos-Maksam” AJ kabi korxonalar bilan yoʻlga qoʻyilgan. Hamkorlikning malaka oshirish, oʻquv amaliyoti, doktorlik, nomzodlik, magistrlik dissertatsiyalari, bitiruv malakaviy ishlari, kurs ishlari ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik, xoʻjalik shartnomasi kabi shakllari amalga oshirilmoqda.
Korxonada kafedra auditoriyasi
Taʼlim, ilm-fan va sanoat integratsiyasi taʼlimiy, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatlarining mushtarak maqsad sari yoʻnaltirilganligidir. «Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”da yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish belgilangan. “Olmaliq KMK” AJ asosiy kadrlar buyurtmachisi sifatida TDTU Olmaliq filiali bilan hamkorlikda talabalarning tegishli soha boʻyicha taʼlim jarayonidan tashqari vaqtda mehnat faoliyati olib borishlari uchun sharoitlar yaratmoqda. Kombinatning ishlab chiqarish korxonalarida kafedra auditoriyalari tashkil etilgan boʻlib, talabalar uchun taʼlim jarayoni bevosita ishlab chiqarish hududida tashkil etilgan. Professor-oʻqituvchi tomonidan oʻtilayotgan dars mashgʻulotiga korxona yetakchi mutaxassisi ham jalb etiladi. Bu esa taʼlim samaradorligi oshishiga olib keladi. Qalmoqqir koni boshqarmasida tashkil etilgan kafedra auditoriyasida talabalar konning geologik tuzilishi, kon rudalarining tarkibi, qazib olish va tashish usullari haqida ishlab chiqarish hududining oʻzida bilimlarini yanada boyitmoqda. Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “yuragi” sanaluvchi Mis boyitish fabrikasida tashkil etilgan kafedra auditoriyasida rudani qayta ishlash, metallni ajratib olish texnologik jarayonlarini bevosita kuzatish, xavfsizlik texnikasiga rioya etgan holda ishtirok etish talabalarga ixtisoslikni chuqur oʻrganishga imkoniyat yaratmoqda. Mazkur amaliyotning tatbiq etilishi bilan OKMKning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, qattiq raqobatchilik sharoitlarida tarmoqning samarali faoliyat yuritishini taʼminlay oladigan yosh va isteʼdodli mutaxassislarni jalb etish vazifasini ham hal etiladi.
Ishlab chiqarishdan dual taʼlimga
Oliy taʼlim muassasasi va kadrlar buyurtmachilari bilan oʻzaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash boʻyicha tizimli ishlar natijasida dual taʼlim filialimizda samarali yoʻlga qoʻyilgan. Ilmiy darajasi boʻlmasa-da, lekin katta kasbiy tajribaga ega, “metallurgiya piri” hisoblangan kuchli mutaxassislar taʼlim jarayoniga keng jalb etilmoqda. Albatta, OKMK - ulkan tajriba, mehnat, bilim va mahorat maskani. Texnik va texnologik jarayonlarni puxta egallagan kombinat mutaxassislarining oliy taʼlim mazmunini shakllantirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish - rejadagi loyihalarimizdan biri. Maqsadimiz, biz tayyorlagan mutaxassislar malakaviy darajasi mehnat bozorining talablariga yetarlicha javob bera olsin. Maʼlumki, bakalavr taʼlimida talaba amaliyot uchun ishlab chiqarish korxonalariga yuboriladi. Ilgari nomiga amalga oshirilgan amaliyot darslari hozirda son jihatdan koʻpaytirilib, sifat darajasi oshishiga katta ahamiyat berilmoqda. Talabalarning amaliy ish vazifalari ham dual taʼlim jarayonida, korxonada amalga oshiriladi. 2-3-bosqich talabalari amaliyot davrida stajyor sifatida rasmiylashtirilib, unga maosh toʻlanishini joriy etish OKMK rahbariyati bilan rejalashtirilgan yana bir loyihadir.
Bitiruvchi stajyor sifatida ishga qabul qilinsa...
Oliy maʼlumotga ega boʻlgan yoshlarni ish bilan taʼminlash yoʻlida TDTU Olmaliq filiali “Olmaliq KMK” AJ bilan hamkorlikda yana bir loyihani amalga oshirmoqda. Oliygohni tugallagan bakalavr bitiruvchilari stajyor sifatida kombinat korxona va tashkilotlariga ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Buning natijasida bugun qoʻliga ixtisoslik diplomini olgan yosh mutaxassis stajyor sifatida ish oʻrganadi, maosh oladi. Ertaga kombinat ishchi-xodimi sifatida ishga joylashishi uchun malakasini oshirib, muhim qadamlarni qoʻyadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab, 5 yil ish stajiga ega boʻlgan ishchi-xodimlar uchun maxsus sirtqi taʼlim shakli joriy etilgan boʻlib, TDTU Olmaliq filialida OKMKda mehnat qilayotgan 200 nafardan ortiq ishchi-xodim taʼlim oldi. Yuqori malakaga ega boʻlgan kombinat ishchilari endi oliy maʼlumotga ham ega boʻlishdi. Filialimizda tashkil etilgan kechki va sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotgan, magistratura mutaxassisligi boʻyicha taʼlimni davom ettirish niyatida boʻlgan yoshlar uchun ham imkoniyatlar yaratiladi.
Ilm-fan sanoat rivoji yoʻlida
Maʼlumki, har qanday rivojlanish, yuksalish asosini ilm-fan, uning qay darajada taraqqiy etganligi belgilaydi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning innovatsion va yuqori texnologik formatga oʻtishi har bir amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqoqot ishlarining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. TDTU Olmaliq filialida faoliyat yuritib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan professor-oʻqituvchilar “Olmaliq KMK” AJ korxonalarining ishlab chiqarish muammolarini tadqiq etish va hal etish yoʻlida izlanmoqdalar. Ilmiy tadqiqot ishlari natijasida “Mis fosforidi olish texnologiyasini ishlab chiqish” (t.f.d, professor M.M.Yakubov), “Gidrometallurgik usulda rux keklarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish (t.f.d., dos.D.B.Xoliqulov), “Olmaliq KMK” AJ MOF-2 temir saqlovchi chiqindilaridan (xvost) temir oksidini ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish” (PhD N.M.Askarova), “Eskirgan rezina-texnika mahsulotlari asosida modifikatsiyalangan polimer-bitum mahsulotlarini olish texnologiyasini yaratish” (PhD V.N.Jurayev) kabi grant loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, “Oksidlangan mis rudalarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini yaratish” mavzusi boʻyicha amaliy loyiha (t.f.d., dotsent D.Xoliqulov rahbarligida), “Rux saqlovchi poʻlat eritish changlarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish (t.f.d. professor A.Samadov rahbarligida), «Koʻmir konini kompleks usulda qazib olish sharoitida sodir boʻladigan xavfli geomexanik va geodinamik jarayonlar taʼsirini prognozlash va koʻmir razrez bortlarining ustuvorligini baholash, 3D-modelini yaratish (t.f.d.,professor S.S.Sayyidqosimov rahbarligida), “ Yer osti gazi va koʻmirdan foydalangan holda Angren koʻmir konidan chiqarib tashlanuvchi ikkilamchi kaolindan alyuminiy oksidi ishlab chiqarishning yangi tejamkor texnologiyasini yaratish (PhD N.M.Askarova rahbarligida), “Energiya va resurs tejovchi yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va qoʻllash asosida burgʻilash uskunalarini avtonom energiya bilan taʼminlash qurilmalaridan chiqarib yuborilayotgan ikkilamchi issiqlik manbaidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratish” (t.f.n., dos. D.A.Rismuxamedov rahbarligida) mavzusidagi amaliy loyihalar, albatta, ulkan metallurgik korxonaning samarali faoliyatiga xizmat qiladi.
Oliy taʼlim tizimi yangilanish bosqichida. Har bir sohada keng koʻlamli islohotlar samarasi yaqqol koʻrinayotganidek, ishonamiz, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi ham dunyo reytinglarida tan olinishi yaqin. Bu jarayonga har bir oliy taʼlim muassasasi, har bir jamoa oʻzining salmoqli hissasini qoʻshishga qodir.
Alisher Samadov,
Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali direktori,
Texnika fanlari doktori,
professor









