– Har bir musulmon uchun ulugʻ boʻlgan Ramazon oyida bunday loyihaning yaratilishi ramziy maʼno kasb etadi. Bu filmni Oʻzbekiston miqyosida qanchalik koʻp odam koʻrsa, shunchalik koʻp xursand boʻlamiz, Bu albatta, siz bilan navbatdagi katta loyihalarga qoʻl urishimizga asosiy omil boʻladi, - dedi BBC oʻzbek xizmati Bosh muharriri Xayrullo Fayz.
2019-yil Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning Londondagi BBC oʻzbek xizmatiga tashrifi davomida Usmon Qurʼoni haqida film yaratish taklifi berilgan edi. Ammo pandemiya sabab suratga olish ishlari maʼlum vaqt toʻxtab qolgan loyiha nihoyasiga yetib, tez kunda tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilinishi belgilangan.
– 2017-yil sentyabrda Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi ilgari surilgan edi. Unda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni oʻrnatish, diniy erkinlikni taʼminlash eng muhim masalalardan biri sifatida eʼtirof qilingan. “Usmon Qurʼonining qaytishi” filmida ham Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirishga alohida urgʻu berilgan.
Film nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon ahlini xursand qiladigan kinofilm boʻladi, desam adashmayman. “Usmon Qurʼonining qaytishi” filmini Ramazon Hayiti arafasida yurtimiz telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan. Unda nafaqat filmning maxsus taqdimoti, balki film boʻyicha koʻrsatuvlar, ijodiy suhbatlar tashkil etiladi. Ayniqsa filmning muborak Ramazon oyida premyera qilinishi xalqimiz uchun bayram tuhfasi boʻlishiga ishonaman, - dedi Kinematografiya agentligi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK direktori Furqat Usmonov.
Gʻoya muallifi va loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov, ssenariy muallifi va boshlovchisi Luiza Iskandariy, sahnalashtiruvchi rejissyor Mehrubon Alizoda, sahnalashtiruvchi operator Azizbek Normatov, rassom Alisher Umrzoqov. Tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borilgan.
Filmda ushbu nodir muqaddas qoʻlyozmaning XIX asr oxirida Rossiyaga yuborilishi, Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlanishi va keyinchalik Ufa muftiyatiga topshirilishi bilan voqealar oʻrganilgan. Arxiv hujjatlari asosida Usmon Qurʼonining 1923-yilda Oʻzbekistonga qaytarilishi haqida hikoya qilingan. Filmda Usmon Qurʼonining 1989-yilda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasiga topshirilishiga guvoh boʻlgan insonlarning hikoyalaridan ham foydalanilgan.
Maʼlumot uchun, YUNESKOning “Dunyo xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan Qurʼon kitobini koʻrgani Toshkentga har yili dunyoning koʻplab davlatlaridan yuz minglab musulmonlar va sayyohlar kelishadi. Usmon Qurʼoni bu Qurʼoni Karimning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxasi hisoblanadi.
Xorijiy mutaxassislar fikricha, Oʻzbekiston oʻziga xos ajoyib mamlakat boʻlib, unda ikkita noyob Qurʼon kitobi saqlanmoqda. Birinchi kitob haqida ikki yil avval BBC bilan hamkorlikda “Katta Langar qurʼoni: sirlar va haqiqatlar” filmi suratga olingan.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati