Aynan shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan yuzma-yuz, samimiy suhbatlashishi, fikr almashishi, ular faoliyatidagi muammo va kamchiliklarga shaxsan qiziqib, yechim topib berayotgani juda eʼtiborga molik jihatdir.
Bugun davlat rahbari bilan uchrashuv tadbirkorlar intiq kutadigan tadbirga aylandi. Anʼanaviy anjuman soha vakillari uchun tashabbus va gʻoyalar maydoniga aylandi. Avvalgi ikki tadbir orasidagi vaqt esa ularni yuzaga chiqarish uchun qulay fursat boʻlmoqda. Shu bois, unga qiziqish yil sayin ortib bormoqda.
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti joriy yilda uchinchi bor tashkil etiladi. Hozir unga jiddiy tayyorgarlik kechmoqda. Shu munosabat bilan biz oldingi ikki uchrashuv bilan bogʻliq ayrim fakt va raqamlar asosida kichik bir sharh tayyorlashga harakat qildik.
2021-yilning 20-avgusti yurtimiz tadbirkorlari, ishbilarmonlari, Oʻzbekistonda faoliyat yuritiyotgan biznes vakillari uchun tarixiy kun boʻldi. Sababi, oʻsha kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tadbirkorlari bilan mamlakat tarixida ilk marotaba ochiq muloqot oʻtkazdi.
Samimiy, dildan kechgan suhbat soha vakillarida katta taassurot qoldirdi. Kimdir koʻnglidagi gaplarni aytdi, kimdir ulgurmay qoldi. Vaqt yetmadi. Lekin buning yechimi ham shu yerning oʻzida topildi. Uchrashuvda Prezidentimiz 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb eʼlon qilish taklifini bildirdi va yigʻilganlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Negaki, aynan shu taklif asosida ochiq muloqot har yili oʻtkazilishi belgilab olindi. Endi bu boshqalarga bevosita davlat rahbariga oʻz faoliyati, rejalari, muammolari haqida maʼlumot yetkazishga katta imkoniyat berdi.
Dastlabki uchrashuvda jami oʻn mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar soʻralgan edi. Ana shu soʻrovlar asosida, eʼtibor qiling, turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaat kelib tushgandi. Ularning aksariyati, yuqorida sanab oʻtganimizdek, moliya-kredit, soliq, yer ajratish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yuklarni tashish kabi masalalarga bogʻliq boʻldi. Bunday masalalarni tadbirkorlar bevosita uchrashuv chogʻida ham aytib oʻtishdi.
Muammolar bor, ularni hal etish nafaqat soha vakillari ishiga unum beradi, balki iqtisodiyotimiz rivoji, odamlar turmush sharoitini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Uchrashuvda ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalish koʻrsatib oʻtildi. Har bir yoʻnalish boʻyicha dolzarb vazifalar belgilanib, yangi tashabbuslar ilgari surildi. Vazirlik, idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ushbu masalalar qanchalik muhim boʻlsa, ular ijrosiga ham shuncha tezkorlik bilan kirishildi. Zarur huquqiy asos va shart-sharoitlar yaratildi. Bularning natijasi esa 2022-yilgi ochiq muloqotda keltirilgan raqamlarda oʻz aksini topdi.
“...Oʻtgan yilgi uchrashuv arafasida va tadbir davomida sizlardan kelib tushgan minglab murojaatlarda koʻtarilgan muammolarni hal etish va takliflarni amalga oshirishga qaratilgan katta dastur, 70 dan ortiq farmon va qaror qabul qildik”, deya taʼkidladi davlatimiz rahbari bu galgi uchrashuvda.
Bir yilda, yaʼni ochiq muloqotdan ochiq muloqotgacha boʻlgan davrda birgina soha uchun 70 dan ziyod hujjat qabul qilinishi hazilakam gap emas. Bu tadbirkorlik izchil qoʻllab-quvvatlanayotgani yaxshi ishbilarmonlik muhiti yaratish yoʻlidagi islohotlarning ajralmas qismi ekanidan, eng asosiysi, soha vakillari shaxsan davlat rahbari eʼtiboridaligidan dalolatdir.
Imkoniyat va ragʻbat faoliyatga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar sirasiga kiradi. Shu jihatdan olganda, bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan biznes uchun 55 mingdan ortiq bino barpo etilgani ularning kelajakka ishonib, qoʻrqmasdan koʻchmas mulkka, biznesga investitsiya tikayotganini anglatadi.
Shu vaqt ichida tushumi 1 million dollardan ortgan tadbirkorlik subyektlari soni 5 mingtaga oshib, 26 mingtani tashkil qildi. Yana ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazdi. 220 nafarining tushumlari 100 million dollardan oshdi. Mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foiz koʻpaydi.
— Bugun tadbirkorlikning oqsayotgan biror yoʻnalishi yoʻqki, jiddiy eʼtibor qaratilib, tezda rivojlanish bosqichiga olib chiqishga harakat qilinmayotgan boʻlsin, — deydi Kitob tumanidagi “Doktor Boboev health center” klinikasi rahbari Alisher Boboyev. — 2022-yil 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda koʻpchilik qatori men ham ishtirok etib, xususiy sektorda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻz takliflarimni aytgandim. Yaʼni oʻshanda birgina Qashqadaryo viloyatida 900 nafarga yaqin yuqori malakali shifokorga ehtiyoj bor. Respublika miqyosida esa bu koʻrsatkich yanada ortishi aniq. Shuningdek, mavjud kadrlar malakasini oshirish masalasi ham shu paytgacha faqatgina davlat tasarrufidagi markazlarda amalga oshirib kelinmoqda. Shifokorlar malakasini oshirishga xususiy sektorda ham ruxsat berilsa, bu borada yanada qulaylik yaratilishini aytgandim. Bu loyiham Prezidentimizga maʼqul keldi. Shu vaqtning oʻzida tegishli koʻrsatmalar berib, harakat boshlashim mumkinligini bildirdi. Oradan bir yil vaqt oʻtdi. Hozir Kitob tumanidagi klinakamizda klinik ordinatura tashkil etilib, ish boshlangan. Aytish kerakki, xususiy sektorda bunday imkoniyat MDH davlatlarida ham yoʻq.
Bugun bunday misollarni tadbirkorlikning istalgan yoʻnalishidan keltirish mumkin. Binobarin, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotimizning ustuvor yoʻnalishi sifatida oʻzini namoyon etmoqda. Koʻp ishbilarmonlar biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish oʻrinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylanayotgani, ichki va tashqi bozorda nufuzi hamda brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllanayotgani shundan dalolat beradi.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri