Murakkab atamalarni anglash osonlashadi

    Mazkur lugʻat nafaqat fan vakillari, balki nashriyot xodimlari, oʻzbek tilini ilmiy oʻrganishni maqsad qilgan barcha uchun gʻoyat muhim qoʻllanma.

    Ekotizim, bioxilmaxillik, genofond kabi soʻzlar bugun tilimizda keng qoʻllanilyapti. Ammo ularning mazmun-mohiyatini hamma ham anglayvermaydi. Hatto mutaxassislar ham bu borada baʼzan qiyinchiliklarga duch kelishadi. Biroq bugungi kunda tarkibida xalqaro terminelementlar boʻlgan bu kabi minglab soʻzlar oʻzbek tilining lugʻat tarkibi va terminologik tizimini boyitayotganini hisobga oladigan boʻlsak, albatta, ularni oʻrganishga ehtiyojimiz bor. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida “Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lugʻati” chop etildi. Mazkur lugʻat taqdimoti Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida boʻlib oʻtdi.

    Tilshunoslar, tadqiqotchi olimlar va talabalar qatnashgan tadbirda departament vakillari, Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili va adabiyoti folklor instituti ilmiy xodimlari hamda mualliflar lugʻatning yaratilishi va uning oʻzbek tilini rivojlantirishdagi ahamiyati xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

    Institut direktori Nizomiddin Mahmudovning taʼkidlashicha, asl ildizi yunoncha, lotinchaga borib taqaladigan koʻpgina soʻzlar dunyodagi tillarning deyarli hammasida faol ishtirok etyapti va bu oʻsha tillar va fanning rivojlanishida oʻziga xos oʻrin tutadi. Xalqaro terminlarni bir butun holda tasvirlovchi bunday lugʻat oʻzbek leksikografiyasidagina emas, balki turkiy xalqlar lugʻatchiligida ham ilk tajribadir. Uni yaratishda Abduvahob Madvaliyev, Neʼmat Mahkamov, Zuhra Mirahmedova, Akmalxoʻja Saidnoʻmonov kabi tajribali mualliflarning xizmati beqiyos.

    — Lugʻat nafaqat fan vakillari, balki nashriyot xodimlari, oʻzbek tilini ilmiy oʻrganishni maqsad qilgan barcha uchun gʻoyat muhim qoʻllanma. “Donishmand ziyosi” nashriyoti tomonidan 3 ming nusxada chop etilgan ushbu kitob 280 betdan iborat boʻlib, turli soha mutaxassislari va keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan, — deydi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Rustam Tursunov. — Lugʻatda mingdan ziyod xalqaro terminelementga izoh berilgan. Ayni paytda lugʻatning kompyuter dasturi shakllantirilyapti. Shuningdek, qoʻllanma tez orada lotin yozuvida ham nashr etiladi.

    Lugʻat barcha davlat tashkilotlari va idoralari, hokimliklar, oliy oʻquv yurtlariga begʻaraz tarqatiladi.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri