Murojaatchi uyiga yaqin hududda boshlangan qurilish ishlari toʻxtatildi — Ombudsman

    Taʼkidlanishicha, mazkur qurilish loyihasi boʻyicha Arxitektura rejalashtirish topshirigʻi tayyorlanmagan, obyekt Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashidan oʻtkazilmagan hamda tegishli ruxsatnoma olinmagan ekan.

    Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi fuqaro A.S. xonadoni oldidan atiga 5 metrlik masofa uzoqligida qurilish boshlanganidan norozi boʻlib Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga qilgan murojaati oʻz yechimini topdi.

    Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, holat ishchi guruh tuzilgan holda oʻrganildi.

    Oʻrganish davomida dastlab, qurilishga oid hujjatlar soʻralganda tadbirkor tomonidan ular taqdim qilina olmadi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Andijon viloyati Asaka tumani qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimiga Ombudsman soʻrovi kiritildi.

    Ombudsmanga maʼlum qilinishicha, mazkur qurilish loyihasi boʻyicha Arxitektura rejalashtirish topshirigʻi tayyorlanmagan, obyekt Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashidan oʻtkazilmagan hamda tegishli ruxsatnoma olinmagan.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi “Qurilish sohasiga oid ayrim maʼmuriy reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda kelishmasdan bino-inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish taʼqiqlanadi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqaro murojaati ijobiy hal qilinib, aholi yashash hududiga yaqin masofada boshlangan qurilish ishlari toʻxtatildi.