U muhim vazifalar dasturi boʻlish barobarida soʻnggi toʻqqiz yilda bosib oʻtilgan islohotlar yoʻlini chuqur tahlil qilish, erishilgan natijalarni xolis baholash va yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining navbatdagi strategik bosqichini belgilab berishga qaratilgan mukammal konseptual hujjatdir.
Mazkur Murojaatnoma mamlakatimiz iqtisodiy modelining evolyutsiyasi, institutsional islohotlarning samaradorligi va jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan keskin oʻzgarishlar sharoitida mamlakatimizning strategik javobini oʻzida mujassam etgan keng qamrovli dastur.
Yangi iqtisodiy model: ochiqlik, samaradorlik va ijtimoiy masʼuliyat
Keyingi yillarda dunyo miqyosida globallashuv jarayoni yangicha mazmun kasb etmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, savdo urushlari, logistika zanjirlarining uzilishi, inflyatsiya bosimi va xavfsizlik tahdidlari kuchayib borayotgan bir paytda milliy iqtisodiyotdan nafaqat oʻsish, balki barqarorlik, moslashuvchanlik va texnologik raqobatbardoshlik talab etilmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda iqtisodiyotimizning izchil oʻsishda davom etayotgani, makroiqtisodiy muvozanat saqlanayotgani va islohotlar ijtimoiy natija berayotgani Murojaatnomada asosli raqamlar va dalillar bilan koʻrsatib berildi.
2016-2017-yillarda mamlakatimiz oldida turgan asosiy vazifa iqtisodiy ochiqlikni taʼminlash, bozor mexanizmlarini joriy etish va davlatning iqtisodiyotdagi ortiqcha ishtirokini qisqartirish boʻlgan, bugun kun tartibida esa mutlaqo yangi masalalar turibdi. Yaʼni yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan iqtisodiy oʻsish modeliga oʻtish, inson kapitaliga tayanadigan taraqqiyot, ijtimoiy adolat va hududlar oʻrtasida mutanosib rivojlanishni taʼminlash.
Islohotlarning eng muhim natijasi har bir inson hayotida sezilayotganidadir. Bu esa iqtisodiy siyosatning toʻgʻri yoʻnaltirilgani, davlat boshqaruvida qaror qabul qilish jarayoni tobora inson manfaatiga yanada koʻp xizmat qilayotganidan dalolat beradi. Bugun makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, investitsiya hajmi yoki eksport oʻsishiga shunchaki maqsad emas, balki aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotgan vosita sifatida qaralmoqda.
Murojaatnomada keltirilgan yalpi ichki mahsulot hajmining tarixiy marralarga yetishi, oltin-valyuta zaxiralarining rekord darajada oʻsishi, suveren reytingning yaxshilanishi kabi faktlar iqtisodchilar uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki bunday koʻrsatkichlar mamlakatning tashqi moliya bozorlaridagi ishonchini, sarmoya jalb qilish imkoniyatlari va uzoq muddatli barqaror oʻsish salohiyatini belgilab beradi.
Shu bilan birga, Murojaatnomada kelgusi besh yil uchun juda aniq hisob-kitob qilingan va iqtisodiy mantiqqa asoslangan marralar qoʻyilgan. Ayniqsa, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy institut sifatidagi rolini kuchaytirish, inson kapitali va kasbiy taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish masalalari strategik ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, ushbu Murojaatnomani yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining navbatdagi sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtish deklaratsiyasi deb baholash mumkin.
Soʻnggi toʻqqiz yil iqtisodiy tariximizda tub burilish davri sifatida baholanishi, hech shubhasiz, asoslidir. Chunki aynan shu davrda iqtisodiy rivojlanishning maʼmuriy-buyruqbozlik qoliplaridan voz kechilib, bozor iqtisodiyotining institutsional asoslari shakllantirildi.
Iqtisodiy fan nuqtayi nazaridan qaralganda, har qanday transformatsiyaning muvaffaqiyati uchta asosiy omilga bogʻliq. Birinchisi, siyosiy iroda, ikkinchisi, toʻgʻri tanlangan institutsional islohotlar, uchinchisi esa jamiyatning ushbu islohotlarni qabul qilishi va qoʻllab-quvvatlashi.
Aynan shu uch omilning uygʻunligi iqtisodiy islohotlarning barqaror va qaytmas tus olishiga xizmat qildi. Davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi bilan boshlangan ochiq iqtisodiy siyosat, valyutani liberallashtirish, tashqi savdoni erkinlashtirish, soliq va bojxona tizimini isloh qilish kabi qarorlar qisqa muddatda iqtisodiy muhitni tubdan oʻzgartirdi. 2016-yilga qadar iqtisodiyotdagi asosiy muammo resurslarni taqsimlashda shaffoflikning yoʻqligi va xususiy tashabbuslarning cheklangani boʻlgan, keyingi yillarda esa asosiy eʼtibor iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va inson manfaatini islohotlar markaziga qoʻyishga qaratildi.
Yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollardan oshishi, eksportning 33 milliard dollarga yetishi, investitsiyalarning YAIMdagi ulushi qariyb uchdan bir qismni tashkil etgani tasodif emas. Ushbu koʻrsatkichlar iqtisodiy siyosatning toʻgʻri yoʻnaltirilgani, ichki va tashqi resurslar samarali ishga solinganini anglatadi.
Ayniqsa, YAIM hajmining qisqa davrda deyarli 2 barobar oshishi iqtisodchilar uchun muhim signaldir. Chunki bu oʻsish faqat narx omillari hisobiga emas, balki real ishlab chiqarish, xizmatlar sohasi va investitsiya faolligining kengayishi orqali taʼminlandi. Energetika, qurilish, sanoat va xizmatlar sohasidagi islohotlar iqtisodiy oʻsishning koʻp tarmoqli va muvozanatli boʻlishiga xizmat qildi.
Bu jarayonda davlatning roli ham mutlaqo yangicha mazmun kasb etdi. Davlat iqtisodiyotdagi bevosita ishlab chiqaruvchi subyekt sifatida emas, balki qoidalar yaratuvchi, bozor mexanizmlari ishlashini taʼminlovchi va ijtimoiy adolatni kafolatlovchi institut sifatida namoyon boʻla boshladi. Soliq yukining pasaytirilishi, litsenziya va ruxsatnoma tartib-taomillarining soddalashtirilishi, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi iqtisodiy faollik uchun qulay muhit yaratdi.
Shu bilan birga, transformatsiya jarayonida ijtimoiy omil eʼtibordan chetda qolmadi. Murojaatnomada alohida urgʻu berilgan kambagʻallikni qisqartirish siyosati iqtisodiy islohotlarning insonparvar mohiyatini yaqqol koʻrsatadi. Iqtisodiy nazariyada kambagʻallikni qisqartirish faqat ijtimoiy xarajatlarni oshirish orqali emas, balki aholini ish bilan taʼminlash, mehnat bozorini kengaytirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilish orqali samarali amalga oshirilishi taʼkidlanadi.
Mahalla darajasida tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, ish oʻrinlari ochish, kredit va subsidiyalar orqali aholini iqtisodiy faollikka jalb qilish natijasida koʻplab odamlar kambagʻallikdan chiqarildi. Bu esa iqtisodiy oʻsishning ijtimoiy samarasi borligi, islohotlar “qogʻozda” emas, balki odamlar hayotida namoyon boʻlayotganini anglatadi.
Transformatsiya jarayonining yana bir muhim jihati iqtisodiy oʻsish va makroiqtisodiy barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatni saqlab qolishdir. Koʻplab mamlakatlar tajribasida tezkor oʻsish inflyatsiya, tashqi qarzning ortishi yoki moliyaviy beqarorlikka olib kelgan holatlar uchraydi. Yurtimizda esa pul-kredit va fiskal siyosatning muvofiqlashtirilgan tarzda yuritilishi inflyatsiyani jilovlash, byudjet intizomini saqlash va tashqi qarzni boshqarish imkonini berdi. Shu nuqtayi nazardan, soʻnggi toʻqqiz yildagi iqtisodiy transformatsiyani faqat miqdoriy oʻsish emas, balki sifat jihatidan yangi bosqichga chiqish deb baholash mumkin. Bu jarayon Murojaatnomada kelgusi yillar uchun belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.
Bugun jahon iqtisodiyoti beqarorlikning yangi davriga qadam qoʻygani ochiq-oydin sezilmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, mintaqaviy nizolar, sanksiyalar siyosati, savdo cheklovlari, logistika zanjirlarining uzilishi hamda moliya bozorlaridagi keskin tebranishlar milliy iqtisodiyotlar uchun jiddiy sinov boʻlib turibdi.
Bunday sharoitda iqtisodiy oʻsishni saqlab qolishdan ham koʻra muhimroq vazifa makroiqtisodiy barqarorlik va milliy iqtisodiy immunitetni taʼminlashdir. Chunki tashqi xatarlarga nisbatan chidamli boʻlmagan iqtisodiyot har qanday shok taʼsirida ijtimoiy muvozanatni yoʻqotishi, inflyatsiya va ishsizlikning keskin oʻsishiga duch kelishi mumkin.
Tajriba soʻnggi yillardagi iqtisodiy siyosat aynan barqarorlikni saqlashga qaratilgan tizimli yondashuvga asoslanganini koʻrsatmoqda. YAIM hajmining oʻsishi bilan bir qatorda oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollardan oshishi mamlakatimizning tashqi shoklarga qarshi “xavfsizlik yostigʻi”ni shakllantirganini anglatadi. Bu zaxiralar nafaqat milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash, balki tashqi qarz xizmatini oʻz vaqtida bajarish, strategik importni kafolatlash imkonini beradi.
Suveren reytingning “BB” darajasiga koʻtarilishi ham iqtisodiy immunitetning mustahkamlanayotganidan dalolat. Iqtisodiy tahlil nuqtayi nazaridan, bunday reyting oʻzgarishi davlat qarzining kamayishi, investitsiyaviy loyihalar uchun uzoq muddatli resurslarning koʻpayishi va mamlakatning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonch darajasi oshishiga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiy oʻsishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim shart-sharoit yaratadi.
Makroiqtisodiy barqarorlikning yana bir muhim elementi tashqi savdo balansining yaxshilanishidir. Eksport hajmi 23 foiz oʻsib, 33 milliard dollardan oshdi. Bu koʻrsatkich faqat miqdoriy oʻsish emas, balki tashqi bozorlarda Oʻzbekiston mahsulotlariga ishonch ortganini ham anglatadi. Ayniqsa, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushining oshib borayotgani milliy iqtisodiyotning xomashyoga bogʻliqlikdan asta-sekin chiqib borayotganini koʻrsatadi.
Global savdo tizimida “oʻyin qoidalari” oʻzgarib borayotgan bir paytda tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi. Tashqi iqtisodiy siyosatda aynan shu yoʻl tanlangani, yaʼni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub bilan hamkorlik koʻpriklarini barpo etishga qaratilgan muvozanatli tashqi iqtisodiy strategiya amalga oshirilayotgani alohida eʼtiborga loyiq.
Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda fiskal va pul-kredit siyosatining uygʻunligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda byudjet intizomining kuchaytirilishi, xarajatlarning maqsadli yoʻnaltirilishi va ijtimoiy sohalarga ustuvor ahamiyat berilishi iqtisodiy oʻsishning ijtimoiy samaradorligini oshirdi. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasining “bir xonali” koʻrsatkichlar doirasida ushlab turilishi aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qildi.
Ayniqsa, aholining real daromadlari oʻsishi va ichki talabning kengayishi iqtisodiy barqarorlikning muhim drayveriga aylandi. Ichki bozorga tayanadigan iqtisodiyot tashqi shoklarga nisbatan ancha barqaror boʻladi. Bu jihatdan, uy-joy qurilishi, ipoteka tizimi, xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosat makroiqtisodiy muvozanatni saqlashda muhim rol oʻynamoqda.
Loʻnda qilib aytganda, erishilgan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar bu faqat oʻtgan va joriy yil natijalari emas, balki kelgusi yillar uchun shakllangan mustahkam iqtisodiy immunitetning ifodasidir. Ana shu barqarorlik iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish uchun zarur boʻlgan asosiy poydevor vazifasini bajaradi.
Miqdor emas, sifat muhim
Iqtisodiy taraqqiyotning zamonaviy bosqichida investitsiya siyosati mamlakat kelajagini belgilab beruvchi omillardan. Murojaatnomada xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb qilish masalasiga alohida strategik ahamiyat qaratilib, bu sohadagi ustuvor yondashuvlar ochiq-oydin belgilab berildi. Ayniqsa, investitsiyalarning miqdoriy emas, sifat jihatidan samaradorligi birinchi oʻringa qoʻyilayotgani eng muhim jihatlardan boʻldi.
Keyingi toʻqqiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingani, oʻtgan yilning oʻzida esa 43 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgani yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligi izchil oshib borayotganini koʻrsatadi. Ammo endi har bir investitsiya mamlakat iqtisodiyotiga qanday texnologiya, bilim va qoʻshilgan qiymat olib kelayotgani mezoni bilan baholanadi.
Iqtisodiy nazariyaga koʻra, investitsiyaning uzoq muddatli samarasi faqat kapital qoʻyilmalar hajmi bilan emas, balki texnologiya transferi, inson kapitali rivoji va ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya darajasi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz yetakchisi ilgari surgan “yuqori texnologiya va eksportga yoʻnaltirilgan investor — eng ishonchli hamkor” tamoyili mutlaqo toʻgʻri strategik yondashuv.
Joriy yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi qoʻyildi. Bu ulkan raqam, ammo uning mazmuni yanada muhim. Yaʼni investitsiyalar energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga xizmat qilishi va mahalliy mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalarga oʻqitish bilan bogʻliq boʻlishi shartligi aniq belgilandi. Bu esa iqtisodiyotni xomashyoga bogʻliq modeldan innovatsion taraqqiyot modeliga olib chiqishga qaratilgan strategik burilishdir.
“Aqlli ishlab chiqarish” sari
Erkin iqtisodiy hududlarni rivojlantirish va ularga yetakchi brendlarni jalb qilish rejasi ham shu mantiqqa toʻla mos keladi. Bunday hududlarda xalqaro standartlar, ekologik va mehnat meʼyorlarini qoʻllashga ruxsat berilishi, maxsus huquqiy va soliq rejimlarining joriy etilishi mamlakatimizni global ishlab chiqarish zanjirlariga chuqurroq integratsiya qilish imkonini beradi. Bu esa sanoat tarmoqlarida texnologik yangilanishni tezlashtiradi.
Sanoatni rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan aniq koʻrsatkichlar qoʻshilgan qiymatni 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va oʻrtadan yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish ilmiy hisob-kitoblarga asoslangan real marralardir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2026-yildayoq 52 milliard dollarlik
782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start berilishi rejalashtirilayotir. Bu yerda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muhim jihat sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirish masalasi. Murojaatnomada keltirilgan misol — bir dollarlik mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini 13 foiz kamaytirish orqali 1 milliard dollar qoʻshimcha qiymat yaratish texnologik yangilanishning iqtisodiy samarasini yaqqol koʻrsatadi. Bu esa sanoatda “koʻp ishlab chiqarish” emas, balki “aqlli ishlab chiqarish” modeliga oʻtilayotganidan dalolat beradi.
Shu maʼnoda, “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi”ni tashkil etish, robototexnika, internet buyumlari va “aqlli fabrika” yechimlarini joriy qilish boʻyicha sinov mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish sanoat uchun mutlaqo yangi sahifa ochadi. Ushbu markaz orqali korxonalar yangi texnologiyalarni joriy etishdan oldin ularni mahalliy sharoitda sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa investitsiya risklarini kamaytirish va texnologik qarorlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va bozor nazorati tizimiga oʻtish rejalari mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim institutsional islohotdir. Davlat nazoratidan bozor nazoratiga oʻtish ishlab chiqaruvchilarga koʻproq erkinlik berish bilan birga isteʼmolchilar manfaatlarini ham himoya qiladi.
Umumiy qilib aytsak, belgilab berilgan investitsiya va texnologik oʻsish siyosati iqtisodiyotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq, puxta hisoblangan va ilmiy asoslangan dasturdir. Bu siyosatning muvaffaqiyati esa davlat, biznes va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikning qanchalik samarali yoʻlga qoʻyilishiga bevosita bogʻliq.
Ijtimoiy masalalar: yangi yondashuvlar va maqsadlar
Soʻnggi yillardagi islohotlarning eng muhim va eng murakkab yoʻnalishlaridan biri ijtimoiy davlatni shakllantirish jarayonidir. Murojaatnomada kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish va inson kapitaliga investitsiya kiritish masalalari alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab berilgani bejiz emas. Chunki zamonaviy iqtisodiyot nazariyasiga koʻra, barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsishning asosiy manbai aynan inson kapitali.
Iqtisodiy taraqqiyotning ilk bosqichlarida davlatlar koʻpincha sanoat va infratuzilmaga eʼtibor qaratadi. Biroq muayyan bosqichdan keyin iqtisodiy oʻsishning sifati aholi salomatligi, taʼlim darajasi, kasbiy malakasi va ijtimoiy faolligi bilan bevosita bogʻliq boʻladi. Mamlakatimiz aynan shu bosqichga kirib bormoqda. Kambagʻallik darajasining 8,9 foizdan 5,8 foizga tushishi, 8,5 milliondan ziyod kishining kambagʻallikdan chiqarilishi iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligi yuqori ekanini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda muhim bir jihatga eʼtibor qaratmoq lozim. Kambagʻallikni qisqartirish siyosati faqat ijtimoiy nafaqalarni oshirish yoki vaqtinchalik yordam koʻrsatish bilan cheklanmadi. Aksincha, asosiy eʼtibor aholini doimiy daromad manbalari bilan taʼminlashga qaratildi. Bu yondashuv iqtisodiy nuqtayi nazardan eng toʻgʻri va uzoq muddatli samara beradigan yoʻl. Mahalla darajasida ish oʻrinlari ochish, mikroloyihalarni moliyalashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kasbga oʻqitish tizimini kengaytirish orqali aholining iqtisodiy faolligi oshirildi. Bu esa kambagʻallikning sabablari bilan kurashishga, yaʼni uning oqibatlarini emas, ildizini bartaraf etishga xizmat qildi.
Kambagʻallikni qisqartirishning mahalla modeli oʻziga xos va innovatsion yondashuvdir. Chunki mahalla nafaqat ijtimoiy institut, balki iqtisodiy faollikni tashkil etuvchi, mahalliy mehnat bozorini shakllantiruvchi muhim platformaga aylanmoqda. Bu model orqali davlat siyosati eng quyi boʻgʻinga — insonning kundalik hayotiga bevosita yetib borayotgani islohotlarning eng katta yutugʻi.
Ijtimoiy davlat konsepsiyasining yana bir muhim elementi taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasiga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalardir. Shu bois, kambagʻal oilalar farzandlarini davlat bogʻchalariga qabul qilish, inklyuziv taʼlimni joriy etish, tibbiy xizmatlarni kengaytirish kabi masalalarga alohida urgʻu berildi. Bu chora-tadbirlar qisqa muddatda byudjet xarajatlarini oshirishi mumkin, ammo uzoq muddatda jamiyatning mehnat unumdorligi, innovatsion salohiyati va ijtimoiy barqarorligini taʼminlaydi.
Xalqaro tajriba inson kapitaliga sarflangan har bir dollar kelgusida bir necha barobar iqtisodiy qaytim berishini koʻrsatadi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va kasbiy tayyorgarlikka yoʻnaltirilayotgan resurslar aynan shu mantiqqa asoslanmoqda. Davlatimiz rahbari belgilagan maqsad — aholini “ijtimoiy yordam oluvchi” emas, balki “iqtisodiy faol subyekt” sifatida tarbiyalash ijtimoiy davlatning zamonaviy modeliga toʻliq mos keladi.
Shuningdek, ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash masalasi ham Murojaatnomada markaziy oʻrin egalladi. Ijtimoiy himoyaning raqamlashtirilishi, maqsadli yordam mexanizmlarining joriy etilishi davlat resurslarining manzilli va samarali sarflanishiga xizmat qilmoqda. Bu esa aholi oʻrtasida davlat siyosatiga ishonchni mustahkamlaydi, ijtimoiy kelishuvni kuchaytiradi.
Sodda qilib aytganda, kambagʻallikni qisqartirish va inson kapitaliga qaratilgan siyosat Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat sifatida shakllantirishning mustahkam poydevorini yaratmoqda. Bu poydevor esa iqtisodiy oʻsishni barqaror, inklyuziv va adolatli qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Aholi bilan davlat oʻrtasidagi mustahkam koʻprik
2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilish taklifini oddiy tashkiliy yoki maʼmuriy tashabbus sifatida baholash xato boʻladi. Aslida, ushbu qaror davlat va jamiyat munosabatlarini tubdan qayta anglash, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy tizimdagi oʻrnini yangi mazmunda belgilashga qaratilgan strategik qadamdir.
Iqtisodiy nazariyaga koʻra, jamiyat taraqqiyotining muvaffaqiyati koʻp jihatdan ijtimoiy kapital darajasiga bogʻliq. Ijtimoiy kapital deganda, odamlar oʻrtasidagi ishonch, hamkorlik, oʻzaro yordam va jamoaviy masʼuliyat tushuniladi. Bizning sharoitda mahalla ana shu ijtimoiy kapitalni shakllantiruvchi eng muhim institut. Murojaatnomada keltirilgan ijtimoiy soʻrov natijalari, yaʼni aholining 90 foizdan ortigʻi oʻzini mahalla jamoasining bir qismi deb bilishi bu institutning jamiyat hayotidagi beqiyos ahamiyatini tasdiqlaydi.
Biroq soʻnggi yillarda mahallaning vazifalari sezilarli darajada kengaydi. U endi faqat ijtimoiy nazorat yoki anʼanaviy urf-odatlar saqlovchisi emas, balki iqtisodiy faollikni tashkil etuvchi, ish oʻrinlari ochuvchi va aholini daromadli qiladigan muhim maydonga aylanmoqda. Shu bois, mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, mahalla byudjeti va loyihaviy moliyalashtirishni joriy etish orqali mahallaning iqtisodiy salohiyatini toʻliq ishga solish galdagi maqsad qilib belgilandi.
Murojaatnomada belgilangan raqamlarga eʼtibor qaratsak, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻmning bevosita hududlarga berilishi, tumanlar byudjeti daromadini oshirishga qaratilgan soliq siyosatining oʻzgartirilishi mahalliy iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa markazlashgan taqsimotdan hududiy tashabbuslarga tayanadigan yangi model shakllanayotganini anglatadi.
Mahalla darajasida loyihaviy yondashuvni joriy etish byudjet mablagʻlarini samarali sarflashning eng toʻgʻri usullaridan. Chunki mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri ishlab chiqqan aniq loyihalar orqali mablagʻ ajratilishi resurslarning maqsadli va natijador ishlatilishini taʼminlaydi. Bu yondashuv davlat xarajatlarining ijtimoiy qaytimini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mahallada tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish orqali ish oʻrinlari ochish siyosati kambagʻallikni qisqartirishning eng samarali mexanizmlaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Murojaatnomada keltirilgan “mahallada sanoat va xizmat” loyihalari, mikroloyihalarni moliyalashtirish, imtiyozli kreditlar ajratish kabi chora-tadbirlar mahalliy mehnat bozorini faollashtiradi. Bu esa aholining oʻz yashash joyida ish topishi, ichki migratsiya bosimining kamayishi va jamiyatda ijtimoiy barqarorlikning mustahkamlanishiga olib keladi.
Mahallaning iqtisodiy drayverga aylanishi davlat boshqaruvida yangi masʼuliyatni ham taqozo etadi. Mahalla raislari, hokim yordamchilari va mahalla bankiri instituti samarali ishlashi uchun ularning malakasi, iqtisodiy bilimi va tashabbuskorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois, kadrlar tayyorlash, mahalla tizimidagi rahbarlarning javobgarligini oshirish masalalariga ham alohida urgʻu berildi.
Mahallaning ijtimoiy institutdan iqtisodiy taraqqiyot drayveriga aylanishi yangi Oʻzbekiston modelidagi eng muhim konseptual yangiliklardan biridir. Bu model orqali davlat siyosati eng quyi boʻgʻingacha yetib borib, har bir inson hayotida aniq iqtisodiy natija berishi taʼminlanadi.
Hududlar rivojining barqaror asosi
Iqtisodiy taraqqiyotni hududlar kesimida barqaror taʼminlash masalasi har qanday davlat uchun strategik ahamiyatga ega. Murojaatnomada infratuzilma va urbanizatsiya siyosatiga keng oʻrin ajratilishi bejiz emas. Chunki zamonaviy iqtisodiy nazariyaga koʻra, infratuzilma faqat yoʻl, suv yoki elektr tarmoqlari emas, balki iqtisodiy oʻsishni tezlashtiradigan, hududlar oʻrtasidagi nomutanosiblikni kamaytiradigan asosiy kapitaldir. Soʻnggi yillarda aynan shu yoʻnalishda keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. 210 million kvadrat metrdan ziyod turar va noturar joy obyektlarining foydalanishga topshirilgani, energetika quvvatlarining keskin oshirilgani, suv taʼminoti qamrovining kengaygani infratuzilma islohotlari mamlakatimiz iqtisodiyotini “ochib yuborgan” muhim omil ekanini koʻrsatadi.
Infratuzilmaga yoʻnaltirilgan har bir soʻm investitsiya multiplikativ taʼsirga ega. Yaʼni u faqat qurilish sohasida emas, balki sanoat, xizmat koʻrsatish, savdo, logistika va mehnat bozorida ham qoʻshimcha iqtisodiy faollik yaratadi. Uy-joy qurilishi hajmining oʻsishi, ipoteka tizimining kengayishi natijasida qurilish materiallari, mebelsozlik, elektr texnikasi va servis sohalarida talabning oshib borayotgani aynan shu iqtisodiy qonuniyatni tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari urbanizatsiya masalasiga toʻxtalar ekan, shaharning tartibsiz kengayishining oldini olish, aglomeratsiyalarni belgilash va “barqaror shahar” platformasini joriy etish tashabbusini ilgari surdi. Bu shaharlarni faqat aholi soni jihatidan emas, balki iqtisodiy samaradorlik va hayot sifati nuqtayi nazaridan rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvdir. Chunki tartibsiz urbanizatsiya yer resurslarining yoʻqolishi, transport muammolari va ekologik bosimni kuchaytiradi. 45 ta aglomeratsiya hududini belgilash va “yashash uchun qulaylik indeksi”ni joriy etish orqali shaharlarning har bir mahallasi kesimida muammolarni aniqlash va maqsadli yechimlar ishlab chiqish imkoni paydo boʻladi. Bu esa shahar boshqaruvida maʼlumotlarga asoslangan qaror qabul qilish madaniyatini shakllantiradi. Bunday indekslar shaharlarni investitsiyaviy jozibador qilishda ham muhim rol oʻynaydi.
Energetika infratuzilmasidagi islohotlar ham iqtisodiy oʻsishning muhim poydevorlaridan biri boʻldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 85 milliard kilovatt-soatga yetkazilishi sanoat va xizmatlar sohasidagi oʻsib borayotgan talabni qoplash imkonini berdi. Agar bu quvvatlar yaratilmaganida iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish haqida gapirishning oʻzi mushkul boʻlardi.
Suv taʼminoti va irrigatsiya infratuzilmasidagi islohotlar esa aholi hayotining sifati bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Murojaatnomada keltirilgan 715 ming kishining xonadoniga birinchi marta toza ichimlik suv kirib borgani, yana millionlab odamning suv taʼminoti yaxshilangani ijtimoiy farovonlik oshganini koʻrsatadi. Bu omillar ham iqtisodiy faollikka bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Shu bilan birga, infratuzilma siyosatining yangi jihati sifatida byudjet mablagʻlarini mahalla va tuman darajasida loyihaviy asosda taqsimlash mexanizmini alohida qayd etish lozim. Bu yondashuv hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikni kamaytirish, mahalliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga yaqin qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Belgilab berilgan infratuzilma va urbanizatsiya siyosati iqtisodiy oʻsishni hududiy jihatdan muvozanatli taʼminlash, shahar va qishloq oʻrtasidagi farqni qisqartirish hamda aholi uchun munosib yashash muhitini yaratishga qaratilgan. Bu siyosat yangi Oʻzbekiston iqtisodiy modelida strategik ahamiyatga ega, kelgusi yillarda oʻsishning barqaror manbaiga aylanishi shubhasiz.
Mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi ortadi
Bugun jahon iqtisodiyotida raqobat arzon ishchi kuchi yoki tabiiy resurslar hisobidan emas, balki bilim, texnologiya va innovatsiya asosida kechmoqda. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish masalasiga alohida ustuvor ahamiyat berilgani aynan shu global tendensiyalarni chuqur anglagan holda qabul qilingan strategik qaror ekanini koʻrsatadi.
Iqtisodiy nazariyada “Industriya 4.0” tushunchasi ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, avtomatlashtirish, sunʼiy intellekt, robototexnika va katta maʼlumotlardan foydalanish orqali mehnat unumdorligini keskin oshirishni anglatadi. Sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini ikki karra oshirish vazifasi qoʻyilgani Oʻzbekiston ham aynan shu yoʻldan borayotganini tasdiqlaydi.
Prezidentimizning “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi”ni tashkil etish tashabbusi sanoat uchun konseptual yangilikdir. Bu yondashuv investitsiya xavflarini kamaytiradi, texnologik qarorlarning samaradorligini oshiradi va biznes uchun innovatsiyalarga kirishni osonlashtiradi.
Raqamlashtirish siyosati nafaqat sanoat, balki xizmatlar sohasi uchun ham muhim drayverga aylanmoqda. AT, fintex, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlarda mahalliy startaplarga xorijiy investitsiyalar jalb qilinayotgani, AT xizmatlari eksportining 1 milliard dollarga yetgani iqtisodiyotning yangi segmenti shakllanayotganini koʻrsatadi. Bu segment anʼanaviy tarmoqlarga nisbatan kam resurs talab qiladi, biroq yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadi.
“Raqamli startaplar” dasturini kengaytirish, inkubatsiya markazlarini rivojlantirish, venchur moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham aniq chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu qarorlar innovatsion ekotizimni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Chunki startaplar faqat yangi biznes emas, balki yangi fikrlash tarzi, yangi texnologiya va yangi bozorlar demakdir.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt sohasida rejalashtirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga loyiq. Toshkent va qator viloyatlarda data-markazlar, superkompyuterlar va oliygohlarda sunʼiy intellekt laboratoriyalarining tashkil etilishi sogʻliqni saqlash, transport, qishloq xoʻjaligi, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi sohalarda samaradorlikni keskin oshirish imkonini beradi. Sunʼiy intellektni keng joriy etgan mamlakatlar yaqin oʻn yillikda raqobatda ustunlikka ega boʻladi.
Raqamlashtirishning yana bir muhim jihati davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarida inson omilini qisqartirishdir. Elektron hukumat, proaktiv xizmatlar va maʼlumotlar integratsiyasi korrupsiya xavfini kamaytiradi, biznes uchun tranzaksiya xarajatlarini pasaytiradi va qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtiradi. Bu esa iqtisodiy muhitning shaffofligi va ishonchini oshiradi.
Shu bilan birga, innovatsiya va raqamlashtirish inson kapitalisiz samara bermaydi. Yoshlarni AT, injeneriya va yuqori texnologiyali sohalarga yoʻnaltirish, taʼlim tizimini raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashtirish vazifalari qoʻyilgani bejiz emas. Bu, iqtisodiy siyosat bilan taʼlim siyosati oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikning yorqin namunasidir.
Qisqasi, innovatsiya, raqamlashtirish va “Industriya 4.0” boʻyicha belgilangan vazifalar iqtisodiyotni raqobatbardosh, samarali va kelajakka yoʻnaltirilgan tizimga aylantirishga qaratilgan. Bu yoʻldan borish tanlov emas, balki zamon talabidir.
Innovatsiya va inson kapitali uygʻunligi
Iqtisodiy taraqqiyot tarixiga nazar tashlasak, har qanday uzoq muddatli va barqaror oʻsishning poydevori inson kapitali ekanini koʻramiz. Tabiiy resurslar tugaydi, texnologiyalar eskiradi, ammo bilim, koʻnikma va tafakkurga sarmoya kiritgan jamiyat doimo yangilanish qudratiga ega boʻladi. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish masalasining alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangani aynan shu strategik haqiqatdan kelib chiqadi.
Bugun dunyoda mehnat bozori tubdan oʻzgarmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti va yetakchi ekspertlar hisob-kitoblariga koʻra, yaqin besh yilda mavjud kasblarning kamida 30 foizi toʻliq avtomatlashtiriladi, yana 50 foizi boʻyicha yangi kompetensiyalar talab qilinadi. Bu jarayon mamlakatimiz uchun ham jiddiy chaqiriq, ham ulkan imkoniyatdir. Chunki aholining yosh tarkibi, demografik oʻsish va taʼlimga talab mamlakatimizni raqobatbardosh kadrlar yetishtirish boʻyicha ustun pozitsiyaga chiqarishi mumkin.
Mehnat bozorini “kasb — malaka — texnologiya — taʼlim”ni birlashtirgan yagona mexanizm sifatida qayta qurish gʻoyasi ilgari surildi. Bu yondashuv mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biri — taʼlim tizimi bilan iqtisodiyot ehtiyojlari oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etishga qaratilgan. Aynan shu uzilish koʻplab mamlakatlarda yoshlar ishsizligi va malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosini keltirib chiqaradi.
Murojaatnomada 9-sinf bitiruvchilarini kasbiy yoʻnaltirish, fanlarni oʻzlashtirish darajasi va qiziqishlariga qarab saralash tizimini joriy etish taklifi juda muhim islohotdir. Bu qaror yoshlarni erta bosqichda oʻz qobiliyatiga mos yoʻlni tanlashga undaydi. Oliy taʼlimga majburiy ravishda intilmasdan, talab yuqori boʻlgan amaliy kasblarni egallash imkoniyati iqtisodiy nuqtayi nazardan ham, ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan ham toʻgʻri qaror.
Kasbiy taʼlim tizimining markaziy boʻgʻini sifatida texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish rejalari alohida tahsinga loyiq. Har yili kamida 100 ta texnikumni toʻliq modernizatsiya qilish, ularni Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari asosida qayta jihozlash nafaqat taʼlim islohoti, balki iqtisodiyotni qayta qurishdir. Chunki zamonaviy sanoat, qurilish, transport va servis sohalari aynan shunday oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga suyanadi.
Dual taʼlim tizimining kengayib borayotgani esa oʻqitish bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni amalda taʼminlamoqda. Bugun 70 mingga yaqin oʻquvchining ishlab chiqarish korxonalarida oyiga 10 million soʻmgacha maosh olib oʻqiyotgani taʼlimning iqtisodiy samaradorligiga yaqqol misoldir. Bu yoshlar oʻqishni tugatgandan soʻng ish qidirib sarson boʻlmaydi, balki tayyor mutaxassis sifatida mehnat bozoriga kirib keladi.
“Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari” va “Kasblar shaharchasi”ni tashkil etish tashabbusi mehnat bozorini uzoq muddatli rejalashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, “yashil” energetika va AT kabi sohalarga erta yoʻnaltirish orqali kasbiy tanlovni ongli qilish mumkin. Bu esa mehnat resurslarining notoʻgʻri taqsimlanishi xavfini kamaytiradi.
Oliy taʼlim tizimida ham inson kapitalini chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Jizzax politexnika institutining xorijiy nufuzli universitet boshqaruviga oʻtkazilishi, Yaponiya bilan hamkorlikda aniq fanlar boʻyicha yangi oliygoh ochilishi bilim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish yoʻlidagi dadil qadamdir. Bu jarayonda universitetlar faqat diplom beruvchi emas, balki innovatsiya va texnologiya markazlariga aylanishi kerak.
Mehnat bozoriga har yili 300 mingga yaqin oliy maʼlumotli kadr kirib kelayotgan sharoitda bitiruvchilar bilan ish beruvchilar oʻrtasida raqamli koʻprik yaratish gʻoyasi ham iqtisodiy jihatdan oʻta dolzarb. Akademik koʻrsatkichlar va boʻsh ish oʻrinlari onlayn tarzda bogʻlangan ekotizim mehnat bozorida axborot asimmetriyasini kamaytiradi, ishsizlik muddatini qisqartiradi va kadrlar sifatini oshiradi.
Inson kapitali va mehnat bozori boʻyicha belgilangan islohotlar iqtisodiyotni texnologik rivojlantirishning asosiy sharti. Agar innovatsiya iqtisodiyotning “yuragi” boʻlsa, inson kapitali uni harakatga keltiruvchi qon tomirlaridir. Bu ikkisi uygʻun rivojlanmas ekan, barqaror oʻsish haqida gap boʻlishi mumkin emas.
Oshayotgan xarid qobiliyati
Iqtisodiy oʻsish faqat yalpi ichki mahsulotning oʻsishi bilan emas, balki uning aholi hayotida qanday aks etayotgani bilan baholanadi. Ichki talabni ragʻbatlantirish, inflyatsiyani nazorat qilish va aholi daromadini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Chunki barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim sharti aholining xarid qobiliyati va bozorlardagi ishonchli talabdir.
Iqtisodiy nazariyaga koʻra, ichki talab iqtisodiyotning “ichki dvigateli”. Eksport qanchalik muhim boʻlmasin, keng va barqaror ichki bozorga ega mamlakatlar tashqi shoklarga nisbatan ancha chidamli boʻladi. Keltirilgan raqamlar yurtimizda aynan shunday ichki bozor shakllanayotganini koʻrsatadi. Aholining xarid qobiliyati soʻnggi yillarda ikki barobar oshgani bu jarayonning eng yorqin dalilidir.
Inflyatsiyani “bir xonali” darajada ushlab turishga erishilgani makroiqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan muhim yutuq. Chunki yuqori inflyatsiya, avvalo, kam daromadli aholini kambagʻallashtiradi, jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Inflyatsiyani 6-6,5 foizga tushirish maqsadi qoʻyilgani davlatning aholi farovonligini himoya qilishda qatʼiy pozitsiyada ekanini anglatadi.
Aholining uy-joyga talabi ichki talabni ragʻbatlantiruvchi eng kuchli omillardan. 2026-yilda ipotekaga 23 trillion soʻm resurs ajratilishi, boshlangʻich toʻlov va foizlarni subsidiyalash orqali uy-joy xarid qilish imkoniyati kengaytirilishi nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy samara ham beradi. Qurilish sohasi bilan bogʻliq oʻnlab tarmoqlar: qurilish materiallari, mebel, elektr texnikasi, toʻqimachilik va servis xizmati faollashadi. Bu esa iqtisodiyotda multiplikativ taʼsirni kuchaytiradi.
Besh yil oldin 210 mingta kvartira xarid qilingan boʻlsa, bu yil 270 mingta uy sotib olingani aholining real daromadlari oshganidan dalolat beradi. Shuningdek, avtomobil bozoridagi oʻsish ham isteʼmol talabining jadallashganini koʻrsatadi. Bu jarayonlar faqat isteʼmolni emas, balki ishlab chiqarishni ham ragʻbatlantiradi.
Isteʼmol kreditlari hajmini oshirish, ularni maqsadli va oqilona yoʻnaltirish siyosati ham ichki talabni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. 2026-yilda 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratilishi bozorlarda aylanmani kuchaytiradi, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Biroq bu jarayon inflyatsiya xavfini oshirmasligi uchun moliyaviy intizom va makroiqtisodiy nazorat kuchli boʻlishi shart.
Xizmatlar sohasi aholi farovonligi bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliq iqtisodiy segmentdir. Bu yil xizmatlar hajmining 82 milliard dollarga yetgani va 2026-yilda 100 milliard dollardan oshirilishi rejalashtirilayotgani iqtisodiyotning yangi drayveri shakllanayotganini anglatadi. Taʼlim, tibbiyot, turizm, transport va maishiy xizmatlarga talab oshgani jamiyatda turmush sifati yaxshilanib borayotganidan dalolat.
Turizm sohasida belgilangan yirik infratuzilma loyihalari: Samarqand, Xiva, Shahrisabz va boshqa shaharlardagi majmualarni rivojlantirish ichki va tashqi talabni bir vaqtning oʻzida ragʻbatlantiradi. Sayyohlik xizmatlari nafaqat valyuta tushumi, balki mahalliy aholi uchun minglab yangi ish oʻrinlari demakdir.
Ichki talab, inflyatsiya va aholi farovonligi oʻrtasidagi muvozanatni saqlashga qaratilgan siyosat iqtisodiy oʻsishning ijtimoiy mazmunini taʼminlaydi. Iqtisodiy raqamlar ortida inson, oila va mahalla farovonligi turgani ushbu yondashuvning asosiy gʻoyasi.
Ekologik muvozanat
XXI asrda iqtisodiy oʻsishni faqat sanoat quvvatlari yoki investitsiya hajmi bilan oʻlchash davri tugab bormoqda. Bugun rivojlangan davlatlar iqtisodiy taraqqiyotni ekologik barqarorlik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va kelajak avlodlar manfaatlarini himoya qilish bilan uygʻun holda olib bormoqda. Murojaatnomada ekologiya va “yashil” iqtisodiyot masalalariga keng oʻrin berilgani Oʻzbekiston ham global taraqqiyotning aynan shu yoʻlini tanlaganini koʻrsatadi.
Ekologik muammolar, ayniqsa, iqlim oʻzgarishi, havo ifloslanishi va suv tanqisligi kabi masalalar iqtisodiyot uchun ham jiddiy xavf. Chunki ekologik degradatsiya mehnat unumdorligini pasaytiradi, sogʻliqni saqlash xarajatlarini oshiradi va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, belgilangan ekologik islohotlar faqat tabiatni muhofaza qilish emas, balki iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga ham qaratilgan.
“Yashil” energetika sohasida soʻnggi besh yilda 6000 megavattli quvvatlar ishga tushirilgani, umumiy generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya ulushining 30 foizga yetgani tarixiy yutuqdir. Bu natijalar nafaqat energiya xavfsizligini mustahkamlash, balki tashqi energiya resurslariga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Qayta tiklanuvchi energiyaga oʻtish uzoq muddatda davlat byudjeti va toʻlov balansi uchun ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yana bir muhim jihat, “yashil” energiya hisobiga 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishi va havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinishi haqidagi prognozdir. Bu raqamlar ekologiya va iqtisodiyot oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliqlikni yaqqol namoyon etadi. Gazni tejash eksport salohiyatini oshirish, zararli chiqindilarni kamaytirish esa aholi salomatligini muhofaza qilish demakdir.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi esa strategik ahamiyatga ega. Dunyoda suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish iqtisodiy siyosatning ajralmas qismiga aylanmoqda. Murojaatnomada 5,5 milliard dollarlik dastur doirasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini 61 foizga yetkazish, yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejash rejalari belgilandi. Bu raqamlar agrar iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlash va yopiq drenaj tizimlariga oʻtish orqali suv yoʻqotishlarni kamaytirish ham iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Qoʻshimcha ekin maydonlarining ochilishi, kafolatli suv taʼminoti qishloq xoʻjaligida hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi va eksport salohiyati uchun muhim omildir.
Shahar ekologiyasi masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani ham juda muhim. Avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalarga qarab ekologik stikerlar joriy etish, eski transport vositalarini almashtirishni ragʻbatlantirish, jamoat transportini rivojlantirish — bularning barchasi shaharlarda yashash sifatini yaxshilashga qaratilgan choralar. Tirbandlik va havo ifloslanishi kamaygan shaharlar investor va sayyohlar uchun ham jozibador boʻladi.
Ekologiya sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga strategik yondashuv taklif qilinmoqda. Har bir hududda “yashil” texnikumlarni tashkil etish, ekologiya menejerlari tayyorlash yangi mehnat bozori segmentining shakllanayotganini anglatadi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, bu “yashil” iqtisodiyotda qoʻshimcha qiymat yaratish, innovatsiya va xizmatlar bozorini kengaytirish imkonini beradi.
Ekologiya va “yashil” iqtisodiyotga qaratilgan siyosat taraqqiyotning yangi paradigmasini belgilab bermoqda. Bu paradigmada iqtisodiy oʻsishga tabiatni asrash, inson salomatligini himoya qilish va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat bilan uygʻun holda qaraladi.
Faol, ochiq va pragmatik tashqi siyosat
Hozirgi globallashuv sharoitida hech bir mamlakat tashqi dunyodan ayri holda barqaror rivojlana olmaydi. Ayniqsa, ochiq iqtisodiyot yoʻlini tanlagan, eksport va investitsiyaga tayanayotgan davlatlar uchun tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya ichki islohotlardan kam ahamiyat kasb etmaydi. Murojaatnomada tashqi siyosat masalalariga keng oʻrin ajratilib, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrni va roli mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Keyingi yillarda tashqi siyosatda ochiqlik, pragmatizm va oʻzaro manfaat tamoyillariga asoslangan yoʻl izchil davom ettirilmoqda. Bu siyosatning iqtisodiy samarasi aniq raqamlarda namoyon boʻlmoqda. Xorijiy investitsiyalar hajmining keskin oshishi, eksport geografiyasining kengayishi va xalqaro reytinglarda mamlakat obroʻsining yuksalishi aynan iqtisodiy diplomatiyaning samarali ekanini koʻrsatadi.
Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish tashabbuslari alohida taʼkidlandi. Mintaqa davlatlari oʻrtasida chegara masalalarining hal etilishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning faollashishi, qoʻshma infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi hudud barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, integratsiya ichki bozorni kengaytiradi, logistika xarajatlarini kamaytiradi va investitsiyalar uchun katta hududiy bozor yaratadi.
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo hamjamiyati formatiga toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilinishi ham geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan tarixiy qarordir. Bu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida transport, energetika va savdo yoʻnalishlarida yangi imkoniyatlar ochadi. “Sharq — Gʻarb” va “Shimol — Janub” yoʻnalishlaridagi tranzit salohiyatining oshishi Oʻzbekistonni mintaqaviy logistika xabiga aylantirish strategiyasiga mos keladi.
Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi iqtisodiy diplomatiyaning yana bir muhim yutugʻidir. Bu hujjat savdo rejimini liberallashtirish, texnik standartlarni yaqinlashtirish va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarining kengayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun sifat va raqobatbardoshlikni oshirishga turtki beradi.
AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa yetakchi davlatlar bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish ham iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Tokio, Bryussel, Sankt-Peterburgdagi sammit va uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar taʼlim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Iqtisodiy diplomatiyaning muhim jihati xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdir. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi tuzilmalar bilan amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishda muhim resursdir.
Shu bilan birga, tashqi siyosatning muvaffaqiyati ichki barqarorlik va qonun ustuvorligi bilan bevosita bogʻliq. Tinchlik va xavfsizlik taʼminlangan mamlakatga investitsiya ham keladi, turizm ham rivojlanadi.
Tashqi siyosatga oid qarashlar iqtisodiy manfaatlar bilan chambarchas bogʻlangan pragmatik yondashuvdir. Oʻzbekiston tashqi siyosat orqali oʻz milliy manfaatlarini ilgari surish, iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va global jarayonlarda munosib oʻrin egallash yoʻlidan bormoqda.
Murojaatnoma yangi Oʻzbekistonni daromadi oʻrtadan yuqori boʻlgan, texnologik rivojlangan, ijtimoiy adolatli va maʼnaviy barqaror davlat sifatida shakllantirishga qaratilgan tarixiy dastur. Uning muvaffaqiyati esa faqat davlat organlari yoki parlament emas, balki butun xalqimiz bilan bogʻliq.
Biz birlashib harakat qilsak, bilim, mehnat va masʼuliyatga tayansak, Murojaatnomada belgilangan ulkan marralar, albatta, roʻyobga chiqadi. Yangi Oʻzbekiston orzu emas, birgalikda qurilayotgan real taraqqiyot yoʻli.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Erkin GADOYEV,
Oliy Majlis Senati qoʻmita raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, professor