Mustahkam ijro intizomi va shaxsiy masʼuliyat — bosh mezon

    Ijtimoiy hayot 24 May 2023 1996

    Prezident va hukumat qarorlariga binoan byudjetdan tashqari manbalar hisobidan faol va masʼuliyatli xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish, shuningdek, vazifalarni bajarish muddatini oʻtkazib yuborgan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrish tajribasi ijro intizomini soʻzsiz taʼminlashda samarali vosita sanaladi.

    Yurtimizda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori uchun malakali kadrlar yetkazib berish va ijtimoiy hayotni barqarorlashtirish, ilm-fan asosida samarali taʼlim-tarbiya usullarini joriy etish, bu orqali aholi hayot sifatini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda esa oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida tizim faoliyatini transformatsiya qilishga qaror qilindi.

    Chuqur bilim va koʻnikmaga ega raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash maqsadida mamlakatdagi oliy taʼlim muassasalari soni sezilarli oshirildi. Davlat oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda, xususiy OTMlari va xorijiy universitetlar filiallari samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda aholi oliy taʼlim qamrovi oshib 38 foizga yetdi, 2016-yilda bu koʻrsatkich 9 foizni tashkil etar edi.

    Oliy taʼlim sifatini oshirish borasida qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, shu bilan birga, professional taʼlim tizimini yangi bosqichga koʻtarish vazifasi ham kun tartibidagi dolzarb masaladir.

    Ichki va tashqi mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, ularning xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini bilish koʻnikmalarini oshirish, talabalarda umuminsoniy hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish, aqlan, ruhan va jismonan sogʻlom avlodni tarbiyalash, demakki, inson kapitalini rivojlantirish yurtimiz kelajagiga poydevor boʻlib xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 4-mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bir qator vazifalar belgilab berildiki, ularning amalga oshirilishi yoshlarimiz uchun eng dolzarb muammo — ishga joylashish masalasini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Oliy taʼlim muassasalari va yirik kompaniyalar, klasterlar hamda boshqa korxonalar oʻrtasida amaliy hamkorlik tizimini yaratib talabalar bandligini taʼminlash, har bir oliy taʼlim muassasasida “Karyera markazlari”ni tashkil etish, talabalarga ham ishlashga ruxsat berish, oliy maʼlumot talab etiladigan kasb va lavozimlarni qayta koʻrib chiqish shular jumlasidan.

    Ayni paytda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida ushbu yoʻnalishlarda tizimli ishlar boshlangan.

    Jumladan, hozirda 10 mingdan ziyod talaba bandligi taʼminlangan boʻlsa, boshqa talabalarning ishga joylashishi uchun kerak boʻladigan hujjatlari raqamlashtirilib, qulaylik yaratildi.

    Belgilangan vazifalarga erishishning asosiy jihatlarini tizimli oʻrganish va amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish natijasida ayon boʻladiki, islohotlar samaradorligining hal qiluvchi omili, rahbarlar masʼuliyatni his qilishi va ular erishgan muvaffaqiyatlar asosi, bu — ijro intizomi.

    Vazirlikda ijro intizomi tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish va yangi mexanizmlarni joriy etish boʻyicha ishlarni tashkil etishda Prezidentimizning 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni, shuningdek, 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asos boʻldi.

    Vazirlikning barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga elektron maʼlumotlar bazasi bilan ishlash, qogʻozsiz hujjat aylanishi va ijro intizomi ustidan nazoratni taʼminlash imkonini beruvchi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi ishga tushirildi. Shu tariqa qonunlar, Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning mazkur tizimiga ulandik.

    Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar hajmi kattaligini hisobga olgan holda ularni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish uchun ijro intizomini taʼminlashga tizimli yondashuv joriy etildi. Xususan, har bir vazir oʻrinbosari oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni muddatida va toʻliq bajarishi uchun “Ish — jamoaviy, lekin masʼuliyat shaxsiydir!” tamoyiliga tayanadi.

    Bugungi kunda “Ijro.gov.uz” tizimidagi vazifalarni bajarish samaradorligi vazirlik rahbariyati tomonidan, shu jumladan, vazirlik markaziy apparati yigʻilishlarida ham onlayn, ham oflayn formatda har hafta muhokama qilib borilmoqda. Topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash hamda uzluksiz “texnologik zanjir”ni tizimli yoʻlga qoʻyishda Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bilan uzviy aloqa yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga, belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilishi va koʻzlangan maqsadlarga erishishni taʼminlash boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosari rahbarligida har haftaning juma kuni tanqidiy muhokamalar tashkil etib boriladi.

    Qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini amalga oshirish va nazorat qilish boʻyicha oʻrnatilgan oʻzaro hamkorlik tizimiga muvofiq, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻz ishini 5 bosqichda amalga oshiradi.

    Tayyorlanayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar alohida qayd etiladi. Sababi, mazkur hujjatlarni idoralararo muvofiqlashtirish hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun maʼlum vaqt talab etiladi.

    Hujjatlar loyihasini idoralararo muvofiqlashtirishni tezlashtirish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan ishlashning aniq tizimi joriy etilgan. Xususan, hujjat loyihasining har bir ijrochisi uni tegishli vazirlik ijrochilari darajasida muvofiqlashtirishga harakat qiladi.

    Prezident va hukumat qarorlariga binoan byudjetdan tashqari manbalar hisobidan faol va masʼuliyatli xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish, shuningdek, vazifalarni bajarish muddatini oʻtkazib yuborgan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrish tajribasi ijro intizomini soʻzsiz taʼminlashda samarali vosita sanaladi.

    Vazir oʻrinbosarlari xodimlar faoliyati samaradorligidan kelib chiqib, ularni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish yoki tegishli choralar koʻrish boʻyicha vazirga takliflar kiritib boradi. Vazirlik markaziy apparatida oʻrnatilgan ijro intizomini nazorat qilishni amalga oshirish mexanizmi respublika oliy taʼlim muassasalarida boshqaruv vertikali boʻyicha joriy etildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari bilan yaratilgan shart-sharoitlar, oʻrnatilgan ijro intizomi tizimi vazirlik markaziy apparatida samarali jamoani shakllantirish hamda oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini taʼminlash imkonini bermoqda.

    Shu tariqa “Ijro intizomi — islohotlar garovi” tamoyiliga amal qilib, islohotlarimiz sermazmunligi va samaradorligini taʼminlashga qodir kadrlar tayyorlash asosiy vazifamizga aylangan.

    Ibrohim Abdurahmonov,

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri