Joriy yildagi islohotlar qanday yangi yoʻnalishlar bilan boyitiladi?

    Mamlakatimizda 14 Sentabr 2023 1341

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF-158-son “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida mamlakat ijtimoiy va iqtisodiy hayotining barcha sohalarida chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Taʼlim sohasi

    2024-yil 1-yanvardan boshlab:

    davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyiladi;

    Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim planshetlari bilan taʼminlanadi;

    banklarning nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha, foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

    2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:

    10-sinf oʻquvchilari uchun kasb-hunarlarga oʻrgatish kurslari joriy etiladi;

    Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi.

    Sogʻliqni saqlash sohasi

    2024-yil 1-yanvardan boshlab:

    Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazida onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarga gematopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini transplantatsiya qilish boʻyicha operatsiyalar;

    virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolash yoʻlga qoʻyiladi.

    2023-yil 1oktyabrdan boshlab ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori boʻlgan har bir oila boʻyicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dori vositalari bilan taʼminlash, farzandlarini maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish nazarda tutiladi.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va kasallik guruhlari boʻyicha dori vositalari roʻyxatini nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

    Nogironligi boʻlgan shaxslar “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlanadi.

    Fuqarolarning salohiyatini qoʻllab-quvvatlash

    2024-yil 1-yanvardan boshlab ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

    Barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash

    2023-yil 1-oktyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga miqdori 10 million soʻmdan yuqori boʻlgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab:

    qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurtalashda sugʻurta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish;

    Izlanish va rivojlanish (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan summa miqdorining 1 foizini toʻlash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash;

    davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5 foizini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.

    Shuningdek, xorijiy turistlar hisobidan – Oʻzbekiston xalqaro aeroportlarida Oʻzbekiston hududida sotib olingan va “Tax free” tizimi boʻyicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun, tur-operatorlarga – xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida koʻrsatilgan eksport xizmatlari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻliq qaytarib berish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.

    Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish boʻyicha quyidagilar tasdiqlangan:

    2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi;

    2023–2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar;

    2023-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati, deb xabar beradi “Norma”.