Hujjatlar va topshiriqlar ijrosini taʼminlashda viloyat — tuman — qishloq — mahalla asosida ishlash tizimi: amaliyot va samara

    Mamlakatimizda 19 Avgust 2021 1211

    Shavkatjon ABDURAZZOQOV, Namangan viloyati hokimi

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida mamlakatimizdagi demokratik oʻzgarishlar va keng koʻlamli islohotlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.

    Shu bilan birga, joylarda islohotlarning samarali kechishi, birinchi navbatda, hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bogʻliqligi, eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan boʻlishi shartligini alohida taʼkidladi.


    Zero, yurtimizda kechayotgan izchil islohotlarning barchasi inson, uning hayotiy manfaatlariga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan har bir hujjatning zamirida inson taqdiri turibdi. Boshqacha aytganda, fuqarolar davlatga emas, davlat fuqarolarga xizmat qilmoqda.

    Qatʼiy tartib va intizom asosida ishlash — davr talabi.
    Rejali faoliyat va nazorat yuksak natijadorlik degani. Aholining turmush darajasi va sifatini koʻtarish boʻyicha saʼy-harakatlarning natijadorligi ularni amalga oshirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishga bevosita bogʻliq.

    Prezidentimiz yuritayotgan odilona va oqilona siyosatning tub negizida yotgan eng muhim va dolzarb masala hujjatlar va topshiriqlarni bajarishda ijro intizomiga soʻzsiz rioya qilishdir. Faoliyat yuritish madaniyatining yuqori darajasini namoyon qilish har bir rahbar va xodimning burchi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 10-fevralda qabul qilingan “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni barcha darajadagi mahalliy hokimliklarda ijro intizomini yana-da mus­tahkamlash imkonini berdi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 31-may sanasida imzolangan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi monitoringini yuritishda mazkur tizim taʼsirchanligini mustahkamlash, uning ahamiyatini yana-da oshirish hamda samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

    Mazkur qaror yuzasidan Namangan viloyati hokimligining “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. “Shaxsiy masʼuliyat, mustahkam “temir” intizom va tashabbuskorlik” tamoyillariga asoslangan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangicha tizimi, yaʼni “texnologik zanjir”, oʻz navbatida, huquqiy jarayonlarni har bir harakat kesimida batafsil, taʼbir joiz boʻlsa, “soatbay” tartibga soladi.

    Darhaqiqat, qonun, farmon va qarorlar ijrosini toʻgʻri tashkil etish orqali amalga oshirilayotgan islohotlarning har bir tuman, qishloq va mahallagacha yetib borishiga erishiladi.

    Tahlil masʼuliyatni oshirishga undaydi

    Namangan viloyati hokimligida shtatlar jadvali doirasida 3 ta shtat birligidan iborat ijro intizomini nazorat qilish boʻlimi tashkil etildi. Natijada barcha darajadagi hujjatlarni bandma-band nazorat va tahlil qilib borish imkoni yaratildi.

    Viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimliklarining ijro intizomiga masʼul 14 nafar xodimi joriy yil iyun oyida Vazirlar Mahkamasi apparatida stajirovka oʻtab, ularning bu boradagi bilim va kasbiy mahorati oshirildi.

    2021-yilning oʻtgan davri davomida viloyat hokimligining ish rejasiga asosan, 88 ta maqsadli va 2 ta kompleks oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganishlar yakuniga koʻra, 43 nafar masʼul rahbar va xodimga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi, shu jumladan, masʼullarning 10 nafariga hayfsan, 33 nafariga ogohlantirish berildi.

    2021-yilning oʻtgan davrida viloyat hokimligiga jami 345 ta meʼyoriy hujjat (35 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 33 ta farmoni, 101 ta qarori, 6 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 141 ta qarori hamda 29 ta farmoyishi) kirim qilingan.

    Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimining 298 ta qarori, 26 ta farmoyishi imzolanib, 33 ta hujjat tegishli ravishda maʼlumot va xizmatda foydalanish uchun qabul qilingan hamda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

    Namangan viloyati hokimligiga Oʻzbekiston Prezidentining jami 858 ta (131 ta farmon, 464 ta qaror, 22 ta farmoyish, 241 ta bayoni) meʼyoriy hujjatidagi 5 ming 866 ta topshiriq kelib tushgan. Shundan 4 ming 154 ta topshiriq bajarilgan. Ijrodagi 1 ming 684 ta topshiriqning oʻz muddatida bajarilishi tizimli nazorat qilib borilmoqda.

    Joriy yil 1-yanvardan 31-iyul sanasiga qadar jami 668 ta topshiriq (118 ta farmon, 246 ta qaror, 5 ta farmoyish, 299 ta bayon) kelib tushgan boʻlib, hozirga qadar 640 tasining ijrosi taʼminlangan, 28 tasining ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Imzolanayotgan qarorlar “Ye-nazorat” elektron tizimi orqali nazorat qilinadi

    Viloyatda ijro intizomini yana-da mus­tahkamlash maqsadida “Ye-nazorat” elektron tizimi joriy etildi. Bu bilan barcha darajadagi hujjatlar qamrab olindi va tizimli nazoratda turibdi.

    31-iyul holatiga “E-qaror” tizimi orqali viloyat boʻyicha hokimliklarning 2092 ta qarori, 456 ta farmoyish, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining 336 ta qarori qabul qilindi.

    Har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi” boʻladi

    Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 23-iyulda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning oʻzida bartaraf qilish kerakligi qayd etildi.

    Alohida taʼkidlandiki, har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” boʻladi. ­Aholi toʻgʻridan-toʻgʻri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ­ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

    Har haftada Prezidentimizning viloyatdagi Xalq qabulxonasida, shahar va tumanlar hududida hamda viloyat hokimligida viloyat hokimining shaxsiy va sayyor qabullari reja asosida oʻtkazib borilmoqda. Viloyat hokimining ijtimoiy tarmoqlaridagi (namvilhok@umail.uz, namangan.uz, “Facebook”) rasmiy sahifalari orqali tunu kun murojaatlar qabul qilinib, ijroga qaratilib, nazoratga olinmoqda.

    Yoshlarning muammolari va takliflarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida har hafta viloyat hokimining “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarida masalalar bilan oʻz vaqtida tanishib chiqilib, ijobiy hal etish choralari koʻrib borilmoqda.

    Joriy yilning 6 oyi mobaynida Namangan viloyatiga Xalq va Virtual qabulxonalar orqali viloyat, shahar va tuman hokimliklari, davlat idoralari darajasidagi jami 12 ming 553 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, hozir ularning 11 ming 239 tasi yoki 89,5 foizi ijobiy yechim topdi.

    Murojaatlarning asosiy qismi ijtimoiy nafaqalar, ish bilan taʼminlash, bank krediti, tadbirkorlik, taʼlim masalalari, sogʻliqni saqlash, uy-joy va ichimlik suv taʼminoti bilan bogʻliqdir.

    Quyiga tushib, oddiy odamlar muammolariga quloq solgan holda, ularning murojaatlariga jiddiy ahamiyat qaratgan, oʻzini qiynab, elim deb, yurtim deb yonib yashagan mutasaddilargina fuqarolar qalbidan joy oladi. Demak, faoliyatimizga haqiqiy bahoni xalq beradi.

    2021-yil 2-chorak yakunlari boʻyicha eng muhim samaradorlik koʻrsatkichiga erishilishi yuzasidan Namangan viloyati tuman va shahar hokimi hamda oʻrinbosarlarining reyting natijalariga koʻra, Toʻraqoʻrgʻon, Yangiqoʻrgʻon, Mingbuloq, Norin, Uchqoʻrgʻon tumanlari yuqori oʻrinlarni band etgan.

    Raqamlar hayotga koʻchganda

    Oʻtgan davr mobaynida har haftaning seshanba kuni hududlarda sayyor va shaxsiy qabullar 12 marotaba, “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari 8 marotaba, “Hokim va tadbirkor” uchrashuvlari 15 marotaba — jami 35 marotaba tashkil etildi.

    Bunda jami 3 ming 149 nafar fuqaro qabul qilinib, 1 ming 954 ta muammo koʻtarildi. Namangan viloyatidagi 775 ta mahallada “mahallabay” ishlash tizimi orqali 502 mingta xonadon oʻrganildi va aniqlangan 92 ming 248 ta muammoning 84 ming 820 tasi (91,9 foizi) bartaraf etildi.

    Joylarda Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda sayyor qabullar oʻtkazilib, muhtoj oilalarning shakllantirilgan manzilli roʻyxatlari boʻyicha hududlardagi 106 ta oilaga chorva hayvonlari, 1 ming 643 ta oilaga 26 ming 653 ta parranda, ehtiyojmand 1 ming 176 ta oilaga tikuv mashinalari, 1 ming 5 ta yoshga texnika vositalari begʻaraz topshirildi.

    Uy-joy bilan taʼminlash maqsadida tumanlarda 5 qavatli, 1 xonadonli, 60 kvartirali, jami 840 ta xonadonli 12 ta munitsipal uy barpo etila boshlandi. Ushbu uylar ogʻir ijtimoiy vaziyatdagi oilalarga ijtimoiy holati yaxshilanguniga qadar vaqtincha beriladi. Shuningdek, rejadagi 860 xonadonli 43 ta koʻp qavatli (5 qavatli, 20 xonadonli) uy-joyga qoʻshimcha 32 ta yoki 640 ta xonadon, umumiy hisobda 75 ta 1 ming 500 ta xonadonli arzon uy-joy qurish boshlandi. Ularni joriy yil yakunigacha ishga tushirish natijasida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi shunday qatlamni real qisqartirishga erishiladi.

    Viloyatda 1 367,2 km. ichki yoʻllar taʼmirlandi (209,5 km. asfaltlash, 517,1 km. shagʻallash), ichki imkoniyatlarimizga asosan, hashar yoʻli bilan qoʻshimcha 640,5 km. shagʻallash ishlari bajarildi. Natijada 203 ta mahallada yashovchi 548,6 ming nafar aholi foydalanadigan yoʻllar taʼmirlandi.

    Ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida barcha manbalar hisobidan ajratiladigan 306 mlrd. soʻm hisobiga 90 ta obyektda 654,3 km. ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurish rejalashtirilgan.

    Ayni paytgacha 355,9 km. ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortildi, 1 ta yangi suv olish, 1 ta oqova suv tozalash inshooti qurildi, 4 ta suv olish inshooti mukammal taʼmirlandi.

    Bu bilan 84 ta mahallada yashovchi 248,6 ming nafar aholi toza ichimlik suv bilan taʼminlandi yoki viloyatda ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 65,2 foizdan yil oxiriga 70,0 foizga oʻsishi kutilmoqda.

    Elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash uchun 9 ming 500 ta yangi temir beton tayanch, 152 ta yangi transformator oʻrnatildi, 405 km. elektr tarmogʻi tortildi. Shu orqali 28 ming aholining va 1,5 mingta ulgurji isteʼmolchining elektr energiyasiga talabi qondirildi.

    Gaz taʼminoti boʻyicha 14,4 km. tarmoqlar joriy, 40 ta gaz taqsimlash punkti joriy va 26 tasi mukammal taʼmirlandi, aholiga 219 ta yangi gaz balloni hamda 34 ming 682 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

    Har haftaning shanba kuni “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari uyushtirilmoqda. Oʻtgan tadbirlarda 1 ming 757 nafar yoshning 544 ta muammosi aniqlandi.

    Masalalarning 259 tasi (47,6 foizi) joyida ijobiy hal qilindi. Natijada 625 nafar talaba-yoshni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2 mlrd. 897 mln. soʻm toʻlov-kontrakt puli oliy taʼlim muassasalariga toʻlab berildi.

    Qolaversa, 969 nafar oʻsmirga haydovchilik guvohnomasini olish uchun 1 mlrd. 475 mln. 400 ming soʻm toʻlov toʻlab berilib, yoshlarning oʻzlarini oʻzlari band qilishiga erishildi.

    Har haftaning chorshanba kuni viloyatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida “Hokim va tadbirkor” uchrashuvi mexanizmini joriy qilganmiz.

    Oʻtgan davr mobaynida qariyb 711 nafar tadbirkorning 694 ta masalasi ijobiy yechim topdi. Masalan, 54 nafariga 140,3 gektar yer maydoni, 60 nafariga 133,8 mlrd. soʻm kredit ajratildi, 71 nafariga bino-inshoot, kommunikatsiya tarmoqlari, ruxsat berish, soliq, eksport va boshqa masalalar boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatilishi hisobiga 3 ming 795 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va kengaytirish istagini bildirgan 28,8 mingta subyektning 26,6 mingtasiga jami 575,3 mlrd. soʻm kredit ajratildi va 25,5 mingta fuqaroning bandligi taʼminlandi.

    Muammolar “mahallabay” ishlash tizimida joyida hal etiladi

    Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat bosh­qaruvi tizimiga kiritilgan “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tamoyili orqali xonadonma-xonadon yurib oʻrganishlar oʻz natijasini bermoqda. Aniqlangan har bir masala va muammo xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlik guruhlarida oʻrganilib, sessiyalarda muhokama etilyapti, shu asosda qarorlar qabul qilinmoqda.

    “Mahallabay” ishlash tizimi boʻyicha viloyatdagi 775 ta mahallaga jami 1331 nafar, shundan 664 nafari tijorat banklarining
    doimiy vakili, 334 nafari boshqaruv ofis­lari, iqtisodiy idoralar xodimi va 333 nafar muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar tarkibida jalb etilib, viloyat, tuman, shahar shtablari tashkil etilgan.

    Viloyatdagi barcha mahallalar toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, kredit ajratish, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, gaz, suv, elektr hamda ijtimoiy sohalar boʻyicha 92,4 mingdan ortiq muammo aniqlanib, 86,8 mingtasi yoki 93,9 foizi ijobiy hal etildi. Hal etilmagan muammolar boʻyicha har bir mahalla kesimida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi qarori bilan viloyatdagi 63 ta mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

    Bugungi kunda ushbu mahallalarda 7 649 ta xonadon qamrab olinib, ularga 11,8 mlrd.soʻmlik kreditlar hamda 763 mln.soʻmlik subsidiya ajratildi hamda 617 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi.

    Ixtisoslashgan mahallalarda 13 km. gaz tarmogʻi taʼmirlanib, 58 km. elektr va 92 km. suv tarmogʻi tortildi. 18 ta mahalla binolari taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.

    Shu bilan birga, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari apparatlarida ijro intizomi va topshiriqlar, qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etishda bir qator tizimli kamchiliklar ham mavjud. Xususan:

    birinchidan, shahar va tumanlar hokimliklarida shaxsiy ish rejalarini ishlab chiqish va uni doimiy nazorat qilish, berilgan topshiriqlarni tahlil etib borish, qonunchilik hujjatlarining hududdagi ijrosini maqsadli oʻrganish talab darajasida tashkil etilmagan.

    Bu kabi holatlar natijasida “ijro.gov.uz” elektron tizimida nazoratdagi 85 ta topshiriqning kechiktirilib bajarilishiga, 9 ta topshiriqning esa bajarish muddatlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan;

    ikkinchidan, vazirlik va idoralar hududiy boshqarmalari bilan viloyat hokimligi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat hujjatlari hamda topshiriqlari ijrosi amalda bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni umumlashtirish va muvofiqlashtirish borasida yagona tizim mavjud emas.

    Tizimning toʻgʻri tashkil etilmagani oqibatida hukumatning Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq va Pop tumanlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan qarorlari bilan viloyat sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va madaniyat boshqarmalariga yuklatilgan 14 ta topshiriqning ijrosi bugungi kunga qadar taʼminlanmagan;

    uchinchidan, tuman va shaharlardagi ijro intizomiga masʼul xodimlarning hujjatlar ijrosini tashkil etish va nazorat qilish borasidagi bilim, tajriba, koʻnikmalari yetarli emasligi yuqorida qayd etilgan kamchiliklar yuzaga kelishiga olib kelmoqda.

    Shu bois, Vazirlar Mahkamasida barcha shahar va tuman hokimliklarining ijro intizomiga masʼul xodimlarini yilda ikki marotaba stajirovkadan oʻtkazish tizimi joriy etilsa, oʻylaymanki, ularning bu boradagi bilim va kasbiy mahoratlari oshishiga katta zamin boʻladi.

    Taʼkidlash lozimki, pirovard maqsad ham “Ijro intizomi — islohotlar garovi” tamoyili asosida jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni tubdan yaxshilash, aholi uchun munosib turmush darajasi va sifatini taʼminlash, xalqimizni rozi qilishdir.

    Zero, har bir qonunchilik hujjatida mazmunan aholi farovonligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan normalar mujassamligini aslo yoddan chiqarmasligimiz darkor.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini munosib kutib olish uchun Namangan viloyatining mehnatsevar xalqi ham yangi ­Oʻzbekistonimizning gullab-yashnashi hamda barcha sohalarda erishayotgan yutuqlariga oʻz hissasini qoʻshadi, albatta. Prezidentimizning bu boradagi ishonchini oqlaymiz.