Ha, mustaqillik — ulugʻ neʼmat. U bizga oson kelmadi: ajdodlarimiz qurol koʻtarib, qon, koʻz yosh toʻkib qoʻlga kiritdi. Mustaqillik bu tinimsiz iztiroblar, mashaqqatli yoʻl va koʻplab qurbonliklar evaziga xalq qoʻliga yetgan sharafdir. Lekin u abadiy kafolatlangan tuhfa emas. Undan ayrilib qolish mumkinmi? Ha, mumkin. Erishish uchun asrlar davomida kurashish kerak boʻladi, ammo yoʻqotish uchun baʼzan bittagina ahamiyatsiz qadam, birgina loqaydlik yetarli. Shuning uchun mustaqillik ham baxt, ham masʼuliyat, ham eʼtiqoddir. U faqat qoʻlga kiritiladigan emas, balki har kuni asrab-avaylanadigan, har bir avlod yangidan saqlab qolishi shart boʻlgan muqaddas neʼmat.
Dunyoda qancha xalqlar oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqidan mahrum, qanchalari parchalanib, yana mustaqil boʻlishga intilyapti. XXI asrda ham Falastin xalqi oʻz davlati uchun kurashmoqda. Mustaqillik orzusidan voz kechmagan, oʻz vatani bor, lekin erki yoʻq xalqlar qancha?! Shunday paytda mustaqil Vataniga, oʻz davlatchiligiga ega xalq qanday baxtli ekanini his qilmaslik mumkinmi?
Bizning zamin tarixi ancha uzoqqa — Turon, turkiylar zaminiga borib taqaladi. Buyuk ipak yoʻli yoʻqolgandan keyin yurtimiz uzoq vaqt tanazzulga uchradi, buyuk bobomiz Amir Temur davridan keyingi ziddiyatlar ortidan boʻlinib, parchalanib ketdi. Sobiq ittifoq tarkibida esa yillar davomida yana oʻzligimizni yoʻqotdik. Va nihoyat 1991-yilda uning changaliga chek qoʻyib, rasman tarixiy mustaqillikka erishdik.
Mustaqillik degani koʻp yillar davomida tinimsiz mehnat qilish, yangilanish va rivojlanish demakdir. Masalan, Hindiston 1947-yilda mustaqillikka erishdi va bu
yoʻlda ulkan sinovlardan oʻtdi. Xitoy ham shunday: asrlar davomida oʻz yoʻlini topdi. Turkiya esa oʻtgan yili mustaqilligining 100-yilligini nishonladi.
Aytmoqchimanki, mustaqillik har kuni asrab-avaylashni talab qiladigan, xalqni yildan yilga toblab, yangi marralarga yetaklashga safarbar etadigan muqaddas qadriyat. Qadri bilinsa, millatning kuchiga kuch qoʻshadi, unutilsa, qoʻldan chiqishi hech gap emas. Shuning uchun har bir avlod mustaqillikka tarixdagi bir sana emas, balki oʻz taqdiri va fuqaroviy masʼuliyati sifatida his qilishi shart. Mustaqillik bizdan faxr va iftixordek yuksak tuygʻular bilan birga mehnatsevarlik, jonkuyarlik va yurt uchun javobgarlikni talab qiladi.
Soxta sotsializm iddaosi
Kommunistlar xalqimizni yetib boʻlmas xayollar va soxta shiorlar bilan ishontirdi. “Sotsializm quramiz, kommunizm quramiz, 2000-yilga borib har bir fuqaro oʻz uyiga ega boʻladi. Hokimiyat shoʻrolarga, yer dehqonlarga, zavod-fabrikalar ishchilarga beriladi. 2000-yildan keyin pul degan narsa ham qolmaydi, hamma tovar ayirboshlash yoʻli bilan yashaydi”, deb millionlarni orzularga mahliyo qildi. Bu iddaolar tashqaridan jozibali koʻrinsa-da, aslida, haqiqiy “utopiya” edi.
Karl Marksning “Kapital” asarini oʻqigan har kim yaxshi biladi: ibtidoiy davrdan to bugungacha har qanday mehnatning ham, xizmatning ham qiymati bor. Bozor iqtisodiyoti aynan shu haqiqat asosida yashaydi. Inson tabiati qanchalik inkor etmasin, mehnatning narxi, qiymati bor, bu haqiqatni oʻzgartirish mumkin emas. Ammo kommunistik iddao shu haqiqatni rad etdi, natijada esa butun bir katta imperiyani inqirozga yetakladi.
“Hamma narsa davlatniki, hamma narsa bepul” degan shior xalqqa singdirildi. Albatta, sobiq ittifoq katta resurslarga ega edi: paxta, oltin, neft, qazilmalar, malakali kadrlar. Biroq insonni harakatdan toʻxtatgan, jamiyatdagi ijodiy ruhni yoʻqqa chiqargan narsa aynan shu soxta sotsializm iddaosi boʻldi. U iqtisodiyotni yuksaltirmadi, balki odamlarni mehnatdan sovitdi, boqimandalikka oʻrgatdi.
“Ishlasam ham, ishlamasam ham maosh olaman” degan fikr ommalashdi. Natijada sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish, ombor uchun ishlash avj oldi. Bozor iqtisodiyotining tabiiy qonuniyatlari esa “burjuaziya elementi” sifatida rad etildi. Oxir-oqibat shu soxta iddaolar imperiyani halokatga yetakladi, u parcha-parcha boʻlib, yoʻq boʻldi.
Shu bois, haligacha xalqimiz orasida sotsializm haqida juda joʻn, sayoz, romantik tasavvurlar yashamoqda. Goʻyoki oʻsha tizim haqiqiy hayot emas, balki “sarob” ekanini, choʻpchakdek boʻlganini tan olish qiyin. Chunki oʻsha vaqt “dohiylari” tomonidan miyalarga quyilgan gʻoyalar hanuz odamlarni quvib keladi. Ammo bu gʻoyalar bilan bugungacha yashash butunlay notoʻgʻri.
Misol uchun, Xitoy oʻz vaqtida va shoʻro tuzumi qulashidan oqilona xulosa qilib, oʻz iqtisodiyotini bozor qonunlari asosida qurdi. U talab va taklif qonuniyatini ishga soldi, xalqini esa mehnat qilsagina, yaxshi yashash mumkinligiga ishontirdi. Shuning uchun ham bugun Xitoy iqtisodining YAIM qiymati 18 trillion dollar bilan dunyoda ikkinchi oʻringa chiqqan. AQSHda ham asosiy mezon — inson manfaati. Shu bois, AQSH YAIM qiymati 29 trillion dollar bilan hanuz barqaror va yetakchi.
Sobiq ittifoqda esa barcha “manfaatlar” tugatildi. Odamlar ishlab turgan zavod va fabrikalarga nomigagina borib kelar, maosh esa arzimas edi. Hamma goʻyoki teng qilib qoʻyildi. Lekin tarix koʻrsatadiki, mutlaq tenglik degan narsa yoʻq. Jamiyatda doimo yetakchilar, tadbirkorlar, harakatchan insonlar va shubhasiz, loqaydlar ham boʻladi. Ana shu tabiiy balans taraqqiyotni harakatga keltiradi.
Sobiq ittifoq esa siyosatdagi sunʼiy tenglashtirish bilan butun jamiyatni loqaydlikka yetakladi. Odamlar mehnatga qiziqmay qoʻydi, ijodiy ruh yoʻqoldi. Va aynan shu siyosat, “sarobga asoslangan sotsializm iddaosi” sunʼiy qurilgan imperiyani halokatga olib keldi.
1991-yilda mustaqillikka erishganimizda xalq ogʻir iqtisodiy meros bilan yuzma-yuz qoldi. Unda bir taraflama yuritilgan, faqat paxta yakkahokimligiga suyangan iqtisodiyot bor edi. Oʻzbekiston yaqingacha ham oʻzining mebel sanoati, qandolatchilik, texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarishiga ega boʻlishini koʻz oldiga keltira olmasdi. Sobiq ittifoq parchalanganda odamlar orasida “Biz endi qanday boqilamiz, qanday qilib hayotimizni davom ettiramiz?” degan hadiklar kuchaydi. Chunki barcha mahsulotlar markaz yoki qoʻshni respublikalardan kelib turardi. Shu bois, mustaqillikning dastlabki yillari xalq uchun juda ogʻir kechdi. Odamlar orasida “Kuz kelsa, yaxshi yashaymiz”, degan kinoyali gaplar tarqalishi ham oʻsha paytda qanday murakkab jarayondan oʻtga-nimizning isboti edi.
Biz oʻshanda toʻliq ishonch bilan bozor iqtisodiyotiga oʻta olmadik. Dehqonlarga yer ishonib berilmadi, davlat qaramogʻida boʻlgan ishlab chiqarishlar esa xomashyo tanqisligi tufayli toʻxtab qoldi. Bu ogʻir jarayon 20-25 yil davom etdi. Biz qoʻshni davlatlar kabi “shok terapiyasi”dan oʻtmadik. Milliy valyuta — soʻmni ham mustaqillikdan soʻng bir necha yil oʻtib, faqat 1994-yilda joriy etdik. Bu esa shu maʼnoda edi: biz rasman mustaqil boʻlganimizga qaramay, iqtisodiy jihatdan hali uzoq vaqt mustaqil emasdik.
Toʻgʻri, har bir viloyatda “lider mahsulotlar” yaratilib, ular bilan maqtanildi, chetga eksport haqida balandparvoz gaplar aytildi. Lekin amalda bizda konvertatsiya yoʻq edi. Sotilgan mahsulotlar uchun toʻliq va mustahkam dollar kirimini taʼminlab berolmadik. Shu sababli chegaralar yopildi, tovar va xizmatlar harakati cheklandi, mamlakatga keladigan turistlar uchun viza olish ham qiyinlashtirildi. Bu holat xalq ongida “Sotsializm degani — hamma narsani davlat belgilaydi, davlat boshqaradi, davlat taʼminlaydi” degan fikrni saqlab qoldi.
Mustaqillik yillaridagi mashhur besh tamoyildan biri “iqtisod — siyosatdan ustun” deb eʼlon qilingandi. Amalda esa bizda na haqiqiy iqtisod, na sof siyosat bor edi. Iqtisodiy tizim shunchalik izdan chiqqan ediki, hatto banklarda naqd va elektron pullar oʻrtasida katta tafovut paydo boʻldi. Plastikdagi pulni naqdlashtirish uchun odamlar 20-25 foiz ustama toʻlashga majbur, bu “obnalichka” deb atalgan qora bozorning ochiqdan ochiq yashashi edi.
Kredit olish esa yangi azob, har bir bankning oʻziga xos “shapkasi” boʻlar, suiisteʼmolchilik ochiqdan ochiq quloch yoygandi. Odamlar oʻz puliga sotib olayotgan mashinasi uchun ham “navbat”da turish bilan birga qoʻshimcha toʻlov, yaʼni “shapka” berishga majbur boʻlardi. Ishlab chiqarish, tijorat, hatto oddiy maishiy munosabatlarda ham “otkat”lar hayotning bir qismiga aylanib qolgandi.
Oʻsha davrning havosi shunday ediki, odamlar iqtisodiy imkoniyatdan koʻra korrupsiya va suiisteʼmolchilik devoriga duch kelardi. Xalqning mehnatdan olgan haqini adolatli sarflash emas, balki ortiqcha xarajat va “yoʻl haqi” bilan qaytarish odatga aylandi.
Prezident tashabbusi — ijtimoiy davlat sari qadam
2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat maqomiga ega boʻldi. Bu davlat siyosatida inson qadrini birinchi oʻringa qoʻyish degani edi.
Bugun davlat, avvalo, kam taʼminlangan va kambagʻal qatlamlar, nogironligi bor insonlar, boquvchisidan ayrilgan oilalar, qiynalayotgan va yetimlarga yordam berishni ustuvor vazifa qilib oldi. Ularning hayotini yaxshilash, roʻzgʻorini yuritish uchun kreditlar taqdim etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiga aylantirish islohotlarning asosiy maqsadi boʻldi.
Avvallari pora va tanish-bilishchilik evaziga olinadigan nogironlik maʼlumotnomalari barham topdi. VKK, “Raysobes” kabi korrupsiyaga moyil tuzilmalar yoʻq qilindi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mutlaqo yangi tuzilma — Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Bu oʻzgarishlar nafaqat ijtimoiy adolatni taʼminladi, balki xalqning davlatga ishonchi va umidini yanada kuchaytirdi.
Har bir davlatning oliy maqsadi — oʻz mustaqilligini mustahkamlash va asrab-avaylashdir. Agar mustaqillikning ilk yillarini birinchi bosqich deb atasak, u davrda asosiy siyosiy yoʻnalish yopiqlik siyosatiga tayanadi. Yaʼni “yopiq boʻlsak, bizga hech kim tahdid qila olmaydi” degan tushuncha bilan mustaqillikni saqlab qolishga harakat qilindi.
Ha, oldingi davrda radikallashuvga yoʻl qoʻyilmadi, lekin shu bilan birga, rivojlanish ham boʻlmadi. Oʻsha yillar “uyqu” rejimida oʻtdi. Odamlarimiz hech qanday rivojlanish boʻlmayotganini koʻrib xorijga ketaverdi, ketaverdi, ketaverdi... “Surish kerak” shiori aholi oʻrtasida, ayniqsa, yosh va bilimdonlar qatlami orasida dominant gʻoyaga aylandi.
Ikkinchi bosqich esa tarixiy burilish nuqtasi boʻldi. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlaridanoq mustaqillikni saqlash uchun faqat yopiqlik emas, balki ochiqlik siyosati ham samarali ekanini isbotladi. Dunyo bilan muloqotga chiqib, hamkorlik va doʻstlik aloqalarini kengaytirib, yordam olib, yordam berib ham mustaqillikni nafaqat saqlab qolish, balki rivojlantirish mumkinligini amalda koʻrsatdi.
Bugungi Oʻzbekiston misolida yaqqol koʻryapmizki: dunyoga ochiq boʻlish, global hamkorlik maydoniga chiqish, mintaqaviy va xalqaro integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish mustaqillikni mustahkamlashning yangi, zamonaviy yoʻlidir. Eng muhimi, Oʻzbekiston bugun ochiq dunyo siyosatida oʻz soʻzi va nufuziga ega davlat sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu ochiqlik siyosati nafaqat mustaqillikni mustahkamlaydi, balki yangi taraqqiyot yoʻlini ham ochib bermoqda.
Soʻnggi sakkiz yilda ijtimoiy sohada erishilgan natijalarga nazar tashlasak, ikki muhim masalani alohida qayd etish lozim deb oʻylayman. Ular mamlakatimizdagi qurilish va “propiska” muammosidir.
2016-yilga qadar Toshkentda ham katta qurilishlar, uy-joy barpo etish ishlari deyarli koʻrinmasdi. Rasmiy statistikaga murojaat qiladigan boʻlsak, 1991-yildan 2016-yilga qadar bor-yoʻgʻi 3636 ta koʻp xonadonli uy foydalanishga topshirilgan. Bu raqam mamlakat miqyosi uchun juda kam. 2017-yil-dan 2024-yilgacha boʻlgan davrda qurilgan koʻp xonadonli uylar soni esa 12 ming 373 taga yetdi, yaʼni 4 karra oshdi.
Shu raqamning oʻziyoq soʻnggi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasida qanday mislsiz oʻzgarishlar amalga oshganini yaqqol namoyon etadi. Bugun shaharlarimizda barpo etilayotgan yangi uy-joylar, yoʻllar, koʻpriklar va zamonaviy infratuzilmalar islohotlar qay darajada hayotiy va amaliy samara berayotganining eng yorqin isbotidir.
Uzoq yillar davomida qurilish deyarli boʻlmagani uchun doimiy “propiska” tizimi ham yopiq holda saqlandi. Bu esa mustaqillik siyosati emas, balki oʻsha yopiq tizim, totalitar tuzumning yana bir qoldigʻi edi. Chunki mustaqil mamlakatning poytaxtiga oʻz xalqi erkin kirolmasa, u haqiqiy mustaqillik emas, balki sobiq ittifoq davridan meros qolgan segregatsiya ramzidir.
Albatta, viloyatlarda ham oʻziga toʻq, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan insonlar koʻp edi. Ular Toshkentda yashashni, farzandlarini oliy taʼlimga olib kelishni, oʻz mehnati va iqtidori bilan poytaxt taraqqiyotiga hissa qoʻshishni istardi. Bu tabiiy edi. Propiskaning ochilishi esa yangi davrning muhim alomati boʻldi. Shu bilan mamlakatda migratsiya jarayonlari tezlashdi.
Migratsiya uy-joy qurilishi, xizmat koʻrsatish sohalarini keskin rivojlantirdi. Natijada poytaxt aholisining bir qismi shahar markazidan chetroqqa, Boʻstonliq singari hududlarga koʻchishni boshladi. U yerda koʻchmas mulk narxlari oshdi, yangi yerlar ochildi, yangi infratuzilmalar qurildi. Shu bilan birga, Toshkentdagi badavlat insonlar oʻz kapitali va biznesini viloyatlarga olib chiqishga kirishdi. Bugun Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va boshqa hududlarda chorvachilik, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalariga sarmoya yoʻnaltirilmoqda.
Shu tariqa poytaxtda toʻyingan kapital hududlarga chiqdi. Bu esa faqat markaz emas, balki butun respublika rivojlanayotganining yaqqol isbotidir. Eng muhimi, bu jarayon sotsializmdagidek boqimandalikni yaratmadi. Chunki ijtimoiy davlat degani hamma narsani davlatdan kutish emas, balki har bir insonga imkoniyat eshigini ochib berishdir. Imkoniyat bor joyda esa taraqqiyot ham, adolat ham boʻladi.
Biz uzoq yillar davomida rasmiy hujjatlarda kambagʻallar sonini kamaytirib koʻrsatish, ularni yoʻqdek hisoblash bilan band boʻldik. “Kambagʻal” soʻzini ishlatishdan uyalib, uning oʻrniga “kam taʼminlangan” degan soʻzni ommalashtirdik. Ammo bir haqiqatni anglashimiz shart: kambagʻallik abadiy holat emas. U — tranzit bosqich, harakat va imkoniyat berilsa, inson undan chiqib keta oladi.
Biroq sotsializm asosiga qurilgan kambagʻallik tamoman boshqacha edi. Unda odamlarda boqimandalik kayfiyati kuchaydi, ijtimoiy passivlik urchidi. Shuning uchun ham u oʻtib ketmaydigan, odamlarni oʻz ichiga tortib qoladigan holatga aylandi. Odamlarning nogironlik nafaqasi olish uchun talashib- tortishishi, davlatdan ortiqcha taʼma qilishi — bu holat qanchalar achinarli edi!
Bugun esa vaziyat butunlay oʻzgardi. Yangi Oʻzbekistonimiz meʼmori — Prezidentimiz islohotlarining asosida odamlarni boqish emas, balki ularni boqimandalikdan chiqarish gʻoyasi turibdi. Insonga nafaqat nafaqa, balki ish oʻrni, kredit, oʻzini oʻzi band qilish imkoniyati yaratilyapti. Yaʼni davlatning vazifasi insonga imkoniyat berish, uning qobiliyatini roʻyobga chiqarish, uni toʻlaqonli jamiyat aʼzosiga aylantirishdir.
Tadbirkorlar — yurt taraqqiyotining drayverlari
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tadbirkorlik salohiyati jadal rivojlanib, yurtimizning iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi omilga aylandi. Bugun Oʻzbekistonda yirik biznes va savdo tarmoqlari nafaqat poytaxtda, balki barcha hududlarda xalqqa xizmat qilayotgani, mamlakat iqtisodiyotiga katta hissa qoʻshayotgani sir emas.
Masalan, “Korzinka” misoli. Ilgari Zafar Hoshimovning barcha doʻkonlari faqat Toshkent bilan cheklangan, u viloyatlarga mablagʻ kiritishga ehtiyotkorona qaragan. Ammo bugungi kunda ushbu tarmoq butun Oʻzbekiston boʻylab oʻz shoxobchalarini ochdi.
Bu ulkan yoʻl qanday bosib oʻtilganini raqamlar yaqqol koʻrsatadi: 2016-yilga qadar “Korzinka” tarkibida bor-yoʻgʻi 17 ta doʻkon boʻlgan boʻlsa, hozirda ular soni 163 tadan oshdi. Bu orqali davlat byudjetiga har yili 1 trillion 325 milliard soʻmdan ziyod tushum kelmoqda. Tarmoqning eng katta yutuqlaridan biri — u 12 mingdan ziyod fuqaroni ish bilan band qilgani, minglab mahalliy tadbirkorlarni esa oʻz mahsulotlarini “Korzinka” rastalari orqali xaridorga yetkazish imkoniyati bilan taʼminlagani boʻldi. Bu degani, bir savdo tarmogʻi nafaqat chakana savdoni, balki mahalliy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini ham tubdan jonlantirmoqda.
Bunday misollar juda koʻp. Ular iqtisodiy oʻsishning asosiy drayverlari sifatida nafaqat ichki bozorni toʻyintirmoqda, balki yangi ish oʻrinlari, sifatli mahsulotlar va shaffof soliq tizimini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Shu yillar davomida butun dunyoda kuzatilgan global pandemiya iqtisodiy koʻrsatkichlarga katta zarba berganini inkor etolmaymiz. Biroq tadbirkorlikning kuchli salohiyati tufayli bu toʻsiqlar bosib oʻtildi. Agar pandemiya boʻlmaganida, rivojlanish yanada yuqori surʼatlarda kechishi aniq edi.
Bugun esa Prezidentimizning tadbirkorlarga yaratib bergan keng imkoniyat va imtiyozlari natijasida bu jarayon yangi bosqichga chiqdi. Soliq yuki yengillashtirilishi, kredit siyosati liberallashtirilishi va tadbirkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlanishi — bularning barchasi yurtimizda xususiy sektorning davlat taraqqiyotidagi ulushini yanada oshirmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, tadbirkorlar bugungi Oʻzbekiston taraqqiyotining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchidir. Ular orqali yurtimizda ishlab chiqarish chuqurlashmoqda, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda, xalqimiz turmush sifati yuksalmoqda.
Ana shu xizmatlar yuksak baholanayotganidan dalolat sifatida joriy yil 20-avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning tashabbuslarini qoʻllab- quvvatladi, iqtisodiy erkinlik va soliq imtiyozlari uchun yanada keng yoʻl ochdi. 20 ming tadbirkorning soliq qarzi bilan bogʻliq muammolarini ular kutmagan miqyosda ijobiy hal qilib berdi. Kerak boʻlsa, yirik tadbirkorlar koʻkragiga orden va medallar taqdi. Bu bugungi islohotlar davrida tad-birkorlikning qanchalik yuksak qadrlanishi va davlat taraqqiyotidagi beqiyos oʻrnidan dalolat.
Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tadbirkor shaxsini nafaqat iqtisodiy jarayonlar ishtirokchisi, balki yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosiy ustuni sifatida koʻrayotganining yorqin ifodasidir. Demak, mamlakatimiz taraqqiyotida tadbirkor davlat va xalqning eng ishonchli tayanchiga aylanmoqda.
Prezidentimiz aytganidek, “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini, istiqbolini taʼminlaydigan kuch bu — tadbirkorlar. Davlatimizni boy qiladigan kuch bu — tadbirkorlar. Xalqimiz, oilalar hayotini farovon qiladigan kuch bu — tadbirkorlar”.
Bugun noliganlar kimlar va ular nima qilishi kerak?
Barcha davrlar va barcha jamiyatlarda noluvchilar boʻlgan va hozir ham bor. Amerikada ham, Yevropada ham, Yaponiya yoki Rossiyada ham ularni uchratish mumkin. Chunki odamlar turlicha fikrlaydi, ularning bilim darajasi, qarashlari va ijtimoiy holatlari ham turlicha.
Haqiqat shuki, dunyoda barcha narsa mukammal emas. Lekin inson tabiati shundayki, u mehnat va harakat orqali oʻz hayotini obod qilishga qodir. Uyini qurishi, atrofini goʻzallashtirishi, bogʻiga daraxt ekishi, gullar bilan bezashi orqali bu dunyoni oʻzi uchun qimmatli va munosib maskanga aylantira oladi.
Mustaqillikdan keyin bozor iqtisodiyotiga toʻliq oʻtish kechikdi. Shuning taʼsirida jamiyatda hali ham sotsializm asoratlari bilan yashaydigan, davlatdan koʻproq kutadigan, tayyorga havas qiladigan avlod saqlanib qoldi. Bu, ayniqsa, yoshi kattaroq, shoʻro davrida yashagan insonlardir. Ular oʻtmishdagi arzonchilik, barcha narsaning davlat tomonidan taqsimlanishini sogʻinadi.
Biroq bu holat uchun ularni malomat qilish emas, balki anglash kerak: ularning ongiga sotsializm va kommunizm gʻoyalari chuqur singdirilgan edi. Shuning uchun ularning yangi iqtisodiy munosabatlarga moslashishi qiyin kechadi, bu haqiqat. Ammo hayot talab qiladigan haqiqat shuki, har kim oʻz taqdirining egasi, farovonlikka erishishning eng toʻgʻri yoʻli esa mehnat, tashabbus va harakatdir.
Lekin erta tongdan turib, “Mening baxtim va omadim kaliti faqat oʻz qoʻlimda” deb ishga otlanadigan insonlar — Jahongir Ortiqxoʻjayev, Zafar Hoshimov, Farhod Mamatjanov, Bahodir Abdurayimov, Murod Nazarov, Faxriddin Ilyosov, Shuhrat Ergashev, Shavkat Sharipov, Shuhrat Ilhomov, Abduhoshim Ismoilov, Hikmat Abdurahmonov, Alfiya Musina, Laziz Adhamov kabi koʻplab tadbirkorlar bor. Ular ishga shunchaki pul topish uchun emas, balki yaratuvchanlik, islohotlar, yangi gʻoyalarni amalga oshirishdan ruhiy quvvat va energiya olish uchun jonu dili bilan kirishadi.
Kimdir esa bu paytda norozilik kayfiyati bilan uygʻonadiyu ijtimoiy tarmoqlarda barcha “negativ” fikrlarini toʻkib-sochadi. Lekin ishi, tashvishi, masʼuliyati bor odam ijtimoiy tarmoqlarda vaqt yoʻqotib oʻtirmaydi — muvaffaqiyatli insonlarning vaqti ish bilan toʻlgan. Shu bois, koʻp hollarda “negativ” yozib oʻtiruvchilar hayotini virtual olamga bogʻlab qoʻygan, oʻz kuchiga ishonmaydigan odamlardir.
Dunyo tajribasi ham shundan dalolat beradi: Ilon Mask, Jek Ma, Stiv Jobs yoki Bill Geyts kabi mashhurlar oʻnlab, hatto yuzlab loyihalardan faqat bittasini omadli qilgan, qolganlari omadsizlikka uchragan. Lekin ular hech qachon shashtidan tushmagan, birgina muvaffaqiyat uchun ham quvongan va yana yoʻl izlashda davom etgan. Shuning uchun ham bugun dunyo tavakkalchi, jasur va pozitiv insonlar atrofida aylanmoqda.
Albatta, Alloh barchani ham tadbirkor qilib yaratmaydi. Lekin shu oʻrinda Amir Temur bobomizning teran soʻzlari yodimga tushadi: “Ishbilarmon, mardlik va shijoat egasi — tadbirkor va hushyor kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan afzaldir”. Bu haqiqatni hayotning oʻzi isbotlab turibdi.
Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessansning poydevori sifatida
Biz oʻtgan asrning turli davrlarida koʻplab shiorlar ostida yashadik. “Yorugʻ kommunizm yoʻlida”, “Besh yillik rejalar”, “Kolxoz va brigada peshqadamligi bilan” kabi shiorlar muayyan vaqtda jamiyatni ruhlantirdi, odamlarga maqsad berdi. Keyin mustaqillik yillarida ham maʼnaviyat va kelajak haqidagi turli shiorlar maydonga chiqdi. Ular zamon ehtiyojiga koʻra maʼlum maʼnoda oʻz vazifasini bajardi, ammo vaqt oʻtishi bilan koʻpchilik uchun shiorlar soʻzdan nariga oʻtmay qola boshladi.
Xalq Shavkat Mirziyoyev rahbarlikka kelganda, u qanday gʻoya orqali mamlakatni birlashtirishini intizorlik bilan kutdi. Lekin Prezidentimiz boshqalardan farqli ravishda xalqni yangi shiorlar bilan emas, balki aniq amaliy maqsadlar bilan ruhlantirdi. Oliy taʼlim tizimini yaxshi bilgan, ilm ahli ichida yetishgan maʼrifatparvar rahbar sifatida shunday degan edi: “Bizga kerak boʻlgan kelajak bilim bilan, ilm bilan, maʼrifat bilan yaratiladi”.
Shuning uchun ham bugun yangi Oʻzbekistonning asosiy gʻoyasi Uchinchi Renessansni bunyod etishdir. Chunki haqiqiy rivojlanish yoʻli keng koʻlamli islohotlar bilan birga maʼrifat, ilm va yuksak bilimli avlodni tarbiyalashdan boshlanadi.
Har bir rivojlangan davlat tajribasi shunga dalilki, taraqqiyotning haqiqiy poydevori ilmda. Xitoy bugungi qudratiga tabiiy boyliklari hisobiga emas, balki ilm- fan va texnologiyalarga qaratilgan ulkan sarmoyasi orqali erishdi. Germaniya Ikkinchi jahon urushidagi vayronagarchilikdan sanoat va taʼlim tizimiga tayanib tiklandi. Nefti ham, gazi ham yoʻq Singapur esa yoʻlni bilimli yoshlar va samarali boshqaruv orqali topdi. Yaponiya ham shunga oʻxshash yoʻldan bordi, asrlar davomida intizom va bilim bilan qayta tiklandi.
Prezidentimiz ham aynan shu haqiqatni chuqur anglab, yangi Oʻzbekistonning kelajagini ilm va maʼrifat bilan bogʻladi. Agar oʻtmishda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari boʻlgan boʻlsa, Uchinchisi ham boʻlishi tabiiy. Chunki tarix gʻildirak kabi aylanadi. Bugungi oʻzbek yoshlari — Uchinchi Renessansning asosiy kuchi. Shu bois, taʼlim sohasidagi islohotlar birinchi darajali vazifa sifatida belgilandi. Ilgari oliy oʻquv yurtlariga qabul koʻrsatkichi bor-yoʻgʻi 9 foizni tashkil etardi, u ham koʻpincha pora va adolatsiz yoʻllar orqali amalga oshardi. Natijada oʻn minglab yoshlar bilim olish imkoniyatisiz qolgan. Bugun esa vaziyat butunlay oʻzgardi: mamlakatimizda 205 ta universitet mavjud, ularning yarmi davlat, yarmi nodavlat va xorijiy universitetlardir.
Toshkent haqli ravishda “talabalar shahri” deb atalmoqda. Bir millionga yaqin talaba bugun ilm olyapti. Bu nafaqat mamlakat ichida, balki jahon miqyosida ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Oʻzbekiston oliy taʼlimi yuqori reytingga kirish va taʼlim markaziga aylanish sari qadam tashlayapti. Yaqinda xorijiy safarlardan birida oʻzga mamlakat olimlari mendan hayrat bilan “Nega sizlarda universitet koʻp?” deb soʻradi. Buning javobi aniq: yangi Oʻzbekiston bilimga chan-qoq, malakali kadrlar yetishtirish yoʻlidan ketyapti.
Eng quvonarlisi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali minglab yoshlar Garvard, Stenford, Kembridj, Yell va Nagoya kabi oliygohlarda tahsil olmoqda. Ular qaytgach, chekkada qolib ketmayapti, balki davlat boshqaruvida, vazirliklarda, yirik agentliklarda faoliyat olib boryapti. Masalan, Alisher Saʼdullayev kabi yoshlar bugun katta masʼuliyatli lavozimlarda ishlayapti. Ular utopik shiorlarga ishonmaydigan, haqiqiy natija va shaxsiy mehnatiga suyanadigan avlod.
Biz avval taʼlimdan qoʻrqar edik: odamlar chet elga chiqishini cheklardik, dollar olishni qiyinlashtirardik, chetga chiqish uchun stiker talab qilardik. Endi esa hammasi ochiq: stiker yoʻq, bankdan bemalol dollar olasiz, chet elga chiqish erkin. Qoʻshni davlatlar bilan munosabatlar ochildi. Hozir Pokiston, Hindiston, Bangladesh va qoʻshni mamlakatlardan minglab talabalar Oʻzbekistonda oʻqimoqda. Universitetlarda xorijiy professorlar faoliyat olib boryapti. Bu jarayonlarning natijasi tez orada seziladi: bilimli, zamonaviy fikrlaydigan yoshlar davri kelmoqda.
Bobolarimiz aytgan: “Dangasaning yostigʻi tagida rayhon, boyning yostigʻi tagida tikan boʻladi”. Ishyoqmas inson tundan tonggacha rayhon isini hidlab uxlaydi, unda masʼuliyat ham, tashvish ham u darajada koʻp emas. Ishbilarmon inson esa tikan ustida yotgandek, erta turib, oʻz yer-ekinlari, ishchilari uchun qaygʻurib, yanada koʻproq mehnat qiladi. Taraqqiyotga yetaklaydigan kuchning bosh mezoni faol harakat va bilimga intilishdadir.
Prezidentimizning umidi ham ana shu bobolarimizdek buyuk avlod yetishib chiqishida. Chunki tariximizda Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Moturidiy, Forobiy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ zotlar yetishib chiqqan. Ularga faqat faxrlanib qarashgina yetarli emas, balki ularning mashaqqatga tayyorligi, ilmga chan-qoqligi, uzluksiz izlanishga intilishidan ibrat olishimiz zarur. Ulardagi ilm va mehnatga sadoqat ruhi bizda ham uygʻonmogʻi, yangi avlodni harakatga undashi kerak. Prezidentimizning barcha islohotlari va taʼlimga qaratgan eʼtibori ham ana shu ruhni qayta jonlantirishga xizmat qiladi. Chunki kelajakda yangi Oʻzbekistonning qudrati ilmli, izlanuvchan va masʼuliyatli yoshlar qoʻlida boʻladi.
Oʻzbekistonning geografik taqdiri va undan kelib chiqqan saboqlar
Oʻzbekiston joylashuvi haqida gapirganda koʻpincha “Markaziy Osiyoning chorrahasi, markazi, yuragi”, deya gʻurur bilan taʼkidlaymiz. Bu taʼrif ayrim jihatdan toʻgʻri boʻlishi mumkin, biroq bizningcha, mamlakatimiz geografik joylashuvi bir vaqtning oʻzida katta sinov hamdir. Chunki Oʻzbekiston dunyodagi dengizga chiqish imkoniyati yoʻq yirik davlatlardan biri. Qariyb 38 million aholi yashaydigan bu yurt barcha mahsulot aylanmasi, import va eksport jarayonlarini amalga oshirish uchun kamida uchta davlat orqali dengiz yoʻllariga chiqishga majbur.
Bu holat tabiiy ravishda iqtisodiyotimizga ham taʼsir qiladi. Yoʻllar yopilgani yoki qoʻshni mamlakatlardagi ziddiyatlar sabab bittagina konteyner mahsulotning narxi ikki barobarga oshishi mumkin. Bu esa logistika xarajatlarini koʻpaytirib, iqtisodiy oʻsishga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu jihatdan qaraganda, Oʻzbekistonning har bir qadami faqat ichki islohotlar bilan emas, balki tashqi munosabatlar va qoʻshnichilik siyosatini ham puxta oʻylashga chorlaydi.
Asrlar davomida bu muammolarga tarixiy yechim sifatida Buyuk ipak yoʻli xizmat qilgan. U Sharq va Gʻarbni bogʻlab turgan buyuk moʻjiza edi: savdo orqali nafaqat mahsulotlar, balki gʻoyalar, ilm-maʼrifat va madaniyatlar almashgan. Oʻsha zamonlarda Ipak yoʻli internet vazifasini bajargan, dunyo sivilizatsiyasini uygʻun rivojlantirgan. Biroq Vasko da Gama va uning zamondoshlari suv yoʻllarini ochgach, quruqlik orqali savdo ahamiyatini yoʻqotdi. Chunki suv yoʻllari ham arzon, ham qulay edi.
Mana shu yoʻqotishlardan keyin mintaqamiz sekin-asta kuchdan qoldi. Bu esa keyingi asrlarda boshqa kuchlar tomonidan bosib olinishimiz va boʻlinib ketishimiz sabablaridan biri boʻldi. Ammo tarix bir narsani koʻrsatdi: geografik holat taqdir boʻlishi mumkin, ammo undan toʻgʻri saboq chiqargan xalq oʻz yoʻlini topa oladi.
Oʻzbekning dengizi — bilimi
Albatta, oʻzbeklarning najoti ilm va tafakkurda. Unutmasligimiz kerak: biz uchun eng katta dengiz bu — bilimlar olami. Bugungi oʻzbek yoshlari uchun haqiqiy boylik ham, imkoniyatlar dunyosi ham ularning aqli, zakovatidadir. Chunki bizga najot beradigan quvvat nafaqat tabiiy resurslar, balki, eng avvalo, bilim va maʼrifatdir. Ota-bobolarimiz “Bilimga yoʻgʻrilgan hunar ham baraka beradi” deb bejiz aytmagan.
Agar aql bilan ish yuritsak, Rishtonning sopolini, iroqi toʻqimachilaridan meros kashta va ipak zardoʻzligi sanʼatini, milliy mahsulotlarimizni dunyoning istalgan nuqtasiga yetkazishimiz mumkin. Buning uchun katta infratuzilmalarga bogʻliq boʻlib oʻtirish shart emas, internetning oʻzi biz uchun yangi Ipak yoʻli.
Shuning uchun aytamizki: Oʻzbekiston yoshlari uchun internet yangi dengiz, bilim esa uning kemasidir. Keraklisi aql, yaratuvchan fikr va harakat. Shu bilangina biz oʻz orzu va maqsadlarimiz sohiliga yeta olamiz.
Oʻzbek xalqi asrlar davomida mehnatsevarligi, hunarmandchiligi, tadbirkorligi va madaniy dunyoqarashi bilan olamga tanilgan. Bizning qoʻlimizdan chiqqan sopol, ipak, zargarlik, qurilish va sanʼat namunalari hamisha xalqlar orasida havas uygʻotgan. Shundan bilish mumkinki, yuzaga chiqishning haqiqiy yoʻli hech qachon oson boʻlmagan — u sabr, izchil mehnat va intilish bilan qoʻlga kiritilgan. Shuning uchun ham bugun qiyinchilik qanchalik katta boʻlmasin, biz shunchalik harakat qilishimiz, oyoqqa turish va yuksalishga intilishimiz shart.
Biz doim oʻzimizni boshqalar: Amerika, Yevropa davlatlari, Yaponiya va Turkiya bilan qiyoslaymiz. Lekin nazarimizda, bu unchalik toʻgʻri emas. Agar taqqoslash zarur boʻlsa, eng adolatlisi oʻzimizni kechagi holatimiz bilan baholashdir. Oldin qanday edik, bugun nimaga erishdik, ertaga qanday boʻlishimiz mumkin? Ana shunday qiyos haqiqiy taraqqiyotning mezoni boʻladi. Chunki taraqqiyotning haqiqiy mezoni jamiyatning kechagi holatidan oldinga qadam tashlashi, sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtishidadir.
Tariximizga nazar tashlasak, qachon hozirgidek erkin boʻlganmiz? Qachon oʻz taqdirimizga oʻzimiz egalik qilganmiz? Qachon faqat armiyasi yoki paxtasi, tabiiy boyliklari uchungina emas, balki xalqining irodasi va salohiyati uchun qadrlangan millat boʻlganmiz? Bugun biz ana shu savollarga ochiq javob topyapmiz.
Aytish lozimki, mustaqillikning haqiqiy mazmuniga yetib borish uchun 2016-yildan buyon katta mehnat qilindi. Toʻxtab qolgan sohalar koʻtarildi, oqsagan yoʻnalishlarga davlatimiz tomonidan harakatlantiruvchi turtki berildi.
Prezidentimiz siyosatining eng muhim nuqtasi jamiyatga erkinlik nafasini olib kirgani boʻldi. Chunki oʻzbek xalqi hech bir tarix chorrahalarida passiv yoki kuchsiz boʻlmagan. Biz, oʻzbeklarga erkinlik bering, mamlakatimizni oʻzimiz bunyod etamiz, hisob beruvchi emas, hisoblashiladigan qudratli davlatga aylantiramiz. Darhaqiqat, mulohaza qilaylik, tadbirkorga nima kerak — erkinlik, qolganini oʻzi biladi, ilm- fan va maʼrifat ahliga nima kerak — erkinlik, natija va yutuqlarni koʻraveramiz, koʻryapmiz ham. Endi yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini baholash uchun bizga boshqa mamlakatlar bilan taqqoslash kerak emas.
Albatta, biz rivojlangan mamlakatlar darajasiga chiqishni istaymiz. Lekin buning uchun faqat davlatning harakati yetarli emas, balki har bir fuqaro, jamiyatning har bir vakili faol boʻlishi lozim. Har kim oʻz sohasida harakat qilsa, oʻzini kechagidan yaxshiroq qilib koʻrsatsa, mamlakat ham umumiy hisobda yangi marralarga tezroq yetadi.
Yangi Oʻzbekiston bunyodkori Shavkat Mirziyoyev fenomeni — bugungi kun voqeligi.
Bu haqda juda koʻp va xoʻb yozish mumkin: biz va dunyo bu oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda. Lekin masala Prezident shaxsini koʻklarga koʻtarishda emas — natijada. Keyingi 9 yildagi yurtimizdagi eng katta yangilik — xalqqa qaytgan neʼmat: erkinlik, ozodlik, hurfikrlik. Qonun ustuvorligi mustahkamlandi, ochiq muloqotga minbarlar berildi, fuqarolik pozitsiyasi kuchaydi. Tarixiy burilishning haqiqiy oʻlchovi ham shu: hurriyatning kundalik hayot tarziga aylanishi.
Inson tabiatan erkindir, chunki biz tugʻilgan birinchi daqiqalardan erkinmiz. Shuning uchun erkinlik faqat huquqiy norma emas, u shaxs kamoloti va jamiyat yangilanishini harakatga keltiruvchi omil.
3000-yillik tarix kesimida bunday keng imkoniyatlar kam kuzatilgan. Bugun fikr erkinligi, tashabbus va faol fuqarolik pozitsiyasi institutsional shaklga ega boʻldi. Yangi bosqichda vazifa aniq: erkinlikni qonun ustuvorligi, uzluksiz islohotlar va milliy madaniy meʼyorlar bilan barqaror uygʻunlashtirish.
Prezidentimiz ozodlik, erkinlik va hurfikr uchun sharoit yaratdi.
Endi esa navbat bizga: mustaqilligimizni ilm-maʼrifat va yuksak zakovat bilan mustahkamlaylik, milliy birlik va jipslik bilan qoʻllab-quvvatlaylik, halol mehnat va sadoqat bilan bezaylik. Shundagina yangi Oʻzbekistonning poydevori mustahkam boʻlib, Vatan taqdiri avlodlar qoʻlida ishonch bilan davom etadi.
Sherzodxon QUDRATXOʻJA,
siyosiy fanlar doktori,
professor