Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, maymun chechagi kasalligi hozirgacha 14 davlatda qayd etilgan. Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Qolaversa, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumon qilinmoqda. Biroq shu kungacha oʻlim holati roʻyxatga olinmagan. Xoʻsh, maymun chechagi qanday kasallik? Uning profilaktikasi qanday? Yurtimizga kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli qanchalik yaqin?
— Bu xastalik kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. U ilk bor bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov. — Shu bois, kasallikning alohida holatlari Markaziy va Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.
Taʼkidlanishicha, maymun chechagi deyarli barcha holatda hayvondan odamga yuqadi. Asosan, endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda boʻlgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin.
Undan himoyalanish yoʻli bormi?
Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparati mavjud boʻlmasa-da, qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishni uddalashi mumkin.
Chunki ikki virus bir-biriga oʻxshash va shu tufayli chin chechakka qarshi emlanganlik tufayli orttirilgan immunitet maymun chechagi bilan kasallanishdan ham himoya qilishda taxminan 85 foiz samara berishi ehtimoli bor.
— Oʻzbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yoʻq. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz, — deydi Nurmat Otabekov. — Yurtimizga bu kasallik kirib kelgan taqdirda ham birorta shifoxonani mazkur kasallikka moslashtirish yoki alohida shifoxona tashkil etishga ehtiyoj yoʻq. Chunki Oʻzbekistonda 1980-yildan avval tugʻilganlarning barchasi kasallikka qarshi emlangan. Yaʼni hozir mamlakatimiz aholisining 50 foizida emlash orqali immunitet hosil qilingan. Bunday holatda kasallik ommaviy epidemiya tarzida tarqalib ketmaydi.
Milliy profilaktik emlash taqvimi nima?
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda immunizatsiya va vaksinatsiya jarayonlari, Milliy profilaktik emlash taqvimi va bu borada aholiga ishonchli maʼlumotlarni yetkazish yuzasidan soha ekspertlari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil maʼlumot berildi.
Mustaqillikning dastlabki yillari mamlakatimizda oltita yuqumli kasallikka qarshi emlash ishlari olib borilgan. Bugun esa Milliy profilaktik emlash taqvimiga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, koʻkyoʻtal, qoqshol, sil, V gepatiti, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensaning B turi (XIB) infeksiyasi, bachadon boʻyni saratoni kelib chiqishiga sabab boʻladigan papillomavirusga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari oʻtkazilayotir.
Soʻnggi yillarda emlash taqvimiga yana toʻrtta kasallikka qarshi emlash tadbiri kiritildiki, bu ham aholi salomatligi asrash borasidagi ezgu ishlarning mantiqiy davomidir. Ayniqsa, 2019-yildan oʻsmir qizlarni papillomavirusga qarshi emlash amaliyoti joriy etildi.
Ayni paytda yurtimizda profilaktik emlash ishlari uchun 3 ming 138 ta emlash punkti tashkil etilgan. Chaqaloqlar sil va V gepatitiga qarshi tugʻruq majmualarining oʻzida emlanmoqda.
Muhimi, soʻnggi yillarda aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashning qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Yurtimizda 2003-yildan buyon emlashdan soʻng nojoʻya reaksiyalar — asoratlar (holat) roʻyxatga olingani yoʻq.
— Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali oʻtkazilishi natijasida 1996-yildan yurtimizda yovvoyi poliovirus keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi. Oʻzbekiston 2002-yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” kabi xalqaro sertifikatlarini olishga muvaffaq boʻldi, — deydi Nurmat Otabekov. — Avvallari bolalar oʻrtasida turli yuqumli kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichi yuqori boʻlgan. Chunki ular qator xavfli infeksiyalarga qarshi emlanmagan. Bugun esa oʻgʻil-qizlarning hayotiga zomin boʻladigan bunday xavfli xastaliklarning oldini olish imkoni mavjud.
Maʼlumotlarga koʻra, vaksinalarning aksariyati bola bir yoshga toʻlgunicha qoʻllanadi. Masalan, 2001-yildan beri bir sutkalik chaqaloqlar virusli V gepatitiga qarshi VGV vaksinasi bilan emlanadi.
Milliy emlash taqvimiga 2019-yildan bachadon boʻyni saratoni kelib chiqishiga sabab boʻladigan papillomavirusga qarshi qoʻllanuvchi vaksina ham kiritildi. Har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq oʻsmir qiz ushbu vaksina bilan emlanmoqda. Bu mamlakatimizda yuqumli kasalliklar rivojlanishi va epidemiyani jilovlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Emlash ishlari takomillashtiriladi
Keyingi yillarda dunyoda virusli gepatitning V va S turi keng tarqalmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2021-yil boʻyicha hisobotiga koʻra, dunyo miqyosida V gepatitini yuqtirganlar soni 300 millionga yaqin va S gepatiti bilan ogʻriganlar soni 150 milliondan oshgan. Yurtimizdagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari oʻtkazgan pilot tekshiruvlarda V virusli gepatit 2,3 foiz va S virusli gepatit esa 3 foiz holatda aniqlangan. Bu juda katta koʻrsatkichdir.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirishga doir zarur vazifalar belgilab berildi. Jigar sirrozi va jigar saratoniga olib keluvchi V va S gepatiti yuqishi xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini virusli gepatitning V turiga qarshi emlash bilan toʻliq qamrab olish vazifasi koʻzda tutilgan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunovaning aytishicha, bu saʼy-harakatlar tufayli virusli gepatitga chalinishning oldi olinadi. Zero, 2001-yildan boshlab yangi tugʻilgan chaqaloqlarni virusli gepatitning V turiga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan boʻlib, emlanganlar orasida, mana yigirma yildirki, mazkur kasallik qayd etilmayapti. Bu emlashning yuqori daraja samaradorligini koʻrsatadi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri