Buning oʻziga xos sabablari bor. Shulardan eng asosiysi, tabiiyki, oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanib qolishi taʼsirida oʻqish va bilimga qiziqishi pasayib ketishidir. Shu maʼnoda, 2023 yilda YUNESKO butun dunyo maktablarida smartfonlardan foydalanishni taqiqlash boʻyicha chaqiriq bilan chiqqani bejiz emasdi.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyodagi har toʻrt mamlakatdan bittasida maktablarda telefondan foydalanish boʻyicha aniq belgilangan taqiqlar mavjud. Bu 13 foiz holatda mamlakatdagi qonunlar, 14 foiz holatda esa mobil telefondan foydalanishni taqiqlovchi siyosat koʻrinishida amalga kiritilgan.
Gadjetlarga xayoli boʻlingan bola qayta diqqatini jamlashi uchun 20 daqiqa sarflashi kerak. Bu esa oʻz-oʻzidan bolaning oʻzlashtirishiga taʼsir qiladi.
YUNESKO bu borada Belgiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan tadqiqotlarni keltiradi. Mazkur tadqiqotlarda koʻrinishicha, sinfxonalarda telefon ishlatish taqiqlanganda oʻquvchilarning oʻzlashtirishi yaxshilangan. Ayniqsa, oʻzlashtirishda qiyinchilikka duch keladigan oʻquvchilarda natija yaxshi boʻlgan. Shuningdek, koʻp vaqt ekranga qarash oʻquvchilarning oʻzlashtirishidan tashqari ularning ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchanligiga, ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilishi, yoshlarda ruhiy inqirozlarga sabab boʻlishi mumkin.
Xitoyda 2021 yildan boshlab oʻquvchilarning maktabga telefon olib borishi taqiqlangan. Mabodo olib borilganda ham dars boshlanishidan oldin uni oʻqituvchiga topshirishi shart. Fransiyada esa boshlangʻich va oʻrta sinf oʻquvchilariga maktab binolarida telefondan foydalanish taqiqiga sal avvalroq — 2018 yilda kirishilgan. Norvegiyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda yosh cheklovlari (15 yosh) joriy etilgan.
Avstraliya, Fransiya, Chexiya, Ispaniya, Bangladesh kabi davlatlarda maktab oʻquvchilari dars paytida mobil qurilmalaridan foydalanishga cheklovlar oʻrnatilgan.
Xalqaro kuzatuvlarga koʻra, maktablarda telefondan foydalanish cheklanganidan soʻng kiberbulling holatlari 20-30 foiz qisqargan. Taʼlim olish jarayoniga salbiy taʼsiri bois, Janubiy Koreya maktablarida mobil aloqa vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlangan.
AQSH maktablarining asosiy qismida ham faqatgina akademik maqsadlardagina telefondan foydalanishga ruxsat beriladi. Qolgan holatlarda smartfon ishlatish mumkin emas.
Oʻzbekistonda maktablarda mobil telefondan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan. Maktabga kirib kelishda har bir oʻquvchi, xodim va boshqa shaxslar oʻz telefoni ovozini toʻliq oʻchirib qoʻyishi (telefonni “ovozsiz” rejimga oʻtkazishi) shart.
Shuningdek, dars mashgʻulotlaridan oldin telefonni oʻchirib qoʻyish talab etiladi. Qolaversa, Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalarida ham oʻquvchilarning maktab hududida telefondan foydalanmasligi bilan bogʻliq talablar belgilangan.
Endi savol: texnologiya rivojlangan davrda oʻquvchilarga mobil telefondan foydalanishni cheklash yoki taqiqlash shartmi va bunda nimalarga ahamiyat berish kerak?
Oʻzbekiston sharoitida mazkur masala dolzarbligicha qolmoqda. Negaki amaldagi meʼyoriy hujjatlar mavjud boʻlishiga qaramay, amaliyotda nazorat mexanizmlari yetarli emasligi, ota-onalar, taʼlim muassasalari va jamiyat oʻrtasida masʼuliyat aniq taqsimlanmagani kuzatilmoqda. Koʻplab hollarda mobil telefonlar bilan bogʻliq cheklovlar jazoga asoslangan boʻlib, tushuntirish va profilaktik yondashuv yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmayapti. Shunday ekan, bizningcha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida aynan shu masala bilan shugʻullanuvchi ishchi guruh shakllantirish lozim va unga yoshlar taʼlim hamda tarbiyasiga masʼul boshqa vazirlik, idoralardan mutaxassislar jalb qilinishi maqsadga muvofiq. Maktab oʻquvchilarini ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentlardan himoyalash borasida qonunchilikka oʻzgartirishlar, strategik reja loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish lozim.
Bunda quyidagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi taklif etiladi:
- ushbu yoʻnalishdagi ishlar ommalashgan rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish;
- mavjud qonunchilik bazasini monitoring qilish va tegishli takliflar loyihasini tayyorlash, xususan, 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning onlayn platformalarda roʻyxatdan oʻtishiga taqiq joriy etuvchi qonun loyihasi ishlab chiqish va keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilish;
- oʻquvchilar uchun maxsus sim-kartalarni roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini yoʻlga qoʻyish va uning nazoratini olib borish;
- oʻquvchilar oʻrtasida asosan qanday kontentlar ommalashganini ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish orqali aniqlash;
- oʻquvchilar uchun ijtimoiy xavfi kuchli boʻlgan kontentlarni bloklash va ular haqidagi maʼlumotlarni ota-onalar, sinf rahbarlariga yetkazish tizimini yaratish;
- maktablarning saralangan oʻqituvchilaridan iborat mediatrenerlar tarkibini xavfsiz internet boʻyicha tayyorlash (kamida har bir tuman, shahardan 2-3 nafardan) va ular tomonidan barcha tuman, shaharlarda kaskad usulida oʻqituvchilarni mediasavodxonlikka oʻqitish;
- taʼlim muassasalarida mobil qurilmalardan foydalanishni tartibga solishda faqat taqiqlashga emas, balki ongli boshqaruvga asoslangan kompleks yondashuvni joriy etish. Xalqaro amaliyotda samaradorligi isbotlangan “nazorat va muqobil muhit” modeli shundan dalolat beradi. Ushbu model doirasida, bir tomondan, texnik cheklovlar va raqamli xavfsizlik choralari kuchaytirilsa, ikkinchi tomondan, oʻquvchilar uchun ijtimoiy faollik, jamoaviy ishlash va mediamadaniyatni rivojlantiruvchi muqobil faoliyatlar tashkil etilishi kerak.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalari uchun “raqamli xavfsiz hudud” maqomi joriy etilib, maktab hududida ijtimoiy tarmoqlar va zararli kontentga kirish texnik jihatdan cheklanishi kerak. Shu bilan birga, oʻquvchilar uchun maxsus taʼlimiy raqamli muhit konsepsiyasi ishlab chiqilib, mobil texnologiyalar taʼlimdan ajratilgan, ammo foydali yoʻnaltirilgan shaklda qoʻllanilishi zarur.
Oʻqituvchilarni “raqamli sinfni boshqarish” boʻyicha maxsus tayyorlash, ota-onalar uchun esa farzandlarning raqamli xulq-atvoriga doir masʼuliyatni oshiruvchi tushuntirish mexanizmlarini joriy etish ham yaxshi natija beradi.
Umuman olganda, taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish masalasi faqat ichki intizom yoki texnik cheklov masalasi emas, balki kelajak avlodning bilim sifati, tafakkuri va ijtimoiy barqarorligi bilan bogʻliq strategik masala hisoblanadi. Shu bois, ushbu yoʻnalishda davlat siyosatini takomillashtirishda xalqaro tajriba, zamonaviy statistik tahlillar va milliy sharoitni inobatga olgan holda tizimli va muvozanatli qarorlar qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Toʻxtasin ARSLONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Taʼlim muassasalari bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi