Muzliklarni saqlab qolishga doir muhokama oʻtkazdi

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish va muzliklarni saqlab qolishning dolzarb masalalari” mavzusida onlayn shaklda davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Isroilning yetakchi tahliliy va tadqiqot tuzilmalarining 30 dan ortiq mutaxassislari hamda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ekspertlari ishtirok etdi.

    Xususan, Tojikiston Suv muammolari, gidroenergetika va ekologiya instituti, Tojikiston Fanlar akademiyasi Muzliklarni oʻrganish markazi, Qirgʻiziston Fanlar akademiyasining Suv muammolari va gidroenergetika instituti, Turkmaniston Davlat suv xoʻjaligi qoʻmitasi va “Turkmensuvыlыmtaslama” instituti, Isroil suv xoʻjaligi departamenti rahbarlari va mutaxassislari ham ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari Baxtiyor Mustafayev, 2030-2050-yillar oraligʻida havo haroratining 1,6-2,6 darajaga keskin koʻtarilishi bu, ayniqsa aholining oʻsishi, sanoat ishlab chiqarishi va qishloq xoʻjaligining rivojlanishi sharoitida mavjud suv tanqisligini yanada kuchaytirishini qayd etdi. Mintaqada mavjud hozirgi noqulay sharoitni inobatga olgan holda, oʻzaro qoʻshma saʼy-harakatlarning ishlab chiqilishi Markaziy Osiyo davlatlarida suv xoʻjaligi va ekologik vaziyatni yaxshilashga koʻmaklashadi.

    Oʻz navbatida, Tojikiston Fanlar akademiyasi Suv muammolari, gidroenergetika va ekologiya instituti direktori Orif Amirzodaning soʻzlariga koʻra, global iqlim oʻzgarishi va global isish nuqtayi nazaridan Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha muhokamaning dolzarbligi, mintaqaning ushbu muammolarga nisbatan keng imkoniyatlarga ega emas.

    Tojikiston vakili suvni tejash va muzliklarni saqlab qolish masalalarida mintaqadagi barcha davlat va ilmiy tuzilmalararo yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish dolzarbligini qayd etdi. Unda taʼkidlanganidek, mamlakatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari orqaligina iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini kamaytirish mumkin.

    Orolni qutqarish xalqar jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari X.Sharofiddinovning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiriga uchrashi mumkin boʻlgan mintaqalar qatoriga kiradi.

    Kelgusida ushbu omil mintaqadagi suv muvozanatini murakkablashtirib, muzliklar xavfsizligiga salbiy taʼsir etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim oʻzgarishi oqibatlarini bartaraf etishda suvni tejovchi texnologiyalar va suv resurslarini integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish, suv havzalaridagi resurslarini boshqarish tamoyillariga oʻtishi, maʼlumot toʻplash va qayta ishlash tizimini modernizatsiya qilishi zarur.

    Ishtirokchilar muhokamalar doirasida mintaqadagi mavjud iqlim sharoiti va uning Markaziy Osiyo muzliklari hamda suv resurslariga salbiy taʼsirini atroflicha tahlil qildilar. Shuningdek, mintaqadagi ekologik ahamiyatga molik ustuvor masalalar belgilab olinib, suv resurslarini koʻpaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.

    Isroil davlati suv resurslari boshquruvi, gidrogeologiya departamenti boshligʻi Yakov Livshis oʻz nutqida, Isroilda suvni tejash va undan samarali foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

    Unda qayd etilishicha, Isroilda havo haroratining keskin koʻtarilishi va qayta tiklanadigan suv resurslarining qisqarishi sharoitida qoʻshimcha suv taʼminoti manbalarini yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu dengiz va shoʻr suvlarni shoʻrlantirish texnologiyasi, yagona yaxlit suv taʼminoti tizimini joriy etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligida ichimlik suvi taʼminoti uchun yaroqsiz suvdan foydalanishni oʻz ichiga oladi.

    Ya.Livshisning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va suv resurslarini tejashning eng samarali usuli bu tomchilatib sugʻorishdir. Shuningdek, 2000-yildan buyon mamlakat qishloq xoʻjaligida qayta ishlangan oqava suvlardan faol foydalanilmoqda. Yosh avlod bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar yanada muhim ahamiyatga ega. Isroilda suvni tejash borasida taʼlim-tarbiya ishlari maktabgacha yosh davridan boshlanadi. Shu qatorda, “NYUTEK” oʻrta maktablarida suv bilan bogʻliq mavzularni oʻrganish dasturi amalga oshirilmoqda va ommaviy axborot vositalarida suvni tejashga chaqiruvchi kampaniya ish olib bormoqda.

    Tadbir yakunlari boʻyicha, ishtirokchilar Markaziy Osiyodagi dolzarb ekologik muammolar yuzasidan doimiy fikr almashish muhimligini taʼkidladi. Ilmiy tuzilmalar vakillari shu kabi formatdagi yaqin hamkorlik aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.