My Freighter yuk aviakompaniyasining birinchi samolyoti Toshkent aeroportiga kelib qoʻndi

    Transport 23 Oktabr 2022 2370

    Joriy yil 23-oktyabrda mahalliy vaqt bilan soat 17:03da “My Freighter” mahalliy yuk tashuvchi aviakompaniyasining samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Samolyot anʼanaviy ravishda suv arkasi bilan kutib olindi.

    Jumbo Jet nomi bilan tanilgan va 105 tonna sigʻimga ega Boeing-747 My Freighter kompaniyasining birinchi shaxsiy yuk samolyoti boʻldi. 2019-yilda tashkil etilgan kompaniya shu paytgacha “UzAirways” kompaniyasidan ijaraga olingan samolyotlarda yuk reyslarini amalga oshirib kelgan. Yaqin kelajakda My Freighter yana beshta Boeing-747 yuk samolyotini sotib olishni, yaqin besh yil ichida esa parkni 20 ta yuk samolyotigacha yetkazishni rejalashtirgan.

    2022-yilda kompaniya yuk reyslari soni 410 taga yetdi. My Freighter Xitoyning oʻnta yirik shahrida oʻz omborlariga ega, yuk yigʻish punktlari Yevropada Chexiya, Lyuksemburg, Germaniya, Fransiya, Italiya va Niderlandiyada, shuningdek, BAAda, Janubiy Koreyada, Rossiya, Braziliya va Vyetnamda joylashgan, deb xabar beradi Uzbekistan Airports.