Toshkent aeroportida nogironligi bor shaxslar ishga olindi

    Uzbekistan Airports kompaniyasi oʻzining ijtimoiy siyosati doirasida ilk bor sakkiz nafar eshitishida nogironligi bor kishini ish bilan taʼminladi.

    Toshkent aeroportida ilk bor eshitish qobiliyati cheklangan sakkiz nafar fuqaro yuk aravachasi operatori sifatida ish boshladi.

    Uzbekistan Airports kompaniyasi oʻzining ijtimoiy siyosati doirasida ilk bor sakkiz nafar eshitishida nogironligi bor kishini ish bilan taʼminladi.

    Ular “Toshkent” aeroportida faoliyat yurituvchi Uzbekistan Airports Handling ekspeditorlik kompaniyasining aeroport terminali xizmatiga yuk aravachasi operatori sifatida ishga qabul qilindi.

    Aeroportda Oʻzbekiston karlar jamiyati rahbari Goʻzal Shodiyeva va Aviatsiya ishchilari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ulugʻbek Nazirov ishtirokida yangi xodimlarni ishga qabul qilishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Ularga kasaba uyushma aʼzosi guvohnomalari topshirildi.

    Oʻzbekiston aeroportlari va Karlar jamiyati vakillari frontlayn personallarni (yoʻlovchilar bilan bevosita ishlovchi xodimlar), jumladan, yoʻlovchi tashish xizmati xodimlari va axborotni qoʻllab-quvvatlash agentlarini imo-ishora tiliga oʻqitishga kelishib oldi.