Toshkent xalqaro aeroportining kelish zalida ham E-Gate tizimi ishga tushirildi

    Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida avtomatlashtirilgan E-Gate pasport nazorati tizimi ishga tushirildi.

    Bu haqda “Oʻzbekiston aroportlari” AJ maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, yangi oʻtish joylari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun moʻljallangan sakkizta elektron yoʻlak bilan jihozlangan.

    Yoʻlovchilar shunchaki biometrik pasportlarini maʼlumot tekshiruvchi skanerga qoʻyadilar va identifikatsiya qilish (Face ID) protsedurasidan oʻtadilar. Shaxslari tasdiqlangandan soʻng, turniket avtomatik ravishda ochiladi. Butun jarayon taxminan 15-20 soniya davom etadi.

    E-Gate tizimi birinchi marta 2023-yilda Toshkent aeroportida xalqaro terminalning joʻnash zalida joriy etilgan edi. Ushbu yangi tizim yordamida poytaxt aeroportidagi avtomatlashtirilgan yoʻlaklarning umumiy soni 20 taga yetdi.

    E-Gate texnologiyasining joriy etilishi pasport nazorati vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi, nazorat punktlarining oʻtkazuvchanligini oshiradi va yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi.