Bunga bagʻishlangan marosimda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ishtirok etdi.
Mazkur erkin iqtisodiy zona Prezidentning 2018-yil 20-avgustdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, 681 gektar maydonni egallagan. Hozirda bu yerda umumiy qiymati 601 million dollarlik 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan ikkitasi — “Chust tekstil” va «Ifoda agrokimyohimoya» korxonalari allaqachon oʻz faoliyatini boshlagan.
Xitoyning Shangan brendiga mansub kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarishga soʻnggi 10 yil davomida BAAning Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Homidov tomonidan 800 ming dollar, 2 million dollar xorijiy investorlar ulushi va 3 million dollar bank krediti, jami 5,8 million dollar miqdorida investitsiya kiritilmoqda.
Namangan Shangan Motors MCHJ tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1800 ta 1—1,5 tonna yuk koʻtaradigan 4 xil rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan taʼminlanadi. Keyingi 3 yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan.
Tadbirkorning hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning oʻzida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj mavjud. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan boʻlsa, ishlab chiqarish koʻlamini yana-da kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin boʻladi.
— Namangan Shangan Motors tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning oʻzida talab va xaridorlar yetarli ekanligi kishini quvontiradi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlar tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham paydo boʻlishi va yaxlit majmua yuzaga kelishi ayni muddao boʻladi, — dedi viloyat hokimi Xayrulla Bozorov.
Korxonada 2021-yilning birinchi choragida ilk avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlanishi kutilmoqda.