O'quvchilar o'zlari tanlagan ikki fan va matematikadan imtihon topshirdi. Tanlov fanlari orasida fizika, kimyo, biologiya va informatika bor.
Namangan shahridagi Prezident maktabi direktori Abdurasul Pirnazarovning so'zlariga ko'ra, Cambridge Mock imtihonlari ta'lim muassasasi o'quvchilarini Cambridgening rasmiy imtihonlariga tayyorlash uchun tashkil qilingan. 

—  Cambridge imtihonlari bizning o'quvchilar uchun yangilik bo'lgani bois shunday tayyorlov imtihonlarini tashkil etdik. O'quvchilarimiz Cambridgening rasmiy imtihonlarida ishtirok etganlaridan keyin AS va A level  sertifikatlarini qo'lga kiritishlari mumkin. Bu sertifikatlar o'quvchilarimizga ko'plab universitetlarga o'qishga kirish imkoniyatini yaratib beradi, — dedi u.

Ta'kidlash lozimki, Cambridge A/AS Level  dasturi doirasida odatda o'quvchilar uchta fan bo'yicha chuqur bilim oladi va yakuniy imtihon topshiradi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan o'quvchilarga A/AS Level  sertifikatlari taqdim etiladi.

Cambridge A/AS Level  dasturini dunyoning ko'plab universitetlari, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Germaniya va boshqa davlatlar oliy ta'lim muassasalari tan oladi.