Qayd etilishicha, unda Turizm qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligining turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilayotgan festivalga 300 mingdan ortiq xorijiy, 8 million nafar mahalliy sayyoh tashrifi kutilmoqda.

Har yili nafaqat yurtimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlarni jalb etadigan mazkur festivalga tayyorgarlik doirasida shaharga 100 milliondan ortiq, jumladan, koʻcha-xiyobonlarga 45 million, Bobur, Afsona va Yangi Oʻzbekiston bogʻlariga 65 million tup gul ekildi.

Bayram anʼanaviy avtoparad bilan boshlanadi. Tabiiy gullar bilan bezatilgan 200 dan ortiq turli rusumdagi avtomashinalar viloyat markazining asosiy koʻchalari boʻylab Namangan xalqaro aeroporti oldidan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldigacha boʻlgan 10 kilometrdan ziyodroq yoʻlni bosib oʻtadi.

Shuningdek, festival kunlari 100 dan ortiq madaniy tadbirlar – jahon va milliy estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, Fashion Weyek 2025 – yirik modalar haftaligi, xalqaro va mahalliy sport musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar, kattalar va bolalar uchun spektakllar va sirk tomoshalari, xalqaro hunarmandchilik koʻrgazmalari, kulgu kechalari, “Dunyo taomlari Namanganda” – gastronomik turizm tadbirlari, “Lavanda sayli” va dron-shoular oʻtkaziladi.