Gulga burkab hamma yogʻini, gullayotgan Namangandir bu!

    Turizm 21 Iyun 2023 4351

    Namanganda 62-xalqaro gullar festivali nihoyasiga yetdi va yakunlari eʼlon qilindi. Bundan roppa-rosa bir oy avval Namangan shahrida xalqaro gullar festivali boshlangandi.

    Bayramning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev nutq soʻzlab, oʻsha mashhur “Sira ketgim kelmaydi bunday goʻzal gulzordan, Yoʻqolib qolsa Yodgor, izlangiz Namangandan”, deya ajoyib sheʼriy lutfni qoʻllagandi. Rost-da, birinchi kungi 30 mingga yaqin gullar bilan bezatilgan 200 dan ziyod guldor mashinalar karvonini koʻrish uchun yigʻilgan tumonat odam ichida adashib qolish hech gapmas edi. Dastlabki sanada mehmonlar tashrifi 500 mingdan ortdi, gullarga burkangan avtoparadni bevosita kuzatgani shahar koʻchalariga 300 ming aholi chiqdi.

    Turfa gullar vositasida viloyatning tikuvchilik-toʻqimachilik, tadbirkorlik-hunarmandlik, ijodkorlik salohiyatini gavdalantirgan kostyum-shimdagi kuyov va oq-qizil libos kiygan kelin, Chust doʻppisiyu pichogʻi hamda Namangan koʻhna obidalari va zamonaviy inshootlari, aeroportdan yuqori parvozga shaylanayotgan samolyotni ifodalagan ulkan maketlar tomoshabinlarni mahliyo qildi. Bir paytlar qirmizi olmasi bilan yetti iqlimga dong taratgan Namangan gulchilik mahorati bobida ham haqli ravishda shuhratu dovruq qozonmoqda.

    Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻining muzey va kutubxona roʻparasidagi darvozasi yoniga oʻrnatilgan baland sahnada taniqli suxandonlar – teleboshlovchi Jamshid Umrzoqov va latofatli aktrisa Dilnoza Kubayeva, mashhur xonandalar Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz, Milena Matmusayeva, Otabek Muhammadzohidning dilrabo qoʻshiqlari, yosh isteʼdodli operachilar Komron Mamadaliyev va Shahnoza Yoqubjonova ijrosidagi gullar bayrami madhiyasi, jurnalist va blogerlarning xushxabarlari, rang-barang lavhalari barchani viloyat markaziga chorlayverdi. Eshitgan va koʻrganlar gurros-gurros kelaverdi. Har bir kun betakror zaylda koʻngillarga naqshlanaverdi.

    Hash-pash deguncha ayyom davriyligi belgilangan muddat nihoyasiga yetdi. Salkam oʻttiz kun mobaynida dillarga quvonch, koʻtarinki ruh, yuqori kayfiyat ulashib, tinchlik va hamjihatlikni, ezgulik va goʻzallikni tarannum aylagan festival qalblarda bir olam zavq, unutilmas taassurotlaru shirin lahzalar muhrlandi. Beixtiyor raqamlarga yuzlanasan, kishi. Oʻtgan yilgi va bu galgisini solishtirishga tushasan, afzal jihatlari va kattalashgan sonlar eʼtiboringni tortadi. Kutilmagan statistika qarshisida faxr-iftixor tuygʻusi joʻshadi. Yangilanayotgan va nufuzi oshayotgan Namanganning oʻktam “ovozi” qulogʻing tagida yangrayotgandek.

    Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va tavsiyasi, gulchilikni rivojlantirish yoʻlida qabul qilgan muhim qaror va farmonlari bilan xalqaro maqomda nishonlanayotgan festivalga joriy yilda 6 million nafardan ortiq gul shaydosi, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Hindiston, Koreya, Xitoy, Pokiston, Zambiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Germaniya, Turkiya, Eron, Bangladesh kabi 45 ta mamlakatdan 100 mingga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Agar 2022-yilda festival arafasida 25 mln. tup gul koʻchati ekilgan boʻlsa, bu safar Bobur bogʻining oʻziga 22 mln. tup, koʻcha va xiyobonlarga 10 mln. tup hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkiga 10 mln., jami 40 mln. tupdan ziyod gul koʻchati oʻtqazildi. Xalqaro festival uchun Namanganning ikki yirik va fayzli bogʻi mezbonlik qildi. Gullardan 300 xil kompozitsiya yaratildi. Gulzorlarga 500 ming tup atrofida muattar atirgullar qaytdi.

    - Anvoyi gullar bilan bezatilgan har xil rusumdagi, ayniqsa, retro avtomobillar saf tortib shahar aylanganida, har kecha ikki bogʻning amfiteatrlari, maydonu stadionlarda Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Turkiya, Ozarbayjon sanʼat ustalari kuylashganida odamlar hayot quvonchi, baxt nashidasi, umr lazzatini chuqurroq his qildilar, - deydi Namangan viloyati hokimining madaniyat va turizm masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. - Bir oyga moʻljallangan maxsus dasturga muvofiq, har kuni alohida madaniy tadbirlar, xalqaro forum va ilmiy-amaliy konferensiyalar, sport musobaqalari uyushtirilgani Namanganni bir oy davomida yurtimizning eng qaynoq nuqtasiga aylantirdi.

    Xalqaro gullar festivali doirasida dunyoning brend AyTi kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz va yurtimizdagi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirokida oʻtgan xalqaro AyTi forum axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivoji yoʻlida dadil qadam boʻldi. Namanganda soʻnggi uch yilda AyTi kompaniyalar soni oʻn barobarga ortib, qariyb 200 tani tashkil etmoqda. AyTi sohasidagi xizmatlar eksportida ham Namangan kuchli uchlikda ekani bizni xursand etadi. 16 ta davlatdan, 20 nafar nomdor ekspertni bir davraga jamlagan “Fargʻona vodiysida turizm: Axsikent turizm markazini yaratish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya esa vodiyda turizm darajasi yuksaklikka chiqishi uchun kreativ gʻoyalar va maqbul yechimlarni berdi. Toshkent halqaro kimyo universitetining Namangan filialida “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish: halqaro tajribalar, muammo va yechimlar” mavzusida halqaro konferensiya ham boʻldi.

    Hunarmandlar koʻrgazmasi, oʻzbek palovi chempionati, qoʻl jangi boʻyicha xalqaro turnir, Fargʻona vodiysi modalar haftaligi, jahon kinosi kunlari, Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestrining ochiq osmon ostidagi konserti, Milliy akademik drama teatri spektallari, professional dizaynerlarning koʻrgazmali chiqishlari, sirk tomoshalari, bolalar uchun animatsion tomoshalar, baxshichilik festivallari, qoraqalpoqlarning “Ayqulash” ansambli konserti, askiya va kulgu, nazm va navo kechalari festival mazmundorligini boyitdi.

    - Men serquyosh diyoringizdagi faoliyatimni oʻtgan yil dekabr oyida boshlaganman. Bu Namanganga ilk tashrifimdir, - deydi Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Xatori Takashi janoblari. – Samolyotdan ham shahringiz juda chiroyli koʻrindi. Aeroportdan markazga kelishda shahar chinakamiga gullar makoni ekaniga ishonch hosil qildim.

    Jahon estradasi yulduzlari – turkiyalik Rafet El Roman, ozarbayjonlik Talib Tale va Zaynab Hasaniylarning shou-konsertlari festival mehmonlari uchun haqiqiy sovgʻa boʻldi. Mazkur konsertlarga umumiy hisobda 50 ming sanʼat ixlosmandi tashrif buyurib, sara musiqa va qoʻshiqlardan bahramand boʻlishdi. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz!” shiori mujassamlashgan festival esa millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va doʻstlik rishtalarini mustahkamlab, viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining milliy urf-odatlari, madaniyati va sanʼati, qadriyatlarini targʻib etdi.

    Gullarning nafis anjumani mehr-oqibat va tabiat shodiyonasi sifatida ongu shuurda oʻchmas iz qoldirishiga ishonchimiz komil. Xususan, millionlab yigit-qizlarimiz uchun munozara, qizgʻin bellashuvlar maydoni vazifasini oʻtadi. Festival doirasida viloyat hokimi kubogi uchun “Zakovat” intellektual oʻyinlarida Fargʻona vodiysining 18 ta oliy taʼlim muassasasi jamoalari oʻzaro bahslashishdi. Nafosat va goʻzallik bayrami “Yoshlar oyligi” loyihalariga ulanib, shahar-tumanlarda koʻchdi.

    - Namanganning toza havosi yoqdi va betakror gullari bilan maftun etdi. Soʻlim goʻshaga kelayotgan sayyohlar, mehmonlar oqimi bizni hayratlantirdi, – deydi Xorazm viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchonova. – Namangan shahridagi Bobur bogʻi kunu tun bayramona qiyofada. Taʼriflashga til va qalamimiz ojiz. Xiyobondagi takrorlanmas gulu chechaklar darhol eʼtiboringizni tortadi. Tevarak moʻjaz va tabiiy muhit ogʻushida, manzurlik sururi chulgʻagan. Mukammal uygʻunlikni har qaysi mehmon, sayyoh his qiladi. Gullar festivali sabab kasbdoshlar faoliyati bilan tanishish, tajriba almashishga muvaffaq boʻldik.

    Bayram munosabati bilan Yangi Namangan tumanida yangi gul doʻkoni ochildi. Ilk bora 2017-yilda Namangan shahrining Alisher Navoiy koʻchasida faoliyat boshlagan “Orxideya” gul markaziga gulchilar sulolasi vakili Abdullo Sattorov asos solgan, tadbirkor Sattorovlar sulolasining 5-avlodi hisoblanadi. Gul doʻkoni 1 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga bunyod etildi va oʻnta ish oʻrni yaratildi. Bu yerda yuzdan ortiq gul navi mavjud, ular asosan Gollandiyadan keltirilgan. 50 xil guldasta ham tayyorlanadi.

    - 1980-1984-yillarda Namanganda oliy taʼlim tahsilini olganman. Talabalik davrimizda shahar markazidagi istirohat bogʻi Pushkin nomi bilan atalardi. Erta bahordan kech kuzgacha anvoyi atirgullar ochilib turadigan chamanzorlar hanuz koʻz oʻngimda. Bugun esa tamomila oʻzgarib ketibdi, - deydi Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumanidagi fermer Abduxoliq Saodatov. - Poplik kursdoshimiz Shuhratjonning taklifi bilan 63 yoshli kaktusni koʻrdik. Turmush oʻrtogʻim Sharifaxon, doʻstlarim Xayrullo, Mavluda va nabiralarimiz bilan kelgandik. Bizni xalqaro gullar festivali chorlagandi. Endi Namangan gullari vohaning Yakkabogʻ tumanida ham barq urib ochilib-yashnaydi.

    Darvoqe, festival sabab nafaqat Namangan shahridagi mehmonxona va mehmon uylari, balki tumanlardagi sanatoriy va shifoxonalar, mehmon qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlgan barcha maskanlar sayyohlar bilan toʻlib-toshdi. Geografik miqyosi, xizmat koʻrsatish sohasidagi daromadlar 5-6 barobarga oʻsdi. Oddiy qilib aytganda, savdogaru oshpaz, haydovchiyu sotuvchini qoʻnji pulga toʻldi. Mahalliy va boshqa viloyatlik 200 nafar hunarmand-ustaning milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi va savdosi yoʻlga qoʻyilgani mehmonlarda iliq tasavvur uygʻotdi.

    Rastalarda mahalliy va respublikamiz hududlaridan kelgan besh yuzga yaqin gulchilar oʻz savdolarini qizitdilar. Xorijiy sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida viloyatimizda turizm sohasiga qiziqadigan 150 nafar yoshdan iborat volontyorlik guruhlari ertayu kech xizmatda turishdi. Gullar sayli bahonasida Namanganda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi viloyat tadbirkorlari salohiyatini namoyish etish bilan birga yangi-yangi savdo kelishuvlari imzolandi.

    Xalqaro gullar festivali muvaffaqiyatli oʻtishi zamirida koʻpchilikning mashaqqatli mehnati yotibdi. Gʻayratli gulchilarimiz va obodonlashtirish xizmati xodimlari, tashkilot, muassasa, xususiy korxonalar jamoalariga fidokorona xizmatlari tufayli Namangan shahri bugungi koʻrkam qiyofaga kirdi, jozibador tarovati bilan yodda qolmoqda.

    - Qirq uch yildan buyon shahar obodonlashtirish boshqarmasida ishlab kelaman. Gulchilik orqasidan insonlarga yashillik ulashdim. Kamtarona mehnatimni davlatimiz munosib qadrlab, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi. Uzoq yillardan buyon Haj ziyoratiga borishni niyat qilib yurardim. Shukurki, halol hunardan mablagʻ jamgʻarib, murodimiz hosil boʻlib, ulugʻ safarga otlandim, – deydi Namangan shahridagi “Sharq tongi” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Saodatxon Usmonova.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida” 2021-yil 4-avgustdagi 5209-sonli va 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 135-sonli qarorining tegishli bandlari ijrosini taʼminlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilyapti. Zarur sharoitlar yaratildi, yoʻllar qayta taʼmirlandi, foydalanishga topshirildi, turizm infratuzilmasi yaxshilandi. Albatta, bularning bari mamlakatimiz ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirishdan iboratdir.

    Maʼlumot uchun, koʻrsatkichlar 2022-yildagi gullar festivaliga kelgan xorijiy sayyohlarga nisbatan 170 foizga, mahalliy sayyohlarga nisbatan 260 foizga ortganini koʻrish mumkin. Bundan tashqari, 2023-yil uchun 1 million 920 ming nafar mahalliy, 154 ming nafar xorijiy sayyohni jalb qilishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan boʻlib, birgina festivalning oʻzida mahalliy sayyohlarning yillik tashrif rejasi 88 foizga, xorijiy sayyohlar esa 55 foizga bajarilganini bilish mumkin. Chet ellik mehmonlarning aksariyati qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston Respublikalaridan, Rossiya Federatsiyasidan.

    15 ta yirik xalqaro gulchilar uyushmalari va tashkilotlariga (“Azerbaijan Flower Producers”, “Korea Flower Association”, “Royal Union of Belgian Florists”) taklif xatlari chiqarilib, tadbirlarga jalb etildi. Namangan viloyatida yangi turizm sohalarini yaratish va rivojlantirish maqsadida hamkor chet el tashkilotlari, jumladan, “Jahon banki”, Germaniyaning “GIZ”, Malayziyaning Sabah shtati yirik turizm korxonalari, “Keios” va “The Journey” hamda UNESCO va BMT vakillari ham tashrif buyurishdi.

    - Bu yilgi festival oʻnlab chet el ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, - deydi Namangan viloyati Media departamenti rahbari Anvar Ikrom. - Bayramga xorij va markaziy nashrlar, xalqaro axborot agentliklaridan yuz nafar jurnalist va bloger keldi. Jurnalistlar tomonidan har kuni toʻgʻridan-toʻgʻri efirlar va reportajlar, lavhalar uzatildi. Festivalga bagʻishlangan ijodiy materiallar 30 ta mahalliy telekanal va 200 dan ortiq xorijiy, mahalliy OAVlar, ijtimoiy tarmoqlarga ketma-ket joylandi.

    Namangan shahri, Davlatobod tumanida joylashgan zamonaviy “Afsonalar vodiysi” tematik parki yozgi amfiteatri. Tantanali yopilish marosimida soʻzga chiqqan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Shavkat Abdurazzoqov xalqaro gullar festivali Namanganning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutayotganligini, viloyatning oʻziga xos “tashrif qogʻozi” ekanligini taʼkidladi. Festival oʻtkazilishiga yaqindan koʻmaklashgan barcha masʼul idoralar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar, Madaniyat va turizm, Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

    Soʻlim oqshomning hayajonli daqiqalari. Anʼanaviy gullar festivali yakunlariga koʻra, hokimliklar oʻrtasida Norin tumani hokimligi, tashkilotlar va boshqarmalar orasida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali – “Eng yaxshi landshaft dizayn uchun”, Chortoq tumanidagi “Chortoq Mineral Water” MCHJ qoʻshma korxonasi – “Avtoparadda eng yaxshi bezatilgan avtomashina”, professional gulchi Oybek Nuriddinov – “Eng yaxshi dizayner gulchi” nominatsiyalari boʻyicha oliy oʻrin sohiblari deb eʼlon qilindi. Gʻoliblarga “Jentra” va “Monza” avtomashinalari kalitlari topshirildi. Shuningdek, “Eng yaxshi qadimiy gulchi sulola davomchisi”, “Eng yaxshi gul kompozitsiyasi”, “Eng yaxshi gulchilik maktabining gulchisi”, “Eng koʻp gul yetishtirgan gulchi”, “Gullar festivali gul avtoparadida faol qatnashgan kun qahramoni” kabi nominatsiyalarda ham ilgʻorlar taqdirlanib, ularga pul mukofotlari berildi. Tadbirga mushakbozlik yakun yasadi, osmonu falakda rango-rang chiroqlar yogʻdusi porladi.

    Ha, Oʻzbekiston xalq shoiri, Namangan farzandi Habib Saʼdulla “gulzorlar yaratgan, bunyodkor xalqim”izni oʻz sheʼrida maqtagandi. Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir bashoratli bitganidek,

    Ishimni hurmat qilur,

    Gullardan haykal qurur.

    Ming yillardan keyin ham

    Unutmas meni bogʻim!..

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Ulugʻbek Rahmatullayev hamda viloyat sanʼat ustalari ijrosidagi qoʻshiqlar mamnunlik shukuhini koʻtardi. Garchi xalqaro gullar festivali rasman yopilgan boʻlsa-da, biroq u yana bogʻ osha mahallalarda, xonadonlarda davom etaveradi, xushboʻy ifori bilan oʻziga rom etaveradi, bekatu manzillarga gullardan gilamlar toʻshalaveradi. Chor tarafda ekzotik manzaralar koʻzga tashlanaveradi. Darhaqiqat, ozod va obod, mustaqil yurtga mana shunday ayyomlar yarashadi. Gullar esa har qanday bayramning bebaho va aziz nishonasidir. Zero, otashnafas shoir Boborahim Mashrab undaganidek, “Mani borar joyim oʻshal Namangon!”

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

    Rahmonjon Mamadaliyev, Oybek Narzullayev olgan suratlar.