Lavozimga qoʻyiladigan asosiy talablar:
Iqtisodiyot, Moliya, Bandlik, Investitsiya, Soliq, tijorat banklari va boshqa iqtisodiy va investitsiya kompleksiga kiruvchi boshqarma va tashkilotlarida hamda ularning hududiy boʻlinmalarining boʻlim (shoʻba) boshligʻidan past boʻlmagan lavozimda ishlayotgan oliy maʼlumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega boʻlgan, mahallaning shart-sharoitini yaxshi biladigan, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tajribasiga ega boʻlgan xodimlar;
Shuningdek, oldin rahbar lavozimlarida ishlagan (hokim, hokim oʻrinbosarlari, boshqarma boshligʻi hamda oʻrinbosarlari, soliq, tijorat bank rahbarlari) baʼzi sabablarga koʻra (jinoiy javobgarlik holatlaridan tashqari) hozirgi kunda faoliyat koʻrsatmayotgan xodimlar;
Tashabbuskor tadbirkorlar hamda rahbarlik sohasida namuna koʻrsatayotgan xotin-qizlar.
“Hokim yordamchisi”ning asosiy vazifalari:
— mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, ichki imkoniyatlarini ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy oʻsishini taʼminlash;
- mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kreditlar olishga koʻmaklashish;
- mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib “yetakchi” tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish.
- mahalladagi ish bilan band boʻlmagan aholiga subsidiyalar olishga koʻmaklashish;
- mahalladagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga birinchi navbatda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar va xotin-qizlarni boʻsh (vakant) ish oʻrinlariga joylashtirish hamda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
- doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan va ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻrgatuvchi oʻquv markazlariga yoʻnaltirish.
- mahalladagi boʻsh bino va yer maydonlarini aniqlab, tegishli tashkilotlarga takliflar kiritish;
- mahalladagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolar va murojaatlarini hal etilishiga koʻmaklashish orqali ularning faoliyatini kengaytirish choralarini koʻrish;
- mahalladagi oilalarning moddiy-ijtimoiy ahvoli toʻgʻrisidagi zarur boʻlgan maʼlumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot dasturiga kiritib borish.
- Hududiy va investitsiya dasturlariga takliflar ishlab chiqish hamda mahallaning rivojlanishiga doir dasturlar ijrosini nazorat (monitoring) qilish;
“Hokim yordamchisi”ning mavjud dastaklari:
— Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har bir mahalladagi xonadonlarga va yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish uchun kredit resurslari limiti ixtiyori beriladi.
- Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan ishsiz fuqarolar uchun asbob uskunalar va mini texnologiyalar xarid qilishga har bir mahallaga subsidiya uchun kupon beradi.
— Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga fuqaroni jalb qilish uchun har bir mahallaga kupon beradi.
- Har bir mahallada fuqaroni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish uchun vaucher beradi.
- Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit, subsidiyalar, moddiy yordam va nafaqalar ajratish uchun xulosa beradi.
- “Ijtimoiy shartnoma”larni imzolash hamda shartnoma shartlarining bajarilishini taʼminlaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Namangan viloyatining 777 ta mahallasida” Hokim yordamchisi” lavozimiga ochiq tanlov eʼlon qilinadi.
Nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan eʼtiboran milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, mehnat faoliyatining natijadorligiga koʻra lavozim boʻyicha oʻstirib boriladi.
“Hokim yordamchisi” tizimi joriy etilgandan boshlab tuman, shahar, viloyat, Respublika rahbar lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etish va tayinlash faqat va faqat hokim yordamchisi lavozimida samarali mehnat koʻrsatayotgan kadrlardan tanlab olinadi.
Hokim yordamchisining ish haqi miqdori uning biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga qarab 4,5-5,5 million soʻm etib belgilanadi. (tanlov natijasiga koʻra ishga qabul qilingan shaxsga avvalgi ish joyidagiga nisbatan kam boʻlmagan miqdorlarda ish haqi toʻlanadi), deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati. Shuningdek, xabar orqali murojaat uchun telefonlar, hamda maʼlumotnoma (obyektivka) yuborish uchun telegram raqamlari maʼlum qilingan.