Kompaniya Toʻraqoʻrgʻon tumanida mahalliy “FT tekstil” MCHJ bilan hamkorlikda endokrinologiya markazini ochishni rejalashtirmoqda. Markazning loyiha qiymati 8,5 million yevro boʻlib, 18 oyda qurib bitkazilishi koʻzda tutilgan.
Fargʻona vodiysida yagona tibbiy muassasa 4 ta operatsiya boʻlimidan iborat boʻladi. Dastlab 40 oʻrinli boʻladi, keyinchalik esa bu koʻrsatkich 10 baravar oshiriladi. Bu yerda yil davomida 12 ming kishi davolanishi mumkin.
Kompaniya direktori Paolo de Anjelisga koʻra, endokrinologiya markazi Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi ilk tibbiy loyiha hisoblanadi. Uning doirasida italiyalik mutaxassislar tomonidan mahalliy shifokorlarni oʻqitilishi ham koʻzda tutilgan.
— Bu loyihani toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va amalga oshirilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Chunki endokrinologiya yoʻnalishidagi bemorlarimiz poytaxtdagi klinikalar, hatto chet ellarga ham borib davolanib kelmoqda. Qolaversa, bu tibbiy turizm borasida ham yangi qadam boʻladi, — dedi viloyat hokimi.
Muloqot yakunida “Opera SRL.” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan klinikalar haqida hikoya qiluvchi rolik namoyish etildi.