Mamlakatimizning olis va chekka manzillaridagi ana shunday qishloq hamda ovullarda yigʻilib qolgan muammolarni hal etish, odamlarga munosib hayot sifati, turmush sharoitini yaratib berish borasida davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida olib borilayotgan keng qamrovli amaliy ishlar Kosonsoy tumanidagi “Jar” mahalla fuqarolar yigʻinida ham oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsata boshladi.

Bu borada bajarilayotgan ishlar mantiqiy ketma-ketlikda, puxta reja va loyihalar asosida amalga oshirilyapti. Mahalla va qishloqlar obodligi, avvalambor, xonadonlar, koʻchalar, obodligidan boshlanadi. Shu boisdan ham birinchi navbatda qishloqdagi mavjud 800 ga yaqin uylarning ichki va tashqi koʻrinishini zamonaviy qiyofaga keltirish, pardozlash, ular hududida tozalash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini bajarish, tomorqalarga toʻliq ekin ekishni taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. Yaʼni, odamlarimizda “Shu uy, shu koʻcha, shu mahalla meniki, uning obodligi uchun men masʼulman”, degan qarash shakllantirilmoqdaki, bu ezgu tashabbus qisqa vaqt ichida oʻzining salmoqli natijasini namoyon etdi.

Qishloqning “Tinchlik”, “Bodom”, “Istiqlol”, “Jiyda” koʻchalaridagi xonadonlarga toza ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, markaziy tarmoqqa ulashga shay qilib qoʻyildi. Yaqin vaqt ichida shu kunga qadar suvni uzoqdan tashib ichgan odamlar yil davomida obi-hayot bilan uzluksiz taʼminlanadi. Hozirga kunga qadar deyarli barcha koʻchalarda tosh-shagʻal yotqizish ishlari bajarilib, shagʻal qatlamni zichlash, tekislash yumushlari olib borilayotir. Eskirgan simyogʻochlar oʻrniga yangi tayanch ustunlar, transformator oʻrnatish, sim tortish, tungi yoritish chiroqlarini montaj qilish ishlari olib borilyapti.

Mahallaning adir boʻylab yuqoriga yoʻnalgan “Tinchlik” koʻchasining ikki tomonida turli yillarda yakka tartibda uy-joy barpo etish ajratilgan hududi tashlandiq holga tushib, chiqindixonaga aylanib qolgan edi. Sababi ichimlik va sugʻorish uchun suv yoʻqligi, elektr tarmoqlari tortilmagani tufayli reja boʻyicha qurilishi kerak boʻlgan 285 ta uydan bor-yoʻgʻi 54 tasi bunyod etilib, koʻchib kirilgandi. Ularning turmush sharoitiga ham havas qilib boʻlmasdi. Endilikda bu yerda loyihalar asosida suv va elektr tarmoqlari tortilib, yoʻl solinayotgani tufayli fuqarolar ham oʻziga tegishli yer uchastkalarida qurilish ishlarini jadallashtirib yuborgan.

Ijtimoiy soha obyektlariga keladigan boʻlsak, qariyb 900 nafar qishloq bolalari taʼlim-tarbiya olayotgan 54-maktab yangitdan bunyod etilganidan keyin dars jarayonlarini sifatli tashkil imkoniyatlari kengaydi.

Hududning oʻsish nuqtalarini toʻgʻri belgilab olish, tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiyot sohasidagi koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi barobarida manzillar obodligi, oʻtkir ijtimoiy muammolar yechimida muhim oʻringa ega. Mahallada faoliyat koʻrsatayotgan tikuvchilik korxonasida tayyorlanayotgan sochiq mahsulotlari bugungi kunda nafaqat ichki bozor, balki xorijiy davlatlarga ham chiqarilmoqda. Ahamiyatlisi, bu yerda Xalq qabulxonalariga ish soʻrab murojaat qilgan fuqarolar, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan koʻplab yurtdoshlarimiz ham mehnat qilib, doimiy daromadga ega boʻlmoqda.

Tadbirkorlikka qoʻl urgan Abduqahhor Karimov boshlagan ish ham aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi yangicha yondashuv natijasi deyish mumkin. U Xalq qabulxonasi va 1-sektor koʻmagida adirlikdagi suvsiz 1,5 gektar yerni oʻzlashtirib, issiqxona barpo etdi. Dastlabki ekin sifatida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida pomidor yetishtirmoqda. Eng muhimi, shu hududda yashovchi 7 nafar xotin-qiz mana shu issiqxona ish bilan band boʻlib, roʻzgʻoriga baraka kirityapti.

Uch nafar nafar voyaga yetmagan farzandlarini yolgʻiz oʻzi tarbiyalab, oʻstirayotgan Jamila Rustamova ana shu ayollardan biri. Bundan bir yarim-ikki oy ilgari ham koʻrimsiz kulbada yashab kelgan bu oilaning turmush sharoiti butkul oʻzgardi. Tuman hokimligining amaliy koʻmagi bilan shinam boshpanaga ega boʻldi. Issiqxonadagi ishidan tashqari, oʻziga yaqin maktabga ham ishga joylandi.

Yana bir tadbirkor Abbosxon Bahodirovning murojaati asosida boʻsh turgan ikki qavatli bino foydalanish maqsadida unga ajratib berilgach, obyekt taʼmirlanib, penoblok ishlab chiqarish dastgohi oʻrnatildi. Hozir bu yerda mahallada yashovchi 4 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. Shular qatorida qishloqda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sartaroshxona, hammom singari aholiga xizmat koʻrsatuvchi obyektlar qurilishi olib borilmoqda.

Bunday ishlarni tumanning boshqa mahallalarida ham kuzatish mumkin. Masalan, “Oʻzbekiston” MFYda shinam mahalla guzari, xorijiy tillarni oʻrgatish markazi, kasb-hunarga oʻrgatish, monomarkaz ish boshlagan boʻlsa, 140 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirilish arafasida.

Inson manfaatlarini amalda taʼminlash, aholi maskanlari meʼmoriy qiyofasini yangilash borasidagi katta qamrovdagi saʼy-harakatlar Yangiqoʻrgʻon tumani aholisi hayotiga ham yengillik olib kirib, odamlar roziligiga sabab boʻlmoqda. Bunga tumanning chekka, togʻlar bagʻrida joylashgan qishloqlarida boʻlganingizda ham guvoh boʻlishingiz mumkin. Tuman markazidan 36 kilometr, Namangan shahridan 70 kilometr masofada joylashgan “Mamay” va “Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻinlarida 4 ming 400 dan ortiq aholi 930 xonadonda istiqomat qiladi. Dengiz sathidan 1 ming 200 metr balandlikda joylashgan bu qishloqlar oʻzining soʻlim tabiati, toza havosi, tanti va ochiqkoʻngil odamlari bilan mashhur. Havo harorati pastlikda joylashgan hududlarnikidan ancha-muncha farq qiladi. Namangan yoki Yangiqoʻrgʻonda daraxtlar qiygʻos gulga kirgan pallada togʻ qishloqlarida hali uygʻonmagan boʻladi. Ammo odamlar yil-oʻn ikki oy harakatda, hamisha yumush bilan band.

Shu kunlarda ham aholi bir yoqadan bosh chiqarib, qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga hissa qoʻshmoqda. Koʻchalarni, uylar tashqi devorlarni tartibga keltirish, pardozlash, yoʻllarni tekislab, shagʻal toʻshash yumushlariga kirishilgan. Odamlarni uzoq yillardan buyon qiynab kelgan ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolarni hal etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olingan.

Hozirga qadar muddatini oʻtab boʻlgan eski simyogʻochlar oʻrnida 115 ta temir-beton tayanchlar, 3 ta yangi taqsimlash punkti oʻrnatilib, tarmoqlar tortildi. Qishloqdagi elektr tarmoqlarining toʻliq modernizatsiya qilinishi natijasida xonadonlar, muassasa va tadbirkorlar yorugʻlik bilan uzluksiz taʼminlanishiga erishiladi. Hududdagi qariyb 28 kilometr ichki yoʻllarda asfaltlash, shagʻallashtirish ishlari bajariladi, 8,4 kilometr piyodalar yoʻlakchasi barpo etiladiHududdagi 11 ta koʻchada 16,8 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi va 3 ta suv uzatish inshooti rekonstruksiya qilinadiAholi va infratuzilma obyektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlash uchun 20 kilometr shisha tolali magistral tarmoq oʻtkaziladi.

Mahallalar hududidagi maktab oʻquv binosi hamda sport zalini, maktabgacha taʼlim tashkiloti, qishloq oilaviy poliklinikasi binolarini mukammal taʼmirlash, avtobekat faoliyatini yoʻlga qoʻyib, markaz bilan bogʻlovchi avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish, davlat-xususiy sherikchilik asosida mahalla fuqarolar yigʻini binosini qurish, tikuvchilik sexi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, savdo doʻkoni, sartaroshxonani oʻz ichiga qamrab oladigan zamonaviy mahalla guzari barpo etish, mini futbol maydonchasi tashkil etish kabi koʻpdan-koʻp loyihalarning roʻyobga chiqarilishi qishloqlar qiyofasiga koʻrk bagʻishlab, odamlar ogʻirini yengil qiladi, ularni ish bilan taʼminlashda qoʻshimcha imkoniyat boʻladi albatta.

Aholi bandligi haqida soʻz ochilgan ekan, togʻ qishlogʻi sharoitida oilaviy tadbirkorlik orqali farovon hayot kechirayotgan Toʻlaboyevlar oilasi toʻgʻrisida ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtish oʻrinli boʻladi. Gulnoza Ajiboyeva qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan shu mahallaga kelin boʻlib tushganiga 27 yil boʻldi. Turmush oʻrtogʻi Ahadjon Toʻlaboyev bilan toʻrt nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Farzandlarning ikkitasi oliygoh talabasi. Ellik sotixlik qora olxoʻrizor, oʻnlab yilqi, qoʻy-qoʻzi qarovi asosan oila boshligʻi zimmasida. Biz xonadonda mehmon boʻlgan kunimiz ham yumush bilan adirga chiqib ketgan ekan. Uy bekasi Gulnoza opa ham sira boʻsh oʻtirmaydi. Uyda oʻtirgan qoʻshni ayollarni yoniga olib, kasanachilik asosida koʻrpa-toʻshak, yostiq tayyorlashni yoʻlga qoʻygan. Ishning sifati yaxshi boʻlsa kerakki, buyurtmaning keti uzilmaydi. Daromadga yarasha buromad deganlaridek, xonadonda yaratilgan sharoit hatto poytaxt uylaridagi qulayliklarda qolishmaydi. Bundan koʻrinadiki, agar insonda intilish boʻlsa, eng chekka joyda ham shahar darajasidan qolishmaydigan sharoitda yashash mumkin ekan.

Safarimiz davomida ana shunday fayzli yana koʻplab xonadonlarda boʻldik. Masʼullar esa bunday ilgʻor yurtdoshlarimizni boshqalarga oʻrnak va namuna sifatida koʻrsatib, ularning tajribasini ommalashtirish orqali kambagʻallikni butkul tugatish yuzasidan tegishli choralarni belgilab olishgan. Yaʼni, kambagʻallikni tugatish obodlik ishlarining muhim tarkibiy qismi sifatida koʻrilmoqda.

Chiroy ochib borayotgan obod manzillarda yashashning gashti oʻzgacha. Bunday keng koʻlamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari aholining turmush madaniyatini yuksaltirish bilan birga, qishloqlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Uchqoʻrgʻon tumani “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini viloyat markazidan 52 kilometr olisda, chegaradosh hududda joylashgan. Goʻzal tabiati, toza havosi, zilol suvlari kishining havasini tortmasdan qolmaydi. Ammo bir necha oʻn yillar davomida eʼtibor koʻrsatilmagani tufayli qishloq taraqqiyot yoʻlidan chetga chiqib qolgan edi. Mamlakatimizdagi yangilanishlar epkini bu uzoq qishloqqa ham yetib keldi.

Xalq qabulxonalari, sektorlar ishchi guruhlarining mahallabay, xonadonbay oʻrganishlari, fuqarolarning murojaatlari chuqur tahlil etilib, mahallada “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarish reja qilib olindi. Avvalambor 1 ming 700 nafar kishi yashayotgan 307 ta xonadon obdon oʻrganildi, ularda uy egalari qiladigan ish hajmi aniqlab olindi va amaliy ishlarga kirishildi. Yaʼni, har bir oila, xonadon egasi oʻz uyi, oʻz hududi obod va koʻrkam boʻlishi uchun masʼul. Kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Tumanning ichki imkoniyatlari hisobidan ularning uylarida ham taʼmirlash ishlariga kirishilgan.

Uylarni taʼmirlash va pardozlash ishlarini sifatli va puxta tashkil etishda mahallada yashovchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigitlardan tashkil etilgan guruhlar yaxshi samara berdi. Ahamiyatlisi, ular ham oʻz qishlogʻi obodligiga hissa qoʻshmoqda, ham moddiy manfaat topmoqda.

Qishloqda elektr energiyasi taʼminotini sifatli yoʻlga qoʻyish, aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini ishonchli taʼminlash, suyultirilgan gaz taʼminotidagi uzilishlar boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, ichki yoʻllarni asfaltlash, tosh-shagʻal yotqizish, piyodalar yoʻlakchalari barpo qilish, aloqa tarmoqlari tortish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlardan mahalla ahli mamnun.

Taʼlim sifatini yaxshilash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratishni koʻzlab mahalladagi 35-maktab binosini rekonstruksiya qilish va qoʻshimcha korpus, kutubxona, faollar zali, oshxona barpo etish, kichik futbol maydoni tashkil etish moʻljallanmoqda. Hozir mahalla idorasining oʻz binosi yoʻq. Bu muammo dastur doirasida hal boʻladi. Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida mahalla yigʻini binosi, davlat xizmatlari markazi filiali, 100 oʻrinli tikuvchilik sexi yaxlit majmua koʻrinishida qad rostlaydi. Aholiga xizmat koʻrsatish shoxobchalari, sport-sogʻlomlashtirish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Eʼtiborlisi, dastur doirasida obodonlashtirish, aholi yashash sharoitini yaxshilash ishlari aholining maʼnaviy olamini boyitish, maʼrifiy-targʻibot ishlari bilan hamohanglikda olib borilmoqda. Bunda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi xotin-qizlarga koʻmak berish ham yoʻlga qoʻyilgan. Mohira Abdullayeva oʻzi kelin boʻlib tushgan xonadonda roʻzgʻorga ozgina boʻlsa ham hissa qoʻshish maqsadida yurgan edi. Avval tomorqa bilan mashgʻul boʻldi. Keyin imtiyozli ravishda zamonaviy tikuv mashinasi olib chevarchilikka qoʻl urdi, qoʻshimchasiga mahalla faollarining yordam bilan hududda yangi tashkil etilgan tikuvchilik korxonasiga ishga joylashdi. “Endi tomorqa, uydagi tikish-bichish, qolaversa, korxonadagi ish haqi bilan daromadim ikki barobarga ortdi”, deydi u.

Bir soʻz bilan aytganda, olis qishloqda boshlangan bunyodkorlik ishlari “Boʻston”ning ismi jismiga mos mahallaga aylanishiga asos boʻladi. Natijada bu yerda istiqomat qilayotgan 1 ming 700 ga yaqin aholining turmush tarzi tubdan oʻzgaradi. Shunda biz ham “Boʻston”da, toʻgʻrirogʻi “Yangi boʻston”da yana mehmon boʻlamiz.