Xufiyona (yashirin) iqtisodiyot davlat byudjetiga tushumlarni kamaytiradi, adolatli raqobatni buzadi va ijtimoiy sohalar rivojiga to'sqinlik qiladi. Ushbu farmon naqdsiz to‘lovlarni keng joriy etish orqali iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish, tadbirkorlik uchun teng sharoitlar yaratish va iste’molchilar xavfsizligini kafolatlash maqsadini ko'zlaydi.
2030-yilgacha bo‘lgan strategik maqsadlar
Farmonda kelgusi besh yil uchun aniq va erishilishi shart bo‘lgan to‘rtta yirik makroiqtisodiy maqsad belgilangan:
Xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish: YaIMga nisbatan yashirin iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga kamaytirish. Bu orqali byudjet tushumlari oshadi va ijtimoiy loyihalarga ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Naqdsiz hisob-kitoblar: Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan amalga oshiriladigan naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish.
Rasmiy bandlikni oshirish: Mehnat bozorida rasmiy faoliyat yuritayotgan aholi ulushini iqtisodiy faol aholiga nisbatan 64 foizga yetkazish. Bu fuqarolarning mehnat staji va pensiya huquqlarini ta’minlaydi.
Xalqaro reytinglar: O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik hamda Korrupsiyani idrok qilish indekslaridagi o‘rnini kamida 30 pog‘onaga ko‘tarish.
2026-yil 1-apreldan naqdsiz to‘lovlarga majburiy o‘tish
Farmonning eng muhim qoidalaridan biri — 2026-yil 1-apreldan boshlab qator sohalarda to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali (naqdsiz) amalga oshirilishi shart qilib belgilanganligidir:
Davlat xizmatlari: Barcha turdagi davlat organlari xizmatlari, boj va yig‘imlar uchun to‘lovlar faqat raqamli ko‘rinishda qabul qilinadi. Bu jarayondagi maishiy korrupsiyani yo‘qotadi.
Kommunal to‘lovlar: Elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar ham naqdsiz amalga oshiriladi. Biroq, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (qariyalar, chekka hududlar aholisi) uchun bank kassalari orqali naqd to‘lash imkoniyati saqlab qolingan.
Aksizli va yuqori likvidli tovarlar: Alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi to‘liq naqdsiz shaklga o‘tadi. Shuningdek, AYoQShlarda aholiga yoqilg‘i sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari ham faqat bank tizimi orqali ishlaydi. Bu qalbaki mahsulotlar savdosining oldini oladi.
25 million so‘mlik limit: Qiymati 25 million so'mdan oshadigan har qanday tovar va xizmatlar xaridi faqat naqdsiz tartibda amalga oshiriladi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno). Bu yirik savdo majmualari va bozorlarni raqamlashtirishga yordam beradi.
Ko‘chmas mulk va avtomobillar savdosida “Eskrou” tizimi
Yillar davomida uy yoki mashina sotib olishdagi naqd hisob-kitoblar firibgarlik, o‘g‘rilik va soliqlarni yashirish holatlariga sabab bo‘lgan. Endilikda, 2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk obyektlari va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtotransport vositalarining oldi-sotdisi faqat banklar orqali — maxsus “eskrou” (escrow) hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Eskrou tizimi qanday ishlaydi? Markaziy bank tasdiqlagan 5 bosqichli tartibga ko‘ra, xaridor pulni bankdagi eskrou hisobiga o‘tkazadi va u bank tomonidan xavfsiz muzlatiladi. Tomonlar notariusga borib, shartnomani rasmiylashtirib, mulk huquqi xaridor nomiga o‘tganidan so‘nggina, tizim bankka signal beradi va pul sotuvchining hisobiga o‘tkazib beriladi. Bu mexanizm orqali xaridor pulidan, sotuvchi esa mulkidan ajrab qolish xavfi to‘liq bartaraf etiladi. Ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan eski avtomobillar bu qoidadan chetda qoldirilgan bo‘lib, bu aholining kam ta’minlangan qatlamlariga qo‘shimcha bank komissiyalarisiz qulay savdo qilish imkonini beradi.
Yagona QR-kod tizimiga o‘tish
Turli to‘lov tizimlarining ko‘pligi (Click, Payme va h.k.) va har birining o‘z QR-kodi bo‘lishi ham xaridor, ham sotuvchi uchun noqulaylik tug‘dirayotgan edi. Bunga yechim sifatida Markaziy bank 2026-yil 1-yanvargacha barcha biznes subyektlari uchun universal “Yagona QR-kod” tizimini yaratadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab esa barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ushbu Yagona QR-kod orqali to'lovlarni qabul qilish majburiy etib belgilanadi. Yagona koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb baholanadi. Bu orqali tadbirkorlarning terminal uskunasi sotib olish xarajatlari qisqaradi va iste’molchilar qulay moliya infratuzilmasidan foydalanadi.
Soliq islohotlari va iste’molchilarni rag‘batlantirish (Keshbek)
Farmon biznesni yashirin holatdan chiqarish uchun bir qator soliq o‘zgarishlari va iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini ham o‘z ichiga oladi:
YaTTlar uchun qat’iy soliqning bekor qilinishi: 2026-yil 1-yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun qat’iy belgilangan daromad solig‘i bekor qilinadi. Endilikda ular ham oborotidan (aylanmasidan) kelib chiqib soliq to‘laydi. Bu yirik korxonalarning o‘zini o‘nlab YaTTlarga bo‘lib tashlab, yirik korporativ soliqlardan qochish amaliyotiga barham beradi.
Yangi uy xaridorlariga keshbek: Iste’molchilarni naqdsiz hisob-kitoblarga qiziqtirish maqsadida 2026-yil 1-fevralgacha yangi mexanizm ishlab chiqiladi: yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni qurilish tashkilotidan to‘liq bank orqali sotib olgan fuqarolarga, uydagi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasining bir qismini “keshbek” sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Natijada xaridorlar yirik miqdorda pul mukofoti olishadi, qurilish kompaniyalari esa shartnomalarda uylarning real narxlarini rasmiylashtirishga majbur bo‘ladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat va byurokratiyani qisqartirish
Tashqi savdoda importyorlar uchun qulaylik yaratilib, 2026-yil 1-yanvardan boshlab bitta shartnoma doirasida bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yil muddatga atigi 1 marta berilishi belgilandi. Bu tadbirkorlarning har safar chegaradan o'tayotganda ortiqcha vaqt va pul yo'qotishining oldini oladi hamda “kulrang” (kontrabanda) importning iqtisodiy jozibadorligini pasaytiradi. Shu bilan birga, paxta klasterlari va yog‘-moy korxonalarida ishlab chiqariladigan yuqori likvidli ozuqa mahsulotlari (shrot, sheluxa, paxta yog‘i) faqat ochiq birja savdolari orqali tasdiqlangan grafik asosida sotilishi ustidan qat’iy tizimli nazorat o‘rnatiladi, bu chorvachilik tarmog'ida adolatli narxlarni ta’minlaydi.
Davlat nazoratidagi shaffoflik: Bodi-kameralar joriy etilishi
Tadbirkorlarni asossiz tekshiruvlar va korrupsiyadan himoya qilish maqsadida nazorat idoralari faoliyatiga raqamli shaffoflik kiritilmoqda. 2026-yildan 2028-yilgacha bosqichma-bosqich soliq, mehnat, alkogol nazorati, geologiya, transport, qurilish va boshqa yirik inspeksiya xodimlari tadbirkorlik subyektlarini tekshirish jarayonida ko‘krak kameralaridan (bodi-kamera) majburiy foydalanishga o‘tadi. Videoyozuv tekshiruvchi tomonidan g‘arazli maqsadlarda bosim o‘tkazilishining oldini oladi hamda bahsli sud vaziyatlarida yagona xolis dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa
PF-246-sonli Farmon O‘zbekistonda moliya tizimining shaffofligi va davlatga bo‘lgan ijtimoiy ishonchning yangi davrini boshlab beradi. Naqdsiz to‘lovlarning qulayligi, yagona QR-kodlar hamda eskrou hisobvaraqlarining to‘liq kafolati aholini turli iqtisodiy xavflardan himoya qiladi. Hujjat ijrosi to‘liq ta’minlanib, strategik maqsadlarga erishilgach, bank tizimida ulkan aylanma mablag‘lar to‘planadi, bu o‘z-o‘zidan foiz stavkalarining pasayishiga, sifatli ish o‘rinlari ko‘payishiga va O‘zbekistonning investitsion muhitini tubdan yaxshilanishiga olib keladi.
Javohir Tilaganboyev,
Toshkent davlat yuridik univeriteti
Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi
sho‘basi o‘qituvchisi