Psixologiyada bu hodisa “assotsiativ langar” deb ataladi. Inson zehni ulkan axborot oqimini tartibga solish uchun obyektlarni muayyan vositalar — joy, voqea yoki ramzlar bilan kodlaydi. Natijada miya uzoq davom etadigan mantiqiy zanjirlarni chetlab oʻtib, eng kuchli bogʻlanishga ega tayanch nuqtaga darhol ulanadi.
Oʻtkir Hoshimovni eslaganimda xayolimga shovillab, vahm solib
oquvchi Boʻrijarning kelishi adib asarlaridagi voqealar makonining hissiy va
mantiqiy markazlashtirilgani bilan bogʻliq. Yozuvchi ushbu hudud muhitini,
undagi insonlar taqdiri va ijtimoiy munosabatlarni gʻoyat aniq tasvirlagan.
Oʻquvchi xotirasida ijodkor obrazi va Boʻrijar geografiyasi bir-biriga uzviy
singib ketgan.
Mana, masalan, Abdulla Qodiriy ismi
tilga olinganda koʻpchilikning xayoliga beixtiyor Margʻilon shahri keladi.
Qodiriy oʻzi Toshkentda tugʻilib oʻsgan boʻlsa-da, uning eng mashhur asaridagi
asosiy voqealar tuguni va fojialar aynan Margʻilon bilan bogʻlangani sababli
inson xotirasi yozuvchini ushbu shahar obrazi orqali qabul qiladi.
Chingiz Aytmatovni eslaganimizda esa
Issiqkoʻl yoki qirgʻiz dashtlari koʻzimiz oldida gavdalanadi. Uning
asarlaridagi inson va tabiat oʻrtasidagi ziddiyatlar aynan shu kengliklar
fonida ochib berilgani uchun bu geografik hududlar adib shaxsiyatining ramziy
davomiga aylangan. Bunday misollar juda koʻp. Shaxs qaysi tushuncha, gʻoyaga
eng koʻp emotsional va intellektual quvvat sarflagan boʻlsa, jamoatchilik
xotirasida ham u aynan oʻsha obrazda muhrlanadi.
Albatta, Oʻtkir Hoshimov haqida shakllangan
tasavvur, avvalo, uning asarlari va odamlar bilan munosabatida koʻringan jihatlarga
bogʻliq. Biz tashqaridan bilgan ushbu feʼl-atvor adib dunyoqarashidagi qatʼiyat
va matonatni toʻla anglatmasligi mumkin. Ammo yozuvchining odamlar bilan
muomalasidagi yumshoqlik, hayot, adabiyot va eʼtiqodiga munosabatidagi
prinsipiallik, shubhasiz, bir-birini inkor etmagan. Aksincha, uning
shaxsiyatini yaxlitlashtirgan ikki jihatdir. Shu sabab adibni yaqindan
bilganlar xotirasida u faqat koʻngilga yaqin, xushmuomala inson sifatida emas,
balki ichki mezonlari aniq, oʻz qarashlaridan osonlikcha chekinmaydigan dilbar
shaxs sifatida ham qolgan.
— Dadamning asarlarini oʻqigan kitobxon
muallifni koʻngil odami deb oʻylaydi. U bilan bevosita suhbatlashganlar ham dadamni
xushmuomala, yumshoqfeʼl odam sifatida eslab qolgan, — deya xotirlaydi adibning
qizi Yulduz Hoshimova. — Aslida, dadamning ichida mustahkam oʻzak bor edi.
Qatʼiyat oʻzagi, adolatparvarlik oʻzagi. Bu feʼli nohaqliklarni koʻrganda
namoyon boʻlardi. Qayerda ishlashidan qatʼi nazar, oʻzi toʻgʻri deb bilgan
yoʻldan hech qachon qaytmagan. Vijdoniga qarshi borganini koʻrmaganman.
Shuning orqasidan juda koʻp dakki eshitgan. Hatto “Sharq yulduzi”da ishlab yurgan
payti unga qarshi besh yuz betli qoralov materiali yigʻilgan. Tasavvur
qiling-a, besh yuz betli!
Zamondoshlari oʻz xotiralarida yozuvchini
el ardoqlagan, u adabiyotga kirib kelganidan buyon ijodda gʻirromlik yoʻlidan
yurmagan, isteʼdodini shaxsiy manfaatlariga qurbon qilmagan deb yozar ekan,
haqiqatan, adibning qalbiga quloq solmay, vijdoniga xilof ravishda yozgan,
yolgʻonga va yomonlikka xizmat qiluvchi yoki kitobxonni loqayd qoldiruvchi
birorta asari yoʻqligini hushyor oʻquvchi tushunib yetadi. Shuning uchun xalq
uni darrov, toʻsiqlarsiz, pardalarsiz qabul qildi — oʻgʻildek, otadek, shogird
hamda ustozdek.
“Siz — mening oʻgʻlimsiz”
Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov
bunday eslagan: “Bu voqea Quvadagi bir kolxozda roʻy bergandi. Dala
shiyponida, tushlik vaqtida kitobxonlar bilan uchrashuv boʻlyapti. Avji
saraton. Quyosh rosa zabtiga olgan. Choqqina hovuz tevaragidagi tollar ham,
did bilan saralab ekilgan anvoyi gullar ham issiqdan toliqqandek qilt etmaydi.
Lekin uchrashuvga toʻplanganlarni jazirama shashtidan qaytargani yoʻq. Olis
brigadalardan ham, hatto qoʻshni xoʻjaliklardan ham odamlar kelgan.
Bir mahal odmigina kiyingan oʻrta
yoshlardagi ayol minbarga koʻtarildi. Chehrasida choʻng bir musibatning muhri
ilgʻanib turgan bu ayolning ismi Musharraf aya ekan.
— Oʻtkirjon, siz mening oʻgʻlimsiz, —
dedi u hayajonda. — Hayron boʻlmang, mening oʻgʻlim bor edi. Afgʻondan temir
tobuti keldi. Yigʻlay-yigʻlay koʻzimda yosh qolmadi. Musibat meni yengishi aniq
edi. Bir kuni qoʻlimga bir kitob tushdi. “Dunyoning ishlari”. Uni oʻqidim-u,
ruhim yengil tortganday boʻldi. Ayolning, onaning ulugʻligini yana bir bor his
qildim. Shunda sizni oʻgʻlim oʻrniga oʻgʻlimdek qabul qildim. Allohdan oʻgʻlim
yashayolmagan umrni sizga bagʻishlashini tiladim. Shu tilak bilan sizga atab
doʻppi tikdim...
Musharraf aya gapini tugatib,
Oʻtkirning yoniga bordi va oq dokaga oʻralgan doʻppini olib, boshiga kiygizdi.
Yoʻq, gulduros qarsaklar yangramadi, kimlardir boʻgʻziga kelgan yigʻini yutib,
koʻzlarini pirpiratdi, kimlarningdir koʻzlariga yosh qalqdi.
Oddiy qishloq ayolining adibga
bunchalik mehri meni hanuzgacha hayajonga soladi. Bora-bora oddiy odamlarning
Oʻtkirga bagʻoyat ehtirom koʻrsatishiga koʻnikib ham ketdim. Chunki har yili
kamida bir-ikki marta bunday hodisalarning guvohi boʻla boshladim...”.
Oʻtkir Hoshimov qonida, tabiatida ajdodlaridan
oʻtgan, xususan, bobosiga xos arboblik, otasidan oʻtgan bir oz qiziqqonlik,
haqparastlik, onasidan tekkan koʻngilchanlik, oʻzgalar dardiga hamdardlik
xislatlari oʻziga xos tarzda mujassam. Yozuvchining bolaligi ogʻir urush
davrida oʻtdi. U urush davrining muhtojliklari va mashaqqatlarini koʻrib,
tatib oʻsdi. Ham qishloq, ham shahar odami sifatida shakllandi. Keyinchalik bolalik
taassurotlari uning ijodida chuqur iz qoldirdi.
Adibning ajdodlari oʻz zamonasining
yetuk insonlari boʻlgan. Bobokaloni Abulqosimxon eshon Chor Rossiyasining Turkistonga
bosqiniga qarshi turgan ulamolardan boʻlib, oʻn toʻqqizinchi asr oʻrtalarida
oʻz mablagʻiga katta madrasa qurdirgan. Unda yuzdan ortiq talaba ilm olgan.
Abulqosimxon eshon ahli ilmning yotogʻidan tortib, kundalik turmushi uchun
nafaqa (stipendiya) ham toʻlab borgan. Bu dargohda Abdulla Qodiriy ham oʻqigan,
tahsil koʻrgan.
Otasi Ataulla Hoshimov esa oddiy
ishchi boʻlgan. Umrining koʻp qismini Toshkent toʻqimachilik kombinatida,
keyin shu kombinat huzuridagi pionerlar lagerida ishlab oʻtkazgan. “Otam
eskicha alifbodagi kitoblarni ham, zamonaviy gazetalarni ham muttasil oʻqib
borar, kamgap, xiyla tajang, ammo nihoyatda haqparast odam edi... Biror
nohaqlikni koʻrsa, lov etib yonib ketar, “padaringga laʼnat”, “koʻrsatib
qoʻyish kerak”, deb shovqin koʻtarardi”.
Oʻtkir Hoshimov “Mashaqqatli safar”
degan tarjimayi holida oilada otasi bilan bogʻliq yana bir holatni alohida
taʼkidlaydi: “Otamdan qattiq hayiqar edik. Otam biron marta ham bir tarsaki
urgan emas. Otani qattiq izzat qilishni onam oʻrgatgan: “Hozir adang keladila,
uyni supurib qoʻy”, “Adangning jahllari yomon, tinch oʻtiringlar”, “Adangning
ketmoniga tegma”, “Adangning soatiga qoʻl tekkizma...”. Bilmadim, hozirgi
zamonaviy oilalarga bu holat “feodalizm” boʻlib tuyular, ammo bizning oilamizda
ota shaxsiga ehtirom farzandlarga ziyon keltirganini eslay olmayman”.
Boʻlgʻusi adibning onasi Hakima Hoshimova
uy bekasi edi. Bu ayol madrasa koʻrmagan boʻlsa ham gʻoyat zehni oʻtkir, juda
xushfeʼl ayol boʻlgan. “Onam esa, aksincha, nihoyatda yuvosh, juda mehribon
edi. Qoʻshnining mushugi tugʻsa ham, joni ogʻrigandir, deb achinar, koʻchada
biror bola yigʻlab oʻtirgan boʻlsa, albatta, tepasiga borib boshini silar,
biror sabab bilan biz — bolalarni qargʻasa, oʻzi ham yigʻlab yuborar, oʻsha
zahoti koʻnglimizni olishga harakat qilardi”. U nihoyatda farishtali, diyonatli
ayol boʻlgani uchun mahalla-koʻyda uni yoshu qari baravar hurmat qilardi. Odamlar
oʻrtasida bu ajoyib inson “poshsha oyi” degan nom bilan shuhrat topgandi.
Aytgancha, bu kishi qanaqa odam boʻlgani “Dunyoning ishlari”da mahorat bilan
tasvirlangan.
“Oʻtkir Hoshimovda nafosat tuygʻusi
behad kuchli. Hatto u aldangan odamning maʼnaviy inqirozi, fojiasi, halokati
tasvirida ham shu tuygʻuni saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, olijanob,
maʼnaviy barkamol shaxslar qalbi, tabiati tasvirida oʻzini nihoyatda erkin his
etadi”, degan edi adabiyotshunos Umarali Normatov. Haqiqatan, yozuvchining
ijobiy qahramonlari aksari goʻdakday begʻubor, nafosat tuygʻusiga boy, oʻta
taʼsirchan odamlar. Ehtimol, yozuvchi asarlari qahramonlarining oʻzbek
kitobxonlari koʻpchiligini asir qilgan omillardan biri shundadir. Uning
asarlarida personaj talqinidagi nafosat tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan
liro-romantik yoʻnalish alohida jilo bilan namoyon boʻladi. Bu holat, shubhasiz,
milliy nasrimizning boyligi.
Toʻlgʻoq tutganda...
Paustovkiyning bunday gapi bor: “Har
bir daqiqa, bexosdan aytilgan har bir soʻz va tashlangan nigoh, har bir teran
va yuzaki fikr, inson yuragining har bir sezilmas harakati, terakning uchib
yurgan momigʻi yoki kechasi koʻlmakda jimirlagan yulduz shuʼlasi —
hamma-hammasi oltin changining zarralaridir. Biz, qalamkashlar oʻn yillarcha
mana shu kichik zarralarni yigʻamiz, yigʻayotganimizni oʻzimiz ham
payqamaymiz. Bir boʻlak tillaga aylantiramiz va keyin undan oʻzimizning “oltin
gul”imizni — qissa, roman yoki poemamizni yasaymiz...”.
Paustovskiyning “oltin gul” haqidagi
qarashi ijod tabiatining eng nozik falsafasidir: yozuvchi atrofidagi har bir
mayda ishorani, his-tuygʻu va taassurotni jimgina oʻziga singdirib boradi. Ular
vaqti-soati kelib bitta butun asar, yaxlit olamga aylanadi. Ammo bu metafora
ortida muallifning ruhiyatida kechadigan murakkab va azobli jarayon
yashiringan. Yigʻilgan shu “oltin changi” yombi holga kelishi uchun qogʻozga tushar
ekan, ijodkor tashqi dunyo bilan aloqasini deyarli uzadi. Bu holat har qanday
chalgʻituvchi chaqiriqdan, hatto eng maroqli safarlardan ham ustun keladi.
Buning qanchalik haqiqat ekaniga Ibrohim
Gʻafurov guvoh boʻlgan bir voqea yaqqol misol boʻla oladi: “Yozuvchi zotini
toʻlgʻoq tutgan paytlarni koʻrganman. Bunday toʻlgʻoqning shirin azobi paytida
uning koʻziga hech narsa koʻrinmas, yegan-ichgani tatimas ekan. Imkoniyat
tugʻilib, Pokistonga safarga boradigan boʻldik. Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov,
Dadaxon Nuriy, Ahmadjon Meliboyev va kamina. Bu safarga Oʻtkirning hech borgisi
yoʻq edi. Biz uni koʻndirishga urinar, u esa nuqul “qolib ketadi”, “qolib
ketadi”, der va qoʻlidagi pirildogʻini oʻta asabiy noxush pirillatardi. Shu
kezlar u bir asar ustida ishlayotgan, keyingi voqealar, ziddiyatlarning
yechimlari miyasida pishib yetilgan, endi ularni shitob bilan qizigʻida
qogʻozga tushirish payida edi. U doʻstlarining yuzidan oʻtolmay, ne azob bilan
boʻlsa-da, biz bilan hamroh boʻldi. Lekin uch kun sira-sira ochilmadi. Boshini
bulut bosganday tumtayib yurdi. Nazarimda, kasal boʻlib qolayotganga
oʻxshardi.
Oxirgi kuni “Axir nega bunaqasiz, Oʻtkir!”
desam, nihoyat yorildi. “Oʻsha sizga aytganman: yangi roman oxirigacha miyamda
pishdi, tez tugatmasam, soviydi. Qolib ketadi!” dedi yana ayanchli yozgʻirib.
“Tempni yoʻqotib qoʻyish yomonda, a?” dedim. U xuddi shuni kutib turganday,
“Juda yomon, juda yomon!” dedi avvalgidan battar xunob boʻlib.
Xullas, uch kun safarda unga hech
narsa tatimadi. Ignaning uchida kelganday boʻldi. Hatto janub dengizi, sarin
shamollar, qiziqarli uchrashuvlar uning bahridilini ocholmadi… Men uni
doʻstlarim qatori bu safarga koʻndirganimga oʻkindim. Ijodkorga bu yangi asarga
homilador boʻlganda, toʻlgʻoq tutganda sira tegib boʻlmasligini angladim. Ammo
bir oylardan soʻng u yuzi yorishgan, koʻzi porlagan holda keldi. “Tugatdim! —
dedi. — Nom topish kerak”. U bir qancha nomlarni aytdi. Ular ichida juda
eʼtiborli, salmoqdorlari ham bor edi. Bir oz oʻtirib, ularni “razbor” qildik.
Baribir ularning birortasiga toʻxtash qiyin boʻldi. Andak vaqt oʻtgach,
doʻstlarimizdan biri “Bu voqealar xuddi tushday kechsin”, deb aytibdi.
Oʻtkirning miyasi yarq ochilib, “Tushda kechgan umrlar” degan nom yuzaga
chiqdi. Adabiyotimizda yangilik boʻlgan romanlardan biri shunday toʻlgʻoqlarda
tugʻildi. Albatta, Pokiston safari ham behuda ketgani yoʻq. Afgʻonga oʻxshash
sharoitning ruhi oʻz oʻrnida aks sadosini topdi”.
Badiiy asar katta hayajon bilan,
shavq bilan yozilishi kerak. Bu haqda yozuvchi bunday deydi: “Kitob yozayotgan
qalamkashning hayajoni kitob oʻqiyotgan oʻquvchining hayajonidan oʻn karra
kuchli boʻladi. Kitob oʻqiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki,
oʻsha sahifalarni qalamkash rosmana kulib yozgan. Kitob oʻqiyotganingizda
koʻzingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, qalamkash oʻsha sahifalarni rosmana
yigʻlab yozgan”.
Ijtimoiy tarmoqqa joylangan eski
intervyularni birma-bir koʻzdan kechirarkanman, yozuvchining ayoli Oʻlmasxon
Hoshimovaning ushbu hikoyasi diqqatimni tortdi: “1982-yili Pitsundaga bordik.
Yozuvchilar ijodiy uyidan xona berishdi. Men bolalarni dengizga olib boraman. Adasi deyarli xonadan chiqmay ishlaydilar... Oradan oʻn
kunlar oʻtdi. Bir gal xonaga qaytsak, yozgan narsalarini yirtib tashlayaptilar.
Hay-haylab bir qismini olib qoldim. Qoʻlyozma sarlavhasini shunda koʻrdim.
“Ertaga — kuz”. Yuz betlar yozilgan ekan, deyarli hammasi yirtilib boʻpti...
— Nega unday qildingiz? — desam, qoʻl siltadilar:
— Boʻlmaydi! Sigʻmayapti! Xom!
Qoʻlyozmaning omon qolgan sahifalarini oʻqib koʻrsam,
binoyidek. Nima “boʻlmagani”, nima “xom”ligini oradan ikki yil oʻtgach, “Ikki
eshik orasi” romani qogʻozga tushganidan soʻng angladim. “Ikki eshik orasi”dek
salmoqli, falsafiy, psixologik roman avvalgi uslubga ham, qolipga ham sigʻishi
mumkin emas ekan”.
“Oʻtkir Hoshimovni nasrdagi shoir, yetuk asarlarini esa
nasrdagi qoʻshiq, tarona deb atash mumkin, “Choʻl havosi”dan tortib, “Daftar
hoshiyasidagi bitiklar” kitobiga qadar barcha asariga xos mushtarak jihat
shuki, ular betakror, benazir sirli musiqiy ohang bilan yoʻgʻrilgan”, deydi
Umarali Normatov. Darhaqiqat, muallif qalami uchidan soʻzlar musiqa singari
quyilib keladi; uning hikoya va qissalari sheʼrdek, dostondek oʻqiladi, ular
yakka sozda chalingan dilrabo kuydek yangraydi, romanlari koʻp ovozli
simfoniyani eslatadi, hatto uning badialari, publitsistik maqolalarini
oʻqiganda inson koʻngil xazinasining, tuygʻularining xilma-xil jilolari
mujassam, oddiy maishiy kechinmalardan tortib, ulkan ijtimoiy mushohadalar, keskin
ruhiy dramalar, fojialar, qabohatlar haqida qalam tebratganda ham nafosat tuygʻusini
aslo tark etmaydi. Gʻoyat tigʻiz lavhalarda ham ajib samimiyat, hazin va nurli
bir kuy aks sado berib turadi.
Yalpizsomsa
Xalq yozuvchisi haqida xalq xulosa qilgani maʼqul. Tagʻin
adib hayoti va ijodiga oid xotiralarni oʻqirkanman, Gʻani Abdullayev degan
bogʻbonning maqolasiga koʻzim tushdi: “Esimda, erta bahor kezlari edi. Tushlik
qilish uchun uyga ketayotsam, dala yoʻlining chetida Oʻtkir akaning havorang
“Jiguli” mashinasi turibdi. Yaqinroq borib qarasam, yozuvchi umr yoʻldoshi
Oʻlmasxon opa bilan anhor qirgʻogʻida yuribdi. Yalpiz terishayotgan ekan.
“Nega shiyponga bormadingiz?” desam, “Sizni ishdan qoldirgimiz kelmadi”,
deyishdi... Ertasiga nima sababdandir shiyponga peshindan keyin bordim. Qarasam,
shiypon ustunining mixida bir xaltacha iligʻliq turibdi. Ochib koʻrsam, ichida
qogʻoz paketga solingan yalpizsomsalar bor ekan. Gazeta tahririyatiga
qoʻngʻiroq qildim. “Ertalab ishga kelayotganda chaylaga oʻtgan edim, yoʻq
ekansiz, sizning nasibangizni qoldirdim”, dedi Oʻtkir aka...
Shu xotiraning oʻziyoq Oʻtkir Hoshimov fenomenini ochib
beradi: yozuvchining shaxsiyati va badiiy olami aslida bir-biridan ayro
boʻlmagan yagona butunlik edi. Jamiyatdagi mavqeiga qaramay, oddiy mehnatkash
insonning mehnatini qadrlash, unga kamtarona va samimiy munosabatda boʻlish
adib uchun ichki eʼtiqod edi.
Kitobxonlik tajribasi shuni koʻrsatadiki, oʻquvchi matndagi
soxtalashtirilgan tuygʻularni tez payqaydi. Mazkur voqea esa adibning
asarlaridagi samimiyat manbai qayerdan ekanini yaqqol isbotlaydi: hayotda
odamlarni chin dildan sevgan, ularning ichki dunyosini hurmat qilgan va kichik
eʼtiborni ham unutmagan adibgina oʻz asarlarida oʻquvchini larzaga soluvchi
haqqoniy obrazlarni yarata oladi.
Oʻtkir Hoshimov ijodining milliy adabiyotimizdagi mustahkam
oʻrni va avlodlar qalbiga yetib borishining bosh sababi ham aynan shunda —
uning hayotiy pozitsiyasi bilan badiiy mahorati oʻrtasidagi komil mutanosiblikda.
Hayotda qanday yashagan boʻlsa, oʻz asarlarida ham shunday rostgoʻy va kamtar
ijodkor boʻlib qoldi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri