Shu bois, Alisher Navoiyning qutlugʻ nomi tilga olinganda oʻzbek xalqi, shu xalq nomi eslanganda esa ulugʻ shoirning nurli qiyofasi koʻz oldimizda gavdalanadi.

Buni Prezidentimizning 2020-yil 23-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi misolida ham koʻrish mumkin. Dunyo jamoatchiligining eʼtiborini tortgan bu maʼruzaga nisbatan Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan oʻz munosabatini bildirarkan, Oʻzbekiston Prezidentining Navoiy tilida gapirganini iftixor bilan eʼtirof etgan edi.

2020-yil 19-oktyabrda davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu esa, oʻz navbatida, “oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, Yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egallagan” buyuk shoirga chinakam ehtirom nishonasi boʻldi.

Alisher Navoiy ijodi nafaqat muallif adabiy niyatining ulugʻvorligi bilan, balki ana shu buyuklikka nihoyatda munosib yaratilgan koʻrkam libos yangligʻ badiiy kashfiyotlarning moʻjizakorligi bilan ham hayratlanarlidir. Ulugʻ shoir nazmu nasrining bayt, bandu jumlalaridagi nozik ishoralarni teran mushohadakorlik asosida anglash kitobxon ruhi oniyda seskanishiga, tuygʻulari junbishga kelishiga omil boʻladi.

Bunday saodatni bugungi kitobxonga taqdim etish uchun Alisher Navoiy asarlari sarchashmalariga tayanilgan yangicha talqinlarga ehtiyoj oshib bormoqda. Shu sababli keyingi yillarda shoir ijodini ilmiy tadqiq etishga qaratilgan eʼtibor tizimli ravishda oshirilib borilgani kuzatiladi.

Ilmiy izlanishlar

Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan qarorida belgilangan vazifalar, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etilgani fikrimizning yorqin dalilidir. Tabiiyki, bunday eʼtibor oʻz samarasi bilan jozibalidir. Samarani esa 2017-2022-yillarda Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda himoya qilingan dissertatsiyalar misolida ham koʻrish mumkin.

Shu yillar davomida ixtisoslashgan ilmiy kengashda bevosita Alisher Navoiyning maʼnaviy merosiga bagʻishlangan yoinki oʻzbek mumtoz adabiyotining muayyan jihatlari tadqiq etilganda, uning salmoqli qismini aynan Alisher Navoiy ijodi tashkil etgan 13 ta dissertatsiyaning muvaffaqiyatli himoyasi boʻlib oʻtdi.

Alisher Navoiy ijodi xususida soʻz aytish masʼuliyati nihoyatda ogʻir. Uning adabiy merosi yangicha talqinlarini ilm ahli oldida himoya qilish esa yillar davomida tunni kunga ulab, qalb koʻzi bilan ulugʻ shoir ijodini oʻrganishni talab etadi. Xususan, doktorlik ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalar ana shunday teran nigohu ilmiy mushohadakorlik mahsuli sanaladi.

U.Qobilovning filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Oʻzbek adabiyotida Nubuvvat motivi va obrazlari talqini”, H.Eshonqulovning “Alisher Navoiy gʻazaliyotida ishq poetikasining qiyosiy-tipologik tahlili”, N.Bekovaning “Alisher Navoiy forsiy merosining janriy xususiyatlari va badiiyati” mavzusidagi fundamental tadqiqotlari mualliflarning shu kabi fazilatlarga ega ilmiy izlanishlari samarasidir.

U.Qobilov dissertatsiyasida Navoiy ijodi misolida Nubuvvat motivi va obrazlar talqini masalasi ancha mufassal oʻrganilgan. Besh bobdan tarkib topgan dissertatsiyaning “Nubuvvat maqomi va ilmiy-maʼrifiy taʼrif” nomli dastlabki bobidayoq muayyan nazariy masalalarni yoritishda oʻrni-oʻrni bilan Alisher Navoiy asarlariga murojaat etilgani kuzatiladi. Bu hol boblar silsilasida tadrijiy rivojlanib borgani koʻzga tashlanadi. “Nubuvvat silsilasi va majoziy-ramziy ifodalar” mavzusidagi ishning beshinchi bobi toʻlaligicha Alisher Navoiy sheʼriyati misolida amalga oshiriladi.

Bu bilan muallif Sharq, jumladan, oʻzbek sheʼriyatida Alisher Navoiydan oldin ham, keyin ham nabiylar obrazi “koʻp va xoʻp” tavsif etilmaganini aniq misollar bilan koʻrsatib oʻtadi va majoziy-ramziy ifodalarning mohiyatini teran tahlil qilishga erishadi. Tadqiqotchi masalaning nozik jihatlarini Qurʼoni karim va hadisi shariflar misolida yoritishga harakat qilgan.

Ayni holat H.Eshonqulov dissertatsiyasida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. U ishqning irfoniy mohiyat kasb etishini aynan mana shu manbalar va ulugʻ mutasavviflar fikriga tayangan holda Alisher Navoiy va Hofiz Sheroziy gʻazaliyoti misolida qiyosiy-tipologik sathda tadqiq etgan. Dissertant ishq mavzusining islomgacha va uning ilk shakllanish bosqichidagi talqinlari, ishqning islomiy-irfoniy mohiyati va rivojlanish omillari, badiiy-tadrijiy takomil qirralari xususida soʻz yuritadi. Dissertatsiyada ishq mavzusining tasavvufiy adabiyotda, xususan, Alisher Navoiy ijodida tutgan oʻrni va uning poetik tadrijiy talqini, irfoniy mohiyat kasb etishining tayanch gʻoyaviy omillari tahlillar asosida muayyanlashtiriladi.

Alisher Navoiyning oʻzbek tilidagi oshiqona gʻazallarida tariqat gʻoyalarining poetik talqini, ramziy obrazlar tizimi, ularning tavsif va tasniflari, ulugʻ shoir oshiqona gʻazallarining kompozitsion va lingvopoetik xususiyatlari buyuk shoir Xoʻja Hofiz Sheroziy gʻazallari bilan qiyosiy-tipologik sathda tadqiq etiladi. N.Bekova dissertatsiyasi esa ulugʻ shoir ijodida nisbatan kam oʻrganilgan “Devoni Foniy”ning poetik xususiyatlariga qaratilgani bilan eʼtiborga loyiqdir.

Unda Alisher Navoiyning forsiyda bitilgan lirik merosi “Xazoyin ul-maoniy”dagi shunday nazm namunalari bilan ham qiyosiy tadqiq etiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, dissertatsiyada ulugʻ shoirning oʻzbek va fors-tojik tilida bitilgan nazm namunalaridagi shakliy va mazmuniy uygʻunliklar mavjudligi qiyosiy tahlillar asosida koʻrsatib oʻtilgan.

Tadqiqotchilar va tahlillar

Soʻnggi yillar ixtisoslashgan ilmiy kengashda O.Davlatov, R.Jumayev, I.Pardayeva, M.Hasanova, Z.Gʻafforova, E.Nasrullayev, Z.Quvonov, R.Jabborov, N.Sharipova, D.Nazarovaning filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalari ham muvaffaqiyatli himoya qilindi. O.Davlatovning “Alisher Navoiy sheʼriyatida Qurʼon oyatlari va hadislarning badiiy talqini”, Z.Gʻafforovaning “Alisher Navoiy hamd va naʼt gʻazallarining gʻoyaviy-badiiy tahlili” mavzusidagi dissertatsiyalarida ulugʻ shoirning islomiy sarchashmalardan foydalanishdagi badiiy mahorati tahlil etilib, uning ramziy mohiyati xususida soʻz yuritiladi.

Masalaning bunday qoʻyilishi ulugʻ shoir dunyoqarashiga yaqinlashishning muhim omili boʻlib xizmat qiladi. Xususan, O.Davlatovning dissertatsiyasida Qurʼoni karim oyatlari va hadislardan foydalanishda shoirning mahorati, oʻziga xosliklari teran oʻrganilgani kuzatiladi. Z.Gʻafforova esa “Xazoyin ul-maoniy”da 37 ta naʼt gʻazal borligiga aniqlik kiritadi. Ularning devonlardan oʻrin olishidagi tizimlilik va devonlararo uygʻunlikning mavjudligi, “Favoyid ul-kibar”dagi 650-gʻazalning ham naʼt mavzusida ekaniga eʼtibor qaratgani dissertantning masalaga teran nigoh bilan munosabatda boʻlganidan dalolat beradi. R.Jumayev dissertatsiyasida Jaloliddin Rumiyning tasavvufiy mohiyat kasb etuvchi “Masnaviyi maʼnaviy” asaridagi hikoyatlar Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi shunday asarlar bilan qiyosiy oʻrganilib, gʻoyaviy-badiiy jihatdan mushtarak va tafovutli jihatlar tahlilga tortiladi. Taʼkidlash lozimki, tadqiqotchi bir muncha murakkab masala mohiyatini yetarlicha anglab, oʻz mulohazalarini asoslashga harakat qilgan.

Alisher Navoiyning badiiy mahorati, oʻziga xos badiiy kashfiyotlari sirini teran oʻrganish navoiyshunoslikni qiziqtirib kelayotgan eng muhim masalalardan biridir. Oʻtmishda badiiy ijod va tarixnavislikning uygʻun holatda tarixiy asarlarda namoyon boʻlgani I.Pardayeva dissertatsiyasida Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo”, «Tarixi muluki Ajam» asarlari misolida oʻrganilgan.

Tadqiqotchi bu ikki asar “Zubdat ul-tavorix”ning tarkibiy qismlari ekanini asoslashga harakat qiladi. N.Sharipova esa ulugʻ shoirning poetik mahorati masalasini “Xamsa”ning dastlabki dostoni boʻlmish “Hayrat ul-abror” misolida tadqiq etadi. Dissertant dostonning oʻziga xos kompozitsiyasi, obrazlar olamiga oid muhim umumlashma-xulosalarni tahlillar asosida dalillashga harakat qilgan.

Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy asarlarini qiyosiy sathda oʻrganish ularda qoʻyilgan masala mohiyatini imkon qadar chuqur anglash imkonini beradi. Ayni jihatiga koʻra D.Nazarovaning «Subhat ul-abror» va “Hayrat ul-abror” dostonlarining qiyosiy tahliliga bagʻishlangan dissertatsiyasi ham eʼtiborga loyiqdir. Izlanuvchi “abror” soʻzining Qurʼoni karimdagi talqinlariga eʼtibor qaratib, muqaddas kitobda bu soʻz jannat ahlining sifatlaridan biri, valiysifat zotlarning taʼrifi, basirat koʻzi ochiq, qalbi imon nuri bilan munavvar zotlarga nisbatan turli shakllarda yigirma marta qoʻllanganini maʼlum qiladi. Abrorlar valiylar toifasining biri boʻlib, oʻz nafsi tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlib qolmay, dunyoning obodonligi va el-yurt farovonligi uchun ham saʼy-harakat koʻrsatishini alohida taʼkidlab oʻtadi. Dissertant nazarida abrorlar dinni deb dunyodan, dunyoni deb dindan voz kechmaydilar, balki dunyo ashyolarini taqvoni mustahkamlash uchun vosita oʻlaroq qoʻllay oladilar.

Bu xulosalar Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning abrorlik maslaklariga mos tushadi. Alisher Navoiy devonlarining hali oʻzi tartib berishga kirishmasdan oldin muxlislari tarafidan kitobat qilinishi uning beqiyos isteʼdodiga berilgan muhim bahodir. Tadqiqotchi R.Jabborov dissertatsiyasida “Oqquyunli muxlislar devoni”ning Alisher Navoiy lirikasi va davr madaniy muhitidagi oʻrni masalasida soʻz yuritiladi. Bu devon ulugʻ shoir ijodiy evolyutsiyasini baholashda qimmatli manba boʻlishi dissertatsiyada oʻz ifodasini topgan.

Navoiyshunoslik taraqqiyoti

Ixtisoslashgan ilmiy kengashda himoya qilingan dissertatsiyalarda navoiyshunoslik taraqqiyoti masalasiga ham eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovor. E.Nasrullayev dissertatsiyasida XX asr oʻzbek navoiyshunosligida ulugʻ shoir shaxsi va dunyoqarashi talqinlari oʻrganilgan boʻlsa, Z.Quvonov tadqiqotida taniqli navoiyshunos olim, ikki marta Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi, filologiya fanlari doktori, professor A.Hayitmetovning navoiyshunoslik faoliyatiga ilmiy baho beriladi. Z.Quvonov masala mohiyatini teran his qilgan holda taniqli olimning ilmiy tadqiqotlarini oʻrganishga harakat qilgan. U A.Hayitmetovning Alisher Navoiy ijodini tadqiq etishda adabiyotshunos va matnshunos sifatidagi faoliyatining eng nozik qirralarigacha aniqlashga intilgan. Masalaga obyektiv baho berishda tarixiylik tamoyillariga tayanib ish koʻrgani yaqqol sezilib turadi.

Tadqiqotchi M.Hasanova esa XV asr turkiy sheʼriyatda qasida janri masalasini ilmiy oʻrgangan. U Haydar Xorazmiyning bu boradagi ijodiy faoliyati, Sakkokiy qasidalarining yaratilishi tarixi va oʻziga xosliklari haqida fikr yuritib, Alisher Navoiy “Hiloliya” qasidasining badiiy barkamolligini qiyosiy tahlillar asosida koʻrsatib oʻtadi.

Alisher Navoiy xususida bir soʻz aytish masʼuliyati naqadar ogʻir ekani nuqtayi nazaridan masalaga yondashadigan boʻlsak, ushbu dissertatsiyalarning muhokama va himoyasi jarayonlari ham qizgʻin bahsu munozaralarga sabab boʻlganini his qilish mumkin.

Ulugʻ shoirning hayoti va ijodiga bagʻishlangan ushbu dissertatsiyalar muayyan bir ijodkor bilan bogʻliqligiga koʻra umumiylik kasb etsada, ularda qoʻyilgan masalalarning yechim tomon siljishiga koʻra dissertatsiyalarning har biri oʻziga xos bir tadqiqot ekani sezilib turadi.

Shuningdek, ularda ulugʻ shoir ijodi misolida mumtoz adabiyotimizning eng nozik jihatlarini ham oʻrganishga jazm etilgani koʻzga tashlanadi. Dissertantlarning Alisher Navoiy sheʼriyatini ulugʻ salaflar - Jaloliddin Rumiy, Xoja Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy asarlari yoki ulugʻ shoirning oʻzbek va fors-tojik tilida yozilgan sheʼrlari bilan qiyosiy oʻrganishda ikkala tilning nozik jihatlarini har tomonlama chuqur idrok eta olish qobiliyatini ham tadqiqotlarda namoyon eta olgani ularning muhim yutuqlari sifatida namoyon boʻlgan.

Navoiyshunoslikning dolzarb masalalarini qamrab olgan ushbu tadqiqotlar soha taraqqiyoti uchun ixtisoslashgan ilmiy kengashimizning salmoqli hissasi boʻldi, deyishimiz mumkin.

Muslihiddin MUHIDDINOV,

professor, filologiya fanlari doktori, professor

Husniddin ESHONQULOV,

filologiya fanlari doktori