Qayd etish lozimki, “Navoiy” EIZ mamlakatimiz hududida tashkil etilgan birinchi erkin iqtisodiy zona boʻlib, uning umumiy maydoni 564 gektarga teng. Bugungi kunga qadar mazkur hududda 78 tadbirkorlik subyektlari tomonidan 42 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan boʻlsa, 53 ta loyiha boʻyicha qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu loyihalar toʻliq ishga tushirilishi natijasida umumiy oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiya miqdori 85 mln. AQSH dollariga yetib, 5100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Oʻz navbatida birgina joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida EIZ ishtirokchilari tomonidan qiymati 11,4 mln. AQSH dollariga teng tovarlar eksport qilingan. Bunda asosan alyumin profillar (7,1 mln. $), plastmassa buyumlar (3,9 mln. $), qayta ishlangan pista (241ming. $) izolyatsiyalangan kabellar (105 ming. $), modem va routerlar (96 ming. $) kabi tovarlar Qirgʻiziston, Litva, Kanada, Tojikiston, Rossiya kabi jami 10 ta davlatga eksport qilingan.
Tadbir davomida pandemiya davrida bojxona sohasida qabul qilingan meʼyoriy huquqiy hujjatlar boʻyicha yigʻilganlarga tushuntirish berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” PF-6005-son Farmoniga asosan, 2020–2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish boʻyicha yoʻl xaritasida nazarda tutilgan
chora-tadbirlar boʻyicha maʼlumot berildi. Jumladan, yoʻl xaritasida belgilangan muddatlarda:
- bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartirilishi;
- xorijiy davlatlar bojxona organlari, transport va ekspeditorlik tashkilotlari tomonidan tovar va transport vositalariga qoʻyilgan identifikatsiya vositalari qatorida tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va ushbu tovarlarni yuboruvchilarning identifikatsiya vositalarini ham tan olish;
- bojxona ishi sohasida bojxona organlari va TIF ishtirokchilari oʻrtasidagi ziddiyatli vaziyatlarni kamaytirish imkonini beradigan bojxona organlarida nizolarni sudgacha hal etish tartibini joriy etish;
- vakolatli iqtisodiy operatorlarni tanlab olish mezonlari va taqdim etiladigan maxsus qulayliklarni yana-da takomillashtirish rejalashtirilganligi taʼkidlandi.
Tadbir soʻngida tadbirkorlar tomonidan berilgan savollarga boshqarma xodimlari tomonidan batafsil javob qaytarildi.