Qarorga koʻra, Fargʻona viloyatida import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi jami 210,4 gektar yer uchastkalari hisobiga “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi (“Qoʻqon” EIZ) hududi kengaytiriladi.
“Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududining bosh rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, bunda:
- “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” unitar korxonasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilanadi;
- bosh reja loyihasini ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga koʻra aniqlanadi.
2026-yil oxirigacha “Qoʻqon” EIZning kengaytirilayotgan hududida kamida 1 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilishi, 11,7 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi, yiliga 965 mln AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish, shundan 313,6 mln dollarini eksportga yoʻnaltirish boʻyicha quvvatlar ishga tushirilishi taʼminlanadi.