Oʻzbekistonda yana samolyotlar ishlab chiqarish boshlanadi

    Aytilishicha, oktyabr oyidan boshlab yiliga 100 ta samolyot ishlab chiqarish boshlanadi.

    Oʻzbekistonda yana samolyotlar ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga “Navoiy” EIZ direktori Xabib Abdullayev maʼlum qildi.

    Toshkentda boʻlib oʻtgan INNOPROM koʻrgazmasida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» AJ va Rossiyaning «Pervoye« tajriba-konstruktorlik byurosi MCHJ oʻrtasida memorandum imzolandi.

    Hujjatda SP-30 loyihasi asosida fuqarolik tipidagi boshqariladigan va uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqarishni joylashtirish nazarda tutilgan. Aytilishicha, oktyabr oyidan boshlab yiliga 100 ta samolyot ishlab chiqarish boshlanadi.

    “Loyihaning umumiy qiymati uchinchi yilda 100 ta mashina ishlab chiqarish rejalaridan kelib chiqib, 3-yil davomida 30 million dollarga baholanmoqda. Birinchi samolyot 2025-yil oktyabr oyida chiqarilishi rejalashtirilgan”, — dedi Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga “Navoiy” EIZ direktori Xabib Abdullayev.

    Qayd etilishicha, oʻzining yengil samolyotlar va samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparatlarini yaratish Oʻzbekistonga oʻzining aviatsiya sanoatiga ega davlatlar qatoriga qaytish imkonini beradi.

    Ishlab chiqarish Oʻzbekistonning ichki ehtiyojlarini qondirishga, shuningdek, Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilishga yoʻnaltirilgan.

    Maʼlumot uchun, SP-30 butunlay metalldan yasalgan, ikki oʻrindiqli samolyot boʻlib, u allaqachon Rossiyada eng koʻp ishlab chiqarilgan yengil samolyotga aylandi.